3. Didaktikaning asosiy kategoriyalari va didaktik tushunchalar tizimi. Muayyan fanga xos bo`lgan tushunchalarda insoniyat tomonidan ijtimoiy taraqqiyot jarayonida to`plangan bilimlar aks etadi. Mavjud ilmiy tushunchalar ikki asosiy guruhga ajratiladi:
falsafiy tushunchalar;
xususiy ilmiy, ya’ni, muayyan fangagina xos bo`lgan tushunchalar.
Didaktika uchun “umumiy va alohida”, “mohiyati va hodisa”, “qarama-qarshilik”, “bog`liqlik” kabi falsafiy tushunchalar ham muhim ahamiyatga ega. Didaktikada qo`llaniladigan umumiy-ilmiy tushunchalar orasida “tizim”, “tuzilma”, “vazifa”, “element” kabilar alohida o`rin tutadi. Pedagogikaga xos didaktik tushunchalar sirasiga quyidagilar kiradi:
ta’lim - o`quvchilarga nazariy bilimlarni berish asosida ularda amaliy ko`nikma va malakalarni shakllantirish, ularning bilish qobiliyatlarini o`stirish va dunyoqarashlarini tarbiyalashga yo`naltirilgan jarayon;
dars – bevosita o`qituvchi rahbarligida muayyan o`quvchilar guruhi bilan olib boriladigan ta’lim jarayonining asosiy shakli;
bilim olish – idrok etish, o`rganish, mashq qilish va muayyan tajriba asosida xulq-atvor hamda faoliyat ko`nikma, malakalarining mustahkamlanib, mavjud bilimlarning takomillashib, boyib borish jarayoni;
ta’lim jarayoni – o`qituvchi va o`quvchilar o`rtasida tashkil etiluvchi hamda ilmiy bilimlarni o`zlashtirishga yo`naltirilgan pedagogik jarayon.
o`quv fani – ta’lim muassasalarida o`qitilishi yo`lga qo`yilgan hamda o`zida muayyan fan sohasi bo`ycha umumiy yoki mutaxassislik bilim asoslarini jamlagan manba.
ta’lim mazmuni – davlat ta’lim standartlari asosida belgilab berilgan hamda ma’lum sharoitda muayyan fanlar bo`ycha o`zlashtirilishi nazarda tutilgan ilmiy bilimlar mohiyati.
Didaktikada “idrok etish”, “o`zlashtirishi”, “mahorat”, “rivojlanish” va boshqalar (psixologiya) hamda “boshqarish”, “qayta aloqa” (kibernetika) kabi turdosh fanlarga xos bo`lgan tushunchalar ham qo`llaniladi.
Didaktikaning tushunchali-terminologik tizimi muntazam yangilanib va to`ldirilib borilmoqda.