Ma'lumki, Jahon savdo tashkiloti (JST) — mamlakatlararo savdo qoidalarini boshqarib turuvchi yagona xalqaro tashkilot hisoblanadi.
Avvalo qayd etish lozimki, JST (WTO, ingl. World Trade Organization)ning asosiy maqsadlaridan biri o'zini o'zi himoya qilishni kuchaytirish va proteksionizm qo'llanishini bekor qilishdan iborat. Mazkur tashkilot xalqaro tijorat uchun qulay huquqiy tizimni taqdim eta oladigan cheksiz imkoniyat eshigi. O'zaro qabul qilingan muhim hujjatlar davlatlarning o'z savdo siyosatlarini kelishilgan mezonlarda olib borishlarida mas'uliyat yuklaydi. Bundan ko'zlangan maqsad — jahon bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishda tovarlar va xizmatlarni ishlab chiquvchilar, eksportyor va importyorlarga ko'mak berishdir.
Xalqaro savdoni liberallashtirish, savdo bitimlarining odilligini ta'minlash, iqtisodiy o'sish va xalq farovonligini oshirish JSTning asosiy funksiyalari sirasiga kiradi. JST unga a'zo bo'lgan mamlakatlardan ichki bozorni erkinlashtirishni qat'iy talab qiladi. Ushbu vazifani bajarish esa unchalik oson kechmaydi. Sababi arzon va sifatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi chet el korxonalariga raqobat qila olmagan milliy korxonalar tanazzulga uchrashi ayni haqiqatdir.
Shunday ekan, O'zbekiston uchun kutiladigan natija nima bo'ladi? Albatta, har bir ishning samaradorligi o'sha -davlat, muhitdagi yaratilgan sharoitlar va tayyorgarlik darajasiga chambarchas bog'liq kechadi.
Buning uchun:
— iqtisodiyotni erkinlashtirish va sanoat tarmoqlari baravar rivojlanishini tartibga solish;
— narx-navoni tartibga solish va maqbul soliq tizimini vujudga keltirish;
— alohida sektorlar va ishlab chiqarishda subsidiyalarni saqlash;
— tovarlarni standartlash va sertifikatsiya qilish tizimini tartibga solish;
— xorij sarmoyalari jozibadorligini oshirish;
— import va eksport boj to'lovlari tarifini tartibga solish talab qilinadi.
Har bir davlatning bu tashkilotga a'zo bo'lish jarayoni o'rtacha 8 — 10, ba'zi davlatlar uchun esa 10 — 15 yilni tashkil etadi. O'zbekiston 1995-yilda ariza topshirgan bo'lishiga qaramasdan, faqat 2017-yildan boshlab, ijobiy siljish kuzatilyapti. Lekin ustuvor sohalarning boshqaruvi 30 yildirki, monopolistlarning qo'lida turibdi. Masalan, transport sohasida yagona aviakompaniya, temir yo'l kompaniyasi xohlagan narxini o'rnatadi, jamiyat, -davlatchilik ular bilan samarali kurasha olmaydi. Bundan O'zbekiston iqtisodiyoti ko'p yildirki, aziyat chekmoqda.
Shuni ham ta'kidlash lozimki, dunyoning eng katta iqtisodiyot egalari — AQSH, G'arbiy Yevropa davlatlari, -Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlar JSTdan unumli foydalana oladi. Kichik davlatlar, jumladan, O'zbekiston ham bu imkoniyatlardan to'liq foydalana olmasligi ularning umumiy resurslariga borib taqaladi. Mamlakatimizning JSTga a'zoligi YEOIIning tartib-qoidalari va monopoliyasiga tushib qolmaslikning oldini oladi, deb hisoblaymiz. Ichki monopolistlardan qutulish muammosi hal bo'ladi. Xalqaro darajada erkin raqobat tizimi o'z-o'zidan yaratiladi.
Mavzuni kengroq ochib berishda mazkur tashkilotning tarixi va tarkibiy tuzilishiga alohida to'xtalib o'tish joiz. JSTga 1995-yil yanvarda asos solingan. 1994-yil 15-apreldagi Marokash deklaratsiyasida «uning natijalari jahon iqtisodiyotini mustahkamlaydi va butun dunyoda savdoni, investitsiyalarni kengaytirib, ishchi kuchi bandligi, daromadlarning o'sishiga olib keladi. Shuningdek, u jamoaviy bahslar, muzokaralar va taqdimlash orqali mamlakatlar orasidagi savdo aloqalarini rivojlantiruvchi platforma hisoblanadi», deb yozib qo'yilgan.
1994-yildagi mahsulotlar savdosi haqidagi bitim, xizmatlar savdosi haqidagi bosh bitim, intellektual mulk haqidagi bitim Jahon savdo tashkilotining tarkibiy qismlariga kiradi. Mazkur hujjatlar a'zo mamlakatlarning parlamentlari tomonidan tasdiqlangan.
1995-yildan faoliyatini boshlagan bu tashkilotga ayni vaqtda a'zo bo'lgan 164 davlat uchun yangi bozorlar ochiq hisoblanadi. O'ndan ziyod turli yo'nalishdagi bitimlar uning normativ-huquqiy bazasini tashkil etyapti. Mazkur hujjatlar talabini bajarish tashkilotning barcha a'zolari uchun majburiy sanaladi. A'zo bo'lishni istagan davlatlar o'z milliy qonunchiligini ularga muvofiqlashtirishi kerak.
Tashkilotda qarorlar ishtirokchi mamlakatlar yordamida konsensus — umumiy ovoz berish orqali qabul qilinadi. Nizomda qaror ko'pchilik ovozlar evaziga qabul qilinishi belgilab berilgan bo'lsa-da, hozir bunday voqea tashkilot tarixida yuz bermadi. Qarorlar qoidaga ko'ra,ikki yilda bir marta chaqiriladigan Vazirlar konferensiyasi tomonidan qabul qilinadi. Borayotgan ishlar borasida javobgar bo'lgan Bosh kengash yig'inlarini tashkilotning ma'muriy qarorgohi joylashgan Jeneva shahrida bir yilda bir marta o'tkazadi. Yig'ilishlarda tashkilotga a'zo mamlakatlar vakillari, elchilar ishtirok etadi. Bosh kengash qoshida nizolarni hal etish va savdo siyosati tahlillari bilan shug'ullanadigan organlar bor (jami 650 xodim ishlaydi). Bundan tashqari, uning tarkibida savdo va rivojlanish bo'yicha qo'mita, savdo balansi borasida cheklovlar o'rnatuvchi qo'mita hamda byudjet, moliya va ma'muriy masalalar bilan shug'ullanadigan qo'mita faoliyat yuritadi. Bosh kengashdan quyi pog'onada yana uchta kengash: tovarlar savdosi bo'yicha kengash, xizmatlar savdosi bo'yicha kengash va intellektual mulk huquqi bo'yicha kengash faoliyat yuritadi.