Tashkilotga a'zo bo'lishning ijobiy jihatlari ko'p. Birinchidan, uning zamirida iqtisodiy manfaat turadi. Ya'ni to'siqlarsiz o'zaro mahsulot ayirboshlashga erishiladi va tovar ayirboshlanishi yuksak texnologiyalarning qo'llanilishi hamda rivojiga hissa qo'shadi.
Ikkinchidan, xalqning turmush darajasini yaxshilashga turtki beradi, insonlarga sifatli mahsulot iste'mol qilish imkonini yaratadi.
Uchinchidan, eksport qilinayotgan mahsulotlar hisobiga milliy mahsulotlar tannarxi tushirilishiga xizmat qiladi.
To'rtinchidan, milliy ishlab chiqarish hajmini oshirib, byudjetga pul tushumlarini ko'paytiradi, savdo liberallashuvi mamlakat va alohida vatandoshlarimizning daromadlarini oshiradi.
Beshinchidan, mehnat bandligiga ijobiy ta'sir etadi.
BMTga a'zo aksar davlatlar JSTga ham a'zo bo'lib kirgan. Masalan, Rossiya Federatsiyasi 19 yillik kutishlardan keyin 2012-yilda, Qirg'iziston 1998-yilda, Tojikiston 2012-yilda, Qozog'iston 2015-yilda a'zolikka qabul qilindi. Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon JSTga a'zolikni "energetika mustaqilligiga erishish va aholini oziq-ovqat bilan ta'minlash" sari tashlangan muhim qadam, deb baholagan. Ammo bu jarayon silliq kechadi, degani emas. Demak, hukumat birinchi navbatda mahalliy shirkatlarni himoya qilishga qaratilgan jiddiy tadbirlarni ishlab chiqishi kerak bo'ladi.
Bu o'rinda tashkilotga a'zolikning afzalliklarini Xitoy davlati misolida ko'rib chiqish ayni muddaodir. -Xitoy 15 yillik murakkab muzokaralar olib borgandan so'ng, ushbu kelishuvlar asosida 2001-yil 11-dekabrda tashkilotga 143-a'zo bo'ldi. Biroq hukumatga bu borada qator og'ir va mashaqqatli talablarni ilgari surishdi. Tarifni pasaytirish, AQSH kompaniyalari uchun zarur bo'lgan sanoat mahsulotlari tariflarini 25 foizdan 7 foizgacha qisqartirish, Amerika fermerlari uchun zarur bo'lgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari narxini 31 foizdan 14 foizgacha arzonlashtirish, bank sektori, sug'urta, telekommunikatsiya va kasbiy xizmatlar kabi muhim sohalardagi qator tarmoqlarni keng miqyosda ochish, tizimli islohotlar olib borish, oshkoralik masalasida chuqur islohotlarni o'tkazish, Xitoyda faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalarga to'siqlarni bartaraf etish shular jumlasidandir.
Ko'rinib turibdiki, Xitoyning JSTga a'zo bo'lishi bilan bog'liq asosiy muammo bozorga kirish imkoniyati emas, balki iqtisodiy rejimning shaffofligi, huquqiy, ma'muriy va institutsional tizimni shakllantirish majburiyatlarini bajarish mexanizmi bo'lgandi.
Muzokaralarning yakuniy bosqichida XXRgayana ushbu vazifalar ham qo'yildi: eksportni rejalashtirish va eksport-import rejalarini amalga oshirish siyosatini rejalashtirish tizimini bekor qilish; tashqi savdo rejimining shaffofligi, litsenziyalash va kvota tizimi, davlat xaridlari bozori, xorijiy ishbilarmonlarga ichki bozor xizmatlaridan foydalanishni erkinlashtirish;eksport subsidiyalarini olib tashlash; davlat korxonalarini moliyaviy qo'llab-quvvatlashdan voz kechish va qishloq xo'jaligini himoya qilish.
Mazkur tahlildan xulosa shuki, O'zbekiston zimmasiga ham JST tomonidan siyosat va iqtisodda ochiqlikni ta'minlash, eksport-import va boshqa iqtisodiy tizimlarda rejalashtirishdan voz kechish, qishloq xo'jaligi va sanoat mahsulotlarini import qilish bo'yicha davlat monopoliyasini bekor qilish yuklanadi. Ammo Xitoy bu shartlarni qabul qilishni davr zarurati, jahon iqtisodi qoidasini hurmat qilish, deb tushundi. Shunchalik murakkablik bo'lishiga qaramasdan, Xitoy hukumati JSTga a'zo bo'lishning qiyinchiliklaridan ko'ra, imkoniyatlari ko'proq bo'lishiga qattiq ishondi.
Tarixiy qarorga kelganidan so'ng, mamlakat ikki masalada yutdi: JSTga a'zolik tufayli 2008-yilda boshlanib, hozirga qadar davom etayotgan jahon moliyaviy inqirozi sharoitida arzon bo'lgan Xitoy mollari uchun cheklovli kvotalar olib tashlandi, xalqaro mehnat taqsimotidagi eng foydali jihati — arzon ishchi kuchini eksport qilishga erishildi. Hozirgi kunda xorijda ishlayotgan 70 million muhojir (Gonkong va Tayvandan tashqari) yiliga taxminan 70 milliard dollar mablag'ni Xitoyga yuborib turadi.