Xalqaro iqtisodiy integratsiyaning mohiyati, shakllari va ob‘ektiv asoslari Xalqaro iqtisodiy integratsiya - bu turli mamlakatlar iqtisodiy aloqalarining baqarorlashib, chuqurlashib rivojlanishi, ular xo’jaliklarining chambarchas birlashishi jarayonlaridir. Integratsiya mikrodarajada va makrodarajada amal qiladi.
Xalqaro iqtisodiy integratsiyaning asosiy shakllari quyidagilar:
1. Erkin savdo hududlari - bu iqtisodiy integratsiyaing eng oddiy shakli bo’lib, uning doirasida qatnashuvchi mamlakatlar o’rtasidagi savdo cheklashlari bekor qilinadi. Erkin savdo xududlarining tashkil etilishi ichki bozorda milliy va xorijiy tovar ishlab chiqaruvchilar o’rtasidagi raqobatni kuchaytirib, bu bir tomondan, milliy ishlab chiqaruvchilarning bankrot (kasod) bo’lishi xafini ko’chaytirsa, boshqa tomondan ishlab chiqarishni takomillashtirish va yangiliklarni joriy etish uchun rag’bat yaratadi. Bunga Yevropa erkin savdo uyushmasi va MDH mamlakatlari o’rtasidagi o’zaro bitim misol bo’la oladi;
2. Bojxona ittifoqi. Iqtisodiy integratsiyaning bu shakli erkin savdo xududlarining faoliyat qilishi bilan birga yagona tashqi savdo tariflari o’rnatishni va uchinchi mamlakatga nisbatan yagona tashqi savdo (tariflari) siyosatini yuritishni taqozo qiladi. Yevropa ittifoqi (YeI) bojxona ittifoqiga yorqin misoldir;
3. To’lov ittifoqi - bu milliy valyutalarning o’zaro erkin almashuvini va hisob-kitobda yagona pul birligini amal qilishini ta‘minlaydi. Yevropa hamjamiyati, janubiy-sharqiy Osiyo va MDH mamlakatlari uchun to’lov ittifoqi pirovard maqsaddir;
4. Umumiy bozor - bu iqtisodiy integratsiyaning ancha murakkab shakli bo’lib, uning qatnashchilariga erkin o’zaro savdo va yagona tashqi savdo tarifi bilan birga kapital va ishchi kuchining erkin harakati hamda o’zaro kelishilgan iqtisodiy siyosat ta‘minlanadi. Bunga Yevropa iqtisodiy itifoq yoki Yevropa umumiy bozorini misol qilib keltirish mumkin. Bu umumiy bozorda barcha boj to’lovlari va import me‘yor (kvota)lari bekor qilinadi, boshqa mamlakatlardan Yevropa bozoriga tovarlar kirishi bir xil tartibga solinadi, pul mablag’lari va ishchi kuchining chegaradan erkin o’tishi ta‘minlanadi hamda umumiy muammolarni hal etishda yagona siyosat o’tkaziladi;
5. Iqtisodiy va valyuta ittifoqi - bu davlatlararo iqtisodiy integratsiyaning eng oliy shakli hisoblanadi. Bunda iqtisodiy integratsiyaning barcha qarab chiqilgan shakllari umumiy iqtisodiy va valyuta moliyaviy siyosat o’tkazish bilan birga uyg’unlashadi.