A.Sen-Simon, Sh.Fure va R.Ouen iqtisodiy qarashlari Fransiyada burjua inqilobidan keyin kapitalizm yana tez rivojlandi. Jamiyat oldida doimiy ravishda ko‘ndalang bo‘lib qolgan yangi savollarga fransuz mutafakkiri Sen-Simon birinchi bo‘lib javob berishga urindi.
Anri Klod de Rebrua Sen-Simon (1760-1825 y.) Fransiya xayoliy sotsializmining namoyandasi bo‘lib, 1789-1794 yillardagi fransuz inqilobi bilan zamondosh edi. U aristokratlar oilasidan kelib chiqqan bo‘lib, quyidagi mashhur asarlarning muallifidir: «Sanoat sistemasi haqida”, «Inson haqidagi fan ocherklari”, «Sanoat yoki siyosiy, maʼnaviy va falsafiy mulohazalar”, «Yangi xristianlik” va boshqalar.
Sen-Simon maxsus iqtisodiy tadqiqotlarni amalga oshirmadi, balki asosiy eʼtiborni ijtimoiy muammolarga qaratdi. U butun yaxshi jamiyat to‘g‘risidagi umidini aql-idrokka, maʼrifatga bog‘ladi; u insonning aql-idrokini tarixiy jarayonning to‘la hokimi va rahbari sifatida bildi, jamiyatni yaxshi tarzda qayta qurish yo‘llarini tashviqot qilishni esa o‘z taʼlimoti amalga oshirilishining bosh vositasi deb hisobladi.
Fransuz maʼrifatparvarlaridan farq qilib, Sen-Simon ishlab chiqarishdagi inson faoliyati, mulkchilik formalari kabi iqtisodiy faktorlarga katta baho berdi. U «Ilk davr”, «Qulchilik”, «O‘rta asrlar”, «Hozirgi davr” va «Oltin asr”larni alohida ajratib, ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalarni ko‘rsatib o‘tdi. «Hozirgi davr” (yaʼni XIX asrning ikkinchi yarmi) o‘tish davri deb belgilanib, «...bu davrda, deb yozadi Sen-Simon, olimlar, tadbirkorlar va ishchilardan iborat sanoatchilar shakllanadi, ular qirol hukumati bilan birgalikda odil jamiyatni barpo etishlari kerak, bu esa o‘z navbatida «Oltin asr”ga kirib kelishni taʼminlaydi.»
Sen-Simon o‘zining tarixiy konsepsiyasidan kelib chiqib, hozirgi davrni o‘rganib borish uchun o‘tgan davrga nazar tashlash kerakligini aytib, «har bir alohida olingan davr mulohazasida juda yuzaki, hatto noto‘g‘ri xulosalarni beradi, so‘nib borayotgan o‘tmish qoldiqlari tug‘ilib kelayotgan kelajak bilan qorishtirib yuboriladi”, deb ko‘rsatadi. Tarixiyligiga qaramay Sen-Simonning jamiyatning rivojlanish konsepsiyasi idelistik edi, chunki uning asosini fan taraqqiyoti, ong va g‘oyalar ravnaqi tashkil etardi. Lekin uning idealistik tarixiy konsepsiyasida ayrim materialistik fikrlar ham yo‘q emas. Jumladan, Sen-Simon shaharlar, sanoat va savdoning rivojlanishi burjuaziyaning shakllanishiga sabab bo‘lganligini, iqtisodiy holat esa, mulkchilikka tobeʼ bo‘lgan, o‘ziga xos ijtimoiy-tarixiy formalarni vujudga keltirishini aytib o‘tadi. «Hokimiyat va boshqaruvni belgilovchi qonun ham - deb yozadi u, - mehnat farovonligini to‘liq taʼminlay oladigan mulkchilik va undan foydalanishni belgilovchi qonundek katta ahamiyatga ega emas” (Haqiqatdan ham, hozirgi vaqtda respublikamiz va qo‘shni mustaqil respublikalar iqtisodiy taraqqiyotida mulkchilik va mulkchilik formalari haqida qabul qilingan qonunlar ahamiyati kattaligini eslang).