Kompyuter deganda dastur asosida axborotlarni katta tezlikda qayta ishlashni ta’minlovchi universal avtomatik qurilmani tushunish mumkin.
Birinchi shaxsiy kompyuter 1973-yilda Fransiyada Truong Trong Ti tomonidan ishlab chiqilgan. Avvaliga mazkur shaxsiy kompyuter elektron oʻyinchoq sifatida qabul qilindi. Bu kompyuter 1977-yilda amerikalik Stiv Jobs boshchiligidagi «Apple Computer» firmasi tomonidan mukammallashtirildi hamda dasturlarning katta majmuini tatbiq etib ommaviy ravishda ishlab chiqarila boshlandi. Shundan beri kompyuter hayotimizda mustahkam joylashib, axborotni qayta ishlashning eng zamonaviy vositasiga aylandi.
Hozirgi kunda xilma-xil zamonaviy kompyuterlar insonga xolis xizmat qilmoqda. Ularning tashqi koʻrinishlari ham turlicha. Lekin kompyuterlarni tashkil etuvchi qurilmalar (ya’ni apparatli ta’minoti) bilan yaqindan tanishsak, turli turkumdagi mashinalardagi qurilmalarda oʻxshashlik borligini koʻramiz. Har qanday kompyuterning apparatli ta’minoti asosiy va qoʻshimcha qurilmalardan tashkil topgan.
Asosiy qurilmalar kompyuter ishlashini ta’minlasa, qoʻshimcha qurilmalar kompyuterdan foydalanishda qulayliklar va qo’shimcha imkoniyatlar beradi. Kompyuterning asosiy qurilmalariga sistema bloki, monitor va klaviatura kiradi. Qoʻshimcha qurilmalarga sichqoncha manipulyatori, printer, plotter, skaner, modem, web-kamera va boshqalar misol boʻladi. Sistema bloki, asosan, g’ilof, asosiy plata (ona plata yoki sistema platasi), protsessor, xotira qurilmalari va mikrosxemalar, quvvat blokidan iborat.