Raddiya – berilgan tezisning asoslanmaganligi yoki yolg‘onligini aniqlash orqali isbotni buzishga qaratilgan mantiqiy amal.
Raddiyaning tarkibi ham isbotlash tarkibi kabi uch qismga bo‘linadi.
raddiya tezisi – rad etilishi lozim bo‘lgan muhokama;
raddiya demonstratsiyasi – raddiyaning tezis va dalillarini bog‘laydigan usul.
Raddiya uch, ya’ni tezisni rad etish, argumentlarni rad etish hamda demonstratsiyani rad etish usullarida amalga oshiriladi.
Tezisni rad etish amali quyidagi usullardan iborat:
Dalillar vositasida rad etish. Tezisni asoslash uchun keltirilgan dalillarni inkor etish orqali tezis rad etiladi. Agar tezis dalillar bilan solishtirganda bir-biriga zid kelsa, tezis rad etiladi.
Tezisdan kelib chiqadigan xulosaning yolg‘onligini (yoki zidligi) aniqlash orqali rad etish. Tezisdan kelib chiqadigan xulosaning haqiqatga zid ekanligi isbotlanadi.
Antitezisni isbotlash orqali tezisni rad etish. Rad etilishi lozim bo‘lgan tezisga nisbatan unga zid keladigan hukm keltiriladi va natijada uning chinligi isbotlanadi. Agar antitezis chin bo‘lsa, tezis yolg‘on bo‘ladi. Boshqacha aytganda, uchinchisi istisno qonuniga muvofiq antitezisning chinligidan tezisning xatoligi keltirilib chiqariladi.
Asos yoki dalillarni rad etishda tezisni asoslash uchun keltirilgan dalillarning chin emasligi yoki tezisning chinligini isbotlash uchun ularning yetarli emasligi tanqid qilinadi. Keltirilgan dalil va asoslarning yetarlicha ishonchli emasligi, tezisning ham chinligiga shubha tug‘diradi.
Demonstratsiyaning rad etish usuli isbotlash shaklida, dalillar va tezisning o‘rtasida mantiqiy bog‘lanish yo‘qligini ko‘rsatib beradi. Agar tezis dalil va asoslardan kelib chiqmasa, uning ishonchli emasligi haqida xulosa qilinadi. Demonstratsiyaning rad etish usulini qo‘llash deduktiv, induktiv va analogiya bo‘yicha xulosa chiqarish qoidalari hamda undan kelib chiqadigan xatolarni hisobga olishni taqozo etadi.
Yuqorida tahlil etilgan raddiya usullari nafaqat yakka tartibda, balki birgalikda ham qo‘llaniladi.