Anketa (frantsuzcha “tekshirish”) metodi yordamida pedagogik kuzatish va
suhbat jarayonida to’plangan dalillar boyitiladi. Bu metodi ham tizimlangan savollar asosida respondentlar bilan muloqotni tashkil etishga asoslanadi. Savollarga javoblar, odatda, yozma ravishda olinadi. O’rganilayotgan jarayon mohiyatidan kelib chiqqan holda anketa savollari quyidagicha bo’ladi: 1) ochiq turdagi savollar (erkin, batafsil javob berish uchun imkon yaratadigan savollar); 2) yopiq turdagi savollar (“ha”, “yo’q”, “qisman” yoki “ijobiy”, “qoniqarli”, “salbiy” va hokazo tarzdagi javob variantlarini tanlashga imkon beradigan savollar).
Anketa metodini qo’llashda ham bir qator shartlarga amal qilish zarur.
Anketa samaradorligini ta’minlovchi shartlar: 1) savollar muammoning mohiyatini yoritishga xizmat qilishi lozim; 2) savollar yirik hajmli va noaniq bo’lmasligi kerak; savollar o’quvchilarning dunyoqarshi, yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olish asosida tuzilishi zarur;
3) savollarga to’la javob qaytarilishi uchun etarlicha vaqt ajratilishi kerak;
4) anketa o’quvchilarning pedagogik va psixologik tavsifnomalarini tuzish manbaiga aylantirib yuborilmasligi zarur; 5) javoblar muayyan mezonlar asosida puxta tahlil etilishi shart
Intervyu respondent tomonidan tadqiq etilayotgan muammoning u yoki bu jihatini yorituvchi hodisaga nisbatan munosabat bildirilishini ta’minlaydi. Intervyu respondent e’tiboriga turkum savollarni havola etish asosida o’tkaziladi. Intervyu jarayonida olingan savollarga nisbatan tadqiqotchi tomonidan munosabat bildirilishi uning samarasini oshiradi.
Ta’lim muassasasi hujjatlarni tahlil qilish.Pedagogik hodisa va dalillarni tekshirish maqsadida ta’lim muassasalari faoliyati mazmunini yorituvchi ma’lumotlarni tekshirish maqsadga muvofiqdir. Ta’lim muassasalarida uzluksiz ta’limni tashkil etishga oid hujjatlar talablarining bajarilish holatini o’rganish, erishilgan yutuq hamda yo’l qo’yilgan kamchiliklarni aniqlash, ilg’or tajribalarni ommalashtirish va ta’lim muassasasi pedagogik tajribasini oshirish maqsadida qo’llaniladi.