Mavzu diqqat va xotira fan umumiy psixologiya bajardi D. Dada
Amaliy tavsiyalar. Insonga ko‘plab turli-tuman jismlar va hodisalar o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, lekin bir muncha muddatdan so‘ng biz idrok qilgan jismlardan ba’zilarining obrazlarini tasodifan yoki bilgan holda xotiramizda tiklashimiz mumkin. Bu hodisa tasavvur deb ataladi.
Tasavvurlarni xotiraning birlamchi va emotsional ta’sir obrazlaridan farqlash zaruriyatiga e’tibor qaratish lozim.
Xotiraning birlamchi obrazlari deb, bevosita ob’ektning idrok qilinishidan so‘ng paydo bo‘ladigan va soniyalar bilan o‘lchanadigan vaqt oralig‘ida saqlanib qoladigan obrazlarga aytiladi. Masalan, bir-ikki soniya biror jism – ruchka, stol lampasi, suratga tikilib turing, so‘ng ko‘zlaringizni yumib, uni iloji boricha yorqinroq tasavvur qilishga harakat qiling. Siz darhol tez orada so‘nuvchan va g‘oyib bo‘ladigan yorqin va jonli obrazni hosil qilasiz. Xotiraning birlamchi obrazlari izchil obrazlarga o‘xshash ma’lum xususiyatlarga ega bo‘ladilar: a) ob’ektni idrok qilishdan so‘ng paydo bo‘ladi; b) davomiyligi juda oz; v) yorqinligi, jonliligi va ko‘rgazmaliligi ko‘rgazmali tasavvurlarga qaraganda ko‘proq bo‘ladi; g) yagona idrok ildiziga ega, umumlashtirishdan iborat bo‘lmaydi.
Ikkinchi tomondan, ular izchil obrazlardan farq qiluvchi, haqiqiy tasavvurlarga yaqinlashtiruvchi xossalarga ega. Birinchidan, xotiraning birlamchi obrazlari idrok qilishda diqqatning ma’lum ob’ektga yo‘nalganligiga bog‘liq. Ikkinchidan, yorqin izchil obrazni hosil qilish uchun uzoq vaqt (15-20 soniya) ma’lum ob’ektga tikilib turish lozim, xotiraning yorqin birlamchi obrazlari esa davomiy bo‘lmagan idrok qilish (1-2 sek.) vaqt oralig‘ida hosil bo‘ladi.
Emotsional ta’sir obrazlari deb, bir jinsli ob’ektlar yoki kuchli hissiy ta’sir ko‘rsatgan ob’ektni davomli idrok qilgandan so‘ng ongda o‘ta jonlilik bilan paydo bo‘ladigan ixtiyorsiz obrazlarga aytiladi. Masalan, qo‘ziqorin terib, o‘rmonda uzoq vaqt sayr qilgan odam uxlashga yotib, ko‘zlarini yumganida uning ongida o‘rmon manzaralari, barglar, o‘t-o‘lanlar obrazlari etarlicha yorqin ranglarda paydo bo‘ladi. Yoki, qandaydir kuyni tinglaganingizdan so‘ng u uzoq vaqt «quloqlaringiz ostida jaranglab turadi». Ko‘pincha, bu hissiyotlarni junbushga keltirgan kuy bo‘lib chiqadi. Emotsional ta’sirli obrazlar aniqligi va ko‘rgazmaliligi, va ixtiyorsizligi, shuningdek, umumlashtirishga ega bo‘lmagan idrokning oddiy nusxasi ekanligi bilan izchil obrazlarga o‘xshash bo‘ladi. Lekin ular izchil obrazlardan idrokdan vaqt bo‘yicha bir necha soatlar, ba’zida esa hatto bir necha kunlar bilan ajratilgan bo‘lishi bilan farq qiladi.
Barcha odamlar bir-birlaridan u yoki bu ko‘rinishdagi tasavvurlarning ular hayotida ijro qiladigan rollariga ko‘ra tafovutlanadilar. Ba’zilarda ko‘rish, boshqalarda – eshitish, qolganlarida – harakatli tasavvurlar ustunlik qiladi. Barcha odamlar tasavvur tipining ustunligiga ko‘ra ko‘rish, eshitish, harakatli va aralash tasavvurlar ustunligi ifodalanadigan guruhlarga ajratilishi mumkin.
Ko‘rish tipiga mansub odam matni esga tushiradi, kitob sahifasini tasavvur qilib, xayolan uni mutoala qiladi. Agar qandaydir raqamlarni, masalan telefon raqamini eslab qolish kerak bo‘lib qolsa, uni qog‘ozda yozilgan tarzda tasavvur qiladi.
Eshitish tipiga mansub odam matnni xotirlab, talaffuz etilayotgan so‘zlarni eshitgandek bo‘ladi. Raqamlar ham eshitish obrazi shaklida yodda saqlanadi.
Harakatli tipga mansub odam matn yoki raqamlarni yodda saqlab qolish uchun ularni ichida qaytaradi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, yorqin ifodalangan tasavvur tiplariga ega bo‘lgan insonlar juda kam uchraydi. Ko‘pchilik odamlarda u yoki bu darajada tasavvurning barcha ko‘rsatib o‘tilgan tiplari mavjud bo‘ladi, va ushbu odamda qaysi tip etakchi o‘rinni egallashini aniqlash mushkul ish. Ushbu vaziyatda individual farqlar faqat tasavvurlar ustunligida emas, balki, tasavvurlarning o‘ziga xosligida ham ifodalanadi. Xuddi shunday, ba’zi odamlarda tasavurlarning barcha tiplari yorqinroq, jonliroq va to‘laroq ifoda etilsa, boshqalarda u yoki bu darajada rangsiz va chizmalarga asoslangan bo‘ladi. Yorqin va jonli tasavvurlar ustunligi kuzatiladigan odamlar tasavvurlarning obrazli tipiga mansubdir. Bunday odamlarning psixik hayotida tasavvurlar katta ahamiyatga ega. Masalan, qandaydir voqealarni xotirlab, ular xayolan bu voqealarga tegishli bo‘lgan alohida sahnalarni «ko‘radilar»; biror narsa haqida mulohaza yuritib yoki gapirib, ko‘rgazmali obrazlar va h.k.lardan keng foydalanadilar.
Qator tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, bolalar hayotidagi hodisalar to‘g‘risidagi birinchi xotiralar 1,5 yoshda paydo bo‘ladi. SHuning uchun aynan shu vaqtda bolalarda «erkin tasavvurlar» paydo bo‘ladi. Uch yoshga kelib esa, ko‘rish tasavvurlari bola hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Ikki yoshda nutqiy tasavvurlar yuqori rivojlanish nuqtasiga etadi. Bunday tasavvurlarsiz bolaning nutqni egallashi, uning kattalar bilan muloqoti jarayonlarini amalga oshirib bo‘lmaydi.
Tasavvurlar maktabgacha yoshdagi bolaning psixik hayotida o‘ta muhim o‘rinni egallaydilar. Odatda, bu yoshdagi bola obrazlar yordamida ko‘rgazmali fikr yuritadi. Lekin bolalardagi birlamchi tasavvurlar yorqin bo‘lmaydi.
Psixologik tadqiqotlarga ko‘ra, tasavvurlarning aniqligi va yorqinligi mashqlarni bajarish ta’sirida oshib boradi. Tasavvurlar rivojlanishining muhim sharti bo‘lib etarlicha boy bo‘lgan perseptiv ma’lumotlarning mavjudligi hisoblanadi. Bunday tasdiqlanishning mohiyati tasavvurlarning idrokning odatiy usuliga bog‘liqligidan iboratdir va bu holat aniq muammolarni hal etishda hisobga olinishi zarur. Masalan, ko‘pchilik chet tilidagi so‘zlarni ko‘rish orqali, o‘z ona tilidagi so‘zlarni esa eshitish-harakat orqali tasavvur qiladi. Bu o‘z tilimizni doimo eshitishimiz va odamlar bilan muloqot jarayonida nutqni o‘rganishimiz, chet tilini esa, odatda, kitoblar yordamida o‘rganishimiz bilan tushuntiriladi. Natijada chet tilidagi so‘zlarni tasavvur qilish ko‘rish obrazlari ko‘rinishida shakllanadi.
O‘qitish jarayonida tasavvurlarning perseptiv obrazlar asosida shakllanishini hisobga olish lozim. Tasavvurlardan erkin ravishda foydalanish uchun o‘quvchi mos bo‘lgan perseptiv obrazlar asosida ma’lum turdagi tasavvurlarni shakllantirib olishi va ularni qo‘llay bilish amaliyotiga ega bo‘lishi zarur.
Tasavvurlar rivojlanishining muhim bosqichi bo‘lib, ularing ixtiyorsiz paydo bo‘lishidan kerakli tasavvurlarni ixtiyoriy hosil qilish malakasiga o‘tish hisoblanadi.