Biologizatorlik konsepsiyalari. Biologizatorlik konsepsiyalarining tarafdorlari, insonni uning tabiiy, biologik asosidan kelib chiqib tushuntirishga harakat qiladi. XVIII asr oxirida jamiyat hayotiga ayrim odamlarning o‘z mavjudligi uchun kurash maydoni sifatida qarashni taklif qilgan T.Maltus nazariyasini bunday tushuntirishga bo‘lgan birinchi jiddiy urinish, deb hisoblash mumkin. Maltus fikricha, bu kurashda kuchlilar g‘olib chiqadi, kuchsizlar esa halok bo‘lishga mahkumdir. Mazkur kurashga tabiiy omillar turtki beradi. Xususan, aholi soni geometrik progressiya bo‘yicha ko‘payib boradi, tirikchilik vositalari taklifi esa, faqat arifmetik progressiya bo‘yicha o‘sadi, bu esa muqarrar tarzda ocharchilik, epidemiyalar, urushlar va boshqa ijtimoiy tangliklarga olib keladi. Mazkur omillarga Maltus kuchlilarning yashab qolishini ta’minlovchi ijtimoiy munosabatlarning «tabiiy», muqarrar va hatto zarur tartibga solish vositalari sifatida qaraydi.
Biologizatorlik yondashuvlari XIX va XX asrlar chegarasida Darvinning tabiiy tanlanish haqidagi ta’limotini mutlaqlashtirib, nafaqat insonning kelib chiqishi, balki uning mohiyatini, pirovard natijada esa – butun ijtimoiy munosabatlar tabiatini tushuntirishga harakat qilgan sotsial-darvinistlarga ham xosdir. Hozirgi vaqtda bu yo‘nalishni odamlarga ham, hayvonlarga ham teng darajada xos bo‘lgan irsiyatga urg‘u beruvchi sotsiobiologiya davom ettirmoqda. Sotsiobiologlar fikriga ko‘ra, inson xulq-atvori ham, hayvon xulq-atvori ham irsiy omillar bilan belgilanadi va hech kim o‘z irsiyati ta’sirini – u xoh yaxshi bo‘lsin, xoh yomon – engishga qodir emas.
Dostları ilə paylaş: |