Atmosferaning ifloslanishi deb, bir so’z bilan aytganda havo tarkibiga begona moddalar va qo’shimchalarni me’yoridan ortiq to’planishiga aytiladi. Havoning ifloslanishi tabiiy yoki sun’iy (antropogen) bo’lishi mumkin.
Tabiiy ifloslanish. Atmosferada doimo ma’lum miqdorda changlar bo’ladi. U tabiatda sodir bo’ladigan tabiiy hodisalar natijasida hosil bo’ladi. Bunday changlarni 3 turga: mineral (noorganik), organik va koinot changlariga ajratish mumkin. Toғ jinslarining emirilishi va nurashi, vulkanlarning otilishi, tuqay va o’rmonlarga o’t ketishi, dengiz suvlarini parlanib havoda tuzga aylanishi mineral changlar hosil bo’lishiga sabab bo’ladi. Organik changlar havoda yashovchi aeroplankton organizmlar, bakteriyalar, sporalar, o’simlik urug’lari, o’simlik va hayvonlarning chirindi va chiqindilari hisobiga hosil bo’ladi. Koinot changlari meteoritlarning atmosferadan o’tish vaqtida yongan qoldiqlaridir.
Antropogen ifloslanish asosan transport vositalarida, sanoat korxonalarida va energiya ishlab chiqaruvchi tarmoqlarda organik yonilg’ilardan foydalanish natijasida hosil bo’ladigan chiqindilar va ajratmalarning havo havzasiga tushishi oqibatida sodir bo’ladi. Atmosfera havosining ifloslanish muammosi butun insoniyatni tashvishga solmoqda. Bu muammo, ayniqsa, sanoati rivojlangan mamlakatlarda eng o’tkir muammolardan bo’lib turibdi. Atmosfera havosining ifloslanishidan insonlarga yetkazilayotgan zarar, sanoat va maishiy chiqindilarni ochiq suv havzalariga tashlashdan yetkaziladigan zarardan kam emas.
Atmosfera havosi bitmas-tugalmas resurslar kategoriyasiga kiradi. Ammo, insonlarning xo’jalik faoliyati atmosferaga ta’sir ko’rsatadi va uning tarkibini o’zgartirib yuboradi. Bunday o’zgarishlar ko’pincha shunday katta va turg’un ahamiyatga egaki, uni himoya qilish choralarini ko’rishga to’g’ri keladi.
Transport vositalari va sanoat korxonalari sonining yildan-yilga ko’payib borishi, turli yonilg’ilardan foydalanish, shuningdek, o’rmonlarning kamayishi, okean suvlarining neft mahsulotlari bilan ifloslanishi, yadro qurollarining portlatilishi natijasida atmosferadagi kislorod miqdori keskin kamayib, karbonat angidridi va azot oksidlari miqdorining o’shishi kuzatilmoqda.
Agar havo tarkibida karbonat angidridi miqdori oshib boraversa, uning ifloslanishini oldi olinmasa, yana 50 yildan so’ng, yer yuzasi harorati o’rtacha 1,5-3,0°C ga oshishi mumkin. Natijada, muzliklarning erishi, okean suvlari sathining ko’tarilishi, quruqlikning bir qismini suv bosishi, geografik muhitning o’zgarishi sodir bo’ladi.
Akademik A.P.Vinogradov va Francua Ramada ma’lumotlariga ko’ra, h.ozirga kelib atmosferadagi uglerod (II)-oksidi yildan-yilga ortib bormoqda. Bu holat yonish hisobiga yuqolgan kislorod miqdoriga mos tushadi. Yer yuzida inson paydo bo’lib olov hosil qilishni bilgandan boshlab, toki shu kunga qadar yondirilgan yonilg’ilar uchun sarf bo’lgan kislorod 273 milliard tonnani tashkil qilgan. Shundan 246 milliard tonnasi yoki 90 foizi keyingi 100 yillikka to’g’ri keladi.
Uglerodning aylanma harakatining buzilishi va atmosferada CO2 ni yig’ilishi yerdagi kimyoviy muvozanatga katta ta’sir ko’rsatadi. Atmosfera havosi asosan yonilg’i resurslaridan foydalanish ko’lamining o’sishi hisobiga ifloslanadi. Hozirgi kunga kelib yonilg’i resurslaridan foydalanish
1-rasm. Atmosferada zararli gazlar miqdorini oshib borishi bilan o’rtacha haroratning o’zgarishi o’rtasidagi bog’liqlik.
22 milliard tonna shartli yonilg’i birligiga yetdi. Buning yarmidan ko’pi rivojlangan davlatlar hissasiga to’g’ri keladi. Yonilg’ilar yondirilganda atmosferaga asosan uchuvchan qurum, oltingugurt va azot oksidlari chiqadi. Ba’zan gazlar vanadiy, ftor birikmalari, chala yongan mahsulotlarni o’zida saqlagan bo’ladi. Sanoat korxonalari va transport vositalarining jadal suratlarda rivojlanishi va katta miqdorda yonilg’ilarning yondirilishi natijasida atmosferadagi erkin kislorod zahiralari tez sur’at bilan sarf bo’lmoqda va uglerod(II)-oksidining miqdori keskin oshmoqda. Oqibatda, tabiatda uglerodning aylanma harakati buzilmoqda.