31
Mavzu: Atrof muhitni muhofaza qilishning xuquqiy asoslari
va halqaro ekologik hamkorliklar
Reja
1. Tabiatni muhofaza qilishda huquqiy bazaning yaratilishi.
2. Tabiatni muhofaza qilishning tashkiliy asoslari.
3. Davlat tomonidan tabiatni muhofaza qilish borasida qabul qilingan qaror va
tadbirlar.
4. Xalqaro hamkorliklar va ularning ahamiyati.
Tayanch tushunchalar:
huquqiy baza, tashkiliy asoslar, qonun va qarorlar,
turli tadbirlar, shartnomalar, konvensiyalar, xalqaro hamkorliklar.
Tabiatni muhofaza qilishda huquqiy bazaning yaratilishi.
Yer sayyorasi insoniyatning umumiy yashash joyi, yagona uyi hisoblanadi, unda ekologik
halokatni bartaraf qilish mavjud 200 dan ortiq davlatlar, qariyib 6 mlrd.ga yaqin insonlarning
umumiy vazifasidir. Tabiatni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish halqaro
kelishuv asosida umumjahon miqyosida amalga oshirilgandagina o'z samarasini berishi mumkin.
Davlatlararo hamkorliklar sayyoramizda biosferaning yagonaligidan va insonlarning ta'siri hech
qanday davlat chegaralari bilan cheklanmasligidan kelib chiqadi. Insoniyatni tashvishga solayotgan
ko'plab mintaqaviy va umumsayyoraviy ekologik muammolar faqatgina davlatlararo hamkorlik
yo'li bilangina hal qilinishi mumkin. Yu.Odum aytganidek "Ekologik muammolarni bartaraf etish,
atrof muhitni barqaror va xavfsiz holda ushlab turish faqatgina dunyo hamjamiyatining birgalikdagi
32
harakati va ushbu harakatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishgina insoniyatni ekologik inqirozdan
olib chiqishi mumkin".
Shu bois, atrof muhitni muhofaza qilish tadbirlari qonuniy aktlar (farmonlar, ko'rsatmalar,
qarorlar), ilmiy tavsiyalar, ishlanmalar, tabiatni muhofaza qilish ta'limi asosida, nazoratlar va
boshqaruv organlar faoliyati natijasida amalga oshiriladi. Tabiatni muhofaza qilish, tabiiy
resurslardan oqilona foydalanish, ushbu faoliyatning tashkil qilinishi va amalga oshirilishi ko'p
jihatdan qonuniy ta'minlanishga bog'liqdir.
Atrof muhitni muhofaza qilishning tashkiliy va huquqiy asoslari O'zbekiston Respublikasining
konstitusiyasida o'z aksini topgan. Konstitusiyaning 50,54,55 va 100-moddalarida fuqarolarning
ushbu sohasidagi huquq va majburiyatlari, atrof muhitga munosabat va boshqaruv tizimi
bo'g'inlarining faoliyati belgilangan. Jumladan 50-moddada “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga
ehtiyotkorona munosabatda bo'lishga majburdirlar” deyiladi. 100-moddada atrof muhitni muhofaza
qilish mahalliy hokimiyat organlari vazifasiga kirishi ta'kidlangan. O'zbekistonda tabiiy sharoitlarni
saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini 1992
yil 9 dekabrda qabul qilingan “Tabiatni muhofaza qilish to'g'risida”gi qonun belgilab beradi.
Qonunga muvofiq O'zbekistonda tabiatni muhofaza qilishga taaluqli huquqiy munosabatlarni
tartibga solish Oliy majlisning mutlaq vakolati doirasiga kiradi. Bularga tabiatni muhofaza qilish
sahasidagi davlat siyosatini belgilash; davlat ekologiya dasturlarini tasdiqlash; ushbu sohadagi
respublika qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish; tabiatni muhofaza qilishga taalluqli
qonunlar ijrosini muvofiqlashtirib borish va boshqalar kiradi. Ushbu qonunda mamlakatda tabiiy
muhitni saqlashning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslari belgilangan, tabiat bilan inson
o'rtasidagi munosabatlarning me'yorda rivojlanishi maqsadida tabiiy boyliklardan oqilona
foydalanish, fuqarolarni qulay tabiiy muhitga bo'lgan huquqini kafolatlash zarurligi o'qtirilgan.
Asosiy qonundan tabiat muhofazasining ayrim sohalari bo'yicha ham maxsus qonunlar qabul
qilingan. “Alohida qo'riqlanadigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish to'g'risida”gi qonun asosan
umumiy boyligimiz bo'lgan noyob va qimmatli tabiat majmualarini ekologik, iqtisodiy, madaniy,
ilmiy, sog'liqni saqlash nuqtai nazaridan saqlashni asoslaydi. Shuningdek, 1990 yil 20 iyunda
O'zbekiston Respublikasining “Sanitar nazorati to'g'risida”, “YEr to'g'risida” qonunlari qabul
qilindi, ularga O'zbekiston Respublikasi Oliy majlisining 1991 yil 20 noyabrdagi, 1993 yil 7
maydagi, 1994 yilning 6 may va 23 sentyabrdagi kengashlarida o'zgartirishlar kiritilgan. Ushbu
qonunlar erdan oqilona foydalanish va erni muhofaza qilish, tuproq hosildorligini qayta tiklash,
tabiiy muhitni saqlash va yaxshilashga qaratilgan.
O'zbekiston Respublikasining “Suv haqidagi va suvdan foydalanish” to'g'risidagi qonuni
1993 yil 6 mayda qabul qilindi. Uning vazifasi suvdan foydalanishni tartibga solish, aholi va xalq
xo'jaligi ehtiyojlari uchun suvdan oqilona foydalanish, suvning ifloslanishi, kamayishi, iflos
suvning zararli ta'siri haqida ogohlantirish va ularni zararsizlantirish, suv havzalarining holatini
yaxshilash, tashkilotlar, korxonalar, dehqon xo'jaliklari va fuqarolarning suvga bo'lgan huquqlarini
muhofaza qilishdan iborat.
1994 yil 22 sentyabrda O'zbekiston Respublikasining “Qazilma boyliklar haqida” qonuni
qabul qilindi. Bu qonun ma'danlarni muhofaza qilish va foydalanishni tartibga solishga qaratilgan.
1996 yil 27 dekabrda “Atmosfera havosini muhofaza qilish haqida”gi qonun qabul qilindi. Unda
atmosfera havosining tabiiy tarkibini saqlash, uni zararli moddalar bilan ifloslanishini oldini olish,
davlat organlari, korxonalar va fuqarolarning havoni muhofaza qilishdagi huquqiy vazifalarini
tartibga solish va boshqalar qayd etilgan. Hozirda o'rmonlar, hayvonot olamini muhofaza qilish va
foydalanish to'g'risida qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda. Yo'qolib borayotgan qimmatli va
dorivor o'simliklar va noyob hayvonlarga nisbatan munosabatlarini tartibga solish va foydalanishni
yaxshilash bo'yicha Vazirlar Mahkamasining Qarorlari mavjud. Ovchilik va baliq tutish tartiblari
yuqorida ko'rsatilgan qonunlar, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi hududida ovchilik va
baliqchilik xo'jaliklarini boshqarish to'g'risida nizom, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasining Qarorlari asosida amalga oshiriladi. Bu borada O'zbekiston Respublikasi Tabiatni
Muhofaza qilish davlat qo'mitasining maxsus buyruqlari ham yuridik huquqlarga ega.
33
Yuqorida ko'rsatib o'tilgan atrof muhit muhofazasi to'g'risidagi qonunlar, qarorlar, nizomlar
va boshqa yo'l-yo'riqlar tabiatdan foydalanishning yuridik jabhalarini asoslaydi. Vazifa ulardan
to'lig'i bilan foydalangan holda atrof muhit muhofazasiga samarali xizmat qilishga butun e'tiborni
qaratishdan iborat. Tabiiy muhitni ifloslayotgan, uning boyliklaridan me'yoridan ortiqcha
foydalanayotgan, ekologik vaziyatlarni jiddiylashtirayotgan, aholi sog'ligiga salbiy ta'sir
ko'rsatayotgan davlat, xususiy shirkat, jamoa xo'jaliklari, fuqarolarni qonun asosida jazolash yoki
jarima undirish ishlarini tegishli tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini buzuvchilar bilan
shug'ullanuvchi muassasalar va shaxslar amalga oshiradilar.
Tabiat muhofazasi va atrof muhitning ekologik vaziyatlarini inson hayotiga xavf solmasligi,
tabiat boyliklaridan oqilona foydalanishni ilmiy asosda yo'lga qo'yish muayyan darajada
sarmoyalarni ko'paytirishni taqozo etadi. O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat
qo'mitasining ma'lumotiga ko'ra 1991-1994 yillar mobaynida tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini
amalga oshirish uchun 264 mln.so'm shundan, atmosfera havosini muhofaza qilishga 166,2
mln.so'm, er boyliklariga 41,0 mln.so'm sarflandi. Amalga oshirilgan iqtisodiy tadbirlar tabiiy
muhitni tozalanishiga, boyliklardan omilkorlik bilan foydalanishni yo'lga qo'yishga imkon beradi.
Lekin bu borada qilinadigan ishlar ham ko'p.
O'zbekistonning bozor munosabatlariga o'tishi tabiatni muhofaza qilish faoliyatini
boshqarishda iqtisodiy usullarga murojaat qilish bilan tabiatdan foydalanishda pullik tamoyilni
tatbiq qilishga imkon beradi. Iqtisodiy tadbirlarning tatbiq qilinishi ifloslanib borayotgan tabiiy
muhitning tozalanishiga, ekologik buxrondan tezroq chiqishga asos yaratadi. Ushbu tamoyilni
qo'llash “Tabiatni muhofaza qilish to'g'risida”gi qonunda ham har taraflama asoslangan.
O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi va O'zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq 1992 yildan boshlab korxonalarga iflos
chiqindilarni havoga, suv havzalariga me'yoridan ko'p miqdorda chiqargani va joylarda to'plagani
uchun to'lovlar joriy qilindi. Shu munosabat bilan tabiat muhofazasining mahalliy va respublika
fondlari tashkil qilindi. Bu hol tabiiy muhitni asrash va tabiatdan foydalanish sohasida yangi
moliyaviy munosabatlarning vujudga kelishiga asos bo'ladi.
O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi 1994 yilda 8356 ta
korxonani nazorat ostiga olib, shulardan 2458 tasi me'yoridan ko'p miqdorda turli chiqindilar bilan
atrof muhitni ifloslayotganini aniqladi. Ularga to'lovlar joriy etildi. O'sha yilning o'zida
mamlakatning mahalliy fondlariga jami 6,917 ming so'm kelib tushdi. Uning 3,3 mln. so'mi tabiatni
muhofaza qilish maqsadida ishlatildi. Tabiatni muhofaza qilishda iqtisodiy tadbirlarni qo'llash
samaradorligini oshirish va muntazam takomillashtirib borish amaliy ahamiyat kasb etadi. Bu
borada dorivor giyohlarni yig'ib, undan mumay daromad oluvchilarni, tog' yonbag'rlaridagi va
daryo yoqalaridagi daraxtlarni qirqish, qumli cho'llardagi qora va oq saksovullar, cherkez,
qandimlarni o'tin yig'ish maqsadida qirqish, ixota daraxtlariga zarar etkazish, nomlari “Qizil
kitob”ga tushgan va soni kamayib ketayotgan hayvonlarni ov qilish, yilning ruxsat etilmagan
davrlarida baliqlarni ovlash va boshqa hollarda jarima solishni kuchaytirish maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, kelayotgan daromad tabiat posbonlari va boshqa turdagi qo'riqchilar sonini bir necha
barobar ko'paytirish hamda ularga tegishli huquqlarni berishga imkon yaratadi.
Atrof muhitni ifloslab kelayotgan korxonalar, firmalar va boshqa muassasalar ishlab
chiqarishini to'xtatib qo'yish shuningdek, keltirgan zararini o'rnini to'ldirish uchun muayyan
miqdorda to'lovlar to'lashni joriy etish va bu mablag'lardan, chiqindilarni tozalash moslamalarining
samaradorligini oshirishga va samaraliroq uskunalarni o'rnatishga sarflash yaxshi natijalar beradi.
Chet ellarda tabiatni muhofaza qilish o'ziga xos xususiyatlarga ega. Ko'pchilik
mamlakatlarda 4 xil qo'riqxonalar mavjud: 1) tabiiy rezervatlar-kat'iy rejim bilan ishlaydigan hatto
kishilarning kirishi ham man etilgan katta maydonlar. Bunday qo'riqxonalarda noyob o'simliklar va
hayvonlar qo'riqlanadi. Ularda ilmiy ishlar olib boriladi; 2) milliy (xalq) parklar - yirik
qo'riqxonalarda butun tabiiy kompleks muhofaza qilinadi. Qo'riqxonalar G'arbiy YEvropa, Afrika,
Shimoliy Amerika millatlari hamkorligidagi juda keng tarqalgan bo'lib, bu qo'riqxonalarga kishilar
pul to'lab kiradilar. Eng katta va mashhur milliy parklarga yiliga bir necha 10 mln. kishi kiradi.
Masalan: mashhur “Yellouston” milliy parkiga tashkil etilganidan beri (1872 yildan) hozirgacha
34
100 mlndan ortiq kishi kelib ketgan. 3) tabiat yodgorliklari - g'or, er osti tog' jinslari ochilib qolgan
joylar, katta yoki bahaybat daraxtlar, ajoyib shakldagi qoyalar, sharsharalar kabi ayrim ob'ektlar
qo'riqlanadigan kichik qo'riqxonalardir. Tabiiy yodgorliklar tarixiy ob'ektlar bo'lib hisoblanadi. 4)
chala balki qisman mavjud qo'riqxonalarda ayrim ob'ektlar muhofaza qilinadi. Ular qo'riqxona yoki
zakazniklar deb atalishi mumkin.
Chet mamlakatlarda qo'riqxonalarning umumiy soni va maydoni shuni ko'rsatadiki, aholi
zich yashaydigan va tabiiy sharoiti xilma-xil bo'lgan mamlakatlarda qo'riqxonalar nisbatan katta
maydonni egallagan. Umuman olganda, dunyoda qo'riqlanadigan maydonlar juda notekis
joylashgan. Chunonchi, Chexoslavakiyada qo'riqxonalarning nisbiy maydoni Fransiyadagiga
nisbatan 60 marta, Keniyada Jazoirdagiga nisbatan 1,5 ming marta kattadir. Shri-Lankada
qo'riqlanadigan maydonlar Hindistondagiga nisbatan 45 marta ko'p.
Germaniya YEvropa mamlakatlari orasida tabiatni muhofaza qilishga birinchi bo'lib
kirishgan, buning sababi tabiatning nobud qilinishi natijasida tabiiy boyliklarning kamayib
ketganligidadir. 1954 yilda tabiatni muhofaza qilish to'g'risida qonun qabul qilinadi. Bu qonunga
ko'ra GDR da tabiatni muhofaza qilish Davlat boshqarmasi, tabiatni muhofaza qilishda barcha
tadbirlar kompleksini nazorat qilish va tashkil etish bosh organi tuziladi.
GDR da 70-yillarda umumiy maydoni 44100 gektar bo'lgan 200 ta qo'riqxona va umumiy
maydoni 21726 gektar bo'lgan 270 ta qo'riqxona barpo etilgan. O'rmon uchastkalari, shuningdek,
maydoni 199100 ga bo'lgan 334 ta qo'riqlanadigan landshaft uchastkalari bo'lgan. Bundan tashqari,
ob'ekt maydoni kichikroq bo'lgan 10000 ta tabiat yodgorliklari mavjud. GDR da tabiatni muhofaza
qilish, tabiiy boyliklarni birinchi galda kamayib ketayotgan fauna va florani saqlab qolish va imkoni
boricha sonini ko'paytirishga qaratilgan ishlar yaxshi yo'lga qo'yilgan. Qo'riqxonalarda va tabiat
landshaftlarini o'rganish hamda muhofaza qilish ilmiy tadqiqot institutlarida qo'riqxona ishiga
nazariy va amaliy tavsiyalar beradigan maxsus ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Buyuk Britaniya maydonining 88% qo'riqlanadigan erlar bo'lib, Afrikadagi Keniya
davlatidangina keyingi o'rinda turadi. Britaniyada maydoni 1338750 ga bo'lgan 10 ta milliy park, 50
ta mayda tabiiy rezervatlar mavjud. Bu qo'riqxonalarning hammasi tabiatni muhofaza qilish
Boshqarmasiga va milliy parklar komissiyasiga, shuningdek, uy-joy qurilishi ministrligiga qaraydi.
Tabiatni muhofaza qiladigan jamoat tashkilotlari ham mavjud. Tabiat go'zalliklarini saqlash uchun
milliy harakat, qo'riqxonalarga yordam berish jamiyati, qushlarni muhofaza qilish jamiyati va
boshqalar bor.
AQSh da ham er, suv, o'rmonlar, o'simlik va hayvonlarni muhofaza qilish yaxshi yo'lga
qo'yilgan. Asr boshlarida AQSh da hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasida 300 ga yaqin
qonun qabul qilingan. Ana shu davrdan boshlab katta foyda keltiradigan qo'riqxonalar, milliy
parklar barpo etila boshlandi. Yuqorida tilga olingan Yillouston milliy parkidan tashqari (9 mln.
km2) boshqa yirik qo'riqxonalar turistlardan katta daromad olmoqda.
Kanada hududi katta bo'lishiga qaramasdan uning tabiati jiddiy zarar ko'rdi. Qimmatli
bizonlar, bobrlar qirib yuborildi. Muhofaza ishlari va reaklimatizasiya natijasida bizonlar bilan
bobrlar soni tiklandi. Kanadada 28 ta qo'riqxona, jumladan umumiy maydoni 4400 ming ga bo'lgan
20000 bizon saqlanadigan dunyoda eng katta Vud-Baffalo qo'riqxonasi bor.
Shvesariyada tabiatni muhofaza qilish Milliy daromadning eng muhim manbalaridan biri
bo'lgan chet el turizmi rivojlangan bu mamlakatda tabiatni muhofaza qilish tadbirlari alohida
ahamiyatga ega.
Hozirgi vaqtda tabiatni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikning ikkita asosiy shakli
ajraladi:
1. Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan ikki
tomonlama va ko'p tomonlama shartnoma va konvensiyalar;
2. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari faoliyati.
Taniqli davlatlarning tabiatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun
davlatlararo shartnomalar va konvensiyalar keng qo'llaniladi. Hamkorlik dastlab XIX asr oxirida
hayvonot dunyosidan foydalanishni tartibga solish yo'nalishida vujudga kelgan. Ayniqsa ko'chib
yuruvchi hayvonlarni muhofaza qilishga katta e'tibor berilgan. Faqatgina baliq, kit va boshqa okean
35
hayvonlarini ovlashni tartibga solish haqida 70 dan ortiq shartnomalar, konvensiyalar mavjud.
Kitlarni ovlashni cheklashga oid birinchi halqaro konvensiya 1931 yilda tuzilib, unda Antarktida
atrofidagi suvlardan har yili 15 mingdan ortiq kit ovlamaslik ko'rsatilgan edi. Ikkinchi jahon
urushidan keyingi vaqtda tabiatni muhofaza qilishga oid 300 ga yaqin turli shartnoma va
konvensiyalar tuzilgan. Ularning orasida 1963 yili Moskvada tuzilgan suv osti va kosmik fazodagi
yadro sinovlarni ta'qiqlash haqidagi shartnoma alohida ahamiyatga ega. 1972 yili Stokgolmda
tabiatni muhofaza qilish bo'yicha o'tkazilgan BMT ning birinchi umumjahon kongressida 5 iyun
halqaro tabiatni muhofaza qilish kuni deb e'lon qilindi. 1973 yili Londonda dengizlarni neft va
boshqa zaharli kimyoviy moddalar bilan ifloslanishini oldini olish yuzasidan yangi xalqaro
konvensiya qabul qilindi. 1973 yilda nodir hayvon va o'simlik turlari bilan savdo qilishni
chegaralash to'g'risidagi xalqaro konvensiya tuzildi. 1978 yil Ashxabodda o'tgan Xalqaro Tabiatni
Muhofaza qilish Ittifoqi (XTMI) General Assambliyasida jahon tabiatni muhofaza qilish
strategiyasi qabul qilindi. 1982 yil BMT da tabiatni muhofaza qilishning umumjahon partiyasi
qabul qilindi. Bu muhim hujjatlarda tabiatni muhofaza qilishning tamoyillari va ko'p yilga
mo'ljallangan yo'nalishlari belgilab berilgan.
Atrof muhitga inson ta'sirini kuchayishi 1985 yil Venada ozon qatlamini muhofaza qilish
konvensiyasi, 1992 yil Rio-de-Janeyroda biotik xilma-xillikni saqlash, 1992 yili Nyu-Yorkda iqlim
o'zgarishi bo'yicha, 1994 yili Parijda cho'llashishga qarshi kurash bo'yicha, 2002 yil Toshkentda
organik moddalarni kam chiqarilishi, 1995-2001 yillarda Ashxabodda, Nukusda Orol dengizi
muammosi bo'yicha va boshqa konvensiyalarning tuzilishiga sabab bo'ldi.
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik turli davlat va nodavlat tashkilotlar
faoliyatida ham amalga oshirilgan. Hamkorlik maqsadlari, tuzilishi va faoliyati bilan farqli
hamkorlik xarakteriga ko'ra ikki tomonlama yoki ko'p tomonlama, regional va subregional bo'lishi
mumkin.
1966 yildan xalqaro “Qizil kitob” e'lon qilindi. Biologik resurslarni himoya qilishda uning
ahamiyati kattadir.
1928 yil YuNYESKO yordami bilan tabiatni va tabiiy resurlarni qo'riqlash tariqasida
Xalqaro Ittifoq tuzildi. Bu ittifoq dunyodagi ko'pchilik davlatlarning vakillarini – muassasa va
jamoat tashkilotlarini o'z ichiga oldi. 1974 yil 1 yanvarga kelganda bu tashkilotga 35 davlat a'zo
bo'ldi, 84 mamlakatdan 300 ga yaqin milliy tashkilot va 18 ta xalqaro tashkilot kirdi. Bu ittifoqga
mamlakatimizdan RSFSR qishloq xo'jaligi ministrligi va umumrossiya tabiatni muhofaza qilish
jamiyati kiritildi. Bu tashkilotning prezidenti D.Kyunin (Niderlandiya), uning o'rinbosarlaridan biri
taniqli sovet biologi, prof. A.D.Bannikovdir. Bu tashkilotning shtab kvartirasi Shvesariyadagi
Jeneva ko'lining go'zal sohilida joylashgan.
BMT ning 1973 yilda tuzilgan atrof muhit bo'yicha maxsus dasturi – YuNYEP xalqaro
xamkorlikni amalga oshirishda muhim rol o'ynaydi. 1948 yil tuzilgan nodavlat tashkilot Tabiatni
muhofaza qilish Xalqaro Ittifoqi yuzdan ortiq davlatlarning 300 ga yaqin milliy davlat va jamoat
tashkilotlarini birlashtirgan. Hozirgi vaqtda tabiat muhofazasi sohasida 250 dan oriq nodavlat
tashkilotlari faoliyat ko'rsatmoqda. BMT ning fan, maorif, ta'lim va san'at masalalari bilan
shug'ullanuvchi tashkiloti YuNYESKO 1968 yillar qabul qilingan 14 loyihadan iborat. “Inson va
biosfera” (MAV) dasturi xalqaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan eng yirik dasturdir. Tabiat va
jamiyat o'rtasidagi munosabatlar eng ziddiyatli bosqichga etgan hozirgi davrda tabiatni muhofaza
qilish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadga muvofiqdir. Xalqaro ittifoq
tomonidan “Yashil kitob” tuzishga kirishildi. Bu kitobga noyob va ajoyib tabiy landshaftlar
muhofazasi kiritilgan. Bu tashkilot juda xilma-xil ishlarni amalga oshirdi. Uning Assambliyalarida
YEr sharining hududlarida bo'lgan hayvon va o'simliklarni qo'riqlash bilan bog'liq bo'lgan ko'pgina
masalalar, o'rta va oliy o'quv yurtlarida tabiatni muhofaza qilish asoslarini o'qitish, qo'riqxonalar
tashkil etish, ovchilikni, baliq tutishni ta'qiqlash, o'rmon kesish va boshqalar hal qilindi. Misol:
Hindiston hukumati bilan birgalikda bu ittifoq “Yo'lbars” operasiyasini o'tkazdi, yo'lbarslarni
saqlash va sonini ko'paytirish uchun Hindistonda 9 ta yangi qo'riqxona, Neapol, Bangladesh va
Indoneziya maxsus rezervatlar tashkil etildi. Yo'lbars ovlash va terisini sotish butunlay man qilindi.
Tashkilot boshqa noyob hayvonlarni muhofaza qilishga ham katta ahamiyat bermoqda. Prjevalskiy
36
oti, kulon, antilopa va bug'ularning ba'zi turlari gepard, yaguar, qoplon, oq ayiq va boshqalar ana
shular jumlasidandir.
Tabiatni muhofaza qilish bilan shug'ullanadigan yana bir tashkilotni aytib o'tish kerak. Bu
1963 yilda asos solingan Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish jahon fondidir. Fondning asosiy
vazifalari hayvonot dunyosi va tabiiy ekosistemalarni muhofaza qilish bo'yicha aniq loyihalar
tuzish, ularni mablag' bilan ta'minlash vositalarini qidirish, tabiatni muhofaza qilish, tadbirlar ishlab
chiqaradigan boshqa ilmiy muassasalar bilan ilmiy aloqalarni amalga oshirishdan iboratdir. Fond
mazkur muammo bo'yicha yig'ish va almashish bilan shug'ullanadi. Hozirgi vaqtda bir qancha
jamoat va yoshlar tashkilotlari mavjuddir. Chunonchi, tevarak muhitni tadqiq etish va muhofaza
qilish bo'yicha yoshlar federasiyasi, fauna va floraning ayrim turlarini qo'riqlash bo'yicha xilma-xil
komitetlar tabiatni muhofaza qilish sohasida ijobiy ishlar qilmoqda.
O'zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 martda BMT ga teng huquqli a'zo bo'lishi tabiat
muhofazasi sohasidagi xalqaro hamkorlik uchun ham keng yo'l ochib berdi. 1992 yil Rio-de-
Janeyroda o'tkazilgan BMT ning 11-umumjahon tabiatni muhofaza qilish kongressida O'zbekiston
Respublikasi birinchi bor mustaqil davlat sifatida qatnashdi. Hozirgi vaqtda O'zbekistonda BMT
ning atrof muhit muassasalari bilan shug'ullanuvchi 7 komissiyasi faoliyat ko'rsatmoqda. Ayniqsa
Orol va Orol bo'yi ekologik muammolar xalqaro tashkilotning diqqat markazida bo'lib, ushbu
yo'nalishda turli tadbirlar o'tkazilmoqda. Orolbo'yi aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlash,
ularga tibbiy yordam ko'rsatish hamkorlikni asosiy manbalaridan hisoblanadi. Jahon banki,
YEvropa xavfsizlik va hamkorlik taraqqiyoti (OBSYE) va boshqalar ushbu ekologik masalani hal
qilish ishiga katta hissa qo'shdilar. O'zbekistondagi nodavlat tashkilot ekologiya va salomatlik fondi
“Ekosan” ekologik masalalarni hal qilishda xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtirish ishiga o'z
hissasini qo'shmoqda.
MDH mamlakatlari kelishuviga binoan tabiatni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik 1992
yil tuzilgan Davlatlararo Ekologik Ittifoq (DEI) orqali amalga oshirildi. Ekologiya va tabiatni
muhofaza qilish muammolarini hal qilishda O'zbekiston Respublikasi Milliy Osiyo davlatlari,
Osiyo, YEvropa, Amerika va Tinch okeani regional mamlakatlari bilan ikki tomonlama va ko'p
tomonlama hamkorlikni rivojlantirmoqda. Xalqaro hamkorlikni oshirishda ekologik ta'lim va
tarbiyaga ham alohida e'tibor beriladi. Ekologik bilimlar turli axborot vositalari orqali
ommalashtiriladi. Umumta'lim maktablari va oliy o'quv yurtlarida ta'lim va tarbiya berishni amalga
oshirish maqsadida ma'lum tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ekologiya va tabiatdan foydalanish
ixtisosligi yo'nalishida mutaxassislar tayyorlana boshlangan. Ushbu yo'nalishda O'zbekiston
Respublikasi FA muassasalarida, oliy o'quv yurtlarida keng ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Ushbu yo'nalishni yanada rivojlantirish uchun kerakli tadbirlarni amalga oshirish zarur hisoblanadi.
O'zbekiston Respublikasi 1985 yilgi Ozon qatlamini himoya qilish (Vena) konvensiyasi,
1987 yilgi Ozon qatlamini emiruvchi birikmalar bo'yicha protokol (Monreal), 1989 yilgi (Bazel)
xavfli chiqindilarni chegaralararo tashishni nazorat qilish konvensiyasi, 1992 yil (Rio-de-Janeyro)
biologik rang-baranglikni saqlash konvensiyasi, 1992 yilgi (Nyu-York) iqlim o'zgarishi to'g'risidagi
konvensiyalarga a'zo bo'ldi. Ushbu yo'nalishda faol harakatlar amalga oshirilmoqda. Ekologiya va
tabiat muhofazasi sohasidagi har qanday davlatlaaro hamkorlik ekologik vaziyatni mahalliy,
mintaqaviy va global darajada yaxshilashning asosidir.
Dostları ilə paylaş: |