Davlat budjetining g’azna ijrosi - davlat budjeti va davlat maqsadli
jamg’armalarining barcha daromadlarini, shuningdek, budjet tashkilotlarining
budjetdan tashqari mablag’lar bo’yicha tushumlarini yagona g’azna
hisobraqamga jamlash va ularning barcha xarajatlarini shu hisobraqamdan
amalga oshirishni nazarda tutadi. Bu esa davlat budjeti, budjetdan tashqari
fondlar, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag’lari, davlat qarzlari
va ularga xizmat ko’rsatish jarayonlarining tezkor nazoratini va monitoringini
olib borish, davlat mablag’larining samarali ishlatilishini ta’minlash, davlat
moliyaviy resurslarining harakati to’g’risida operativ tarzda ma’lumotlarni
jamlash imkonini beradi.
Davlat budjeti g’azna ijrosining asosiy tamoyillari - kassaning yagonaligi
hamda buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etishning yagonaligidan iborat.
Davlat budjetining g’azna ijrosi qonun xujjatlarida belgilab qo’yiladigan maxsus
vakolatli moliya organi hamda uning Qorag’alpog’iston Respublikasi,
viloyatlar, tumanlar, shaharlardagi hududiy bo’linmalari tomonidan amalga
oshiriladi.
Davlat moliyasini boshqarish - davlat o’z vazifalarini samarali bajarishini
ta’minlash, moliyaviy resurslarni safarbar qilishda ma’lum samaraga erishish,
yagona tizim asosida moliyaviy resurslarni taqsimlash va ishlatish va nihoyat
iqtisodiy barqarorlashtirish va jamiyat rivoji uchun sharoit yaratish borasida
davlat tomonidan ko’riladigan tadbirlar yig’indisidir.