2-topshiriq. Matnni o‘qing. Ish qog‘ozlari matniga qo‘yiladigan talablar haqida fikrlashing. Bu talablarni unutmang. Hujjatlar matniga qo‘yiladigan eng muhim talablardan biri xolislikdir. Hujjatlar rasmiy munosabatlarni ifodalovchi va qayd etuvchi rasmiy vositalar sifatida axborotni xolis aks ettirmog‘i lozim. Shuning uchun hujjatlar tilida so‘z va so‘z shakllarini qo‘llashda muayyan chegaralanishlar mavjud. Xususan, rasmiy ish uslubida kichraytirish-erkalash qo‘shimchalarini olgan so‘zlar, ko‘tarinki-tantanavor yoki bachkana, dag‘al so‘zlar, shevaga oid so‘zlar, tor doiradagi kishilargina tushunadigan so‘zlar, o‘xshatish, jonlantirish, mubolag‘a, istiora, tashxis kabi obrazli tafakkur ifodasi uchun xizmat qiluvchi usullar ishlatilmaydi... Hujjatlar matnini tuzishda turg‘unlashgan, qoliplashgan so‘z birikmalaridan ko‘proq foydalanish lozim. Chunki qoliplashgan, yagona doimiy shaklga ega bo‘lgan so‘z tizimlari, iboralar, muhandislik psixologiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, boshqa so‘z birikmalariga qaraganda, 8–10 marta tez idrok qilinar ekan. Buning ustiga, qoliplashgan so‘z birikmalari hujjatlarni tayyorlash va ulardan foydalanish jarayonlarini anchagina tezlashtirish imkonini beradi. Ma’lumki, har bir hujjat turining mohiyati va maqsadi bilan bog‘liq ravishda o‘ziga xos qoliplashgan sintaktik tuzilmalar shakllana boradi. Masalan, buyruqda quyidagicha qoliplashgan tuzilmalar qo‘llanishi mumkin: ...lavozimga tayinlansin; ...lavozimidan ozod qilinsin... («ish yuritish kitobi») 3-topshiriq.Ish yuritish jarayonida eng ko‘p ishlatiladigan ariza, bayonnoma, dalolatnoma, ishonchnoma, ma’lumotnoma, tavsifnoma, tavsiyanoma, taklifnoma, tarjimayi hol, tushuntirish xati, e’lon, hisobot kabi ish qog‘ozlari ma’lumot-axborot hujjatlari sifatida umumlashtiriladi. Ularning aksariyati bilan Siz oldingi sinflarda tanishgansiz. Bilasizki, har qanday ish qog‘ozi o‘zining zaruriy qismlariga ega bo‘ladi. Ana shu zaruriy qismlar haqida fikrlashing. Namuna: Arizaning zaruriy qismlari quyidagilardan iborat: