Tashqi muhitning shakllantiruvchi roli haqida. Tabiatda gradatsiya hamma vaqt to’g’ri amalga oshavermaydi. Organizmlarga tashqi muhit ta’sir qilib, ularning rivojlanish yo’nalishini o’zgartirib turadi. Lamark bu fikrni ko’p misollarda isbotlashga harakat qildi. Faraz qilaylik, tabiat faqat suv hayvonlarini yaratgan va bu hayvonlar tamomila bir xil sharoitda (tarkibi bir, o’zgarmas harorat va chukurlikdagi suvda) yashagan bo’lsa, bu vaqtda biz ideal gradatsiyani ko’rgan bo’lur edik. Haqiqatda esa suvda bir xil va o’zgarmas sharoit bo’lmaydi. Suv muhiti tekshirilsa, chuchuk sho’r (dengiz suvi), oqmaydigan, oqadigan, sayoz, chuqur, issiq va sovuq suvlar borligi ma’lum. Xilma-xil sharoitda yashaydigan va gradatsiyaning bir pog’onasiga mansub bo’lgan organizmlar tashqi sharoit ta’sirida o’zgarishi, ayrim hollarda esa tanib bo’lmas darajaga aylanishi mumkin. CHunonchi, nam o’tloqda o’sayotgan biror o’simlikning urug’i quruq joyga tushib qolsa, u bir necha bo’g’indan keyin asta-sekin o’zgarishi, keyingi bo’g’inlarda esa keskin farq qiladigan shaklga aylanishi, oqibatda botaniklar uni yangi tur sifatida qabul qilishi mumkin. Tashqi muhitning, xususan, iqlim, hayot sharoitining uzoq vaqt davomida o’zgarishi hayvonlarning ham o’zgarishiga sabab bo’ladi. Tekis joyda tez chopishga moslashgan hayvon molxonada yashashga majbur etildi, deb faraz qilaylik. Yangi sharoitda u semirib ketadi, kuchini va chaqqonligini yo’qotadi. 5—6 yil qafasda asralgan qush ozod qilinsa, erkinlikdagi boshqa qushlar kabi ucha olmaydi. Bularning hammasi sharoit oz-ozdan o’zgarishining ta’siri natijasidir. Agar o’zgargan sharoit bir necha bo’g’in davomida ta’sir etsa va unga iqlim, oziq hamda muhit boshqa sharoitining o’zgarishi ham qo’shilsa, u holda tamomila o’zgargan organizmlar vujudga keladi.
Tashqi muhit organizmlarga qanday ta’sir ko’rsatadi? Ta’sirlanish va harakatlanish organizmlarning muhitga bo’lgan munosabatini aniqlashda asosiy o’rin egallaydi. Lamark muhit ta’siriga javob reaktsiyasiga qarab, barcha organizmlarni 3 guruhga bo’lgan. Birinchi guruhga o’simliklar kiritilib, ular ta’sirlanish va harakatlanish xususiyatiga ega emasligi qayd etiladi. Ikkinchi guruhga tashqi ta’sir natijasida harakatlanuvchi, lekin o’z xohishi bilan harakatlana olmaydigan sodda hayvonlar (infuzoriyalar, poliplar, nurlilar va chuvalchanglar)ni kiritadi. Uchinchi guruhga nerv sistemasi yuksak darajada tuzilgan, takomillashgan sezuv organlari bo’lgan va o’z xohishi hamda tashqi muhit ta’sirida harakatlana oladigan barcha boshqa hayvonlarni kiritadi. Tashqi muhit organizmlarga bevosita va bilvosita ta’sir ko’rsatishi mumkin. Tashqi muhit o’simliklar va tuban hayvonlarga bevosita ta’sir ko’rsatganda undagi har qanday o’zgarish o’simlik qismlarining rivojlanishiga kuchli ta’sir etishi, ba’zi qismlarining hosil bo’lishiga, boshqalarining kuchsizlanib, hatto yo’qolib ketishiga sabab bo’ladi. Masalan, suv ayiqtovonining suv ichidagi barglari qirqilgan qaychibarg shaklida bo’lib, tola — ipsimon; suv yuzasidagi barglari esa enli, shapaloq-shapaloq va panjasimondir. Bu o’simlik nam yerda o’ssa, poyasi qisqa va barglari qirqilmagan bo’ladi, shakli ipsimon bo’lmaydi. Uni botaniklar boshka tur —sifatida ta’riflaydilar (4-rasm). Nerv sistemasi takomillashmagan tuban hayvonlarga ham tashqi muhit bevosita ta’sir ko’rsatadi. Nerv sistemasi takomillashgan hayvonlar esa muhitning o’zgarishidan bilvosita ta’sirlanadi.
Muhitning uzoq davom etgan o’zgarishi hayvonlar hayotiga ta’sir etib, avval ularning talabini o’zgartiradi. Talabning o’zgarishi esa shu talabni qondirish maqsadida qilingan harakatlarning o’zgarishiga olib keladi. Bunday sharoit saqlanganda hayvonlarning hulq-atvori o’zgaradi. Bu, o’z navbatida, hayvonlarning ba’zi organlari mashq qilishiga, boshqalari mashq qilmasligiga sabab bo’ladi. Mashq qiladigan organlarga oziq moddalar ko’p kelib turgani uchun, ularning ko’lami ortadi. Aksincha, mashq qilmaydigan organlarga oziq moddalar kamroq kelishi sababli ular kuchsizlana boradi va rivojlanmaydi.Tashqi muhitning organizmlarga ko’rsatadigan ta’siri haqida Lamark quyidagi 2 qonunini ta’riflaydi.
Lamarkning birinchi qonuni. «O’z rivojlanishining nihoyasiga yetmagan har qanday hayvonda qanday bo’lmasin biror organning bir qadar tez-tez va uzoq ishlatilishi shu organni oz-ozdan mustahkamlab, rivojlantirib, kattalashtirib boradi va unga uzoq ishlashi uchun kifoya qilarli kuch-quvvat beradi».
SHu bilan birga boshqa biror organning doim ishlatilmasligi uning asta-sekin susayib, juda zaiflashib qolishiga olib keladi, qobiliyatini pasaytiradi va pirovardida, uning yo’qolib ketishiga sabab bo’ladi».
Lamarkning ikkinchi qonuni. «Tabiat individlarni qadimdan yashab kelgan sharoit ta’siri ostida va binobarin, ma’lum organning ko’proq ishlatilishi yoki ma’lum organning doim ishlatilmasligi ta’siri ostida shaxslarni nimaiki hosil qilishga yoki yo’qotishga majbur etgan bo’lsa, agar endigina kasb qilingan o’zgarishlar ikkala jins yoki yangi naslni hosil qilgan shaxslar uchun umumiy bo’lsa, shularning hammasini dastlabki formalardan paydo bo’lgan yangi shaxslarda ko’paytirish yo’li bilan saqlaydi».
Lamark ushbu qonunlarning to’g’riligini isbotlash maqsadida bir qancha misollar keltiradi. Masalan, o’rdak, g’oz va suvda yashovchi boshqa qushlarning, shuningdek baqa, dengiz toshbaqasi, qunduz va boshqa hayvonlarning barmoqlari orasidagi suzgich pardalar suzish jarayonida barmoqlar uzluksiz harakatlanishi natijasida paydo bo’lgan, Qirg’oqda yashovchi qushlar oyog’ining va bo’ynining uzun bo’lishi ham ko’p harakatlanish natijasidir, chunki bu qushlar suzishni uncha xohlamagan, lekin o’lja uchun qirg’oq chetida uzoq vaqt turishga majbur bo’lgan va ular doim -botqokqa botib ketish xavfi ostida bo’lgan. Ular doim o’z oyoqlarini cho’zishga va uzaytirishga intilgan, ov qilayotganda gavdasi namlanmasligiga harakat qilgan va oqibatda ularning oyoqlari, bo’yni uzun bo’lib o’sgan.
SHuningdek, Afrikaning o’t o’simliklarga boy bo’lmagan qismida yashaydigan jirafalar ham daraxt barglari bilan oziqlanishga majbur bo’lgan va doim daraxt barglarini tishlab yulib olishga intilib, mashq qilgan. Bular bo’yni va oldingi oyoqlarining uzun bo’lib o’sishiga sabab bo’lgan.
Organlarning mashq qilmasligi (ishlatilmasligi) ular degradatsiyasiga va yo’qolib ketishiga sabab bo’ladi. CHunonchi, ilonlar yerda sudralishga va tor joylardan o’tishga odatlangani uchun tanasi uzun bo’lib, oyoqlari reduktsiyalanib ketgan. Yer tagida yashagani uchun yumronqoziqning ko’zi kam rivojlangan, ko’rsichqonda esa ko’z butunlay yo’qolib ketib, uning qoldig’i teri ostida yashiringan bo’ladi.
Lamark har bir organning rivojlanish darajasi uning bajarayotgan vazifasiga, ishlatilishiga bog’liq ekanligini to’g’ri ta’kidlagan. Uning ikkinchi qonuni XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida lamarkizm tarafdorlari va muxoliflari o’rtasidagi munozaraga sabab bo’ldi.
Lamark biologiyada muhim masala hisoblangan organizmlarning individual rivojlanishida kasb etilgan, ya’ni tug’ma bo’lmagan xossalarning irsiylanishi masalasini kun tartibiga qo’ygan bo’lsada, lekin uni juda oddiy ravishda tasavvur etib, to’g’ri hal eta olmadi. U filogenezda mustahkamlangan xossalar bilan o’zgaruvchanlikni teng ma’noda tushundi. Lamark davrida o’zgaruvchanlik mexanizmlari yaxshi o’rganilmaganligi e’tiborga olinsa, bu sohada yo’l qo’yilgan kamchilikning sababi ravshanlashadi. Lamark tomonidan ilgari surilgan o’zgaruvchanlik muhit ta’siriga adekvat bo’ladi, shaxsiy rivojlanishda vujudga kelgan har qanday o’zgaruvchanlik kelgusi bo’g’inlarga beriladi, degan mulohaza ishonchsiz ekanligi keyinchalik isbotlandi. Biologiya sohasida to’plangan juda ko’p dalillar organlarning mashq qilish-qilmasligi ma’lum belgilarning kelgusi bo’g’inga berilishi yoki yo’qolishiga ta’sir etmasligini isbotlaydi. A. N. Severtsov ko’rsatishicha, ko’zning yo’qolishi yorug’da yashovchi organizmlarda ham yuz berishi, aksincha, juda chuqur g’orlarda yashovchi formalar orasida ko’zi yaxshi rivojlangan hamda reduktsiyaga uchragan formalar uchrashi mumkin. Yorug’da yashovchi hayvonlar orasida ko’zsiz formalar vujudga kelishi o’zgargan formalarning halokati bilan tugaydi. G’orlarda yashaydigan hayvonlarga muayyan o’zgaruvchanlik hech qanday zarar yetkazmaydi, hatto u foydali ham bo’lishi mumkin.
Lamarkning odam paydo bo’lishi to’g’risidagi fikrlari ham diqkatga sazovordir. U odam tabiatning bir qismi, uning tanasi moddiy va boshqa tirik mavjudotlarga o’xshab, tabiat qonunlariga bo’ysunadi; «Odamning tana tuzilishi boshqa sut emizuvchi hayvonlarnikiga o’xshash» deydi. Odam maymunga eng yaqin ekanligini ta’kidlash bilan birga, ularning anatomik tuzilishida, masalan, kallasining tuzilishi, gavdasining vertikal holati, oldingi va orqa oyoqlarining tuzilishida o’ziga xos farqlar borligini, shunga ko’ra, odam alohida avlod va turga kirishini aytadi.