Karl Marks (1818-1883y.) iqtisodiy ta’limotining umumiy tavsifi
Karl Marks klassik siyosiy iqtisodni yakunlovchilardan biri sifatida iqtisodiy ta’limotlar tarixida yorqin iz qoldirdi. U 1818 yil 5 mayda Germaniyaning Trir shahrida tug’ilgan. Uning otasi advokat, yahudiy bo’lib, 1824 yilda protestantlikni qabul qilgan. Oilasi davlatmand, madaniy oila bo’lgan. K.Marks Trir shahrida gimnaziyani tamomlagandan so’ng, dastlab Bonndagi, so’ngra Berlindagi universitetga kirdi, yuridik fanlarni, tarix va falsafani o’rgandi. 1841 yilda Epikur falsafasi to’g’risida universitet dissertatsiyasini topshirib, kursni bitirdi.
1842 yili K.Marks Bonnga ko’chib keldi va shu yilning oktyabrida «Reyn gazetasi»ning bosh muharriri bo’ldi va Bonndan Kyolnga ko’chib o’tdi. 1843 yili birdaniga bir qancha voqea sodir bo’ldi: u muharrirlik qilgan gazeta yopildi, nemis baronining qizi Jenni Fon Vestfalenga uylandi, Parijga ko’chib o’tdi.
Keyingi ikki yil (1844-1845 y.) K.Marks uchun iqtisodiy nazariyani, falsafani va ijtimoiy g’oyani chuqur o’rganishning boshlanish davri bo’ldi. U G.Geyne, P.Prudon, M.Bakuninlar bilan tanishdi, F.Engels bilan do’stlashdi.
K.Marks 1845-1848 yillari Bryusselda bo’ldi. O’sha yillari F.Engels bilan hamkorlikni davom ettirgan holda, «Nemis idealogiyasi» va «Kommunistik partiya Manifesti»ni yozdi. U 1848 yili Germaniyaga Kyoln shahriga keldi va «Yangi Reyn gazetasi»ga rahbarlik qildi. U o’zining gazetasida 1849 yili «Yollanma mehnat va kapital» asarini chop etdi. Shundan so’ng Germaniyadan surgun qilindi va boshqa bu yerga qaytib kelmadi. K.Marks avval Parijga keldi, u yerda bir oz vaqt turgandan keyin Londonga borib, umrining oxirigacha (1850-1883 y.) shu yerda yashadi. Aynan Londonda yashagan davrlarda K.Marks o’zining ko’p sonli asarlarini, jumladan, hayotining mazmunini tashkil etgan “Kapital”ni yozdi. K.Marksning iqtisodiy kontseptsiyalari asosan uning ushbu mashhur asarida berilgan. Uning bu asari to’rt tomdan iborat bo’lib, birinchi tom 1867 yili nashr etildi, ikkinchi va uchinchi tomlar K.Marks o’limidan keyin F.Engels tomonidan (ikkinchi tom 1885 yil, uchinchi tom 1894 yil) chop etildi. To’rtinchi tom tugallanmasdan qolib ketdi. Unda K.Marks siyosiy iqtisod tarixini ko’rib chiqmoqchi bo’lgan. Kapital ishlab chiqarish jarayoni «Kapital»ning birinchi tomining mazmunini tashkil etadi. Ikkinchi tomda kapitalning muomala jarayoni tadqiqot etiladi. Uchinchi tomda yaxlit olingan kapitalistik ishlab chiqarish jarayoniga tavsif beriladi. To’rtinchi tom («Qo’shimcha qiymat nazariyasi») iqtisodiy ta’limotlar tarixiga bag’ishlangan.
K.Marks «Kapital»ga yozgan so’zboshida: «Asarimning tub maqsadi hozirgi zamon jamiyati, ya’ni kapitalistik jamiyati harakatining iqtisodiy qonunini ochib berishdir»–deydi. Ushbu tarixiy jihatdan muayyan jamiyatning ishlab chiqarish munosabatlarini va bu munosabatlarning paydo bo’lishini, taraqqiy qilishini va tanazzulga yuz tutishini ko’rsatib berish K.Marks iqtisodiy ta’limotining mazmunidir. Kapitalistik jamiyatda tovar ishlab chiqarish umumiy tus olgan, shu sababli K.Marksning tadqiqoti ham tovarni tahlil qilishdan boshlanadi.
Qiymat nazariyasi. Marks ta’limotiga binoan, har bir tovarning qiymati uni ishlab chiqarishga sarflangan ijtimoiy zaruriy mehnat bilan o’lchanadi. Bir turdagi tovarni ishlab chiqarish uchun turli miqdorda mehnat sarflanadi. Buning natijasida tovarlar har xil individual qiymatga ega bo’ladi. Lekin qiymat o’zida ijtimoiy mehnatni mujassamlashtirganligi sababli, uning miqdori individual mehnat sarflari bilan emas, balki ijtimoiy zarur mehnat bilan o’lchanadi, ijtimoiy zarur ish vaqti bilan belgilanadi. «Iste’mol qiymatiga ega bo’lgan qiymat miqdori–deb yozadi K.Marks–uni ishlab chiqarish uchun kerak bo’lgan ijtimoiy zarur mehnat miqdori bilangina, ya’ni ijtimoiy zarur ish vaqti bilangina belgilanadi. Har bir ayrim tovar o’z jinsidan bo’lgan tovarlarning faqat o’rtacha nusxasi sifatida ahamiyatga egadir». Ijtimoiy zarur ish vaqti me’yoriy ishlab chiqarish sharoitida va muayyan jamiyatdagi mehnat malakasi va intensivligining darajasi o’rtacha bo’lgan sharoitda biron-bir tovar tayyorlash uchun sarflanadigan vaqtdir. Ushbu tushunchalar yordamida qiymat qonuni shakllanadi: almashuv jarayonida (ekvivalent-ekvivalentga singari) tovarlar o’zining qiymati bo’yicha ayirboshlanadi (Ularda mujassamlashgan ijtimoiy zarur ish vaqti bo’yicha). K.Marksning tasdiqlashicha, har qanday jamiyatda qiymat qonuniga amal qilmagan ayirboshlashning bo’lishi mumkin emas. Qiymat esa, yuqorida qayd qilib o’tganimizdek, ayni jamiyatda o’rtacha mehnat sarflari bilan o’lchanadi. Bu ayirboshlanadigan tovarlarni taqqoslashning yagona o’lchovi mehnat ekanligini bildiradi. Tovarlarning foydaliligi bunday umumiy o’lchov bo’la olmaydi, negaki ular miqdor jihatidan taqqoslanmaydi.
K.Marksning qiymat nazariyasining D.Rikardoning qiymat nazariyasidan farqlanishiga e’tibor berish zarur. D.Rikardo tovarlarning nisbiy qiymati to’g’risida so’z yuritadi: A va B tovarlar bir-biriga ayirboshlanadi, chunki ularni ishlab chiqarish taxminan bir xil mehnat sarflarini taqozo etadi. K.Marksda esa qiymat tovarga xos ob’ektiv Qo’shimcha qiymat nazariyasi. Qiymatni aniqlab va qiymat qonunini ta’riflab bergach, K.Marks qo’shimcha qiymatni tahlil qilishga o’tdi. Bu uning nazariyasida markaziy tushuncha hisoblanadi. Bu yerda asosiy savol tug’iladi: agar «ekvivalentli ayirboshlash» tamoyili bo’yicha barcha mahsulotlar o’z qiymatiga olinsa va sotilsa, unda qo’shimcha qiymat qanday hosil bo’ladi? Marks ta’limoti bo’yicha, u quyidagicha ishlab chiqariladi.
Tovar ishlab chiqarish taraqqiyotining ma’lum bosqichida pul kapitalga aylanadi. Tovar muomalasining formulasi T-P-T (tovar-pul tovar), ya’ni boshqa bir tovarni sotib olish uchun tovar sotishdir. Kapitalning umumiy formulasi P-T-P, ya’ni sotish uchun tovarni sotib olishdir. T-P-T mazmuni: odamlar o’rtasida har xil foydalilik ayirbosh qilinadi. P-T-P doiraviy aylanishda maqsad foyda olish hisoblanadi. Demak, P>P bo’lishi kerak. Bu o’sish qaerdan keladi? (Marks uni «qo’shimcha qiymat» deb ataydi). Qo’shimcha qiymat tovarlar muomalasida paydo bo’lmaydi, chunki tovar ekvivalentli ayirboshlanadi, qo’shimcha qiymat bahoning ustiga qo’shib sotishdan ham kelib chiqmaydi, chunki bunday bo’lganda xaridor va sotuvchilarning o’zaro yutuq va yutqiziqlari bir-birini qoplagan bo’lar edi, holbuki gap ayrim hodisa ustida emas, balki ommaviy, o’rtacha, ijtimoiy hodisa ustida boradi. Qo’shimcha qiymat olish uchun «pul egasi bozordan shunday bir tovar topish baxtiga erishmog’i kerakki, bu tovar iste’mol qiymatining o’zi qiymat manbai bo’lishdek orginal bir xususiyatga ega bo’lsin», u shunday tovar bo’lishi kerakki, bu tovarni iste’mol qilish jarayoni ayni paytda qiymat yaratish jarayoni ham bo’lsin. Bunday tovar–ishchi kuchidir. Ishchi kuchining iste’mol qilinishi mehnatdir, mehnat esa qiymat yaratadi. Pul egasi ishchi kuchini uning o’z qiymati bo’yicha sotib oladi. Ishchi kuchi tovarining qiymati ishchining va uning oilasining yashashi uchun zarur bo’lgan tirikchilik vositalari qiymati bilan belgilanadi. Ishchi o’z ishchi kuchi qiymatidan ortiqcha qiymat yaratish xususiyatiga ega. Faraz qilaylik, ishchi kun bo’yi 10 soat ishlaydi. Xolbu-ki, ishchi 5 soat mobaynida (Marks atamasi bo’yicha «zarur ish vaqtida») o’z qiymatiga teng qiymat yaratadi, keyingi 5 soat mobaynida («qo’shimcha ish vaqtida») esa qo’shimcha mahsulot yoki qo’shimcha qiymat yaratiladi. Kapitalist bu qo’shimcha qiymatni haq to’lamasdan o’zlashtirib oladi. K.Marks bo’yicha, kapitalist tomonidan qo’shimcha qiymatning o’zlashtirib olinishi mehnatning ekspluatatsiya qilinishidir. K.Marks o’zi ishlab chiqqan «formula» yordamida ushbu ekspluatatsiya darajasini, ya’ni ekspluatatsiya me’yorini ko’rsatib berdi. Qo’shimcha qiymatning ishchi kuchi qiymatiga - o’zgaruvchi kapitalga bo’lgan nisbatini (mashinalar va xom-ashyoda ifodalangan doimiy kapital esa o’z qiymatini faqat yangi mahsulotga o’tkazishi mumkin, lekin qo’shimcha qiymat yaratmaydi) u qo’shimcha qiymat me’yori deb atadi. Uning yozishicha, «qo’shimcha qiymat me’yori ishchi kuchining kapital tomonidan, yoki ishchining kapitalist tomonidan eksplutatsiya qilinish darajasining aniq ifodasidir». Qo’shimcha qiymat me’yori yangidan yaratilgan qiymatning kapitalist bilan yollanma mehnat o’rtasida qanday taqsimlanishini, shuningdek, ish kunining qancha qismida ishchi o’zi uchun va qancha qismida kapitalist uchun ishlashini ko’rsatib beradi.
Yuqorida qayd qilib o’tilganidek, ishchi «zarur ish vaqti»da o’z ishchi kuchi qiymatiga teng qiymat yaratadi, «qo’shimcha ish vaqti»da esa qo’shimcha qiymat yaratadi, ya’ni kapitalist uchun ishlaydi: kapitalist qo’shimcha ish vaqtini uzaytirishga harakat qiladi. Unga erishishning ikki yo’li mavjud: ish kunini uzaytirish va zarur ish vaqtini qisqartirish. Ish kunini mutloq uzaytirish yo’li bilan olinadigan qo’shimcha qiymatni K.Marks «absolyut qo’shimcha qiymat» deb atadi. «Absolyut qo’shimcha qiymat hosil qilish–ish kunini ishchi faqat o’z ishchi qiymatining ekvivalentini ishlab chiqara oladigan chegaradan nariga uzaytirishdan va bu qo’shimcha mehnatni kapitalning o’zlashtirib olishdan iborat».
Zarur ish vaqtini qisqartirish va shunga muvofiq qo’shimcha ish vaqtini uzaytirish yo’li bilan olinadigan qo’shimcha qiymatni K.Marks “nisbiy qo’shimcha qiymat” deb atadi. Bu yerda shu narsaga e’tibor berish kerakki, ya’ni qiymat qonuniga xilof ish qilmaslik uchun, ekvivalentli ayirboshlashning buzilmasligi uchun kapitalist ishchi kuchi qiymatiga nisbatan ish haqini kamaytirish hisobiga zarur ish vaqtini qisqartirishi mumkin emas. Ammo ishlab chiqarishni yaxshi tashkil etish va samarali texnika va texnologiyani qo’llash tufayli mehnat unumdorligini oshirish yo’li bilan bunga erishish mumkin.
Kapitalist o’z foydasini ko’paytirish maqsadida fan va texnika yutuqlaridan ishlab chiqarishda ko’proq foydalanishga harakat qiladi. Ayrim kapitalistlar tomonidan fan-texnika taraqqiyoti natijalarini amaliyotda qo’llash o’rtacha ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga olib keladi, bu esa unga foydani ko’paytirish imkonini beradi. Bu yerda «ortiqcha qo’shimcha qiymat» vujudga keladi. Ammo raqobat qonuni asosida boshqa kapitalistlar tomonidan ham yangiliklarning ishlab chiqarishda qo’llanilishi natijasida bozor bahosi pasayadi va ortiqcha qo’shimcha qiymat yo’q bo’lib ketadi. Demak, qo’shimcha qiymat ishlab chiqarish tadbirkorlarni yangi texnika va texnologiyalarni qo’llashga undaydi.xususiyatdir.hiqadi».Ish haqi. K.Marks ish haqini, klassik siyosiy iqtisod asoschilariga o’xshab, mehnat uchun to’lanadigan haq deb emas, balki ishchi kuchi uchun to’lanadigan haq deb talqin qiladi. Uning nazariyasiga muvofiq, ish haqi ishchining va uning oilasining hayot kechirishi uchun zarur bo’lgan tovarlar miqdoriga teng bo’ladi. Ish haqi darajasi mehnat unumdorligiga bog’liq bo’lib, o’z navbatida, ishlab chiqarishning mexanizatsiyalashuvi va texnologik jihatdan ta’minlanishi sababli ro’y beradi. Bu hol pirovard natijada ish haqining o’sishiga to’sqinlik qiladi, negaki texnik-iqtisodiy taraqqiyot ishchi kuchining doimiy ortiqchaligini keltirib chiqaradi. Ishchi kuchining ortiqchaligi esa, ishchilar bilan kapitalistlar o’rtasidagi munosabatda keyingisiga ustunlik beradi va ishchi kuchi o’z qiymatidan past bahoda sotiladi.
Demak, K.Marks bo’yicha, ishchi mehnatini emas, balki ishchi kuchini sotdi, bunda «haq to’lanmagan mehnat»ning (aniqlash va o’lchash mumkin bo’lgan) ish haqiga aloqasi bo’lmaydi, «haq to’lanmagan ishchi kuchi»ni esa aniqlash mumkin emas, negaki bitim (kelishuv) bir butun ishchi kuchi qimmatini ayirboshlash yuzasidan tuziladi. Kapitalist ish haqini «bitim» tuzilgandan keyin emas, balki mehnat jarayoni tugagandan keyin to’laydi. Ishchi o’z ishchi kuchining qiymatini ish haqi shaklida olishdan avval kapitalistga ma’lum miqdorda mehnat, shu jumladan, qo’shimcha mehnat ham qilishi kerak. Mehnat sarfi esa, uning nazariyasiga ko’ra, ish vaqti bilan o’lchanadi. Binobarin, ishchi kuchining ma’lum muddat davomida unumli mehnat qilishi uning qiymatiga haq to’lash sharti bo’lib qoladi.
K.Marks fikri bo’yicha, real ish haqi «hech qachon mehnat unumdorligi kuchining oshishi bilan mutanosib tarzda o’smaydi» va natijada ishchilarning kambag’allik va ma’naviy qashshoqligi kelib chiqadi. Lekin tajriba bunday qarashlarning mutloq noto’g’ri ekanligini ko’rsatib berdi. Kapitalizm nafaqat texnologiyalar darajasini takomillashtirib bordi (buni Marks tan olgan) balki ijtimoiy masalalar bo’yicha ham katta yutuqlarni qo’lga kiritdi.
Foyda va foyda me’yori. K.Marksning foyda nazariyasining o’ziga xos xususiyati shundan iboratki, daromadning bu turi, tadbirkorlarning har qanday daromadi singari, ishchi kuchini ekspluatatsiya qilish natijasida vujudga keladigan qo’shimcha qiymatning tashqi, ya’ni o’zgargan shakli hisoblanadi. Bu yerda, D.Rikardodan farqli o’laroq, gap nafaqat foyda me’yori to’g’risida, balki uning qo’shimcha qiymat me’yoridan farqi, o’ziga xosligi to’g’risida boradi. «Avanslangan butun kapitalning mahsuli bo’lib ko’ringan qo’shimcha qiymat foydaning o’zgargan shakliga kiradi».
«Kapital» I tomining mazmuniga ko’ra, korxonalarda yoki iqtisodiyot tarmoqlarida o’zgaruvchi kapital va mehnatning hissasi qancha ko’p bo’lsa, qo’shimcha qiymat miqdori shuncha ko’p bo’ladi, lekin kapitalning uzviy tuzilishi qancha yuqori bo’lsa, ya’ni korxonalarning mexanizatsiyalashuvi yoki tarmoqlarning mashina va asbob-uskunalar bilan qurollanish darajasi yuqori bo’lsa, qo’shimcha qiymat miqdori shuncha kam bo’ladi. «Kapital» III tomida esa, K.Marks «qo’shimcha qiymat me’yori» va «foyda me’yori» tushunchalarining farqini bilishni tavsiya etadi. Agar birinchisi, uning tomonidan, qo’shimcha qiymatning o’zgaruvchi kapitalga bo’lgan nisbati sifatida ko’rilsa, ikkinchisi esa (gap qo’shimcha qiymatning «o’zgargan shakli» to’g’risida borar ekan) qo’shimcha qiymatning jami kapitalga, ya’ni o’zgaruvchi va doimiy kapitalga bo’lgan nisbati sifatida qaraladi.
K.Marks ta’limotiga binoan foyda me’yori pasayishga moyil. Bunday moyillik, uningcha, Rikardo-Mill ko’rsatib berganidek, demografik omillar va tuproq unumdorligining pasayishi «qonuni» keltirib chiqaradigan hayotiy zaruriy mahsulotlar bahosining oshishi sababli emas, balki kapitalning uzviy tuzilishidagi umumiy kapitalda o’zgaruvchi kapital hissasining pasayishi tufayli kelib chiqadi.
Bundan tashqari, «qo’shimcha qiymat me’yori» va «foyda me’yori» tushunchalaridan foydalangan holda, K.Marks erkin raqobat sharoitidagi bozor iqtisodiyoti xo’jalik mexanizmi «sir-asrorlarini» yaxshi tushunganligini namoyish etdi. Masalan, qo’shimcha qiymat nazariyasi «mantig’i» bo’yicha, ish kuni qancha uzun bo’lsa, qo’shimcha qiymat massasi va ekspluatatsiya me’yori shuncha yuqori bo’lishi kerak. Lekin «qo’shimcha ish vaqtini» uzaytirish yo’li bilan qo’shimcha qiymatni ko’paytirish usulini K.Marks yaxshi va to’g’ri usul deb hisoblamaydi. «Absolyut qo’shimcha qiymat» olib keluvchi bunday usul, boshqa barcha sharoitlar bir xil bo’lganda, ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqarishi, har bir ish soati unumini pasaytirishi mumkin, ishchilar noroziligining muqarrarligi to’g’risida gapirmasa ham bo’ladi. Buning ustiga, «Kapital» muallifi, ish kunining faqat oxirgi soatida kapitalist uchun foyda yaratiladi degan N.Seniorning «oxirgi soat nazariyasini» qattiq tanqid qildi. Uning tasdiqlashicha, zaruriy ish vaqtining qisqarishiga qaramasdan, mehnat unumdorligining oshishi «nisbiy qo’shimcha qiymatni» olib kelgach, bir vaqtning o’zida qo’shimcha qiymat me’yorining pasayish tendentsiyasini kuchaytiradi.
Shunday bo’lsa-da, har bir kapitalist intuitiv tarzda foyda me’yorini ko’paytirishga intiladi. «Foyda me’yori–deb yozadi K.Marks–kapitalistik ishlab chiqarishni harakatlantiruvchi kuchdir; foyda olib ishlab chiqarish mumkin bo’lgan narsagina ishlab chiqariladi».
Foyda me’yori hamisha qo’shimcha qiymat me’yoridan kam bo’ladi. Buning sababi shundaki, uni hisoblaganda qo’shimcha qiymat butun kapitalga nisbatan olinadi, qo’shimcha qiymat me’yorini hisoblaganda esa, qo’shimcha qiymatning faqat o’zgaruvchi kapitalga bo’lgan nisbati olinadi. Chunki qo’shimcha qiymat, K.Marks ta’limotiga ko’ra, faqat o’zgaruvchi kapitalning funktsiyasi hisoblanadi.
«Yuqori uzviy tuzilishdagi» kapital (ya’ni doimiy kapitalning o’zgaruvchi kapitaldan ko’pligi o’rtacha ijtimoiy me’yordan oshiq bo’lsa) o’rtachadan kamroq foyda me’yori beradi. «Past uzviy tuzilishdagi» kapital esa o’rtachadan oshiqroq foyda me’yorini beradi. Kapital o’rtasidagi raqobat, kapitalning erkin sur’atda bir tarmoqdan ikkinchi tarmoqqa (kam foyda beradigan tarmoqdan yuqori foyda beradigan tarmoqqa) oqib o’tishi har ikki holda ham o’rtacha foyda me’yorini keltirib chiqaradi. Muayyan jamiyatdagi barcha tovarlar qiymati miqdori tovarlar bahosining miqdoriga to’g’ri keladi. Lekin ayrim vaziyatlarda tovarlar raqobat ta’siri ostida o’z qiymati bilan sotilmaydi, balki ishlab chiqarish bahosi» bilan sotiladi.
«Ishlab chiqarish bahosi sarf qilingan kapital plyus o’rtacha foydani o’z ichiga oladigan bahodir».
Renta nazariyasi. K.Marks renta to’g’risida nazariya yaratdi. Uningcha, renta yerga bo’lgan mulkchilikni amalga oshirish shaklidir. Er maydoni cheklanganligi, uning yer egalari qo’lida bo’lganligi sababli qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bahosi o’rtacha yerdagi ishlab chiqarish xarajatlariga qarab emas, balki eng yomon yerdagi ishlab chiqarish xarajatlariga qarab belgilanadi. Bu baho bilan yaxshi yerdagi (yoki eng yaxshi sharoitdagi) ishlab chiqarish bahosi o’rtasidagi farq differentsial rentani bildiradi.
K.Marks differentsial rentani tahlil qilib, bu renta ayrim yer maydonlarining hosildorligi bir-biridan farq qilganda, yerga sarf qilingan kapital miqdori bir-biridan farq qilganda hosil bo’lishini ko’rsatib berdi. Differentsial renta ikki shaklda–differentsial renta I va differentsial renta II shaklida mavjud bo’ladi. Ijtimoiy ishlab chiqarish bahosini belgilovchi eng yomon yerdagi mahsulotlarning ishlab chiqarish bahosi bilan eng yaxshi va o’rtacha yerdagi mahsulotlarning individual ishlab chiqarish bahosi o’rtasidagi tafovut differentsial yer renta I ning negizi hisoblanadi. Yerga qo’shimcha ishlov berish evaziga olinadigan renta differentsial renta II ni tashkil etadi.
K.Marks differentsial renta bilan birga absolyut rentaning ham amal qilishini ko’rsatib beradi. U absolyut rentaning paydo bo’lishini qishloq xo’jaligida kapital uzviy tuzilishining ancha past bo’lishi bilan va yerga bo’lgan xususiy mulkchilik bilan bog’lab tushuntiradi. Birinchi omil tufayli, uning fikricha, qishloq xo’jaligi mahsuloti qimmati uning «ishlab chiqarish bahosidan» hamisha ustun bo’ladi, ikkinchi omil ta’sir kuchiga ko’ra esa, foyda me’yorini o’rtacha darajaga keltiruvchi «kapital oqimi» mexanizmi qishloq xo’jaligida amal qilishi mumkin emas. Binobarin, qishloq xo’jaligi mahsulotlarining o’z ishlab chiqarish baholaridan (qo’shimcha qiymatning o’rtacha foydadan) ortiqchasi kapitalistlar o’rtasida taqsimlanmaydi (sanoatdagi kabi) balki dehqonchilikda qoladi va yer egalari tomonidan absolyut renta shaklida o’zlashtiriladi. M.Blaugning yozishicha, markscha absolyut renta nazariyasi uning qo’shimcha qimmat nazariyasi doirasidan tashqarida, qimmatning (qiymatning) bahoga aylanish zarurligi kelib chiqqan sharoitda hech qanday kuchga ega emas.
Ijtimoiy takror ishlab chiqarish chizma (sxema)si. F.Kenening «Iqtisodiy jadvaliga» yuqori baho bergan K.Marks, o’zining takror ishlab chiqarish chizma (sxema)sini ishlab chiqdi. A.Smit, J.B.Sey ijtimoiy mahsulotni daromadlarga bo’lib (moddiy sarflarni mavhumlashtirgan holda) ko’rsatgan bo’lsa, K.Marksda esa ijtimoiy mahsulot uch qismga bo’linadi: doimiy kapitalga (s) – moddiy sarflarga (amortizatsiya, xom-ashyo, yoqilg’i va boshqalar qiymati), o’zgaruvchi kapitalga (v) – ishchi kuchini sotib olishga bo’lgan sarflar va qo’shimcha qiymatga(m).
Shunday bo’lsa-da, tenglama K.Marks tizimida alohida o’rin tutadi. U iqtisodiy o’sish bir tekisda borishi mumkin emasligi, ishlab chiqarishning davriy bo’lishi to’g’risida fikr yuritishga imkon beradi.
«Kishilar o’z hayotlarida ijtimoiy jihatdan ishlab chiqarishda muayyan, zarur o’zlarining irodalariga bog’liq bo’lmagan munosabatlarda - ishlab chiqarish munosabatlarida bo’ladilar, bu munosabatlar ularning moddiy ishlab chiqaruvchi kuchlari taraqqiyotining muayyan bosqichiga muvofiq keladi. Bu ishlab chiqarish munosabatlarining yig’indisi jamiyatning iqtisodiy tuzilmasini, real bazisini tashkil etadi, yuridik va siyosiy ustqurma shu real bazis ustiga quriladi hamda ijtimoiy ongning muayyan shakllari shu bazisga muvofiq keladi. Moddiy hayotni ishlab chiqarish usuli umuman hayotning ijtimoiy, siyosiy va ruhiy jarayonlariga sababchi bo’ladi. Kishilarning ongi ularning borlig’ini belgilamaydi, balki aksincha ularning ijtimoiy borlig’i ularning ongini belgilaydi. Jamiyatning moddiy ishlab chiqaruvchi kuchlari o’z taraqqiyotining ma’lum bosqichida mavjud ishlab chiqarish munosabatlariga yoki–buning yuridik ifodasigina bo’lgan–mulkchilik munosabatlariga zid bo’lib qoladi; ular shu paytgacha mazkur munosabatlar bag’rida rivojlanib kelgan edi. Bu munosabatlar ishlab chiqaruvchi kuchlarining rivojlanish shakllaridan ularning kishaniga aylanadi. Ana shu vaqtda ijtimoiy inqilob davri boshlanadi. Iqtisodiy asos o’zgarishi bilan butun bir g’oyat katta ustqurmada ham ozmi-ko’pmi tezlik bilan tub o’zgarish yuz beradi… Ayrim odam haqida uning o’zi to’g’risidagi fikriga qarab xulosa chiqarish mumkin bo’lmagani singari, bunday o’zgarish davri to’g’risida ham shu davrning ongiga qarab hukm chiqarish mumkin emas. Aksincha, bu ongning sababini moddiy hayot ziddiyatlaridan, ijtimoiy ishlab chiqaruvchi kuchlar bilan ishlab chiqarish munosabatlari o’rtasida bo’ladigan ixtiloflardan topmoq kerak… Burjua ishlab chiqarish munosabatlari ijtimoiy ishlab chiqarish jarayonining so’nggi antagonistik shakli hisoblanadi,… lekin burjua jamiyatning bag’rida rivojlanayotgan ishlab chiqaruvchi kuchlari shu bilan birga bu antagonizmni yechish uchun moddiy sharoit yaratadi».
Demak, K.Marksning nazariy kontseptsiyasida ishlab chiqarish shakli o’zining maxsus xususiyatiga, o’zining ichki mantig’iga ega. Ishlab chiqarishning rivojlanishi bilan yangi munosabatlar kelib chiqadi. Ishlab chiqarish munosabatlari yig’indisi jamiyatning moddiy bazisini tashkil etadi, unga jamiyat ustqurmasi: huquq, idealogiya, siyosat, din va boshqalar bog’liq bo’ladi. Huquq, siyosat, din bazis tomonidan boshqarilib turiladi. Ishlab chiqarish omillari yig’indisi jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlarini tashkil etadi. Industrial tizimi ishlab chiqaruvchi kuchlarining muhim elementi deb K.Marks ishlab chiqarish vositalarini, eng avvalo, mehnat qurollarini, mashina va asbob uskunalarni hisoblagan. Jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlarining rivojlanishi (ya’ni hozirgi zamon tushunchasida iqtisodiy o’sish) ishlab chiqarish munosabatlarining (yoki ijtimoiy-iqtisodiy tuzumning) takomillashuvini taqozo etadi. U, o’z navbatida, ishlab chiqaruvchi kuchlarining rivojlanishiga faol aks ta’sir ko’rsatadi, iqtisodiy o’sishiga imkon berishi yoki to’sqinlik qilishi mumkin. Ijtimoiy organizmning ikki tomoni o’rtasidagi o’zaro aloqa juda murakkab, ko’p qirrali va ziddiyatlidir. Iqtisodiyot yagona aniqlovchi omil hisoblanmaydi.
Jamiyatda amal qiluvchi ijtimoiy qonunlar ishlab chiqaruvchi kuchlar bilan ishlab chiqarish munosabatlari o’rtasidagi hamda ideologik va siyosiy ustqurma bilan bazis o’rtasidagi muvofiqlik tamoyilni ifodalab beradi. Bunday muvofiqlik tamoyilning amal qilishi iqtisodiy o’sishga olib keladi, ishlab chiqarish munosabatlarining iqtisodiy o’sishiga to’sqinlik qilishi esa bunday tamoyilning buzilganligini bildiradi. Shu bois, K.Marks fikricha, ular ijtimoiy taraqqiyot dialektikasiga muvofiq o’z o’rnini boshqa progressiv ishlab chiqarish munosabatlariga bo’shatib berishi kerak. Ijtimoiy formatsiyalar nazariyasi. K.Marksning asosiy ilmiy yutuqlaridan biri shundan iboratki, u ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar, ularni tashkil etuvchi elementlar, formatsiyalarning almashuv sabablari to’g’risida ta’limot yaratdi. U uch yirik (ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyani) ijtimoiy taraqqiyot bosqichini ko’rsatib berdi.
1. Arxaik (birlamchi) formatsiya: sinfiy jamiyatgacha bo’lgan jamoa.
2. Iqtisodiy (ikkilamchi) formatsiya: sinfiy jamiyat; xususiy mulkchilikka asoslangan antik, feodal va kapitalistik ishlab chiqarish usuli.
3. Kommunistik formatsiya: kishining kishi tomonidan zulm va ekspluatatsiya qilinishi muammosini hal qiluvchi sinfsiz jamiyat.
K.Marks ta’limotiga ko’ra, bir formatsiyadan ikkinchisiga o’tish ijtimoiy inqilob orqali amalga oshadi, ya’ni «kapitalizm qobig’i portlaydi», eski ishlab chiqarish munosabatlari yemirilib, ijtimoiy tizimning yangi iqtisodiy bazisi shakllanadi.
Agar industrial jamiyatning dastlabki bosqichlarida kapitalistik munosabatlar iqtisodiy o’sishni rag’batlantirsa, keyinchalik bu munosabatlar iqtisodiy o’sishning «kishaniga» aylanadi, zamon talabiga javob bera olmaydi. Uning nazariyasiga ko’ra kapitalizm halokatga yuz tutadi. Chunki u o’zining ichki ziddiyatlarini yechishga qodir emas. Uningcha, kapitalizm o’rniga dolzarb muammolarni yecha oladigan, sanoat tsivilizatsiyasi yutuqlaridan unumli foydalanish imkonini beradigan yangi, ancha takomillashgan jamiyat kelishi kerak. K.Marks ortiqcha ishlab chiqarish, ishsizlik va kambag’allikni stixiyali bozor iqtisodiyotining muqarrar hamrohi hisoblangan bo’lsa, kelajakda bo’ladigan ancha takomillashgan iqtisodiyot esa, ijtimoiylik asosida tashkil etilgan bo’lishi, yagona reja bo’yicha ishlashi kerak. Uning tasdiqlashicha, bunday jamiyatda «oldindan ongli tarzda tuzilgan reja bo’yicha ijtimoiy ishlab chiqarishni amalga oshirish uchun imkon tug’iladi».
Ammo K.Marksning sinfsiz jamiyat ideallari tantanasiga bo’lgan qat’iy ishonchi, eng avvalo, klassik iqtisodiy maktabning sinflar nazariyasiga asoslanadi. U o’zini klassiklarning davomchisi hisoblagan holda, haqiqatan ham, iqtisodiy o’sish muammosi bilan, xususan, farovonlikning va daromadlarning o’sishi hamda daromadlarning mehnat, kapital va yer egalari o’rtasida, ya’ni sinflar o’rtasida taqsimlanish muammosi bilan shug’ullandi. Lekin uning sinflar nazariyasidagi markaziy g’oya sinfiy kurash hisoblanadi. «Hozirga qadar o’tgan hamma jamiyatlar tarixi–deb yozadi K.Marks–sinflar kurashi tarixidir. Hur va qul, patritsiy va plebey, pomeshchik va krepostnoy, usta va xalfa, qisqasi, zolim va mazlum o’rtasida doim antagonizm bo’lib keldi; ular har doim goh yashirin, goh ochiq bir-biriga qarshi kurash olib bordi. Bu kurash har safar butun jamiyatni inqilob asosda boshqatdan qurish bilan yoxud kurashuvchi sinflarning umumiy halokati bilan tugadi». Markscha, o’zining kuchayib borayotgan ziddiyatlari bilan kapitalistik jamiyat ham istisno hisoblanmaydi: turmush darajasi muttasil pasayib borayotgan sanoat ishchilari sinfi kapitalizm «go’rkoviga» aylanib boradi. K.Marksning bashorati to’g’ri chiqmaganligini hayotning o’zi ko’rsatdi. Kapitalizm yangi real hayotga moslasha bildi va ancha yuqori iqtisodiy o’sishni ta’minlay oldi. Umumiy xulosa qilib shuni aytish mumkinki, J.S.Mill va K.Marks ijodi U.Pettidan boshlangan klassik iqtisodiy maktabning yakunlanganligini bildiradi. Mazkur maktabning asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:
1. Inson faqat o’z foydasiga, o’z ahvolini yaxshilashga intiluvchi kishi sifatida ko’riladi.
2. Iqtisodiy bitimda ishtirok etuvchi barcha tomonlar qonun oldida ham, shuningdek, uzoqni ko’zlab ish yuritishda ham erkin va barobar.
3. Har bir iqtisodiy sub’ekt har qanday bozordagi baho, foyda, ish haqi va renta to’g’risida to’liq ma’lumotga ega.
4. Bozor resurslarning to’la harakatini ta’minlaydi: mehnat va kapital bir zumda kerakli joyga oqib o’tishi mumkin.
5. Ish haqi bo’yicha ishchilar sonining elastikligi birdan kam emas. Boshqacha qilib aytganda, ish haqining har qanday oshishi ishchi kuchi sonining ko’payishiga olib keladi, ish haqining har qanday kamayishi esa, ishchi kuchi sonining kamayishiga olib keladi.
6. Kapitalistning birdan bir maqsadi kapitaldan keladigan foydani maksimallashtirish hisoblanadi.
7. Mehnat bozorida pulli ish haqi mutloq moslashuvchan bo’ladi (uning miqdori faqat talab va taklif nisbati bilan aniqlanadi).
8. Boylikni ko’paytirishning asosiy omili kapital jamg’arilishi hisoblanadi.
9. Raqobat takomillashgan bo’lishi, iqtisodiyot esa davlatning haddan tashqari aralashuvidan erkin bo’lmog’i kerak. Bunday sharoitda «ko’rinmas qo’l» resurslarning optimal taqsimlanishini ta’minlaydi.
10. Kapitalizm o’rniga dolzarb muammolarni yechib berishga, sanoat tsivilizatsiyasi yutuqlarini eng yaxshi shaklda realizatsiya qilishga imkon beruvchi jamiyat keladi.
Dostları ilə paylaş: |