Turkiya. Turkiya birinchi jahon urushidan mag‘lub davlat sifatida chiqdi va katta zarar ko‘rdi. 4 yil mobaynida 500 ming kishi o‘ldi, 800 mingdan ortiq kishi mayib-majruh bo‘lib qoldi. Antanta armiyasi 1918-yil noyabr oyidayoq mamlakat poytaxti Istambul shahrini ishg‘ol etgan edi. 1919-yilning oxirida Turkiya Buyuk Millat Majlisiga (TBMM) saylov o‘tkazildi va unda kamolchilar g‘alaba qozonishdi.
TBMM mamlakat hududida chet el nazoratiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida
qaror qildi. Bunga javoban, ingliz harbiy ma’muriyati TBMM ni tarqatib yubordi. TBMM o‘z majlisini Mustafo Kamol (Otaturk) qo‘shini egallab turgan Anqara shahrida o‘tkaza boshladi. TBMM 1920-yilning 23-aprelida Mustafo Kamol Otaturkni davlat boshlig‘i etib sayladi. Shu tariqa ikki hokimiyatchilik Istambul shahrida sulton hokimiyati, Anqarada esa kamolchilar hokimiyati vujudga keldi.
1920-yilning 10-avgustida sulton hukumati bilan Antanta davlatlari Sevr shartnomasini imzoladilar. Shartnoma mustaqil Turkiya davlati amalda tugatilganligini anglatar edi. 1921-yilning 20-yanvarida kamolchilar Turkiyaning vaqtinchalik Konstitutsiyasini qabul qildilar. Kamolchilar Turkiya uchun og‘ir sharoitda — 1921-yilning 16-martida Sovet Rossiyasi bilan Do‘stlik va birodarlik
haqida shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘ldilar va yordam oldilar. 1921-yilning bahorida Buyuk Britaniya va Gretsiya Turkiyaga qarshi intervensiya uyushtirdilar. Intervensiya turk xalqining qattiq qarshiligiga duch keldi. Va, nihoyat, 1922-yilning 26-avgustida Turkiya armiyasi hujumga o‘tdi.
Milliy-ozodlik urushi 1922-yil oktabroyida g‘alaba bilan tugadi. 1-noyabrida
sultonlik hokimiyati tugatildi. 1923-yilning 29-oktabrida Turkiya Respublika deb e’lon qilindi. Kamol Otaturk birinchi Prezident etib saylandi. Shu tariqa milliy-ozodlik inqilobi (kamolchilar inqilobi ham deyiladi) suveren Turkiya davlatining tashkil etilishi bilan yakunlandi. 1923-yilning 24-iyulida Antanta davlatlari Lozanna konferensiyasida mustaqil Turkiya Respublikasini tan oldilar. 1924-yilda
xalifalik tugatildi.
Turkiya hukumati mamlakatdagi chet el mulklarini sotib olish yo‘li bilan ularni davlat mulkiga aylantirish hamda iqtisodiyotga davlat mablag‘ini joylashtirish siyosatini yurita boshladi. Milliy bank tashkil etildi. Iqtisodiyotga davlat mablag‘ining joylashtirilishi chet el kapitali harakatini cheklab qo‘ydi. Hukumat, ayni paytda, milliy sarmoyalarning xususiy tashabbuslarini ham keng qo‘llab-quvvatladi. 1923-yilning oktabrida poytaxt Istambul shahridan Anqaraga ko‘chirildi. Din davlatdan ajratildi. Vaqf mulki bekor qilindi. Ta’limga sof dunyoviy tus berildi. Diniy o‘quv yurtlari yopildi. Dunyoviy sud joriy etildi. Davlat hududi yangidan viloyatlarga bo‘lib chiqildi. 1924-yilning 20-aprelida Respublikaning birinchi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Dunyoviy qonunlar joriy etildi. Konstitutsiya va qonunlarda yevropacha hayot tarziga ruxsat etildi. Arab alifbosi lotin alifbosiga almashtirildi. 1928-yilda Konstitutsiyadan islom davlat dini ekanligi haqidagi qoidalar olib tashlandi. Shu tariqa Turkiya dunyoviy davlatga aylandi. 1931-yilda kamolchilar yangi dastur qabul qildi. Bunda partiya emblemasi 6 qanotli, ya’ni Turkiya — respublikachi, milliy, xalq, etatist, dunyoviy, inqilobiy davlat sifatida tasvirlandi.
Antanta davlatlari uzoq vaqt Turkiya Respublikasini itoatda tutishga urindilar. Fransiya va Buyuk Britaniyaning yangi hukumatga sultonlik davridagi qarzlarini yuklashga muvaffaq bo‘lganligi ham shu bilan izohlanadi. 1928-yilda Turkiya ularga 86,5 mln lira qarz to‘laydigan bo‘ldi. Bu davrdan boshlab Turkiya tashqi siyosatida buyuk davlatlar bilan yaqinlashish an’anasi kuchaydi. Xususan,
1926-yilda Italiya bilan, 1930-yilda Germaniya bilan savdo shartnomasi imzolandi. AQSH ham tashqi savdoda Turkiyaga katta e’tibor bera boshladi. 1932-yilning iyul oyida Turkiya Millatlar Ligasiga qabul qilindi. Fashistlar Germaniyasi Turkiyaga katta qiziqish bilan qaray boshladi. Bu hodisa va Italiyaning Efiopiyaga hujumi Buyuk Britaniyani Turkiyaga munosabatini o‘zgartirishga majbur etdi.
1935-yilda ikki tomon ingliz-italyan nizosi kelib chiqqan taqdirda Turkiyaning Buyuk Britaniya bilan hamkorlik qilishiga kelishib oldilar. Buning evaziga hamda Sovet davlatining qo‘llab-quvvatlashi tufayli Turkiya Qora dengiz bo‘g‘ozlari (Bosfor va Dardanell) ustidan olib boriladigan xalqaro nazoratning bekor qilinishiga erishdi. 1936-yil iyulida Montryo shartnomasiga ko‘ra bo‘g‘ozlar nazorati yana Turkiya ixtiyoriga o‘tdi. Buyuk Britaniya Germaniya ta’sirining kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Turkiyaga ko‘p miqdorda harbiy texnika va qurolyarog‘ sota boshladi. Ikkinchi jahon urushi yillarida Turkiya betaraf qoldi.
Biroq bu hol uning 1941-yil 18-iyun kuni Germaniya bilan do‘stlik to‘g‘risida
shartnoma tuzishiga xalal bermadi. 1943-yilning 2-fevralida Germaniya armiyasining Stalingrad ostonalaridagi mag‘lubiyati Turkiyaning bundan keyingi siyosatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.
Chunonchi, 1944-yil avgustda Turkiya Germaniya bilan diplomatic munosabatlarini uzdi. Ayni paytda u AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya bilan yaqinlasha boshladi. Bu yaqinlashuv 1945-yilning fevralida Germaniyaga qarshi urush e’lon qilishga olib keldi. Biroq Turkiya urush harakatlarida qatnashmadi.
Eron. Bu davrda Eron amalda Buyuk Britaniya va podsho Rossiyasining yarim mustamlakasi edi. Sovet davlati 1917-yilning 3-dekabrida podsho hukumatining Eronga majburan qabul qildirgan shartnomalaridan voz kechdi. Rus qo‘shinlari evakuatsiya qilindi. Buyuk Britaniya esa 1918-yilning boshlarida Eronni butunlay ishg‘ol etishga kirishdi. Inglizlarni birinchi navbatda Eron nefti va O‘rta Osiyo paxtasi qiziqtirardi. Bundan ko‘zlangan maqsad Eronni yarim qaram holatda saqlashni davom ettirish va milliy-ozodlik harakatlarining Hindistonga tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik edi. Buyuk Britaniya 1919-yilning 9-avgustida Eron hukumatini tengsiz shartnoma imzolashga majbur etdi. Vosiq ud-davla bunga qarshilik qilolmadi. Unga ko‘ra, armiya, moliya, tashqi savdo, yo‘l qurilishi nazorati ingliz maslahatchilari qo‘liga o‘tdi.
Biroq Eron xalqi yarim mustamlaka holatiga ko‘nikmagan, albatta. 1919-yildan mamlakatda milliy-ozodlik kurashi boshlandi. Muhammad Xiyoboniy boshchiligida Tabrizda katta qo‘zg‘alon bo‘lib o‘tdi va hokimiyatni egallab, «Ozodiston»ni tuzdi. Resht shahrida G‘ilon Sovet Respublikasi tuzildi. Shunday sharoitda Buyuk Britaniya o‘ziga xayrixoh guruhlarning hokimiyatga kelishiga harakat qildi. Bunga davlat to‘ntarishini uyushtirish yo‘li bilan erishdi. 1921-yil 21-fevral kuni Rizoxon boshchiligidagi harbiylar Tehronda davlat to‘ntarishi o‘tkazdilar. Rizoxon harbiy ishlar vaziri bo‘lib qolsa-da, amalda hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. Yangi hukumat mamlakatdagi siyosiy kayfiyat ta’sirida 1919-yilgi ingliz-eron shartnomasini bekor qilishga majbur bo‘ldi. Biroq Buyuk Britaniya mavqei saqlab qolindi. Ayni paytda, yangi hukumat 1921-yilning 26-fevralida Sovet Rossiyasi bilan ham shartnoma imzoladi. Eron xalqining 1919—1922-yillardagi milliy-ozodlik harakati izsiz ketgani yo‘q. Buning natijasida Buyuk Britaniya Erondan o‘z armiyasini olib ketishga majbur bo‘ldi. Eron armiyasi va moliya tizimida ingliz maslahatchilarining ishlashi taqiqlandi. Biroq inglizlar o‘z ta’sirini saqlab qolaverdi. Lekin 1922-yildan boshlab Eron AQSH bilan yaqinlasha boshladi. 5 ta viloyatda neft qazish ishlarini ijaraga berdi. Lekin ko‘p o‘tmay bekor qilindi. Chunki ingliz-eron neft kompaniyasida ularning ta’siri kuchli edi.
1920—1922-yillarda mamlakatda markaziy hokimiyatni kuchaytirish borasida jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Chunonchi, separatchi kuchlar qarshiligi bostirildi. Turli ko‘rinishdagi qurolli kuchlar yagona armiyaga birlashtirildi. Bu o‘zgarishlar Rizoxon nomi bilan bog‘liq edi. 1923-yil oktabrida u bosh vazir lavozimini egalladi. 1925-yilning 31-oktabrida Eron parlamenti (majlis) Kojarlar sulolasi ag‘darilganligini va hokimiyat Rizoxonga topshirilganligini e’lon qildi. 12-dekabr kuni esa Rizoxon Eron shohi deb e’lon qilindi. 1929—1933-yilgi jahon iqtisodiy inqirozi davrida ishlab chiqarish 30—40 foizga tushdi, gilam narxi 75 foizga arzonlashdi. Mamlakatda qator islohotlar o‘tkazildi. «Xolisa» yerlarni sotishga ruxsat etildi. Pul solig‘i joriy etildi. Davlat yerlari ijaraga beriladigan bo‘ldi. Dunyoviy maktablar ham ochildi. 1934-yilda Tehron universiteti ochildi. 1935-yilda ayollarning paranjisiz yurishi haqida qonun chiqarildi. Yevropacha turmush tarziga ruxsat etildi. Ayni paytda shoh hokimiyati tobora kuchayib bordi. Parlament huquqi cheklandi. 1933-yilda ingliz-eron neft kompaniyasi bilan yangi shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, kompaniyaning davlatga to‘laydigan to‘lovi miqdori oshirildi. Buning evaziga Kompaniya ijara muddatini 1993-yilgacha
uzaytirib oldi. Rizoxon Sovet davlati bilan munosabatlarni tobora cheklab qo‘yish
siyosatini yuritdi. 30-yillar oxirida Eron va Sovet davlati o‘rtasidagi savdo munosabatlari to‘xtab qoldi. Ayni paytda Germaniya bilan yaqinlashuv kengaya bordi. Eron tashqi savdosining 40—45 foizi Germaniyaga to‘g‘ri keldi. Eron strategik jihatdan Germaniya uchun nihoyatda zarur edi.