Mavzu: Husnixat darslariga qo‘yiladigan



Yüklə 125 Kb.
tarix01.08.2023
ölçüsü125 Kb.
#138326
Aziza Husnixat 2


Mavzu: Husnixat darslariga qo‘yiladigan talablar. Husnixatga o‘rgatishning metodik shartlari

Reja


  1. Husnixat haqida umumiy tushuncha

  2. Husnixat darslarida qo’yiladigan talablarning mazmun mohiyati

  3. Yozuvga o‘rgatishning o‘qishga o‘rgatish bilan bir paytda amalga oshirish tamoyili.

  4. O’qituvchining namunaviy yozuvi

  5. Orfografik - to’g’ri, aniq va tushunarli qilib yozishni talab etish

  6. Adabiyotlar

Husnixat darslarida o‘quvchilar yozuviga quyidagi talablar qo‘yiladi:
Husnixatning gigiyenik talablariga rioya qilishlari, harflarni grafik jihatdan to‘g‘ri shakllantirishlari, ulashlari, ritm asosida yozishlari nazarda tutiladi. 1-sinfda xat-savod o‘rgatish davrida bolalar yozuvga bevosita yozuv daftarlaridagi materiallar asosida o‘rgatiladi.
Grafik me’yorlarga amal qilish.
Bunda harflar elementining qiyaligiga, harflar bo‘yining tengligiga, harflar va so‘zlar orasidagi oraliq masofalarning teng bo‘lishiga e’tibor berilishi kerak.
Harflar qiyaligini to‘g‘ri saqlash. Bolalarning yozuvlari har xil qiyalikda bolishi mumkin. Agar harflarning asosiy elementlari daftar chizig‘iga nisbatan tik holatda bo‘lsa, yozuv holati ham tik bo‘ladi. Harf elementlari o‘ng tomonga qiya bolib, o‘tmas burchak hosil qilishi ham mumkin. Biz o‘quvchilarni o‘ng tomonga qiya qilib (65°) yozishga odatlantirishimiz lozim.
O‘ng qol bilan yozadigan kishilar uchun yozuvning qiyaligi o‘ng tomonga moslashtirilishi faqat harflarning shaklini chiroyli qilish uchun emas, yozuvning qulayligi uchun ham mos keladi. Yozuvning qiyaligini to‘g‘ri saqlash, qo‘l va barmoqlarni ortiqcha zo‘riqtirmaydi.
Yozuvning o‘ng tomonga qiyaligini saqlash tirsaklami bir tomonga erkin yuritish uchun qulay bo‘lib, parta ustidagi daftarning turish holatiga bogliqdir.
Yozayotganda daftarning holati bir tomonga qiya bo‘lishi o‘z-o‘zidan yozuvning qiyaligini ta’minlaydi.
Yozuvning qiyaligini saqlashda daftardagi siyrak qiya chiziqlar ham katta yordam beradi. Bunday mashq qilishda daftarning holati o‘zgarsa ham, yozuvning qiyaligi o‘zgarmasligi mumkin, shuning uchun qiya chiziqli daftarlardan faqat dastlabki paytlarda foydalaniladi.
Qiya yozishga o‘rgatishning o‘ziga xos usullari mavjud. O‘quvchilarga dastlab eng sodda shakldagi kichik tayoqchalaming yozdirib mashq qildirish vaqtidayoq tik va qiya tayoqchalaming farqini o‘rgatish zarur.
Вuning uchun o‘qituvchi doskada ikki xil shaklda (qiya va tik) tayoqchalar shaklini yonma-yon yozib ko‘rsatadi, ulaming farqlarini tahlil qilib beradi. Bunday mashqlar xotirada uzoq vaqt saqlanib, xatolarning oldi olinadi.
Shuningdek, yozuv qiyaligining to‘g‘ri bo‘lishi uchun daftarning qiya holatini ham hisobga olish lozim ekanligi tushuntiriladi va ko‘rsatiladi. Daftarning parta ustida noto‘g‘ri turishi gigiyenik qoidalarning buzilishiga ham sabab boladi, chunki o‘quvchi yozuvning qiyaligini saqlash uchun gavdasini daftarning noto‘gri holatga moslaydi.
Daftarni partada yozish talablari asosida tutish.
Daftarning pastki chap burchagi ko‘krak o‘rtasida to‘g‘ri bo‘lishi yoki daftarning qiya chizig‘i (agar qiya chiziqli daftar bo‘lsa) partaning chetiga tik bo‘lishi kerak.
Daftar beti satrlarga to‘lib borgan sari yuqoriga surilib boradi. Chap qo‘l bilan esa daftarning yuqori tomoni bosib turiladi. Buning uchun sinf partasining ustiga ikki o‘quvchining har biri uchun alohida ingichka qiya chiziq tekshiruv chizigi sifatida chizib qo‘yiladi. Bu chiziqning pastki uchi o‘quvchilaming chap ko‘kraklari o‘rtasiga to‘g‘ri bo‘lib, partaning old qirrasiga nisbatan 65° qiya boladi.
Agar daftarning chap beti tolsa, daftaring buklanadigan joyi tekshiruv chiziqqa to‘g‘irlab olinadi va o‘ng betiga yozishga o‘tiladi.
O‘quvchilarda harflarni qiya yozishga o‘rgatish malakasini oshirish ancha murakkab jarayon bo‘lib, o‘qituvchidan chidam, sabr-toqat, kuch talab qiladi. Muntazam ravishda turli mashqlar olib borish, o‘quvchilar harakatini qunt bilan kuzatib borish natijasida ko‘zlangan maqsadga erishiladi.
O‘qituvchi tomonidan berilgan ko‘rsatmalarga qaramay, ayrim o‘quvchilar harflar qiyaligini to‘g‘ri belgilay olmaydi, kamchiliklarga yo‘l qo‘yadi. Buning uchun kamchiliklarni tuzatish maqsadida grafik mashqlar berilishi kerak. O‘quvchilarga dastavval daftar satriga bir nechta harf yozdirib, ular orasiga qiya chiziqlar qo‘yiladi va harflar shu chiziqlarga taqqoslash orqali xatolarni tushuntiriladi, tuzatishga kirishiladi.
Harflarni bir tekis bosimsiz yozish. Harflarni bir tekisda yozish ham chiroyli yozuv malakalarini shakllanishida asosiy o‘rin tutadi.
Ruchkani barmoqlar orasida qattiq siqmasdan erkin va bo‘sh ushlash harflarni tekis yozishga imkon yaratadi.
Bosimsiz yozish harflarning umumiy ko‘rinishi bir tekis va chiroyli bolishi, tez yozish malakasining shakllanishi va bog`lab yozishni to‘g‘ri amalga oshirishda yengillik tug‘diradi.
O‘qituvchi xattaxtada harflarni bo‘r bilan yozib ko‘rsatadi. Bunda o‘qituvchi ham bo‘mi qattiq ushlamay, bosimsiz bir tekis yozishi lozim.
O‘quvchilarga bosim bilan yozilgan matnlarni ko‘chirtirmaslik kerak.
Bosimsiz, bir tekis yozishga darsning dastlabki kunlaridanoq odatlantirib borish kutilgan samara beradi, o‘quvchining qolini toliqtirmaydi.
Harflarning tutashtirilishini to‘g‘ri ifodalash. Husnixat darslarida harflarning shakllarini yozib tugatganlaridan keyin o‘qituvchining navbatdagi vazifasi harflarni bir-biriga ulab, qo‘shib yozishga o‘rgatishdan iborat.
Qo‘l uzmasdan yozish. Qo‘l uzmasdan yozish yozuv malakalarini tez egallashga zamin yaratadi. Yozuv malakalari juda erta egallanadi, ya’ni avvaldan tez yozishga yordam beradigan harakatlarni egallash muhim sanaladi, chunki keyinchalik qayta o‘rganish talab etiladi.
O‘quvchilar harflarni yoza boshlaganlarida o‘qituvchi ularga harflami yozish jarayonida ruchkaning uchini qog‘ozdan uzmagan holda yozishlarini eslatib turishi lozim. So‘zlarni yozayotgan o‘quvchilar bo‘g‘inlarni qo‘l uzmagan holda yozadilar.
Oval shakldagi harflarni qo‘l uzmasdan tutashtirishda bir necha birlashtirish usullaridan foydalaniladi. Avval yozilgan chiziq bo‘yicha takror qo‘l uzmasdan yozish barcha oval va bir turdagi yarim ovallarni birlashtirish imkonini beradi. Bu uning yutug‘i, ammo bunday usul ma’lum bir kamchilikka ega. Avval yozilgan chiziqdan takror yozish ko‘p biriktiruvda yozuv jarayonida qo‘l harakatining yo‘nalishi bilan mos tushmaydi, u tabiiy holda o‘ngdan chapga tomon harakatlanadi. U faqatgina pastki birikuvlaming harakat yo‘nalishi bilan mos tushadi, bunday takrorlanish chapdan o‘ngga tomon amalga oshiriladi.
Shuning uchun qo‘l uzmasdan yozishning turli usullaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek qo‘l uzmasdan biriktirishning tabiiy usullaridan foydalanish ko‘proq talab etiladi.
Katta odamning yozuvida odatda turli harf birikmalarining aniq bir harf va harflarning so‘z boshida va so‘z oxirida yozilishiga ko‘ra turli bog‘lanuv usullarini ko‘rishimiz mumkin. Shu bilan birga katta odamning yozuvida biriktiruvning tejamkorlik usuli ko‘zga tashlanadi.
Harf va harf birikmalarini yozishga o‘rgatishda yuqoridagi holat ham e’tiborga olingan. Shu bilan birga qo‘l uzmasdan biriktiruv yo‘llarini keyinchalik yanada takomillashtirish talab e’tiladi.
Oval shaklini qo‘l uzmasdan yozish uchun chizilgan yozuvning ustidan takroran yoziladi, bunda ruchkaning uchi takroran harakat yo‘nalishinini chapdan o‘ngga takrorlaydi.
Shunday usul bilan oldindagi harflar bilan barcha oval harflar biriktiriladi. Faqatgina о harfi navbatdagi harf bilan yuqoridan bog‘lansa bundan mustasno bo‘ladi.
Shu yo‘l bilan о harfi navbatdagi harf bilan pastki qatorda navbatdagi harf bilan bog‘langanda kuzatiladi.
Bu usul о harfidan oldin kelayotgan harf bilan bog‘lanishda, qachonki о harfidan keyin boshqa о harfi bilan yuqoridan ulanadigan harf kelayotganda foydalanish mumkin. Masalan, nog`ora so‘zida n harfi о harfi bilan qo‘l uzilmagan holda bog‘lanadi, bu vaqtning o‘zida n va о harflari ham shu usul bilan bog‘lanadi. n no _ nog‘ora _______________________________
O‘quvchilar harflarni qanday bog‘lanishini va ulami qo‘l uzmasdan yozish yo‘llarini tushuntirib bera olishlari lozim.
Tushuntirishni quyidagicha olib borish mumkin.
O‘qituvchi xattaxtaga ma bo‘g`inini yozadi.
Bolalar, qaranglar, men та bo‘g‘inini yozyapman. Men uni qanday yozyapman?

  • Sizlar ham shunday ruchkani uzmasdan yozing.

  • M harfi a harfi bilan qo‘l uzmasdan bog‘lanish uchun nima qilish kerak?

  • M harfini yozganimizda ruchkani pastdan o‘ngga tomon, so‘ng oval shaklini yopib, shu chiziqdan yuqori chapdan to‘g‘ri chiziq chizib pastki qismini yarim doira shaklida to‘xtatamiz.

_ m mo ma _______________________________ - Bu bo‘g`inni qanday yozganimni kim ko‘rsatadi?
Bir o‘quvchi yozilgan bo‘g`inni xatcho‘p bilan yurgizib chiqadi, qolgan o‘quvchilar uni diqqat bilan kuzatib turadilar. Agar o‘quvchi xato qilsa, o‘qituvchi sinfdan so‘raydi va boshqa o‘quvchini uning xatosini to‘g‘rilashga chiqaradi.
So‘ng hamma o‘quvchilar bu bo‘g‘inni qanday yozilishini ko‘rsatib beradilar. Ular ruchkani o‘ng qo‘llariga olib, o‘ng qo‘l tirsaklarini chap qo‘llariga qo‘yadilar (o‘qituvchi bu qanday qo‘yilishini ko‘rsatib beradi) va bo‘g‘inni havoda o‘qituvchi xattaxtada qanday yozganini yozib ko‘rsatadilar.
O‘quvchilar xattaxtaga yozilgan bo‘g`inga qarab havoda ustidan chizib chiqadilar. Yoki o‘qituvchining bo‘g‘inni yozayotganida uning harakati bilan birgalikda havoda berilgan bo‘g‘inning ustidan chizib chiqadilar.
Faqat shundan keyingina o‘quvchilar bu bo‘g‘inni daftarlariga yoza boshlaydilar. Agar o‘quvchi yozib bo‘lgan bo‘lsa, u ruchkani joyiga qo‘yib, yozilgan bo‘g‘inni to‘g‘ri yozilganiga ishonch hosil qilishi kerak. O‘qituvchi: “Kim ma bo‘g‘inini qo‘l uzmasdan yozdi? Qo‘lingizni ko‘taring”.
O‘qituvchi sinf bo‘ylab yuradi va ayrimlarga uning xatosini ko‘rsatib o‘tadi. O‘quvchilar yana bir bor bu bo‘g‘inni yozadilar va ruchkaning uchini qog‘ozdan uzmasdan yozishni kuzatib boradilar. Bo‘g‘inni qo‘l uzmasdan yoza olmayotgan o‘quvchilar qo‘llarini ko‘taradilar.
O‘qituvchi yoza olmagan o‘quvchining oldiga boradi va qanday yozish kerakligini o‘quvchining daftariga yoki hamma sinf uchun xattaxtaga yana bir bor yozib ko‘rsatadi. So‘ng та bo‘g`inini qator oxirigacha yozib chiqiladi. Xuddi shunday tushuntirish ishlari boshqa bo‘g‘in va so‘zlarni yozishda ham olib boriladi.
Avval so‘zlar bo‘g`inlab, qo‘l uzmasdan yoziladi, chunki bu vaqtda o‘qishda ham bo‘g‘inlab o‘qiladi. O‘quvchilar birinchi bo‘g‘inga kiruvchi harflami eslab qolishi, so‘ng qo‘l uzmasdan yozishi kerak. Keyingi ikkinchi bo‘g‘in ham qo‘l uzmasdan yoziladi. O‘qituvchi esa barcha qo‘l uzmasdan yoziladigan bog‘lanishli so‘zlarni qo‘l uzmasdan yozib ko‘rsatadi.
O‘qituvchi hamma o‘quvchilarning yozayotganliklarini kuzatib boradi. Buning uchun u sinfni aylanadi va o‘quvchilaming yozish jarayonidagi ruchkaning harakatini kuzatib boradi. Daftarlarni tekshirayotgan o‘qituvchi o‘quvchining qo‘l uzmasdan yoki uzib yozganligini darrov ilg‘ab oladi. Buni chizilgan chiziqning xarakteridan bilish mumkin. A harfi pastki tomondan birozgina yo‘g‘onlashadi. Daftarlarni tekshirayotganda o‘qituvchi o‘quvchining qo‘l uzmasdan bo‘g‘lanish usulidan to‘g`ri yoki noto‘g`ri foydalanayotganini ko‘rishi mumkin.
O‘qituvchi o‘quvchilarning qo‘l uzib yoki uzmasdan yozayotganliklarini daftarga bir qarashdan bilishini ko‘rsatib qo‘yishi kerak.
Bir harfning qo‘l uzmasdan bo‘g‘lanishning turli usullari darsda bir necha marotaba takrorlanadi.
Yilning ikkinchi yarmida bolalarga tanish bo‘lgan uncha katta bo‘lmagan 4-5 harfdan iborat bo‘lgan so‘zlar qo‘l uzmasdan butunligicha yozdiriladi. Ikkinchi sinfda o‘quvchilar barcha so‘zlarni qo‘l uzmasdan yozadilar. Ayrim harflargina qo‘l uzib yoziladi. Bular b keyingi harf bilan uzib yoziladi, k harfiga pastki element uzib yoziladi, x harfi bilan yarim ovallilar uzib yoziladi. X va A_harflarini o‘quvchilarga qo‘l uzmasdan yozishga ham o‘rgatish mumkin, lekin qo‘l uzmasdan yozishda uchraydigan qiyinchiliklar tufayli ulardan qattiq talab qilish shart emas.
Bosh harflarni yozayotganda ham uzib yozish kuzatiladi. Barcha bo‘g‘lanishlar o‘quvchilaming maxsus tayyorgaliklarini talab etadi. Shunday tarzda о harfi turli harf birikmalari bilan qo‘l uzmasdan bog‘lab yozishni talab etadi. O‘qituvchi xattaxtaga ikkita so‘z yozadi. O‘qituvchi o‘quvchilarga murojaat qiladi: bobo,



  • Aytingchi о harfini bu so‘zlarda qo‘l uzmasdan bog‘lab yozishning necha usulidan foydalanilgan?

  • Uch usulidan.

  • Qanday usulligini ko‘rsatib va aytib ber.

O‘quvchi xattaxtaning yoniga keladi va о harfini ajratib aytib beradi.
Bola, Barno so‘zlarida uchta о harfi bor. Birinchi о harfi b harfi bilan pastki bog‘lanishni talab etadi. Bu harflarni quyidagicha bog‘laymiz. O‘quvchi ulanishlarni o‘zi ko‘rsatib izohlaydi. O harfini qo‘l uzmasdan yozganimizda pastki tomondan о harfini yozamiz va ruchkaning uchini yuqoriga olib borib ovalni yopamiz va takroran yozgan chizig‘imizdan qaytib о harfini harfi bilan tutashtiramiz. Bu so‘zdagi navbatdagi оharfini harfi bilan yuqoridan bog‘lanishni talab etadi. O harfini yozganimizda ruchkaning uchini yuqoriga ovalga yurgizamiz, bir necha marta aylantiramiz va yozilgan joydan ovalni
chapdan ongga tomon harakatlanib ovalni yopamiz va оharfini va harflari bilan tutashtiramiz. Bu so‘zdagi oxirgi о harfi ham pastki qismdan bog‘lanayotganda qanday yozilsa, shunday bo‘g‘lanadi.
Shundan keyin o‘qituvchi o‘quvchilarni о bo‘g`inini uch turda bog‘lanishini yozib olishlarini taklif etadi. So‘ng o‘quvchilar shu bo‘g‘inlarga mos turli so‘zlarni yozadilar.
Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, harflarni elementlarga ajratmay, bog‘lab yozish, harflarni qo‘shib yozilishini ta’minlash uchun ayrim chiziqlar o‘z harakati bo‘yicha orqaga qaytadi. Bunday harakatlar chiziq doira shaklidagi harflarda ko‘proq kuzatiladi.
Ko‘pchilik bosh harflar kichik harflar bilan qo‘l harakatini uzmay, ulab yoziladi.
Kichik d harfiga kichik a harfini ulab yozish quyidagi tartibda tushuntiriladi:
Bolalar, qarang, men kichik d harfini kichik a harfiga qo‘shib yozishni ko‘rsataman. Siz mening qol harakatimga e’tibor bering;
Kichik d harfining ikkinchi elementini yuqoriga olib chiqib, salgina pastga burib, yana orqaga qaytaramiz va kichik a harfini hosil qilamiz;
Qani, bolalar, kim ko‘rsatadi, bu ikkala harfni men qanday qilib qo‘shib yozdim?.
Bir o‘quvchi doskaga chiqadi, o‘qituvchi yozgan harflar ustidan qolini yurgizadi, qolgan o‘quvchilar diqqat bilan kuzatadilar. Agar o‘quvchi yanglishsa, boshqa o‘quvchi chaqirilib xato tuzatiladi.
• Qani, bolalar, bu harflarning qo‘shilish holatini havoda mashq qilamiz. Hammangiz ruchkangizni oling. Boshladik (o‘qituvchining o‘zi bilan birga qaytariladi).
Shundan so‘ng bolalar bu harflar bog‘lanishini daftarlariga ko‘chirib yozadilar, yozganlarida qo‘l harakatini uzmayotganliklariga e’tibor qaratiladi.
Ikkala harf qo‘shib yozilib, bir necha qator yozdiriladi. O‘qituvchi bu vaqtda sinfni aylanib chiqib, noto‘g‘ri yozayotgan o‘quvchilargayordam beradi.
1-sinfda o‘quv yilining II yarimdan boshlab o‘quvchilar 4-5 harfdan tashkil topgan so‘zlarni qo‘l harakatini uzmasdan yoza oladilar. 2-sinfdan boshlab murakkab so‘zlarni ham bog‘lab yozishlari lozim.
Ammo ayrim bosh harflar esa qo‘l harakatini uzib yozishni talab etadi. Masalan: G bosh harfiga kichik a harfini ulashda qo‘l harakatini uzish talab etiladi. Bunday holda bog‘lanish yozib korsatiladi. Masalan, o‘qituvchi Vaqt, Toshkent, Nodir so‘zlarini yozib ko‘rsatishi lozim. Rasm
-Qani, bolalar, bu so‘zlarni yozishda qo‘l harakatini qayerda uzdim?
-Siz katta V harfidan keyin kichik a harfini yozishda qo‘l harakatini uzdingiz?
-Siz, katta G harfidan keyin о harfini yozishda qo‘l harakatini uzdingiz?
-To‘g‘ri. Agar so‘zlarda bosh harflardan keyin ulash chiziqlari bo‘lsa, qo‘l harakati uzilmasdan keyingi harflarga ulanadi. Lekin bosh harflarga ulanadi. Lekin bosh harflarda ulash chiziqlari bo‘lmasa qo‘l harakati uziladi va ulash chizig‘i qo‘shilib keyingi harflarga ulanadi. Shu tartibda qol harakatini uzmasdan harflarni bog`lab yozish qiyalikni bir xilda saqlashga ham yordam beradi.
Bog‘lashlarni to‘g‘ri ifodalash qoidalari har bir sinflarda eslatib turiladi, shundagina bolada tez yozish malakasi o‘sadi.
Husnixatga o‘rgatishning yuqoridagi qoidalari to‘g‘ri o‘rgatib borilsa, o‘quvchilarni xatosiz, chiroyli, ravon yozishini amalga oshirish mumkin. Shu nuqtai nazardan husnixat darslarini to‘g‘ri tashkil qilishga alohida e'tabor beriladi.
O‘qituvchi yozilishini o‘rgatmoqchi bo‘lgan harf ishtirok etgan sozlarni oldin tanlab olishi lozim. Harflarning elementlarini tasavvur qila olishlari uchun uni tarkibiy jihatdan tahlil qildirish kerak.
l-sinfning 2-yarim yilligida o‘qituvchi husnixatga o‘rgatish darslariga alohida soat ajratsa ham, ona tili darslariga qo‘shib olib borsa ham, o‘z ishlarini rejalashtirib olishlari zarur.
Savod o‘rgatishdan keyin yozuv sharti ham o‘zgaradi. O‘quvchilar daftarlarida harf namunalarining yo‘qligi sababli ular qo‘shimcha bir qancha chiroyli yozuv bosqichlarini bosib o‘tadi. Jumladan, bosma harflarni yozma harflarga aylantirish, ulanishini aniqlash va so‘zlarni qatorlarga to‘g‘ri joylashtirish kabilarni mustaqil amalda oshirishlari kerak. Bundan tashqari, mashq shartlarini ham bajarishlari darkor. Shuning uchun o‘qituvchi husnixat darslarining tuzilishini belgilab olishi va yozuv materiallarini tanlashga alohida e'tibor berish zarur. Darsda yordamga muhtoj holatlarni hisobga olishi lozim.
O‘quvchilarni chiroyli yozuv qoidalari bilan tanishtirmasdan turib, chiroyli yozuvga o‘rgatib bo‘lmaydi. Dars uch bosqichda olib boriladi.

  1. bosqichi. Bunda talabalarning mavzu bo‘yicha bor bilimlari aniqlanadi va bo‘shliq to‘ldiriladi. Bu ish savollar asosida amalgam oshiriladi.

  1. Anglash bosqichi. Ushbu ma’ruza matnini o‘zlashtirishda “zig-zag” metodidan foydalaniladi. Unga ko‘ra ma’riza matni kichik guruhdagi talabalarga tarqatiladi. Har bir guruh mavzuning muayyan qismi beriladi va uni o‘rganish vazifasi topshiriladi. Ular matn bilan tanishib, o‘rganilgan matnga oid asosiy ma’lumotlarni guruhdoshlariga so‘zlab beradilar. Barcha guruh o‘zlariga berilgan matnni puxta o‘zlashtirganlaridan so‘ng matnlar guruhlararo almashtiriladi. Shu taxlitda mavzu mohiyatini yorituvchi yaxlit matn talabalar tomonidan o‘zlashtiriladi.

Husnixatga o‘rgatish tamoyillari quyidagilardir:

    1. Onglilik tamoyili.

    2. Genetik tamoyil.

    3. Takrorlash tamoyili.

    4. Ko‘rgazmalilik tamoyili.

    5. Bolaning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olish tamoyili.

    6. Yozuvga o‘rgatishning o‘qishga o‘rgatish bilan bir paytda amalga oshirish tamoyili.

    7. Chiroyli yozuvning imlo bilan bogliqligi tamoyili.

    8. Savodli yozuvning grafik bilimlar bilan bog‘liqlik tamoyili.

    1. Onglilik tamoyili. Chiroyli yozuvga o‘rgatishda, o‘quvchilarning husnixat malakalarini takomillashtirib borishda bu tamoyilga qat’iy rioya qilish muhimdir. Bu tamoyilga ko‘ra o‘quvchi harf shaklini qanday va qay tartibda yozishni bilishi, harfning qiyaligi, bo‘yi va enini to‘g‘ri mo‘ljallay olish lozim. harflarni harflarga ulashda qol uzmaslikka erishish nazarda tutiladi. Ruchka ushlashda ruchka uchi bilan barmoq oraligldagi masofa 1,5-2 sm bo‘lishi e’tiborda tutiladi. Shuningdek, partada o‘tirish qoidalariga (ko‘z va daftar oralig‘ining 30 sm, daftarning parta ustida ma’lum qiyalikda bo‘lishiga, partada engashmasdan, boshni to‘g‘ri tutib, tirsaklarni partaga engil qo‘yish, oyoqlarni parta ostiga to‘g‘ri qo‘yish, ko‘krak bilan parta oralig‘i masofasining bir kaft sig‘adigan masofada bo‘lishi) amal qilishga ongli ravishda erishiladi.

    2. Genetik tamoyil. Chiroyli yozuv malakalarining shakllanishida genetik tamoyil katta o‘rin tutadi. O‘quvchi bu tamoyilga asosan avval shakli oson, sodda harflarni yozdirishga o‘rgatiladi. Ma’lumki, ba’zi bir harflar sodda ko‘rinishga ega bo‘lib, ularni yozishda qiyinchilik tug‘ilmaydi. Shuning uchun chiroyli yozuvga o‘rgatishda, dastavval bosh va kichik harflar guruhlab olinadi, hamda shu guruhlash asosida shakli oson harflardan asta-sekin shakli murakkab, yozish birmuncha murakkabroq harflarga o‘tiladi. Masalan, kichik harflarning 1-guruhiga i, n, m, r kabilar kiradi. Bu harflar ilmoq shakllaridan iborat bo‘lganligi sababli yozishda qiyinchilik bo‘lmaydi. Shuningdek, genetik tamoyil asosida harf, bo‘g‘in, so‘z, gap, matn tartibida osondan murakkabga qarab yozuv mashqlari o‘tkaziladi.
      Takrorlash tamoyili. Chiroyli yozuv mashqlarini esdan chiqmaslik uchun sistemali ravishda takrorlash juda muhimdir. Takrorlash tamoyili yozish jarayonini avtomatlashtirish asosidir. Chiroyli yozuvda gigienik qoidalarga amal qilish eslatib turilishi yaxshi natija beradi. Yozuv qiyaligiga amal qilish, harflarni qo‘1 uzmay yozish, harflar, so‘zlar orasidagi masofani to‘g‘ri chamalash va yozishga oid qoidalarga amal qilishni takrorlash, yozuvni tahlil qilish, ularni taqqoslash kabi ishlar takrorlash tamoyili asosida olib boriladi.
      Xatolarni tuzatish tarzida olib borilishi, uning samarasiz mashqqa aylanib qolmasligiga amal qilinadi.

Ko‘rgazmalilik tamoyili. Chiroyli yozuvga orgatishda ko‘rgazmali vositalar ham katta ahamiyat kasb etadi. Ko‘rgazmali vositalarga «To‘g‘ri o‘tir!» plakati, bosma harf shakllari ifodalangan kartonlar, xattaxta, o‘quvchilar qo‘lidan ushlab yozdirish kabilar kiradi. Harfning yozma shaklini hosil qilishga o‘rgatishda uning bosma shakli ko‘rsatilib farqli jihatlari izohlanadi.Yaxshi tanlangan va mohirlik bilan foydalanilgan ko‘rgazmali qurollar dars sifati va samaradorligini oshiradi.Bolaning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olish tamoyili. O‘quvchining individual xususiyatlarini hisobga olish uning bo‘yini hisobga olgan holda oldingi partalarga o‘tkazishdan boshlanadi. Parta o‘quvchiga mos bo‘lsa, u yozishda qiynalmaydi, tez charchab qolmaydi, chiroyli yozadi.
O‘quvchining individual xususiyatini hisobga olganda. Ko‘rish qobiliyati yaxshi bo‘lmagan o‘quvchilarni yorug‘ tushadigan deraza tmonga, eshitish a’zolarida nuqsonlar bo‘lgan bolani esa oldingi partalarga o‘tkazish ham nazarda tutiladi.
Malumki, ruchkani barmoqlar orasida noto‘g‘ri ushlaydigan o‘quvchilar ham uchraydi, shu sababli bolaning ruchka ushlashiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Daftarga harflarni 65° gradus qiyalikda yozish asosiy rol o‘ynaydi. Buning uchun daftar - parta ustida to‘g‘ri turishi lozim. shuning uchun o‘qituvchi har bir o‘quvchining daftarlarini kuzatib borishi darkor. Bu qoidaga amal qilish ham yozuv sifatini oshiradi.
O‘quvchilarning yozuv tezliklarini kuzatish, kamchiliklarini hisobga olish, yutuqlarini ko‘pchilikka namuna qilib ko‘rsatish ham bu tamoyilning asosiy shartlaridan sanaladi.
Yozuvga o‘rgatishning o‘qishga o‘rgatish bilan bir paytda amalga oshirish tamoyili. Dastur talablari yozuvga o‘rgatishni o‘qishga o‘rgatish bilan bir paytda amalga oshirishni nazarda tutadi. Savod o‘rgatishning dastlabki bosqichida o‘qish va yozuv bog‘lab olib boriladi. Bu usul K.D.Ushinskiy tomondan qo‘llangan bolib, hozirga davr foydalanib kelinmoqda. O‘quvchi yaxshi o‘qish sifatlari (to‘g‘ri, ongli, tez va ifodali o‘qish)ni egallash bilan bir paytda yozuvga ham o‘rgatilib boriladi. Negaki yozish va o‘qish bolaning nutqiy rivojlanishi (lug‘at boyligi, gap tuzish ko‘nikmasi, nutqning mantiqiy boglanishi)ni ta’minlaydi. Yomon o‘qigan bola yozuvni egallashi qiyin bo‘ladi, chunki bo‘g‘inlab o‘qish malakasidan so‘ng, bo‘g‘inlab yozish malakasi shakllanadi.
Savodli yozuvning grafik bilimlar bilan bog‘liqligi tamoyili. Chiroyli yozuv imlo bilan chambarchas bogliq. O‘quvchining imloviy savodxonligi haqida g‘amxo‘rlik qilish tilning aniqligi, fikrni to‘g‘ri ifodalash, kishilar bilan o‘zaro xatosiz muomala uchun g‘amxo‘rlik demakdir. Shu sababli ham savod o‘rgatish davrida bolalarda grafik malakalarni shakllantirish bilan birga imloga oid malakalarning shakllanishiga zamin yaratiladi.
Ma’lumki, savod o‘rgatish davrida o‘quvchi gapni bosh harf bilan yozish, so‘zning satrga sig‘may qolgan qismini keyingi qatorga ko‘chirish, kishilar ismi, sharifi, hayvonlarga qo‘yilgan nomlarda bosh harf ishlatilishini amaliy tarzda o‘rganadi.
Chiroyli yozuv darslarida so‘zlar, gaplar, matnlar yozish, ularning imlosini tekshirishi orfografik ziyraklikni asta-sekin shakllantira boradi, imlo qoidalarini puxta egallashlariga zamin yaratadi.
Insonning yozma nutqi harflar orqali shakllanadi. Husnixat darslarida savodli yozuv grafik malakalar bilan shakllantirilishi asosiy vazifa hisoblanadi. Har bir harfning aniq yozilishi yozuvning aniq va ravon bo‘lishini ta’minlaydi. Buhing uchun harflarning shaklini to‘g‘ri yozish, ularni to‘g‘ri ulashning ahamiyati kattadir. Harflarni bosmasdan bir tekisda yozish, elementlarni ajratmasdan bog‘lash, so‘zlarni qatorda to‘gri joylashtirish, yozuv vaqtining belgilab olinishi, tahlil ishlarining (bo‘g‘in-tovush, tovush-harf, imloviy tahlil), ya’ni fonetik-grafik tahlilning amalga oshirilishi muhim sanaladi.
Yozish malakasini egallab borishga o‘rgatish maqsadida avvaliga sodda elementlardan tashkil, etilgan so‘zlarni, keyin esa murakkabroq so‘zlarni yozishga o‘tiladi.
O’qituvchining namunaviy yozuvi – bolalarda to’g’ri yozuvni shakllantirishning asosiy omili hisoblanadi. Yozishga o’rgatish ko’pincha taqlid qilish orqali amalgam oshadi. O’qituvchining birinchi o’quv yilida sinf taxtasi yoki o’quvchi daftariga yozganlari asl nusxa sifatida ko’riladi, chunki o’quvchilar undan o’z daftariga ko’chirib oladilar. Shuning uchun o’qituvchining husnixati to’g’ri va chiroyli bo’lishi lozim. Sinf taxtasiga yozilgan yozuvi esa o’quvchining daftaridagi harflarning joylashishiga mos xolda bo’lishi kerak. Amaliyotning ko’satishicha, agar o’qituvchi qatorning oxirigacha yozmasa (to’ldirmasa), bolalar ha undan namuna olib qatorning oxirigacha yozishmaydi, qog’ozni bekorga sarf etishadi va so’zlarni keyingi qatorga to’g’ri ko’chirish yo’llani o’rgana olmaydilar, shubhali hollarda qator oxirigacha ko’chirmaydigan bo’lishadi.
O’qituvchi o’z yozuvini yanada chiroyli va mukammal bo’lishi uchun uzluksiz shug’ullanib borishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yishi shart.
Shunday fikrlar bor, agar muntazam yozib borilsa, yozuv yaxshilanib boradi.Lekin buning aksi ham bo’lishi mumkin:inson qanchalik ko’p yozsa, uning yozuvi shunchalik tushunarsiz bo’lib borar ekan.
O’qituvchi to’g’ri husnixatda yozishni o’rganib olishi lozim.O’qituvchi faqat nazariy jihatdangina emas,balki har bir harf uchun yo’lga qo’yilgan amaliy proporsional bog’liqlikni ham bilishi darkor.
Shu bilan bir vaqtda lozim bo’lgan mashqlar orqali qo’lning kaftiniva barmoqlar harakatini yengillatish va rivojlantirish kerak bo’ladi.
O’qituvchi sinf taxtasida yozish usullarini ham egallab olishi lozim.Sinf taxtasidayozish jarayonida xatolarga yo’l qo’ymasligi kerak..Masalan , harflarni grafik yozish,uning uzoqdan qandayko’rinishini hisobga olmasdan yozish, barcha asosiy va birlashtiruvchi unsurlarni bir hil qolipda yozish kabi .
Faqatgina yaxshi yozuvga ega bo’lgan holdagina o’qituvchi bolalarga namuna bo’la oladi va ulardan yaxshi natijalar olishi mumkin.O’quvchilar harflarning tuzilishini ,uni chizishdagi ketma ketligini yaxshi o’zlashtirib olishlari uchun o’qituvchi bularning hammasini sinf taxtasida ko’rgazmali tarzda ko’rsatishi lozim.
Tajribalarning ko’rsatishicha ,o’quvchi chiroyli va to’g’ri yozuvda sinftaxtasiga bo’rda aniq va chiroyli yozadigan o’qituvchining o’quvchilari chiroyli va to’g’ri yozadilar.
Sinf taxtasida yozish malakalariga quyidagilar kiradi:1-navbatda qo’l harakatini rivojlantirish, simmetriyani xis qilish va taxtaning qaysi qismida yozilgan harf, so’z va fraza yozilganini tezda topishni ,bir qarashda topa bilishlikni o’rgatish lozim.
Bundan so’ng bo’r bilan yozishni u bilan ishlash texnikasini o’rganib olish lozim.Bo’r bilan yozishda ingichka va qalin shtrixlarni yozishni ,shuningdek ingichka chiziqdan bosib yozishga o’tish va h.zo malakalarni egallash lozim.Yozuvda sinf taxtasi va bo’rning sifati katta ahamiyatga ega.
1.O’qituvchi bolalarning daftaridagi xato-kamchiliklarni o’z o’rnida aniq ko’rsatmasligi natijasida bolaning yozishiga nisbatan e’tiborsizlik yuzaga keladi.
2.Aniq va to’g’ri husnixatda yozishga nafaqathusnixat darsida, balki barcha dars turlarida va sinfdan tashqari yozuv ishlarida,yozma ariza, ular tomonidan tayyorlanadigan ko’rgazmalar (devoriy gazetalar, jadvallar, shiorlar va h.zo) amal qilish kerak.
Orfografik - to’g’ri, aniq va tushunarli qilib yozishni talab etish jarayonida o’qituvchi o’quvchining pala - partish yozuvini va ikki varaq qog’ozga yozgan yozma ishini ham nazorat qilib borishi lozim. Har bir o’quvchining daftari tartibli bo’lishiga erishish kerak.
Harflarning yozilishi sodda va to’g’ri bo’lishi kerak. Pedagogik amaliyotda, boshlang’ich 1-2- sinflarda o’rganiladigan shriftlarning namunasi ishlab chiqilgan. 3 va 4- sinflar amaliyotida qo’llanadigan tez yozuv malakasining boshlang’ich sinflaridagi yozuvdan anchagina farq qiladi. Xarakterli jiharlaridan biri shundaki, tez yoziladigan yozuvda ayrim so’zlar qog’ozdan qo’l uzmasdan yoziladi.
Husnixatga o’rgatish izchil va ketma-ketlik xarakteriga ega bo’lishi lozim. O’rgatish jarayonida o’qituvchining dastur materialini, o’quvchini soddaroq shakliy ko’rinishga ega bo’lgan harflardan, murakkabroq ko’rinishga ega harflarga o’tkazishga va yirik hamda sekin yozuvdan, mayda va tez yozuvga o’tkazishda e’tibor beriladi. Husnixat mashqlarini o’zaro bog’liqlikda muntazam uyushtiriladi.
Shuni yodda tutishi kerakki, bolani sekin yozuvda harfni to’g’ri yozishni o’rganib olmaguncha tez yozuvga o’tkazish mumkin e-mas. Shuning uchun ham dasturda tez yozish ko’nikmalari 3-4-sinflarda shakllantiriladi.
Ayrim o’quvchilarning yozuvidagi individual farqlikni kuzatib boorish mumkin. Bu farq o’ta qiya yozilishda va hokazolarda kuzatiladi.
Dastlabki yozuvga o’rgatish paytida individual ko’p ko’zga tashlanmaydi, bu hol ko’proq yuqori sinflarda tez yozuvga o’tgan paytda kuzatiladi.
Yozuvdagi individuallik o’ziga xoslikni 4- sinflarda o’tkaziladigan mashg’ulotlar jarayonida aniqlash mumkin, chunki bu davrda o’quvchilar mustaqil ravishda bir chiziqli daftarga yozishga o’tgani bo’ladi.
O’quvchida aniq va ravon yozuv hosil bo’lishi uchun o’qituvchi
o’quvchining butun diqqatini harfning grafik shakliga, boshqa harf bilan qo’shilib ketmasligiga, har biri bir - biridan o’ziga ko’rsatilgan o’lchamga e’tiborini qaratishi lozim.
O’quvchilarning husnihat bilan to’g’ri yozish ko’nikmalarini rivojlantirib borish, husnixatga o’rgatish ishlarini sistematik tarzda olib borish talab etiladi. Buning uchun ham o’quvchilar to’g’ri yozuvning har kungi ko’nikmasi bilan cheklanib qolmay, uzluksiz ravishda nazorat tekshiruv ishlarini yoki yozuvning sifatini ‘ko’rish’ ishlarini olib borishlari zarur bo’ladi.
O’quvchilar nazorat vaqtini oldindan bilganlari ma’qul, chunki bungacha ruchkadagi kamchilikni va daftarni tayyorlab qo’yishga vaqt ajratadilar. Yozib bo’lgach, bolalar o’z ishlarini o’rtoqlari bilan almashadilar va o’qituvchi bilan birgalikda tahlil qiladilar. Eng yaxshi ishlar ‘o’quvchi burchagiga ilib qo’yiladi.
Nazorat paytida husnixat qoidalariga rioya etgan holda yozilganiga, harflarning to’g’ri yozilganligiga, matnning oson o’qilishiga, yozuv bir tekisligiga, matnni o’qish uchun va qog’ozni tejashni rejalay olishga va h. zolarga e’tibor berish lozim. Muntazam ravishda nafaqat ona tili darslaridagi yozma ishlarini, balki o’quvchining boshqa o’quv fanlaridagi yozuvini ham tekshirib borish lozim.
Nazorat - tekshiruv ishlarini bir - biri bilan solishtira olishi uchun o’quvchilarning ishlarini maxsus joyga ilib qo’yiladi. Buning uchun nazorat - tekshiruv ishlarini alohida qog’ozga yozish kerak va u uncha katta bo’lmagan matn asaosida bo’lishi kerak. Yozuv malakasini yaxshilanganligini solishtirib borish uchun har bir o’quvchining nazorat - tekshiruv ishlarini saqlab qo’yish lozim.

Adabiyotlar : 

1. Qosimova K., Matjonov S., G‘ulomova X., Yo‘ldosheva Sh., Sariyev Sh.


Ona tili o‘qitish metodikasi. –T.: Noshir, 2009..
2. G‘ulomova X., Yo‘ldosheva Sh., Mamatova G., Boqiyeva H. Husnixat va
uni o`qitish metodikasi. –T.: TDPU, 2009.

Elektron ta’lim resurslari:


1.w.w.w.tdpu.uz
2.w.w.w.pedagog.uz
3.w.w.w.ziyonet.uz
4.w.w.w edu.uz
Yüklə 125 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin