Mavzu: dunyo aholisi


Aholining dunyo hududlari bo’ylab joylashuvi



Yüklə 117 Kb.
səhifə3/8
tarix09.02.2023
ölçüsü117 Kb.
#83642
1   2   3   4   5   6   7   8
DUNYO AHOLISI

1.2. Aholining dunyo hududlari bo’ylab joylashuvi
Ilmiy manbalarda qayd etilishicha, Er kurrasida aholi yashab kelgan maskanlar, areallarning ko’pchiligi juda qadimdan boshlab shakllanib kelgan. Dunyo hududlari bo’ylab aholining joylashuvi haqidagi dastlabki ma’lumotlar eramizdan 5 ming yil oldingi davrga ta’luqli bo’lib, ushbu davrda dunyo aholisining 66 foizi (20 mln kishi) Osiyoda, 17 foizi (5 mln kishi) Afrikada, 10 foizi (3 mln kishi) Xorijiy Evropada, 3 foizi (1 mln kishi) MDH davlatlarida, 3 foizi (1 mln kishi) Shimoliy va Lotin Amerikasida hamda 1 foizi (0,5 mln kishi) Avstraliya va Okeaniyada joylashgan ekan.
Eng qadimgi aholi maskanlari inson yashashi uchun zarur biologik resurslar mavjud bo’lgan joylarda, ya’ni Osiyoning janubi va Shimoliy Afrikada O’rta Er dengizidan to Tinch okeanigacha bo’lgan hududlarda joylashganlar. Bu hududlarda aholi juda uzoq vaqt ovchilik bilan shug’ullangan. Keyinchalik ushbu hududlarda cho’llashish jarayonlari kuchaygan. Aholini ovchilik bilan yashashlari uchun imkoniyatlar qisqarib ketgan.
Eramizning boshlarida aholi asta-sekin dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullana boshlaydi. Moddiy ne’matlarni o’zlari mehnat qilib yaratishga o’tadilar va xo’jalik yuritishning ishlab chiqarish turi etakchilik qila boshlaydi. Aholi ma’lum joylarda o’troq bo’lib yashaydilar, maskanlar quradilar. Natijada, avval qishloq maskanlari keyinchalik esa, shaharlar paydo bo’la boshlaydi. Aholining turmush tarzi, ovqatlanishi yaxshilana boradi. Inson hayotida ijtimoiy o’zgarishlar sodir bo’ladi, yozuv shakllanadi, fan va tibbiyot, madaniyat rivojlana boradi. Aholining turmush tarzi yaxshilangach, yuqorida qayd etilganidek, o’lim hollari kamayadi, aholining o’rtacha umr ko’rish muddati ham uzayadi. Natijada, er kurrasida aholi soni, aholi maskanlari ko’payib boradi. Aholi zichligi ayniqsa, dehqonchilik bilan shug’ullanishi uchun tabiiy imkoniyatlari mavjud, sug’oriladigan erlarda chorvachilik bilan shug’ullanish imkoni bor hududlarga nisbatan yuqori bo’lgan. Masalan, Nil, Frot, Dajla, Gang, Xuanxe daryolari hamda O’rta Er dengizi sohillarida eramizning boshida aholi zichligi 1 km2 ga 10 kishini tashkil etgan. Ana shu davrda ko’chmanchi chorvachilik rivojlangan Osiyo hamda Afrikaning cho’l va chala cho’l zonalarida aholi zichligi 1 km2 ga 1 kishidan to’g’ri kelar edi.
Jamiyatning taraqqiy etib borishi, ishlab chiqarish usullarining shakllanishi, jahon demografik vaziyatida qator o’zgarishlarga olib keldi. 19-20 asrga kelib, er yuzi aholisi juda yuqori sur’atlar bilan ko’paya bordi. Aholining dunyo hududlar bo’ylab joylashuvida ham keskin o’zgarishlar sodir bo’ldi. Aholi zich hududlardan, ayniqsa, Evropadan Amerika va Okeaniya hududlariga ko’plab aholi ko’chib ketdi. Keyingi ikki ming yillikda er yuzida aholi joylashuvi keskin o’zgardi.
Eramizning dastlabki yillarida sayyoramiz aholisining 82,7 foizi Evropa va Osiyo hududlarida joylashgan bo’lsa, 2010 yilga kelib esa, bu ko’rsatkich 9,7 foizga kamaydi va 73,0 foizni tashkil etdi. Amerika, Avstraliya va Okeaniyada istiqomat etuvchi aholi hissasi esa dunyo aholisi umumiy sonidan ortib bordi. Eramizdan keyingi 1000 yilda dunyoda 305 million aholi istiqomat etgan bo’lsa, uning 63,9 foizi Osiyoda, 14,8 foizi Evropada, 13,1 foizi Afrikada, 3,3 foizi MDH davlatlari hududida, 4,6 foizi Amerikada va 0,3 foizi Avstraliya va Okeaniyada yashagan.
2010 yilda esa dunyo aholisi soni 6 milliard 670 millionga etdi va uning 61,7 foizi Osiyo, 11,1 foizi Evropa, 15,5 foizi Afrika, 11,2 foizi Amerika va 0,5 foizi Avstraliya va Okeaniya davlatlarida istiqomat etgan. Keyingi ming yillikda Amerika, Avstraliya va Okeaniya hududlarida istiqomat etuvchi aholining salmog’i 5 marta ko’paygan.
Shunday qilib, hozirgi davrda er yuzi hududlari bo’ylab aholi notekis joylashgan. Sayyoramizda aholi juda zich (1 km2 ga 1000 kishi) yashaydigan hududlar bilan bir qatorda aholi yashamaydigan hududlar ham uchraydi. Bu erlarda havo harorati juda past, suv yo’q va boshqa sabablar mavjud. Bunday hududlar er sharidagi quruqlikning 10 foizini tashkil etadi.
Ularga Shimoliy va Janubiy qutblar, balandligi 5000 metrdan ziyod tog’lar va sahrolar kiradi. Er kurrasidagi quruqlikning 50 foizi esa aholi yashashi uchun tabiiy sharoitlar nisbatan pastroq bo’lib, ularda aholi siyrak-1 km2 ga 1 kishidan joylashgandir. Ushbu hududlarga tundra, o’rmon-tundra, shimoliy tayga, cho’l, chala cho’l va nam ekvatorial o’rmonlar kiradi.
Quruqlikning 25 foizida aholi zichligi 1 km2 ga 1-10 kishini tashkil etib, bu erlar aholi nisbatan siyrakroq joylashgan. Er kurrasidagi quruqlikning qolgan 15 foizida esa aholi zichligi 1 km2 ga 10 kishidan oshadi.
Er sharida aholi yashaydigan asosiy hududlar 780 shimoliy kenglik va 540 janubiy kenglik orasida joylashgandir. Er yuzida aholi eng zich joylashgan hududlar juda qadimdan madaniyat markazlari bo’lib kelgan Janubiy, Janubiy-Sharqiy va Sharqiy Osiyo, Shimoliy Afrikadagi daryo vodiylari hamda Evropadagi sanoat markazlari bo’lib, ular er sharidagi quruqlikning bor-yo’g’i 7 foizini tashkil etadilar. Bu hududda dunyo aholisining deyarli 70 foizi joylashgandir. Er shari aholisining 4/5 qismi tekisliklar va 500 metrgacha bo’lgan balandliklarda joylashganlar. Bunday hududlar er yuzidagi quruqlikning 28 foizini tashkil etadi.
Hozirgi davrda (2010 y.) er kurrasidagi quruqlikning inson yashashi mumkin bo’lgan qismida (130 mln.kv.km.) o’rtacha aholi zichligi 1 km2 ga 51 kishidan to’g’ri kelmoqda. Agar aholi 1 km2 ga 50 kishidan to’g’ri kelsa, aholi zichligi yuqori hisoblanadi. Aholi dunyo qit’alari bo’ylab ham juda notekis joylashgandir. Ma’lumotlarga qaraganda, 21 asr boshlarida aholi zichligi 1 km2 ga Osiyoda 130,3 kishi; Evropada 105,1 kishi; Afrikada 33,4 kishi; Shimoliy Amerikada 26,4 kishi; Janubiy Amerikada 21,4 kishi; Avstraliya va Okeaniyada 4,1 kishini tashkil etmoqda. Er yuzasida aholi juda notekis joylashgan.
Umumlashtirib aytganda, er quruqlik yuzasining atigi 2% da unda mavjud aholining 70% i istiqomat qiladi. Aholi nihoyatda zich joylashgan mintaqalar qatoriga Janubiy Sharqiy va Sharqiy Osiyo, Evropa hamda AQSh ning shimoli-sharqiy qismi “Bosvash” megapolisi kiradi.
Dastlabki uchta mintaqada aholi qadimdan joylashgan bo’lib, u hozirgi vaqtda juda yuqori darajadagi aholi zichligiga ega. Bunday holat avvalambor, bu erda mehnatni juda ko’p talab qiluvchi sholichilikning qadimdan mavjudligi, qolganlarda esa 18-19 asrlarda yuz bergan sanoat inqilobi hamda undan keyingi davrda amalga oshgan industriallashtirish jarayoni bilan uzviy bog’langandir. Insonlarning qadimdan okean va dengiz sohillarida joylashishiga intilishi ham muhim omillardan biridir. Hozirgi vaqtda dengiz va okenlardan quruqlikka tomon 200 km ga cho’zilgan er yuzasi qismida insoniyatning yarmidan ziyod qismi, 50 km kenglikka ega bo’lgan quruqlik qismiga esa dunyo aholisining deyarli 30 foizi to’plangandir.
Dunyo bo’yicha aholi juda zich joylashgan hududlar qatoriga quyidagilar kiradi: Rus, Elzas va Lataringiya hamda Parij va London rayonlari, Shimoliy Italiya, Moskva rayoni, Donbass, Farg’ona vodiysi, Sharqiy Xitoy, Hind-Gang past tekisligi, Yava oroli, Yaponiya orollari, Nil deltasi, AQSh ning shimoli-sharqi, Buyuk ko’llar rayonlari va Sansan megapolisi. Aholi siyrak tarqalgan hududlar er quruqlik yuzasining ancha katta qismini egallaydi. Shular qatoriga birinchi navbatda, ekstremal tabiiy sharoitlarga ega bo’lgan geologik ob’ektlar, cho’llar, tropik o’rmonlar, baland tog’lar, tundra muz hududlari va boshqalar kiradi. Dunyoda aholi eng yuqori zichligi Sharqiy Osiyoda joylashgan Xitoy-Makaosi (Aomin) davlatida qayd etiladi va bu erda aholi 1 km2 ga (2012 y.) 21000 kishini tashkil etgan. Aholi zichligi eng yuqori bo’lgan davlatlar (2012 yil, kishi.kv.km.): Monako-15293, Singapur-6783, Maldivi-1328, Malta-1287, Banladesh-1084, Barbados-663, Koreya respublikasi-640, Mavrikiy-634, Nauru-441, Niderlandiya-404.
Aholi eng siyrak joylashgan davlatlar Mo’g’iliston, Avstraliya, Kanada bo’lib, bu davlatlarda aholi zichligi 1 km2 ga 2-3 kishini tashkil etadi. Dunyoda aholi soni ko’payib borishi bilan mutanosib, uning zichligi ham ortib boradi. 1920 yilda dunyoning aholi yashaydigan quruqlik qismida o’rtacha har bir km2 ga 13 kishini tashkil etgan bo’lsa, 1950 yilda 18, 1983 yilda 34, 1999 yilda 45 va 2012 yilda 51 kishini tashkil etgan.
Aholi joylashuvida asosiy tabiiy omil bu - suv resurslaridir. Chunki, insonning yashashi va xo’jalik yuritishida suv eng zarur sharoitdir. Dunyo aholisining 1/3 qismi Dunyo okeani sohillari bo’ylab (okeandan 50 km uzoqlikda) joylashgandir. Bu hudud dunyodagi quruqlikning atigi 12 foizini tashkil etadi xolos.
Dunyo aholisining yarmidan ko’pi esa Dunyo okeanidan 200 km uzoqlikda bo’lgan masofa hududida joylashgan. Er shari bo’yicha Dunyo okeani sohillarida, daryo vodiylaridagi pasttekisliklarda yashovchi aholi salmog’i muntazam oshib bormoqda. 20 asr oxiri 21 asr boshlarida dunyo qit’alarining barchasida aholining 42-73 foizi dengiz sathidan 200 m baland bo’lgan pasttekisliklarda joylashganlar. Er quruqlik yuzasining 15% i umuman o’zlashtirilmagan va doimiy aholisi yo’q hududlar hisoblanadi.
Dunyo aholisining vertikal mintaqalar bo’yicha ham notekis taqsimlangan. Aholining yarmidan ortiq qismi (56% i) mutloq balandligi 250 metrgacha bo’lgan tekislik va notekisliklarda istiqomat qiladi. Salkam chorak qismi (24%) 200-500 m balandlikka ega tekislik va qirralarga to’g’ri keladi. Demak er shari aholisining 80% i mutloq balandligi 500 metrgacha bo’lgan hududlarda joylashgan.
Shu vaqtning o’zida 2000 metrdan baland hududlarga er shari jami aholisining atigi 10% i to’g’ri keladi. Umuman olganda, aholi soni va ulushi balandlik oshgan sari kamayib boradi. Lekin bu qonuniyat Janubiy Amerikada o’z ifodasini topmaydi. Bundan tashqari, Osiyo qit’asi bilan jami quruqlik yuzasiga xos bo’lgan ko’rsatkichlar bir xil miqdorlar xosligi bilan ajralib turishligini ta’kidlab o’tish lozim.
Okean va dengiz sohillari, dunyo vodiylaridagi past tekisliklarda joylashgan aholi salmog’i dunyo aholisining tarkibida muntazam ortib bormoqda. Sohillarda aholining konsentrasiyalashuvi jarayoni hamon davom etmoqda. Bu hol suv resurslarining inson hayoti uchun naqadar muhimligi bilan bog’liqdir.
Dunyo aholisining 1000 yildan 2005 yilgacha bo’lgan o’sishiga nazar tashlasak, aholi eng tez ko’paygan davr 20 asrdir. Agar er shari aholisining bir milliardga etishi uchun salkam 850 yil kerak bo’lgan bo’lsa, 2 milliardga etishi uchun 85 yil, 3 milliardga etishi uchun 25 yil, 4 milliardga o’tishi uchun - 15 yil, 5 milliardga o’tishi uchun 20 yil va 6 milliardga o’tishi uchun - 15 yil vaqt kerak bo’ldi. Sayyoramiz aholisining ko’payib borishi uning alohida hududlari bo’yicha ham farq qiladi. Evropada 14 asrning o’rtalaridan fan va texnika rivojlandi. Ilmiy manbalarda, ushbu davrni Evropa uchun "uyg’onish" davri, deb qayd etilgan.
Evropa dunyo qit’alari ichida aholining o’rtacha zichligi yuqori hudud hisoblanadi. Aholi zichligi Evropaning shaharlarida yuqori bo’lib qishloq hududlaridan keskin farq qiladi. Bu qit’ada aholi umuman yashamaydigan hudud yo’q. Evropada aholisi nisbatan siyrak joylashgan hududlar Islandiya va Norvegiya davlatlari bo’lsa, aholisi eng zich joylashgan Niderlandiya (Gollandiya) va Belgiya davlatlaridir. Aholi zichligi bo’yicha Malta davlati alohida ahamiyatga ega bo’lib, bu erda aholi zichligi 1 km2 ga 1000 kishidan ortadi. Maltada ichishga yaroqli suv juda tanqis bo’lib, u sotiladi. Toza suvning qimmati hatto vinodan ham yuqori turadi. Evropada aholi eng zich joylashgan hudud Reyn daryosi vodiysidir. Bu er juda hosildor lyossimon tuproqlardan tarkib topgan bo’lib, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanish uchun juda qulaydir. Shuningdek, Dunay daryosi vodiysi bo’ylab ham aholi zichligi nisbatan yuqoridir.
Evropada urbanizatsiya darajasining yuqoriligi shahar va qishloq
hududlari aholisi zichligidan keskin farq etishiga olib kelgan. O’z navbatida, qishloq hududlarida ham aholi zichligi o’zaro farq qiladi. Masalan, Maltada qishloq aholisi 1 km2 ga 100 kishidan ortib borganda, Evropaning shimoliy hududlarida aholi siyrak joylashgan. Chunki bu erlar iqlimi sovuq bo’lib, qishloq xo’jaligini rivojlantirish uchun unchalik qulay emas. Shunday bo’lsada, Evropada aholi zichligi 1970-2004 yillarda taxminan 1 km2 ga 94 kishidan 123 kishiga oshgan.
Fan-texnikaning rivojlanishi tufayli Evropada ishlab chiqarishda qo’l kuchi o’rniga texnikalardan foydalanish aholi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini ma’lum darajada yaxshilanishiga olib keldi. Aholi soni oldingi davrlarga nisbatan tezroq sur’at bilan ko’paya bordi. Lekin Evropaning, ba’zi hududlarida tarqalgan epidemiyalar (1624, 1639 yillarda o’lat va vabo), ocharchiliklar (Italiyada 1739-1741 yillardagi kartoshka ocharchiligi) va urushlar (Turkiya va Bolqon urushi 16 asrda; 1618-1648 yillardagi 30 yillik urush, 12 yil davom etgan ispan merosi uchun urushlar 1701-1713 yillar) aholi sonining ko’payib borishiga salbiy ta’sir etgan albatta. Shuningdek, Evropa aholi soni dinamikasiga emigratsiya ham ta’sir ko’rsatdi. Amerikaning kashf etilishi juda ko’p ispanlar, portugallar, inglizlar, gollandlar va fransuzlarning Amerikaga ko’chib ketishiga sabab bo’lgan. 16-18 asrlarda Evropadan Amerikaga 2 milliondan ko’p aholi ko’chib ketgan.
Shunday bo’lsada, Evropa aholisi 16-18 asrlarda oldingi davrlarga nisbatan yuqori sur’at bilan ko’payib borgan. Masalan, 1700 yili Evropa aholisi taxminan 100 million kishi bo’lsa, 1800 yilda bu ko’rsatkich 150-160 millionga etgan. Fransiya, Angliya, Germaniya va Ispaniya Evropaning aholisi eng ko’p davlatlaridan bo’lganlar. 19 asr Evropa aholi takror paydo bo’lishida yangi bosqichga o’tgan. O’limning kamayib borishi, aholi o’rtacha umr ko’rish muddatining uzayishi va tug’ilishning nisbatan yuqori darajada saqlanib turishi aholining tabiiy ko’payishini yuqori darajaga olib chiqdi. Ushbu davrda Evropada tug’ilishning umumiy koeffitsienti 35-40 promille, o’lim esa 20-25 promille atrofida bo’lgan. Aholi tabiiy o’sishi har 1000 kishiga 15-20 kishini tashkil etgan. Evropadan Amerikaga aholi emigratsiyasining ko’payishi, Fransiya imperatori Napoleonning urushlari aholi sonining ko’payishiga salbiy ta’sir etgan.
Lekin, aholining tabiiy ko’payishining yuqoriligi tufayli Evropa aholisining umumiy soni dinamikasida kamayish kuzatilmaydi. 19 asrda Evropadagi ko’p sonli aholiga ega bo’lgan davlatlar Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya aholisi 1,5-2 barobarga ko’paygan.
20 asr Evropa aholisining takror barpo bo’lishida yangi bosqich
bo’ldi. Evropadagi qator davlatlarda 20 asrning ikkinchi yarmida tug’ilish keskin kamayib bordi. Tug’ilish bilan bir qatorda o’lim hollari ham qisqardi. Aholining takror barpo bo’lishida yangi demografik o’tish davri boshlandi. Natijada, Evropada aholi sonining o’sish sur’ati bir muncha kamaydi. 1900-1950 yillarda Evropa aholisi har yili o’rtacha 1,8 million atrofida ko’paygan bo’lsa, 1970-2000 yillarda esa, bu ko’rsatkich 1,2 millionni tashkil etgan. Hozirgi davrda (2012 y.) Evropa aholisi 734 millionga etgan va bu ko’rsatkich dunyo aholisining 11,0 foizini tashkil etadi.
Osiyo dunyoning eng ko’p sonli aholi istiqomat etayotgan hududidir. 20 asrga qadar bo’lgan davr uchun Osiyo aholisining soni haqidagi aniq ma’lumotlar deyarli yo’q. Taxminlarga ko’ra, 16-18 asrlarda Osiyo aholisining umumiy o’sish sur’ati Evropa aholisining o’sish sur’atiga juda yaqin bo’lgan. Chunki, Osiyoda ushbu davrlar nisbatan tinch, yirik qirg’in-barot urushlar bo’lmagan davr hisoblanadi. Osiyoning ba’zi davlatlari demografik jarayonlarida keskin o’zgarishlar kuzatiladi. Masalan, Yaponiyada oilalarda farzand tug’ilishini nazorat etish boshlandi. Natijada aholining tabiiy ko’payish sur’ati sekinlashdi va aholi soni ham mos ravishda nisbatan kam sur’atda ko’paydi. 19 asr boshlarida Osiyoning eng ko’p sonli xududi Xitoyda aholi soni 300- 350 million, Hindistonda - 150-210 million, Yaponiyada - 27-30 million kishini tashkil etgan.
19 asrda Osiyo davlatlarining ko’pchiligida yangi siyosiy o’zgarishlar yuz berdi va ularning ko’pchiligi mustamlakalarga aylantirildi. Mustamlakachilik aholi ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga salbiy ta’sir etdi. Dehqonlarning asosiy qismi ersiz qoldilar, hunarmandchilik, ishlab chiqarish ma’lum darajada sustlashdi. Bu holatlar aholining tabiiy ko’payish sur’atiga salbiy ta’sir etdi. Ocharchilik, epidemiya va mustamlakachilarga qarshi urushlar natijasida aholi o’rtasida o’lim hollari ko’paydi. Millionlab aholi yuqoridagi omillar natijasida qirilib ketdi.
19 asrning oxirida Hindistonda 20 martaga yaqin ocharchilik bo’lib, ularda qariyb 20 million atrofidagi aholi o’lgan. Ana shu davrda (1887 y.) Xitoyning Shimoliy rayonlarida ham ocharchilik bo’lib, 4-6 million kishi halok bo’lgan. 19 asrda Osiyoning qator hududlari aholisida tug’ilish 45-50 promilleni, o’lim esa 40-45 promilleni tashkil etgan. Aholining tabiiy o’sishi juda past bo’lib, 5-10 %0 nigina tashkil etgan. Natijada, Osiyo aholisining soni juda sekinlik bilan ko’paygan. 1900 yillarda Osiyo aholisining soni 900-1000 million kishidan oshgan. Shu jumladan, Xitoyda aholi soni 400-500 million, Hindistonda 285 million va Yaponiyada 44 millionga etgan.
20 asrda Osiyo mamlakatlarining ko’pchiligida aholi o’limining keskin kamayishi kuzatiladi. Natijada, Osiyo aholisining soni ko’payib bordi. 1900-2000 yillarda Osiyo aholisi soni 950 milliondan 3585 millionga etdi yoki 3,6 marta ko’paydi. Shuni alohida qayd etish lozimki, 20 asrning ikkinchi yarmida Xitoy, Hindiston kabi aholi ko’p sonli davlatlarda tug’ilishni nazorat etish davlat siyosati darajasida olib borilishi aholining o’sish sur’atini bir muncha sekinlashishiga olib keldi. Osiyo aholisining dunyo aholisi tarkibidagi salmog’i 1000-2000 yillarda 63,9 foizdan 59,3 foizga tushdi. Hozirda (2012 y.) Osiyoda dunyo aholisining 61,7 foizi istiqomat etmoqda.
Osiyoda dunyo aholisining eng asosiy qismi yashaydi. Sharqiy Osiyoda Yaponiya, Xitoy, Koreya, Janubiy Osiyoda esa Hindiston, Pokiston, Bangladesh kabi davlatlar joylashgan bo’lib ular dunyodagi aholi zichligi bo’yicha eng yuqori o’rinlarni egallaydilar. Osiyo aholisining asosiy qismi Hindi-Xitoy yarimorolida va Indoneziya orollarida joylashgan bo’lib, ularda aholi zichligi 1 km2 ga 400-500 kishiga teng. G’arbiy Osiyodagi Arabiston yarim orolida, Markaziy Osiyoda, ayniqsa, Mo’g’ulistonda aholi siyrak joylashgan bo’lib, 1 km2 ga 2-3 kishini tashkil etadi. Osiyoda dunyo qishloq holisining katta qismi istiqomat etib, ular qishloq xo’jaligi, ayniqsa dehqonchilik uchun qulay erlarga- Xitoydagi yirik daryolar, Gang, Braxmaputra, Mekong, Xuanxe vodiylariga, Koreyaning janubiy qismi, Yaponiya va Yava orollariga joylashganlar. Bu hududlar maydoni 2.5 mln.km2 bo’lib, ularda taxminan 2 milliarddan ortiq aholi yashaydi. Aholi zichligi Hind va Ganga vodiylarida, Xuanxe va Yanszi deltalarida juda zich bo’lib 1 km2 ga 1000-1500 kishini tashkil etadi.
Osiyoda aholi doimiy yashamaydigan tog’li hududlar (Tibet, Hindiqush, Himolay tog’liklari) va cho’llar, chala cho’llar (Rub-el-Xali, Takla-Makon, Gobi cho’llari) ham mavjuddir. Afg’oniston, Suriya, Eron, Turkiya davlatlari hududlarida ham aholi juda siyrak joylashgandir. Chunki bu hududlar tabiiy sharoiti ham dehqonchilik uchun uncha qulay emas. Bu erlarda asosan aholi ko’chmanchi chorvachilik bilan shug’ullanadilar.
Afrika - inson ajdodlarining eng qadimiy maskanlari shakllangan, shu bilan bir qatorda aholisi er kurrasining qator hududlariga nisbatan juda siyrak joylashgan hudud hisoblangan. 1970-2010 yillarda Afrika aholisining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 12 kishidan 33,4 kishiga etgan. Afrikada aholining siyrak joylashuvi bir tomondan tabiiy sharoitning qishloq xo’jaligi uchun qulay emasligi, ichimlik va sug’orish uchun suv tanqisligi bo’lsa, ikkinchi tomondan Afrika davlatlarining juda uzoq davr Evropa davlatlari mustamlakasi bo’lib kelganligidir, chunki mustamlaka sharoitida aholining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi sekin boradi. Ushbu jarayon esa aholining tabiiy o’sishiga, o’rtacha umr ko’rish muddatiga salbiy ta’sir etadi. Natijada, aholi soni sekin ko’payadi va aholi zichligi ham shunga mos tarzda o’zgaradi. Juda ko’p Afrika davlatlarida aholi zichligi 1 km2 ga kishi atrofida to’g’ri keladi. Aholining eng yuqori zichligi Mavrikiy, Reyunon va Viktoriya ko’li atrofida joylashgan Ruanda va Burundi davlatlarida (1 km2 ga 400-450 kishi), aholi eng siyrak joylashuvi esa Botsvana, Liviya va Namibiya davlatlarida (1 km2 ga kishi) kuzatiladi.
Afrikada ham aholi joylashuvida suv resurslarining asosiy omil ekanligi yaqqol kuzatildi. Nil daryosi vodiylarida, Gvineya qo’ltig’i, Tunis, Jazoir va Marokashning sohil bo’ylarida aholi zich joylashgan Sahroi Kabir, Kalaxari va Liviya cho’llarida, tropik o’rmonlarda aholi juda siyrak, ba’zi cho’llarda umuman aholi yashamaydi. Afrikaning ba’zi hududlarida aholi juda notekis joylashgan. Bunday hol ayniqsa, Afrikaning Shimoliy qismiga xarakterlidir. Bu erda aholi eng zich joylashgan - O’rta Er dengizi sohillari bilan aholisi juda siyrak Sahroi Kabir cho’li mavjuddir. Shuningdek, Marokashning shimoli-g’arbida uning aholisining 90 foizi istiqomat etadi va aholi zichligi 1 km2 ga 200 kishidan ortiq, janubi-sharqiy qismidagi tog’ va cho’l hududlarida aholi zichligi 1 km2 ga 1 kishini tashkil etadi.
Afrika aholisi sonining ko’payib borishida uning tabiiy sharoiti bilan bir qatorda ijtimoiy ahvoli ham asosiy omil hisoblanadi. O’rta asrlarda Shimoliy Afrikaga arablarning bosqinchilik yurishlari tufayli juda ko’p aholi qirilib ketgan. Bu qit’a aholisi asosan G’arbiy Sudan va Sharqiy Afrika aholisi hisobiga bir muncha ko’paygan. Sharqiy Afrikada arab sultonliklari tashkil topib, Osiyo davlatlari, ayniqsa, Hindiston bilan savdo-sotiq rivojlanadi.
Ikkinchi ming yillikda Afrika xalqining ijtimoiy-siyosiy hayotida yana keskin o’zgarishlar sodir bo’ldi. Afrikani Evropaliklar tomonidan mustamlakaga aylantirilishi natijasidagi urushlar, afrikaliklarni qullarga aylantirib sotilishi, ularning og’ir turmush sharoiti, ochlik, issiq iqlim sharoitida turli yuqumli kasalliklarning tez-tez tarqalib turishi natijasida aholi o’rtasida o’lim ko’rsatkichlari yuqori darajada bo’lgan. 1650-1800 yillarda Afrika aholisi taxminan 100 milliondan 90 millionga kamaygan.
16-17 asrlarda Afrikadan negrlarni qul qilib, Amerikaga olib ketilishi ham Afrika qit’asi aholisi soniga salbiy ta’sir etgan. Ayniqsa, Shimoliy Amerikadagi ingliz koloniyalariga Afrikadan millionlab negrlarni qul qilib haydab kelishgan. 1680-1786 yilning o’zida Shimoliy Amerikaga Afrikadan 2 million negrlar keltirilgan. Yuzlab negrlar yo’lda halok bo’lishgan va qul sifatida sotib yuborilgan. Yuqorida qayd etilgan holat natijasida Afrikaning Angola, Mozambik va G’arbiy Sudan kabi davlatlarida aholi juda kamayib ketgan.
19 asrga kelib, Afrikaning ijtimoiy-siyosiy ahvoli bir muncha yaxshilandi. Qator davlatlar mustamlaka tuzumidan ozod bo’ldilar. Dunyoda inson huquqlarini, millatlar manfaatini himoya etish tashkilotlari tashkil topib, faoliyat ko’rsata boshladi. Afrika xalqlarining himoya qilinishi, ularga tibbiy yordam ko’rsatish, bilim olishlariga imkoniyatlar yaratila boshlandi. Natijada qit’a aholisi o’rtasida o’lim hollari kamaydi. Tug’ilishning yuqori darajada bo’lishi va o’limning kamayishi Afrika aholisining tez sur’atlar bilan ko’payishiga olib keldi. 1900 yil Afrika aholisi taxminan 130 mln. kishini tashkil etgan. 1900-2000 yillarda esa qitada aholi soni 6 marta ko’paydi va 790 millionga etdi. 20 asr Afrika aholisining eng yuqori sur’at bilan ko’paygan davridir. 2010 yil ma’lumotlariga qaraganda, Afrika aholisining soni 1037 millionni tashkil etib, bu ko’rsatkich dunyo aholisining 15,5 foizini tashkil etdi.
Ilmiy manbalarda yozilishicha, Amerika Xristofor Kolumb tomonidan kashf etilgan davrga qadar, 25 milliondan ortiq aholisi bo’lgan. Aholisining asosiy qismini atseklar (Markaziy Meksika) davlatida va inklar imperiyasida (Peru) yashaganlar. Amerika aholisining tub xalqi hindular bo’lib, ular kichik-kichik qabilalarga birlashganlar. Hozirgi AQSh hududida 1 millionga yaqin hindular yashaganlar.
Amerikaning evropaliklar tomonidan bosib olinishi uchun bo’lgan urushlar natijasida tub aholi bo’lmish hindularning qirib yuborilishiga sabab bo’lgan. Masalan, Karib dengizi havzasidagi orollarda 1 milliondan ortiq hindular yashaganlar. 16 asr o’rtalarida evropaliklarning bosqinchilik urushlari tufayli mahalliy aholi vakillaridan bir necha yuz kishigina qolgan xolos. Meksikada esa 19 asr boshlarida 1,5 mln. AQShda 19 asr oxirlarida 200 ming hindular yashaganliklari haqida ma’lumotlar mavjud. Amerika tub aholisining kamayib ketishiga ularning evropaliklar tomonidan ayovsiz qirib tashlanishi bilan birga, evropaliklar olib kelgan epidemiyalar "yangi kasalliklar" (qizamiq, vabo, toshmalar), plantatsiyalardagi og’ir, antisanitariya sharoitdagi mehnatlar ham sabab bo’lgan.
Amerika ham er sharidagi aholisi nisbatan siyrak joylashgan hududdir. Bu erda aholi zichligi 1970-2010 yillarda 12 kishidan 23,9 kishiga etgan. Amerikaning aholi zichligi bo’yicha dunyodagi tutgan o’rni Afrikaga yaqindir. Shimoliy Amerikada aholi Janubiy Amerikaga nisbatan siyrakroq joylashgan. AQShning Atlantika okeani sohillaridagi Rod-Aylend, Nyu-Jersi, Pensilvaniya shtatlarida aholi zich joylashgan. G’arbga borgan sari aholi zichligi kamaya boradi. Missisipi vodiysidan so’ng tog’li hududlar boshlanadi va bu erlarda aholi juda siyrak bo’lib, 1 km2 ga aholi zichligi 1 kishidan to’g’ri keladi. Tinch okeani sohillarida ayniqsa, Kaliforniyada aholi zichligi yana ortib boradi. Kanadada ham aholi nisbatan siyrak joylashgan bo’lib, aholi 1 km2 ga 3 kishidan to’g’ri keladi. Kanadaning juda katta maydonini tayga va tundra zonalari egallagan. Kanadaning shimoliy qismi, arktik orollarda, AQSh ga tegishli Alyaska yarim orolida aholi juda ham siyrak joylashgan va ba’zi hududlarda aholi umuman yashamaydi.
Janubiy Amerikada ham aholi asosan suv resurslariga yaqin, okean sohillarida joylashgan. Braziliyaning San-Paulo shtatida va sharqiy qismida, Parana past tekisligida aholi nisbatan zichroq joylashgan bo’lib 1 km2 ga 50-55 kishini tashkil etadi. Karib dengizi orollari va Bermud orollarida ham aholi zich joylashgan. Aholi zichligi yuqorida qayd etilgan orollarda 1 km2 ga 300-400 kishidan ortiq. Amazonka vodiysining tropik o’rmonlar va botqoqliklar bilan qoplangan qismi, baland And tog’lari va Atakama cho’lida esa aholi deyarli yashamaydi.
Amerika aholisi soni 19 asr boshiga qadar, asosan Evropadan kelgan immigrantlar kelishi va Afrikadan ko’plab negr-qullarni olib kelinishi hisobiga sekinlik bilan ko’paygan. Ushbu davrda Amerika qit’asida 25 million atrofida aholi bo’lib, ularning 18 millioni Lotin Amerikasida, 5,3 millioni AQShda yashaganlar.
19 asrda Evropadan Amerikaga ko’chib keluvchilar soni yana ham
ko’paydi. Imigrantlarning asosiy qismi iqtisodiy ahvol yaxshiroq bo’lgan AQSh ga qaratilgan edi. 19 asrning ikkinchi yarmida (1821-1900 yillarda) AQShga kelgan imigrantlar soni 20 million atrofida bo’lgan. AQSh aholisi imigrantlar hisobiga juda tez sur’at bilan ko’payib borgan va 1900 yilda 76 millionga etgan va ularning tarkibida 10 million atrofida negrlar qayd etilgan.
Kanada hududlariga ham 19 asrda imigratsiya jarayoni kuchaydi. 19 asr boshlarida Kanadada bor yo’g’i 300 ming atrofida aholi istiqomat etgan bo’lsa, 1851 yili aholi soni 1,8, 1900 yilda esa 5,8 millionga etdi. Asr boshida faqat Kanadaga dastlab Evropadan kelgan fransuz emigrantlar aholining asosiy qismini tashkil etgan edi. 19 asrning ikkinchi yarmida AQSh hududi tamoman egallab olingach, imigrantlar oqimi Kanadaga qaratiladi. Lotin Amerikasi davlatlari aholisi esa 19 asrlarda AQSh va Kanada aholisiga nisbatan sekinroq ko’paygan. Asosan aholining ko’payishi tabiiy o’sish hisobiga sodir bo’lgan.
Bu davrda Evropadan immigrantlarning kelishi Shimoliy Amerikaga nisbatan kamroq bo’lgan. Immigrantlar asosan Argentina, Braziliya va Urugvay davlatlariga kelganlar. 1900 yilda Lotin Amerikada 60-65 million aholi istiqomat etgan. 1850-1900 yillarda butun Amerika qit’asi aholisi 65 million kishidan 145 million kishiga ko’paygan, yoki 2,2 marta oshgan. 1900-2000 yillarda esa aholi soni 6 martaga ko’paydi. Bu davr Amerika aholisining eng yuqori sur’at bilan ko’paygan davridir. Aholi sonining ortib borishi dunyo aholisi tarkibida uning hissasini 3 barobar ko’tarilishiga sabab bo’ldi. 2010 yil Amerikada dunyo aholisining 13,7 foizi istiqomat etmoqda. 1000 yilda bu ko’rsatkich 4,6 fozini tashkil etgan edi.
Okeaniya va Avstraliya aholi zichligi bo’yicha dunyoda eng oxirgi o’rinda turadi. 1970-2010 yillarda aholi zichligi 1 km2 ga kishidan 4,1 kishiga etgan. Lekin materikning ichida aholi juda notekis joylashgan. Okeaniya orollarida aholi zichligi nisbatan yuqori. Guam orollarida aholi zichligi 1 km. ga 200 kishidan ortiq bo’lsa, G’arbiy Samoada - 50 kishidan ortiqni tashkil etadi. Avstraliyada esa aholi uning Sharqiy, Janubiy-Sharqiy va Janubiy-G’arbiy qismida, Yangi Janubiy Uels, Viktoriya va Kvinslend shtatlarida zich joylashgan. Bu hududlarda Avstraliyaning 80 foizdan ko’p aholisi istiqomat etadi. Markaziy va Shimoliy Avstraliyada joylashgan cho’l hududlarida mahalliy tub aholi- avstraliyalik aborigenlar yashaydilar. Ular juda kam bo’lib, zichlik ham nisbatan pastdir. Shuningdek Yangi Gvineyaning janubiy qismida ham aholi siyrak joylashgan. Chunki bu hududlar maydonida ham tabiiy sharoit inson yashashi uchun noqulay bo’lib, tropik o’rmonlar va botqoqliklardan iboratdir.
Aholining er yuzi bo’ylab joylashuvi qator omillar bilan bog’liq. Ularga tabiiy sharoit, aholi manzilgohlari shakllanishining tarixiy xususiyatlari, demografik o’tishning hozirgi bosqichi, rivojlanish darajasi va xo’jalik tarkibi kabi ijtimoiy-iqtisodiy omillarni kiritish mumkin. Aholining joylashuvida eng asosiy omil bu tabiiy sharoitdir. Dunyo aholisining asosiy qismi inson yashashi uchun qulay tabiiy sharoitga ega bo’lgan mo’tadil, subtropik va tropik iqlim zonalarining qishloq xo’jaligi bilan shug’ullanish imkoniyati bor hududlarida joylashganlar.
Avstraliya va Okeaniya hududi aholisiga oid aniqroq ma’lumotlar demografik manbalarda, 18 asrning ikkinchi yarmiga ta’luqlidir. 1788 yilda ushbu qit’ada 200-300 ming mahalliy xalqlar (aborigenlar) yashaganlar. Okeaniyada esa 18 asr o’rtalarida 3 million kishi bo’lganligi taxmin etiladi. Bu hududda ham aholi shakllanishida Amerika qit’asiga o’xshash evropaliklarning kelishi bilan bog’liq ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar katta ta’sir etgan.
Evropaliklar bilan to’qnashuvlardan, epidemiyalardan Avstraliya aholisining juda ko’p qismi qirilib ketgan. 19 asrning oxirlarida Avstraliyada 100 ming nafar aborigenlar qolgan xolos. Shuningdek, yangi zelandiyaliklar ham 18 asrning oxiridan 19 asrning oxirgi choragiga qadar 200-250 mingdan 37,5 ming kishiga kamayib ketganlar. 18 asrning oxiridan 19 asrning oxiriga qadar, gavayiliklar soni 300 mingdan 31 mingga qisqargan.
19 asrning oxiridan boshlab, Avstraliya va Okeaniya aholisi aralash millatlar va evropaliklar hisobiga bir muncha ko’paya boshladi. Ayniqsa, Avstraliya va Yangi Zelandiya aholisi asosan evropaliklar hisobiga ko’payib borishining asosiy sababi Avstraliya va Okeaniyada yangi konlarning topilishi va o’zlashtirilishi edi. Evropada ishlari yurishmagan kambag’al va o’rtahol kishilar tezda boyib ketish maqsadida bu erga ko’plab ko’chib kelishganlar.
1800-1850 yillarda Avstraliyaga kelgan imigrantlar soni 5 mingdan 405 mingga etgan. Imigratsiya hisobiga Gavayi, Fidji, Yangi Kaledoniya aholisi ham ko’paya boshladi. Natijada, Avstraliya va Okeaniya aholisining dunyo aholisi tarkibidagi salmog’i deyarli 2 barobar ko’paydi.

Yüklə 117 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin