Biluvchi sub’ekt – bu muayyan individ emas, balki insonning bilish qobiliyatlari va bilim manbalarinigina o‘zida mujassamlashtiruvchi qandaydir mavxum tasavvur. Inson ongida mavjud bo‘lgan mazkur qobiliyatlar majmui unga o‘zini qurshagan dunyoni sezgilar va aqlning aprior shakllari yordamida tartibga solishga yordam beradi. Bu inson individual, shaxsiy xususiyatlarga ega emas, degan ma’noni anglatmaydi, biroq ular bilish jarayonida etakchi rol o‘ynamasligi kerak.
Aprior bu – tajribadan tashqarida. Inson tafakkurida tajribada ko‘rilgunga qadar, tajribadan qat’iy nazar paydo bo‘lgan obraz, g‘oya, tushuncha.
Sub’ekt qandaydir narsa, predmet yoki hodisaning ta’sirini sezgilar darajasida idrok etadi. Bu mushohada yuritishning aprior shakllari yordamida tartibga solinuvchi tuyg‘ular rang-barangligini yuzaga keltiradi. Biroq bu bosqichda bilim sub’ektiv bo‘lib qoladi. Shundan so‘ng idrok ishga kirishadi va mavjud bilimlarni tushunchalar shakliga soladi, ya’ni ularda qandaydir umumiy jihatlarni aniqlaydi. Shu sababli pirovard natijada idrok va aqlni birlashtirgan biluvchi sub’ektgina bilim deb hisoblash mumkin bo‘lgan birlikni yaratadi.
Binobarin, bilimning turli shakllariga muayyan tavsif berish mumkin. Masalan, matematika hissiylikning makon va vaqt kabi aprior (ya’ni tajribada ko‘rilmagan) shakllariga tayanadi. Boshqacha aytganda, biluvchi sub’ekt dunyoga makon va vaqtda mavjudlik nuqtai nazaridan qaraydi.
Ayni holda makon – tashqi sezgining aprior shakli, vaqt esa – ichki sezgining aprior shakli. Bunday apriorlik matematik haqiqatlarning, demak, fan sifatidagi matematikaning ham mavjudlik imkoniyatini belgilaydi.
Inson bilimlari, fan va madaniyat dunyosi bizning tajribamiz, tuyg‘ularimiz va aqlimiz ma’lumotlariga asoslanadi. F.Bekon va R.Dekart fan va madaniyatning yanada rivojlanish yo‘llarini tuyg‘ularimiz va mulohaza yuritish qobiliyatimizning takomillashuvi bilan bog‘laganida, to‘la haq edi. Biroq ular bizning tajribaga asoslangan bilimimiz har qancha rivojlanmasin va takomillashmasin, u hech qachon bizga faqat sezgilar, aql va tajribaga asoslanib dunyoni oxirigacha tushunish imkonini bermasligini hisobga olmagan.
Bu bilim bizga tabiatan berilgan. U bizning tajribamizdan kelib chiqmaydigan makon, vaqt, sababiyat, cheksizlik, Xudo kabi kategoriyalarda mujassamlashgan. Bu insonga oldindan berilgan tajribada olingan materialga ishlov berish asboblaridir. Insonning tajribada olingan bilimi doirasidan chetga chiquvchi bu transsendent (lotincha o‘tish, bosib o‘tish so‘zidan) kategoriyalar bilish chegarasi, imkoniyatlarini biz sezgilar yoki aql yordamida biron-bir narsani bila boshlashimizdan oldinroq belgilab qo‘yadi. Shunday qilib, bizning bilimlarimiz dunyosi ikki qismdan: tajribada olingan va tajribadan oldingi bilimdan iboratdir.