1. Lizingning iqtisodiy tabiati, mazmuni va mohiyati Moliyaviy xizmatlar bozorida lizing iqtisodiy tushuncha sifatida investitsion faoliyat turlaridan biri sifatida e‘tirof etilib, u rivojlangan bozor iqtisodiyotining mahsuli va turkumlaridan biri bo`lib hisoblanadi. O`zbekiston uchun tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishning yangi usulini keng joriy qilish, shu bilan birga xorijiy mamlakatlar lizing biznesidan foydalanish uchun avvalo lizing munosabatlarining mohiyati va iqtisodiy tabiatini oydinlashtirib olish lozim. Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish vositasi hisoblangan lizing raqobat natijasida paydo bo`lgan va uning muayyan afzalliklari bo`lgan. Tadbirkorlik faoliyati uchun investitsiya resurslarini qidirib topish yoki mulkni qo`lga kiritish, unga egalik qilish hamda undan foydalanish huquqini olishning boshqa usullariga nisbatan lizingning u yoki bu afzalliklari turli huquqiy va iqtisodiy makonlarda turlicha namoyon bo`ladi. Ya‘ni, lizing mol-mulkidan tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish imkoniyatini olish vositasi sifatida lizingdan ko`riladigan manfaatlar yoki zararlar, uning afzalliklari yoki kamchiliklari iqtisodiy, shu jumladan, huquqiy, moliya-kredit munosabatlarining darajasi bilan belgilanadi98.
Ba‘zi adabiyotlarda lizing ijarani moliyalashtirish deb hisoblanadi va lizing usulida moliyalashtirish bankning texnika yoki mashinalarni sotib olib, ularni o`z mijozlariga ijaraga berishini nazarda tutadi deb, ta‘kidlanadi99. Haqiqatda esa bank mulkchilik huquqini sotib olmaydi, balki moliyalashtiradi, to`g`rirog`i, ijarachining ijara munosabatlari vositasida va lizing shartnomalarida ko`rsatilgan muddatlarda
98 Газибеков Д.Г., Собиров О.Ш. «Лизинг и его развитие в Узбекистане», - Т.: Молия, 2001 132 с.
99 Роуз Питер С. Банковский менеджмент. — Пер. с анг., 2-го изд.- М.: Дело Лтд. 1995. 173 с.
mol-mulkni qo`lga kiritish niyatida bo`lg`usi huquqini moliyalashtiradi. Bank va lizingning moliyaviy muassasa sifatida tub farqi ham shundadir. Bunga qo`shimcha ravishda shuni ham ta‘kidlash kerakki, lizing texnologiyalar va texnikalar sotib olish va samarali qo`llash uchun lizing beruvchi va lizing oluvchilar o`zaro maqbul kredit munosabatlariga kirishishining shaklidir. Ayrim iqtisodchilar, lizingni vaqtincha bo`sh turgan yoki jalb etilgan moliyaviy mablag`larni investitsiyalashga qaratilgan tadbirkorlik faoliyatining bir turi deb ta‘riflaydilar. Lizing kompaniyalarining bo`sh moliyaviy resurslarni jalb etish imkoniyatlari ularda salmoqli o`z kapitallarining borligi bilan izohlanadi. Lizing institutlari endigina paydo bo`layotgan O`zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatda bozor munosabatlarining qonunchilik negizini shakllantirish bilan birga lizing tadbirkorlikning alohida turiga aylangani yo`q. Shu sababli, bizning nazarimizda lizing – investitsiyalarni moliyalashtirish shakllari yoki usullaridan biridir, deb hisoblayotgan mualliflarning fikrini qo`llab-quvvatlash mumkin100. Bizning fikrimizcha, lizing munosabatlari qarz olish-berish asosida vujudga keladigan iqtisodiy va huquqiy munosabatlarning yaxlit tizimi deb qabul qilinmog`i zarur. Lizing rivojlanishining tarixidan ma‘lumki, uning paydo bo`lishiga ob‘ektiv sharoitlar va tegishli shartlar ko`maklashib kelgan. Bu shart-sharoitlar bir tomondan, lizing mulkini taklif qilish, ikkinchi tomondan, unga bo`lgan talabni shakllantirish, uchinchi tomondan esa lizing munosabatlarini amalga oshirish uchun, bo`sh turgan moliyaviy resurslarni jalb qilish imkonini bergan.
Umuman, lizing munosabatlari o`zining iqtisodiy mazmuniga ko`ra, bizning nazarimizda, avvalo qarz olish munosabatlarini, lizing beruvchi va mulk yetkazib beruvchi bilan, davlat va milliy iqtisodiyotning norezidentlari (xorijiy davlatlar, xalqaro moliya institutlari, chet el investorlari va boshqalar) bilan mulkiy, huquqiy, taqsimot va boshqa uyg`unlashgan munosabatlarini ifodalaydi. Har qanday holatda ham lizing munosabatlari o`z mazmuniga ko`ra makon va zamonda qarz olish, ya‘ni taqsimot, mulkiy munosabatlarni, lizing ob‘ektiga egalik qilish huquqi va undan foydalanish huquqlarini ifodalaydi va o`z navbatida iqtisodiy jarayondagi qayta taqsimot munosabatlarini shakllantiradi. Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirsak,
100 Коноплицский В., Филина Г. «Это бизнес» Толковый словарь экономических терминов.- Киев: «Альтерпресс», 1996. – 149, 447 с.; Козлов Д. «Лизинг: новые горизонты предпринимательства», Экономика и статистика, 29 июль., 1996.
zamonaviy lizingning yana bir muhim jihati bo`lgan – uchinchi (vositachi) shaxsning, ya‘ni lizing kompaniyalarining vujudga kelishi uchun poydevor qurilganligini kuzatishimiz mumkin. Shulardan xulosa qilib, lizingga ta‘rif bersak. Xalkaro moliya korporatsiyasi mutaxassislari tomonidan lizing quyidagicha talqin qilingan: ―Lizing– bu mulkiy munosabatlar majmui bo`lib, bunda bir taraf (lizing beruvchi) boshqa bir taraf (lizing oluvchi)ning topshirig`iga ko`ra uchinchi taraf (mol yetkazib beruvchi)dan lizing shartnomasiga muvofiq lizing ob‘ekti bo`lgan mulkni o`z mulki qilib sotib olib, uni to`lash asosida lizing shartnomasida belgilangan shartlar bilan vaqtinchalik foydalanish va egalik qilish uchun lizing oluvchiga beradi‖.
Lizingga berilgan bu ta‘rifda lizingning mulkiy munosabatlar majmui va bozor iqtisodiyotining asosiy tamoyillaridan biri bo`lgan foyda olish istagining mahsuli ekanligiga alohida e‘tibor karatilgan. Bundan tashqari, Yevropa federatsiyasining lizing bo`yicha milliy assotsiatsiyasi tomonidan lizingga berilgan ta‘rifi ham e‘tiborga molikdir, ya‘ni ―Lizing – bu ijarachining ishlab chiqarish maqsadida zavod, sanoat tovarlari, uskunalar va ko`chmas mulklardan foydalanish bo`yicha ijara shartnomasi bo`lib, bunda mazkur tovarlar ijaraga beruvchi tomonidan sotib olinib, u mulkka bo`lgan egalik qilish huquqini saqlab qoladi‖. Ushbu ta‘rifda lizing ijara shartnomasi sifatida baholanib, uning huquqiy jihatlariga e‘tibor qaratilgan.
Lizingni ta‘riflashda dastlab uning mulkiy munosabatlar ekanligini e‘tiborga olib, bu ta‘rifda unda ishtirok etayotgan barcha sub‘ektlarning mavqei va manfaatlari o`z ifodasini topishi kerakdir. Shu nuqtai nazardan olib qarasak, Sh.U. Xaydarov,
X.A. Ortiqov va X.A. Tuxsanovlar o`zlarining asarlarida lizingga quyidagicha ta‘rif berib o`tishgan: ―Lizing deganda bir taraf (lizing beruvchi) boshqa bir tarafning (lizing oluvchining) topshirig`iga muvofiq lizing ob‘ekti bo`lgan mulkni o`z mulki qilib sotib olib, uni lizing oluvchiga haq evaziga lizing shartnomasida belgilangan shartlar bilan vaqtinchalik foydalanish va egalik qilish uchun hamda shartnoma tugagandan so`ng lizing ob‘ektini sotib olish huquqi bilan beriladigan mulkiy munosabatlar majmuidir‖101. Ushbu ta‘rifda lizingning o`ziga xos xususiyati, ya‘ni
101 Ҳайдаров Ш.У, Ортиков Х.А, Тухсанов Х.А. Лизинг: Тан олиш, баҳолаш ва унинг ҳисоби.- Т.: «NORMA» МЧЖ, 2006. 43-бет.
bu munosabatlarda uch sub‘ektning ishtirok etishi hamda mulkchilik huquqining o`zgarishiga alohida to`xtalib o`tilgan.
Xorijiy adabiyotlarda mutaxassislar lizingga ta‘rif berishda uning lug`aviy ma‘nosiga ham e‘tibor berishgan (inglizcha ―to lease‖ fe‘lidan olingan bo`lib,
―mulkni ijaraga berish‖ yoki ―mulkni ijaraga olish‖ ma‘nolarini anglatadi). Ba‘zi manbalarda ta‘kidlanishicha, mashina, jixoz, transport vositalari va boshqa ishlab chiqarishga taalluqli harakatlanuvchi mulkni uzoq muddatli ijaraga olish lizing sifatida e‘tirof etilgan102. Bu ta‘riflarda lizingga asosan ijara munosabati sifatida yondashilib, uning o`ziga xos xususiyatlariga e‘tibor berilmagan.
M.I. Leshenko tomonidan lizingga berilgan ta‘riflar yuqoridagilardan bir muncha farq qiladi. Uning fikricha lizing – bu shunday tovar kreditiki, u lizingga beruvchidan lizingga oluvchiga turli shakldagi mulk (qurilma, uskuna, mashina, kema va hokazo)ni foydalanishga berilishi bilan an‘anaviy bank ssudasidan farq qiladi. Lizingga beruvchi ishlab chiqaruvchi (sotuvchi)dan mulkni to`liq qiymati bo`yicha egaligiga olib moliyaviy xizmat ko`rsatadi, lizingga oluvchi esa ushbu qiymatni davriy ravishda to`lov (badal)lar hamda kreditdan foydalanganlik uchun foizlarni birgalikda to`lab qoplaydi103. Bu yerda lizingning o`ziga xos xususiyati mulkka egalik qilish huquqida namoyon bo`ladi. Mulkka egalik qilish huquqi lizing muddati mobaynida to`liqligicha lizingga beruvchida bo`ladi. Bu huquq lizingga oluvchiga faqatgina shartnomada ko`rsatilgan muddatda kelishilgan to`lovlar butunlay to`langandan keyingina o`tadi. Bularning barchasi lizing operatsiyalarining lizing bozori ishtirokchilari uchun naqadar foydali ekanligidan dalolat berib turibdi.
Yuqorida keltirilgan fikrlarni umumlashtirib, lizingga quyidagicha ta‘rif berib o`tamiz: ―Lizing – bu vaqtinchalik bo`sh turgan yoki jalb qilingan moliyaviy vositalarni investitsiyalashni o`zida aks ettirib, bunda lizingga beruvchi ma‘lum bir sotuvchidan mulkiy shartnomada kelishilgan mol-mulkka egalik qilish va ushbu mol- mulkni vaqtinchalik foydalanganlik uchun to`lov asosida oxirida harid qilish huquqi bo`yicha lizingga oluvchiga taqdim etish majburiyatini oladi‖.
102Джуха В.М. Лизинг. Серия «Учебники, учебные пособия». -Ростов н/Д: «Феникс», 1999.56-бет.
103Лещенко М.И. Основа лизинга: Учеб. пособие ч-е изд. перераб. и доп. - М.: Финансы и статистика, 2004.