Fransiya va xalqaro munosabatlarning hozirgi tizimi. XX asr 80-yillar oxiri 90-yillar chegarasida Fransiya diplomatiyasi bir qancha muammolarga duch keldi. Jahon sotsializm sistemasining yemirilishi, SSSRda boshlangan siyosiy inqirozlar jarayoni Parijni befarq qoldirmadi. Mitteran separatizm (ajralib chiqishga urinish) va millatchilikning har qanday ko‘rinishlariga qarshi chiqdi. Shu sababli, fransuz diplomatiyasi SSSRdagi gorbachyovchilik boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatladi. Rossiya prezidenti B.Elsin ta’sirining oshib borayotganini “payqamadi”. 1992 yil B.Elsin rasmiy tashrif bilan Fransiyaga bordi. Muzokaralar chog‘ida har ikkala tomon o‘zaro ishonch ruhida munosabatlarni rivojlantirish to‘g‘risida kelishib oldilar. Biroq, Rossiyaning yangi rahbariga nisbatan Parijda sergaklik va xushyorlik kayfiyati saqlanib turdi. Bunaqa kayfiyat, ayniqsa, 1993 yili Moskvada bo‘lgan voqealar paytida yaqqol ko‘rindi.
Parij xuddi shunday siyosatni Yugoslaviyaning parchalanishi davrida ham yuritdi. Fransiya diplomatiyasi Serbiyaga nisbatan ijobiy munosabatda bo‘ldi. Hatto, qurolli to‘qnashuvlar boshlanib ketgandan keyin ham Parijda shu kayfiyat saqlanib turdi. Bosniyada urush ketayotgan vaqtda Mitteran tinchlikparvar kuchlardan belgilangan mandat qoidalaridan chiqmasdan harakat qilishni talab qildi. Hatto, urush xavfiga qaramasdan Mitteran shaxsan o‘q yomg‘irlari ostida qolgan Saraevoga bordi. Mitteran oldida xalqaro munosabatlarning yangi tizimida, ya’ni AQSh va NATOning xalqaro munosabatlardagi ta’siri o‘sib borayotgan bir paytda Fransiyaning o‘rnini aniqlab olishdek vazifa turardi. Ayniqsa, mahalliy qarama-qarshiliklar kuchayib, Bolqon va Fors qo‘ltig‘ida urushlar ketayotgan bir paytda bu muhim edi. Fors qo‘ltig‘idagi urush Yevropa davlatlari tashqi siyosatining Vashington ta’siriga tushib qolganligini ko‘rsatdi. Hatto, Fransiya ham Iroq bilan iqtisodiy va harbiy-siyosiy sohalardagi an’anaviy aloqalarga qaramay Iroqqa qarshi koalitsiyada qatnashishga majbur bo‘ldi. Keyingi yillarda Mitteran iloji boricha mustaqil tashqi siyosat yuritishga harakat qildi. AQSh bilan munosabatlarda ma’lum darajada sovuqlik paydo bo‘ldi. 1991 yili Fransiya prezidenti AQShning Yevropa ishlariga aralashishiga, xususan, sobiq sotsialistik davlatlarga yordam berish bahonasida ichki ishlariga aralashishiga namoyishkorona qarshi chiqdi. 1992 yili Fransiya va AQSh “savdo urushi” holatiga kelib qoldi. Yevropa ishlariga gegemoncha kayfiyatda aralashishiga javoban Fransiya hukumati AQShning YeIH bilan tuzadigan shartnoma va bitimlari Fransiya iqtisodiy manfaatlariga zid kelsa, unga qarshi veto berajagini ma’lum qildi.
1994 yildan boshlab, Mitteran gollistlarga tashabbusni berib qo‘ya boshladi va “tinchlik uchun hamkorlik” dasturiga qo‘shilishga hamda Sharqiy Yevropa mamlakatlari bilan aloqalarni faollashtirish alyansiga qo‘shilishga majbur bo‘ldi. O‘sha yili Parijda “Mudofaa qilishning Oq kitobi” nashrdan chiqdi. Yangilangan fransuz doktrinasi Fransiya yadro qurolining avtonomiyasini va milliy hududlar manfaatlarini himoya qilishni ko‘zda tutar edi. Fransiya hukumati Yevropa Ittifoqini shakllantirish muzokaralarida va Maastrixt bitimining imzolanishida o‘z hissasini qo‘shdi. Mitteranga mamlakat ichkarisidagi qarshiliklarni ham yengib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, 1992 yil sentyabrida umummilliy referendumda YeI shartnomasi qo‘llab-quvvatlandi va ratifikatsiya qilindi.
90-yillarning o‘rtalarida bo‘lgan hokimiyat o‘zgarishi (J.Shirakning prezident bo‘lishi) ham tashqi siyosatda biron-bir o‘zgarishga olib kelmadi. J.Shirak ham F.Mitteranning tashqi siyosiy yo‘lini tutdi. Fransiya-AQSh munosabatlari 1998 yilda yanada yomonlashdi. Parij NATOning Yugoslaviyaga qarshi operatsiyasini va Serbiya hududining bombardimon qilinishini qattiq qoraladi. Fransiya Yevropada yagona pul birligi uchun kurashdi. J.Shirak tashqi mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va shu orqali mamlakat xalq xo‘jaligini rivojlantirishni ko‘zladi. Faqat 1996 yilning o‘zida Shirak tashqi mamlakatlarga 15 ta rasmiy tashrif uyushtirdi. Natijada, bir yil ichida tuzilgan shartnomalardan 100 mlrd. frank (16 mlrd. frankni bevosita Shirakning xizmati bilan) mablag‘ mamlakat iqtisodiga kelib tushdi. Ayniqsa, 1996 yilda Shirakning Yaponiyaga rasmiy tashrifi katta aks-sado berdi. Tashrif ikki o‘rtadagi taranglashgan munosabatlarga chek qo‘ydi va 1997 yil Fransiyada Yaponiya yili, 1998 yil Yaponiyada Fransiya yili deb e’lon qilindi. Fransiya-Xitoy munosabatlarida ham muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritildi. 1996 yil XXR raisi Li Pen Parijda J.Shirak bilan muzokaralar olib bordi. 1997 yil Shirak javob tashrifi bilan Pekinga bordi. Shu vaqtdan boshlab kosmik texnologiya, sanoat ob’ektlarini qurish va aviasozlik bo‘yicha Fransiya-Xitoy hamkorligi yo‘lga qo‘yildi.
1997-1998 yillardan boshlab Fransiyaning arab davlatlari bilan aloqalari faollashdi. Fransiya prezidentining shaxsan tashabbusi bilan Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirligi va Suriya davlatlariga qurol-yarog‘ sotish bo‘yicha olib borilgan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi. Shirak Jo‘lon tepaligining Suriyaga qaytarilishini, mustaqil Falastin davlatining tuzilishini qo‘llab-quvvatladi. Natijada, Fransiyaning Isroil bilan munosabatlari yomonlashdi.
Shirak 1997 yil sentyabrida Moskvaga rasmiy tashrif bilan keldi. Rossiya prezidenti bilan shaxsiy do‘stlashuv yuzaga keldi. 1998 yili Moskva yaqinidagi Rossiya-Fransiya-Germaniya davlatlarining uch tomonlama uchrashuvi “Katta sakkizlik” sammitining Birmingem uchrashuvlari davlatlarni bir-biriga yaqinlashtirdi. Biroq, Checheniston urushi tufayli Fransiya-Rossiya munosabatlariga sovuqlik tushdi. 1999 yil noyabrida shaxsan Shirakning tashabbusi bilan YeXHTning Istambul sammitida Rossiyaga qarshi sanksiya qabul qilindi. Faqat Rossiyaning yangi prezidenti V.Putinning 2000 yil oktyabrida Parijga rasmiy tashrifi ikki o‘rtadagi munosabatlarni ma’lum darajada yaxshiladi.
2008 yil avgustida Janubiy Osetiya masalasida Rossiya bilan Gruziya o‘rtasida kelib chiqqan urush Fransiya-Rossiya munosabatlarida sovuqlikni keltirib chiqardi.
Bugungi Fransiya Yevropaning emas, balki jahonning yetakchi davlatlaridan biridir. U xalqaro munosabatlarning yangi arxitekturasini shakllanishida dunyoda bo‘layotgan geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayonlarga salmoqli ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Jumladan, Fransiya BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi, shuningdek, NATO, YeI va YeXHTlarning nufuzli a’zosi bo‘lib, ushbu tashkilotlarda o‘zining alohida siyosiy yo‘liga egaligi bilan ajralib turadi.
Fransiyaning dunyoda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, har tomonlama amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, inson huquqlari va erkinliklari borasida olib borayotgan siyosati aksariyat mamlakatlar tomonidan ma’qullanmoqda. Shu sababli, Fransiya prezidenti N.Sarkozining qo‘llab-quvvatlashiga intilayotgan davlatlar va xalqaro tashkilotlar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Fransiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar butun dunyo uchun alohida ahamiyatga ega. Ma’lumki, N.Sarkozi o‘zining o‘tmishdoshi J.Shirakning aksilamerikacha siyosatidan voz kechib, transatlantik munosabatlarni mustahkamlash tarafdori ekanini ma’lum qildi. Parij 2003 yilda AQSh tomonidan Iroqda olib borilgan harakatlarga o‘z noroziligini bildirgan bo‘lsada, hozirgi kunda xalqaro maydonda AQSh olib borayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Fransiyaning Yevropa mintaqasidagi eng yirik hamkori Germaniya bo‘lib qolmoqda. YeIni shakllantirish va rivojlantirish borasidagi ularning hamfikrligi bunga misol bo‘la oladi. Chunki YeIning yetakchi davlatlari hisoblangan Fransiya va Germaniya tomonidan YeIning birinchi prezidenti lavozimiga Belgiya bosh vaziri Xerman Van Rompey nomzodini qo‘llab-quvvatlanishi ularning aksariyat hollarda bitta nuqtai-nazarga ega ekanini ko‘rsatadi.