Mavzu: Korxona yangilik ishlab chiqishni tashkiliy texnologik tayyorligining asoslari
Reja:
1. Korxona yangilik ishlab chiqishning tashkiliy texnik asoslari.
2. Tabiiy omil.
3. Mehnat omili.
4. Korxona ishlab chiqarishning ilmiy-texnikaviy darajasi.
5. Ishlab chiqarishni boshqarish. Menejment.
Ishlab chiqarishning moddiy mazmunini mehnat jarayoni tashkil etadi. Mehnat jarayonida inson o`zining maqsadiga muvofiq ongli faoliyati orqali (bu mehnat deb ataladi) tabiat moddalari yoki ashyolarni jamiyat ehtiyojlarini qondirish uchun zarur mahsulotlarga (yoki xizmatlarga) aylantiradi. Mehnatni amalga oshirish uchun inson muayyan jismoniy va aqliy qobiliyatlarga, bilim, malaka va ko`nikmalarga ega bo`lishi lozim. Insonning mehnat qila olish qobiliyati ishchi kuchi deb ataladi. Mehnat insonning ajralmas xususiyati bo`lganligi uchun nazariyada va amaliyotda mehnat qilish qobiliyatiga ega bo`lgan kishilar yig`indisini mehnat resurslari deb yuritiladi. Mehnat resurslari ishlab chiqarishning shaxsiy omili yoki inson omilini tashkil etadi.
Mehnat jarayonida foydalaniladigan vositalar (birlamchi tabiat moddalari va qayta ishlangan tabiat moddalari) hamda mehnat jarayonini amalga oshirish uchun zarur bo`lgan moddiy shart-sharoitlar ishlab chiqarishning buyumlashgan yoki moddiy omilini tashkil etadi. Birlamchi tabiat moddalari ishlab chiqarish jarayonini amalga oshirishda eng birinchi moddiy manba bo`lib xizmat qiladi. Biroq, ishlab chiqarish rivojlana borishi bilan kishilar tabiat moddalariga bir marta ishlov berish bilan kifoyalanmasdan, ularga qayta va qayta ishlov beradilar. Ishlab chiqarishning tabiat tomonidan yaratilgan shart-sharoitlariga qo`shimcha ravishda kishilar mehnati bilan ham ishlab chiqarishning yanada mukammalroq moddiy shart-sharoitlari vujudga keltiriladi. Ishlab chiqarish moddiy omilini ta`riflash uchun hozirgi zamon nazariyachilari ishlab chiqarish vositalari tushunchasidan foydalanadilar (ko`p hollarda “kapital” atamasi ham qo`llaniladi).
Ishlab chiqarish vositalari mehnat buyumlaridan va mehnat vositalaridan iborat. Mehnat buyumlariga ishlab chiqarish jarayonida ishlov beriladi. Ular ilgari inson mehnati ta`sirida bo`lmagan tabiiy resurslardan yoki inson mehnati natijasi bo`lgan moddiy ashyolardan iborat bo`lishi mumkin. Mehnat vositalari esa mehnat qurollariga (ishlab chiqarish qurollariga) va mehnatning moddiy sharoitlari bo`lib xizmat qiluvchi vositalarga bo`linadi. Mehnat qurollari albatta inson mehnati bilan yaratiladi.
Hozirgi zamon iqtisod fani ishlab chiqarish omili deb ishlab chiqarish natijalarini belgilab beruvchi ob`ektlar, elementlar yoki shart-sharoitlarni tushunadi. Ishlab chiqarish omillari to`rt asosiy guruhga bo`lingan holda tahlil qilinadi: yer, kapital, mehnat va tadbirkorlik qobiliyati.
Yer tabiiy omil sifatida qaraladi. U inson faoliyatining mahsuli emas, balki tabiatning in`omidir. Omillarning yer deb nomlanadigan guruhiga barcha tabiiy boyliklar, foydali qazilmalar konlari, ishlov berilayotgan yerlar, o`rmonlar kiradi.
Kapital ishlab chiqarishning omili sifatida tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarishda foydalaniladigan ne`matlarning yig`indisidan iboratdir. Ularga asbob-uskunalar, mashinalar, binolar, omborlar, transport kommunikatsiyalari, aloqa vositalari va boshqalar kiradi. Keng ma`noda olib qaralganda, moddiy kapital tushunchasi o`z tarkibiga xomashyo va materiallarni ham olsa-da, tadqiqotchilar kapital tushunchasini ishlab chiqarishda ko`p marta ishga solinadigan moddiy elementlar bilan cheklaydilar. Fanda tadbirkorlik faoliyatida ishga solinayotgan pul mablag`lari ham kapital deb ataladi. Nazariy ma`noda esa pul to`g`ridan-to`g`ri ishlab chiqarishda uning omili sifatida ishtirok eta olmaydi. Shuning uchun nazariy ma`noda qo`llanayotgan kapital tushunchasini pul mablag`larini ham o`z ichiga oladigan amaliy xo`jalik faoliyatidagi kapital tushunchasidan farqlash uchun moddiy kapital atamasidan foydalanadilar. Moddiy kapitalning texnik holati va darajasi ishlab chiqarish samaradorligiga juda kuchli ta`sir etadi va uning samaradorligini belgilab beradi.
Tovar va xizmatlarni yaratishda ishga solinadigan insonning aqliy va jismoniy qobiliyatlari mehnat omilini tashkil etadi. Qobiliyatlar yig`indisi xodimning ma`lumot darajasi, kasbiy ta`lim egallaganligi, ko`nikmalari, jismoniy salohiyati va boshqa xususiyatlari bilan belgilanadi, Bularning hammasi zamonaviy fanda inson kapitali tushunchasi bilan ifodalanadi. Xodimning yuqori malakasiga, yuksak mehnat qobiliyatiga erishish uchun uni o`qitish va tarbiyalash lozim. Demak, mehnat omilini yaratish uchun ham moddiy kapital talab etiladi. Xodimni tayyorlash uchun yo`naltirilgan xarajatlarning natijasi sifatida mujassamlashgan shaxslar inson kapitali bo`lib maydonga chiqadilar. Inson kapitaliga investitsion qo`yilmalar hozirgi paytda eng samarali va o`zini eng tez oqlaydigan qo`yilmalar hisoblanadi.
Tadbirkorlik qobiliyati ishlab chiqarishning o`ziga xos omili bo`lib, insonning ishlab chiqarishning boshqa omillarini muayyan kombinatsiyalarda va usullarda birlashtira olish qobiliyatini bildiradi. Bu qobiliyat tadbirkorda mujassamlashadi hamda inson kapitalining alohida turidir. Tadbirkorlik qobiliyati insonda o`z-o`zidan paydo bo`la olmaydi, u insonga tadbirkorlik uchun zarur bilimlar va ko`nikmalarni singdirish yo`li bilan hosil qilinadi. Tadbirkorlik faoliyati insonning shaxsiy fazilatlariga ham bog`liq, chunki ishlab chiqarishni tashkil etishda tadbirkorlik, topqirlik va oqilona tavvakkalchilik talab etiladi. O`z mazmuniga ko`ra tadbirkorlik faoliyati inson mehnatining o`ta yuqori malaka talab etuvchi turidir. Tadbirkorlik faoliyatining ishlab chiqarish omili sifatidagi ahamiyati, ayniqsa, bozor munosabatlari sharoitida ortadi. Chunki bozor sharoitida ishlab chiqarish kuchli raqobat mavjud bo`lgan vaziyatda olib boriladi, tijorat tavakkalchiligi asosida mahsulot yangi turlarini ishlab chiqarishga, yangi texnologiyalardan foydalanishga, resurslarni raqobat orqali qo`lga kiritishga to`g`ri keladi.
Shuni ham aytib o`tish joizki, hozirgi vaqtda yuqorida sanab o`tilgan an`anaviy omillar bilan bir qatorda axborot olish va ekologik omillar ham ishlab chiqarishni oqilona tashkil qilish va uning yuqori samaradorligini ta`minlashning muhim shartlaridan biri sifatida tobora yuksak ahamiyat kasb etmoqda.
Ishlab chiqarish jarayoni barcha omillarni ishga solinib, amalga oshiriladi. Muayyan buyumni yoki xizmatni ishlab chiqarish uchun er, mehnat va kapitalning biron-bir kombinatsiyasi zarur bo`ladi. Bu omillar bir-biri bilan bog`liq holda ishga tushadi va bir-birini to`ldirib turadi. Masalan, gazlama to`qish uchun huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan firma tashkil etish, er maydonini ijaraga olish, bu maydonda binolar va texnikani (kapitalni) joylashtirish, xodimlar va menejerlarni yollash zarur bo`ladi. Agar biror omil ishlab chiqarishga jalb etilmay qolsa, ishlab chiqarish jarayoni sodir bo`lmaydi. Ishlab chiqarish omillarining bu xususiyati ularning bir-birini to`ldirishi deb ataladi.
Shu bilan birga, ishlab chiqarish omillari ma`lum chegaralarda bir-birining o`rnini bosishi ham mumkin. Muayyan hajmdagi tovarni ishlab chiqarishga yuqorida ko`rsatib o`tilgan omillarning turli-tuman nisbatlarda bir-biriga qo`shilishi natijasida erishilishi mumkin. Omillarning bu xildagi o`zaro o`rinbosarligi iqtisodiyotning ko`plab sohalari uchun xos. Tadbirkor ishlab chiqarish texnologiyasini tanlashda muayyan resurslarning kamyobligini e`tiborga oladi va shu resurslar o`rniga boshqalaridan foydalanishga intiladi.
Ishlab chiqarish jarayoni har doim u yoki bu darajada tabiiy resurslardan foydalanishga asoslangan. Keng ma`noda jamiyat va inson tabiatning ajralmas qismidir va tabiatdan tashqarida o`z faoliyatini olib bora olmaydi. Tabiiy resurslar ishlab chiqarishning muqarrar sharti sifatida uning o`sishi uchun tabiiy negiz bo`lib xizmat qiladi. Ular, shuningdek, jamiyat milliy boyligini yaratishning muhim manbaidir. Ingliz iqtisodchisi U.Petti: "Mehnat-boylikning otasi, yer esa uning onasi", – degan edi.
Yer har qanday jamiyat, har qanday mamlakatning beqiyos boyligidir. U bitmas-tuganmas xazina bo`lib, kelgusi avlodlarga ham qoladigan asosiy merosdir. Shuningdek, yer qishloq xo`jaligining asosiy ishlab chiqarish vositasi hamdir. Yerga ikki jihatdan, birinchidan, hudud, ikkinchidan, tirikchilik manbai, o`simlik va hayvonot dunyosi hayoti uchun zarur bo`lgan tuproq, inson uchun oziq-ovqat, sanoat uchun xomashyo etishtirib beradigan ekin maydonlari sifatida qarash lozim.
O`zbekistonning yer resurslari xilma-xil. Qizilqum va boshqa cho`llarda cho`l-qum tuproqlari katta maydonni egallaydi. Bunday tuproqlar asosan qumdan iborat bo`lib, zich qatlam hosil qilmaydi, chirindi (gumus) qismi 1 foizga ham etmaydi. O`zbekistonning tekislik qismidagi cho`l zonasida sur-qo`ng`ir, cho`l-qum, taqir tuproqli yerlar uchraydi.
Respublikamiz umumiy yer maydonining 5 million gektardan ortiqrog`i dehqonchilikda foydalaniladi. Bu asosan sug`oriladigan va lalmi yerlardir. Qolgan qismi yaylov va ozroq qismi tog` va o`rmonlardan iborat.
Sug`oriladigan yerlarning katta qismi Farg`ona va Zarafshon vodiylari va Amudaryoning quyi oqimini egallagan. Lalmi erlarninng katta maydonlari Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent va Jizzax viloyatlarida joylashgan.
O`zbekistonning suv resurslari daryolar, sel oqimi, kanallar, ko`l va suv omborlaridagi suvlardan tarkib topadi. Uning asosiy manbai daryolar bo`lib, O`zbekistonning bosh suv o`zanlari Amudaryo va Sirdaryo hisoblanadi. Ikkala daryoninng suvi ham respublika hududidan tashqarida hosil bo`ladi. Ulardan tashqari yirik daryolar jumlasiga kiruvchi Norin, Qoradaryo, So`x, Chirchiq, Zarafshon, Surxondaryo, Qashqadaryo va Sheroboddaryolar ham mavjuddir. Bu daryolarning ko`pchiligi o`zlarining o`rta va quyi oqimlari bo`yicha O`zbekiston hududidan o`tadi. O`zbekistonda hammasi bo`lib 50 ga yaqin daryo bo`lib, ulardan 10 tasining uzunligi 150 km dan oshadi. O`zbekistonning tog` va tog` oldi rayonlarida sel oqimi (toshqini) ko`plab uchraydi. O`zbekistonda suv xavfi kuchliroq rayon Farg`ona vodiysi hisoblanadi. Bu erda har yili, ba`zan yiliga bir necha marta sel bo`ladi. Ko`pchilik sel toshqinlari aprel va may oylariga to`g`ri keladi. Chunki bu oylarda tog`da juda ko`p yog`in-sochin bo`ladi. Sel oqimi har yili minglab gektar ekin maydonlarini vayron etadi. Shuning uchun ham tashqi xavf kuchli tog` oldi rayonlarida sel oqimini ushlab qoladigan qurilmalar (suv omborlari) qurilgan. Hosil bo`lgan suv zahiralaridan keyinchalik ekinlarni, ayrim yaylov maydonlarini sug`orishda foydalaniladi.
Ishlab chiqarishni amalga oshirish uchun yerdan, yer osti boyliklaridan, o`rmonlardan, suvdan va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish lozim. Mamlakatdagi xo`jalik yuritish tizimi ulardan oqilona va ehtiyotkorlik bilan, tejab-tergab foydalanish uchun imkoniyat yaratishi va ishlab chiqarish ishtirokchilarini shunday ish olib borishga undashi lozim. Tabiiy resurslarni saqlash va ko`paytirishdan butun jamiyat manfaatdordir.
Tabiiy resurslarning bir qismini, avvalo, foydali qazilma konlarini qayta hosil qilib, tiklab bo`lmaydi. Ular yer ostidan qazib chiqarilgan sari tugab boradi. Boshqa tabiiy boyliklarni: tuproq, suv, o`rmonlar, hayvonot dunyosini tiklash uchun ko`plab mablag` sarflash talab qilinadi (masalan, tuproqqa o`g`it solinadi, yer tekislanadi, chiqindilardan va zararli moddalardan tozalanadi, suv resurslarini tiklash uchun ishlatilgan suv tozalanadi, o`rmonlarni tiklash uchun ko`chat o`tqaziladi va h.k). Demokratiya tamoyillariga asoslangan jamiyatda tabiatni muhofaza qilish barchaning ijtimoiy burchiga aylanadi. Tabiiy resurslardan, jumladan, yerdan noshudlik bilan, tabiatga zarar yetkazgan holda foydalanish o`z mazmuniga ko`ra jamiyat boyligini nobud qilishdir, chunki bu ijtimoiy ishlab chiqarish o`sishining moddiy negiziga putur yetkazadi.
Iqtisodchilar tabiiy resurslarni ikki toifaga ajratadilar. Bular haq to`lab o`zlashtirib olinadigan va tekinga o`zlashtirilib olinadigan resurslardir. Tabiiy resurslar haq to`lab o`zlashtirib olinganda, firma yoki resursning iste`molchisi uning samarasini to`la ravishda o`zi o`zlashtiradi. Bozor iqtisodiyoti mamlakatlarida haq to`lab o`zlashtiriladigan tabiiy resurslar qatoriga birinchi navbatda er kiradi. Erni haq to`lab qo`lga kiritgan fermer unda etishtirilgan g`alla yoki paxtani to`la ravishda erkin tasarruf qiladi. Foydali qazilmalar (neft va gaz konlari)ning egalari qazib olingan mahsulotni yoki konning o`zini sotishlari mumkin. Tabiiy resurslar haq to`lab o`zlashtirilganda, raqobatli bozor sharoitlarida ulardan samarali, tejab-tergab foydalanishga erishiladi.
Tabiiy resurslarning ikkinchi toifasini, hatto, bozor munosabatlari to`la qaror topgan iqtisodiyotda ham, yuqorida aytib o`tilganidek, tekinga o`zlashtirib olinadigan resurslar tashkil etadi. Bu resurslardan foydalanish jarayonida jamiyat uchun muayyan muammolar yuzaga kelishi mumkin. Gap shundaki, mazkur resurslar alohida firma yoki shaxslar uchun tekin resurslar bo`lib maydonga chiqadi, lekin ular butun jamiyat uchun bepul emas. Haq to`lab o`zlashtiriladigan resurslar qo`lga kiritilishida resurs egasining mazkur resursga oid xarajatlari qoplab boriladi. Tekin o`zlashtiriladigan resurslar bo`yicha esa bunday bo`lmaydi va natijada tashqi oqibat (samara) yoki qo`shimcha oqibat deb ataladigan hodisa yuz beradi. Masalan, havoga zaharli gazlar chiqarilishi aholi salomatligiga zarar etkazadi. Bunga yo`l qo`ygan firma tabiiy resurs-havodan tekinga foydalanadi va ayni paytda iqtisodiyotning boshqa sub`ektlarining bundan ko`rayotgan zararini qoplab bermaydi. Yoki oqar suvlarga zaharli chiqindilar tashlanganda, daryo yoki soy ifloslanadi, baliqlar nobud bo`ladi, boshqa kishilarning suvdan foydalanish imkoniyatlari qisqaradi. Ko`rinib turibdiki, tabiiy resurslardan bepul foydalanish natijasida kelib chiqayotgan tashqi oqibat asosan salbiy xarakterda bo`ladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida salbiy tashqi oqibatli tovarlar ko`proq, ijobiy tashqi oqibatli tovarlar esa kamroq ishlab chiqariladi.
Pol Samuelson va Villyam Nordxaus ta`kidlashlaricha, AQShda tabiiy resurslardan foydalanishga asoslangan ishlab chiqarishning iqtisodiyotdagi ulushi 1987 yilda 4 foizni tashkil etgan. Bozor orqali qo`lga kiritiladigan tabiiy resurslarning to`rtdan uch qismidan fermer xo`jaliklari va neft-gaz sanoatida foydalanganlar.
O`zbekiston iqtisodiyotining xomashyo va agrar xarakteri tufayli tabiiy resurslardan foydalanishga asoslangan tarmoqlar ulushi juda yuqori. Xususan, hozircha qishloq xo`jaligi iqtisodiyotimizning yetakchi tarmog`i ekanligicha qolmoqda. Aholi farovonligi va mamlakatning eksport imkoniyatlari ko`p jihatdan mana shu tarmoqdagi ahvolga bog`liq.
Qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslardan samarali foydalanish mamlakat uchun alohida ahamiyatga ega. Odatda, bu resurslar iqtisodiy o`sishni va aholi farovonligini ta`minlashda muhim o`rin tutadi. Biroq, ayovsiz foydalanish natijasida ular bir kun tugashi va ularning o`rnini bosa oladigan resurslarni topish juda ham qiyinlashib qolishi mumkin.
Ba`zi iqtisodchilar qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslarga texnika taraqqiyoti natijasida maqbul o`rinbosarlar topilishi muqarrar, deb hisoblaydilar. Masalan, neftdan olinadigan suyuq yoqilg`i o`rniga ko`mirdan olinishi mumkin bo`lgan suyuq yoqilg`i kelishi mumkin. Uglevodorod qazilma boyliklar ishlatib bo`lingach, quyosh energiyasiga yoki atom energiyasiga, hatto, termoyadro energiyasiga o`tilishi mumkin. Energiyaning oxirgi uch manbalari tugalmas xarakterdadir.
Shu bilan birga hozirgi paytda iqtisodiyotda va ijtimoiy hayotda atrof- muhitni muhofaza qilish tarafdorlarining qarashlari tobora ustun mavqega ega bo`lib bormoqda. Ularning fikricha, iqtisodiy o`sishning zarur darajasini saqlab turish uchun energiya va boshqa tabiiy resurslarni, shu jumladan, aholi joylashmagan hududlar va asriy o`rmonlarni ijtimoiy kapitalning alohida ko`rinishi sifatida asrash lozim. Hozirgi avlod kelajak avlodlarga imkoni boricha kapital aktivlarning ko`proq zahirasini qoldirishi zarur. Bu aktivlar faqat yuksak texnologiyali korxonalar, laboratoriyalar, kutubxonalar va inson kapitalidangina iborat bo`lmay, balki tabiiy resurslarni ham o`z ichiga olishi darkor.
Ishlab chiqarish jarayonida ishlab chiqarish vositalari bilan bir qatorda insonning mehnat qilish qobiliyati, ya`ni ishchi kuchi iste`mol qilinadi. Ishlab chiqarishning boshqa omillaridan farqli ravishda inson ishlab chiqarish jarayonida ongli ravishda, faollik va tashabbuskorlik bilan ishtirok etadi. Insonning zamonaviy iqtisodiyotdagi yaratuvchilik roli mehnat omili tushunchasi orqali ifoda etiladi.
Inson iqtisodiyotning birlamchi sub`yektidir. Iqtisodiyotning alohida olingan insondan farqlanuvchi boshqa sub`yektlari ham pirovard natijada kishilarning turli-tuman guruhlari manfaatlarini ifodalovchi uyushmalar bo`lib maydonga chiqadi. Inson iqtisodiyotning tashabbuskor sub`yekti, u tanlash erkinligiga ega va o`zining nuqtai nazaridan iqtisodiy oqilona va samarali qarorlar qabul qiladi, bunda o`zining manfaatlari va maqsadlariga muvofiq holda mavjud shart-sharoitlarni e`tiborga oladi, kerakli axborotlardan foydalanadi. Iqtisodiy adabiyotda o`zining iqtisodiy manfaatlarini anglab etgan va bu manfaatlarga muvofiq holda harakat qiluvchi insonni iqtisodiy inson deb ataydilar.
Inson ishlab chiqarish jarayonida ishchi kuchi sifatida yoki tadbirkor sifatida ishtirok etadi. Ba`zan esa inson ishlab chiqarishda ham ishchi kuchi, ham tadbirkor bo`lib ishtirok etishi ham mumkin. Yuqorida qayd etilganidek, ishchi kuchi insonning mehnat jarayonida ishga solinadigan jismoniy va aqliy qobiliyatlari yig`indisidir. Bu qobiliyatlarning bir qismi insonda tabiatan, avvaldan mavjud bo`lsa, ikkinchi qismi insonni o`qitish va tarbiyalash natijasida shakllantiriladi, uchinchi qismi esa mehnat jarayonida ishtirok etish mobaynida vujudga keladi.
Ishlab chiqarish jarayonida inson yakka ravishda emas, balki jamiyatning boshqa a`zolari bilan birgalikda ishtirok etadi. Shuning uchun individual ishchi kuchi jamiyat miqyosidagi jami ishchi kuchining bir bo`lagi sifatida ishga solinadi. Jami ishchi kuchining tarkibi uning qanday kasblardan tashkil topganligi, uni tashkil etuvchilarning bilimlari va malaka darajasi, ijtimoiy ishlab chiqarishni texnika bilan qurollanganligi, mavjud texnologiyalar, ijtimoiy ishlab chiqarishning tarkibiy tuzilishi, kontsentratsiyasi, ixtisoslashishi va kooperatsiyalashuvi kabi omillarning talablariga mos ravishda shakllanadi.
Mamlakat aholisining mehnatga yaroqli yoshdagi, ijtimoiy ishlab chiqarishda ishtirok etish uchun zarur jismoniy va aqliy qobiliyatlarga, muayyan ma`lumot darajasiga ega bo`lgan qismi mehnat resurslari deb ataladi. Mehnat resurslari miqdori mamlakatning mehnat salohiyatini ifodalaydi. Bu salohiyat zarur moddiy sharoitlar mavjud bo`lsa, darhol ishga solinishi mumkin. Mehnat resurslarining bozorda ishlab chiqarish resursi sifatida taklif etilayotgan qismi inson resurslari deb yuritiladi. Inson resurslari boshqa ishlab chiqarish resurslari (tabiiy, moddiy, moliyaviy) bilan bir qatorda ishlab chiqarish omili bo`lib maydonga chiqadi, muayyan chegaralarda bu resurs boshqa resurslar bilan almashtirilishi mumkin (masalan, qo`l mehnati o`rniga mashinalardan foydalanish).
Moddiy va tabiiy resurslarni boshqarish bilan bir qatorda insonlarni boshqarish har qanday korxona va tashkilotni boshqarishning tarkibiy qismidir. Biroq o`zining xususiyatiga ko`ra, odamlar tashkilotlar foydalanadigan har qanday resurslardan jiddiy farq qiladi, binobarin, boshqarishning alohida usullarini talab qiladi.
Birinchidan, odamlar intelektga (aql-idrokka)ega bo`lib, ularning tashqi muhitga (boshqarishga) reaktsiyasi mexanik tarzda emas, balki hissiy-o`ylangan, anglab etilgan reaktsiyadir, demak, tashkilot bilan xodim o`rtasidagi o`zaro ta`sir ko`rsatish jarayoni ikki tomonlamadir.
Ikkinchidan, odamlar doimiy ravishda takomillashib va rivojlanib borishga qodirdirlar. Inson o`z hayotining ilk davrida yurishni, gaplashishni, o`qishni, yozishni, kompьyuter bilan ishlashni o`rganadi. U ishga kelar ekan, kasbiy ko`nikmalarga ega bo`ladi, ular uning mansab vazifalarini bajarishi jarayonida takomillashib boradi. Hozirgi fan-texnika taraqqiyoti davrida texnologiya, shu bilan birga kasbiy ko`nikmalar nisbatan qisqa davr mobaynida eskirib qoladi. Shuning uchun ham xodimlarning doimiy ravishda takomillashib va rivojlanib borishga qodirligi har qanday korxona va tashkilotning faoliyati samaradorligini oshirishning muhim omilidir.
Uchinchidan, insonning mehnat faoliyati hozirgi jamiyatda 30-50 yil davom etadi, shunga ko`ra inson bilan korxona va tashkilotlarning o`zaro munosabatlari ham uzoq davom etish xususiyatiga egadir.
To`rtinchidan, moddiy va tabiiy resurslardan farqli o`laroq odamlar ko`p hollarda korxona va tashkilotga ongli ravishda, muayyan maqsadlarni ko`zlab keladilar va tashkilotdan ana shu maqsadlarni amalga oshirishda yordam berishini kutadilar. Xodimning korxona va tashkilot bilan o`zaro hamkorlikda ishlashdan qanoat hosil qilishi hamkorlikni davom ettirishning muhim sharti hisoblanadi. Ayni paytda korxona va tashkilot ham bu hamkorlikdan manfaatdordir.
Xodimni korxona va tashkilotdan qanoat hosil qilishi inson resurslarining muhim xususiyatlaridan biri bo`lib, har bir alohida olingan kishining o`ziga xosligi bilan bog`liqdir.
Mehnat omili ishlab chiqarishga mehnat bozori orqali jalb etiladi. Bu bozorda mehnat resurslari tovar sifatida maydonga chiqadi. Mehnatning bahosi mazkur bozordagi talab va taklifga bog`liq. Bozorning ishtirokchilari (agentlari) - tadbirkorlar bilan mehnatga yaroqli aholi bozorda o`zaro munosabatlarga kirishadilar. Mehnat bozoridagi talab va taklif mexanizmi orqali iqtisodiyotdagi bandlik hajmi va mehnat haqi darajasi tashkil topadi. Mehnat aholi uchun daromadlar va farovonlikning eng asosiy manbaidir. Milliy daromadning katta qismi mehnat haqiga to`g`ri keladi. Boshqa tomondan esa mehnat ishlab chiqarishning eng muhim omilidir. Shuning uchun mehnat bozori ijtimoiy va iqtisodiy vazifani bajaradi. Ijtimoiy jihati shundaki, mehnat omilining bozorda sotilishi orqali mehnat qiluvchilarning daromadlari va farovonligining jamiyat uchun maqbul darajasi, ishchi kuchining normal takror ishlab chiqarilishi shart-sharoitlari ta`min etiladi. Iqtisodiy jihat esa mehnatning sohalar, tarmoqlar, korxonalar, kasblar o`rtasida oqilona taqsimlanishida, mehnat resurslarining zarur darajada ishlab chiqarishga jalb etilishida, mehnatdan oqilona va tejab foydalanishda namoyon bo`ladi. Mehnat bozori ishtirokchilari o`rtasidagi raqobat yuqori samarali mehnatdan manfaatdorlikni, yuqori malakaga ega bo`lishni, kasbni ijtimoiy ehtiyojlarga monand ravishda yangilashni rag`batlantiradi.
Mehnat resurslarining mehnat bozoriga kirib keladigan besh guruhini ko`rsatib o`tish mumkin. Birinchi guruhga nisbatan oz sonli, lekin miqdoran barqaror yuqori malakali rahbar xodimlar (menejerlar) kiradi. Ikkinchi guruh yuqori malakali ishchilar va xizmatchilardan iborat. Bu guruhlar mehnatiga doimo yuqori talab mavjud va ularning mehnatiga yuqori haq to`lanadi. Aynan shu xodimlar korxona faoliyatining natijalarini, korxonalar raqobatbardoshligini belgilaydilar. Uchinchi guruh tarkibiy o`zgarishlar sodir bo`layotgan yoki ishlab chiqarish qisqarayotgan tarmoqlar va korxonalarning ishchilarini o`z ichiga oladi. To`rtinchi guruhga mehnat unumdorligi past, mehnattalab tarmoqlarning, xizmatlar sohalarining xodimlari kiradi. Bu tarmoqlarda mehnat haqi darajasi ancha past bo`ladi va ularda ko`proq ayollar hamda past malakali ishchilar band. Beshinchi guruhni esa mehnatkashlarning eng ojiz tabaqalari: birinchi marta ish axtarayotgan yoshlar, keksalar, jismoniy nuqsonli kishilar, ko`p marta ishdan mahrum bo`lganlar tashkil etadi.
Fan-texnika taraqqiyotining hozirgi bosqichida ishlab chiqarish va xizmatlar sohasining ilm talab tarmoqlari jadal rivojlanmoqda. Natijada yuqori malakali ish kuchiga talab tez sur`atlarda ortib bormoqda. Shuning uchun mamlakatdagi ta`lim tizimini va kadrlarni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishni yanada rivojlantirish mehnat bozoridagi ahvolni tubdan yaxshilashga, iqtisodiyotda mehnat omilidan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Ishlab chiqarishning ilmiy-texnikaviy darajasi
Inson nimalar yordamida mehnat ashyosi (predmeti)ga o`z ta`sirini o`tkazsa, shu narsalar mehnat vositalari hisoblanadi. Unga birinchi navbatda mehnat qurollari kiradi. Ular quyidagilardan iborat: har xil mashina va mexanizmlar, asbob-uskunalar, qurilmalar va hokazo.
Mehnat qurollarining takomillashib borishi, tabiatga insonning hokimlik darajasining o`sishi ishlab chiqarish taraqqiyotining ko`rsatkichi hisoblanadi. Keng ma`noda mehnat jarayonida to`g`ridan-to`g`ri ishtirok etmasa-da, lekin ishlab chiqarish uchun zarur bo`lgan ishlab chiqarish inshootlari, turli axborot vositalari, aloqa kanallari ham mehnat vositalari hisoblanadi.
Ishlab chiqarish jarayoni amalga oshishi uchun ishchi kuchi bilan ishlab chiqarish vositalari qo`shilishi, iste`mol qilinishi zarur.
Ishchi kuchi ishlab chiqarishning shaxsiy omili hisoblanib, jamiyatning asosiy ishlab chiqarish kuchi va uning birdan-bir yaratuvchi elementidir. Ishlab chiqarish vositalari esa ishlab chiqarishning moddiy omilini tashkil etadi.
Ishlab chiqarishning har ikkala omili ilmiy-texnika taraqqiyoti ta`siri natijasida takomillashib boradi. Ishlab chiqarish vositalari va inson mehnati bir-biri bilan uzviy bog`liq va bir-birini taqozo etadi.
Ishchi kuchi ishlab chiqarish vositalarini harakatga keltiradi, buning natijasida mehnat jarayoni ro`y beradi. Faqat insongina ishlab chiqarish vositalarini yaratadi va ulardan foydalanish usullarini aniqlaydi, xuddi shu jarayon ishlab chiqaruvchi kuchlari tizimida shaxsiy va moddiy omillarning o`zaro bog`liqlikda umumiy yo`nalishini tashkil etadi.
Yаngi texnika va texnologiya hech qachon o`z-o`zidan dunyoga kelmaydi, ularni odamlar ijod qiladi. Biroq, ilg`or mehnat vositalari va texnologiyalar ishlab chiqarishda keng tarqalgandan so`ng, ishchi kuchining umumiy holatini yangi talablar darajasiga ko`tarish kerak bo`ladi. Shuni ham ta`kidlash kerakki, ishlab chiqarish jarayoni uning omillarining oddiy yig`indisi emas, chunki ular o`zaro ta`sir qiluvchi murakkab tizimni hosil qiladi. Har qanday bir butun tizim esa uning elementlarining oddiy yig`indisidan sifat jihatidan farq qiladi. Ishlab chiqarishni samarali bo`lishiga texnologiya va boshqarish ta`sir etadi.
T exnologiya ishlab chiqarish omillari o`rtasidagi o`zaro ta`sirni ifoda etgan holda fan yutuqlariga asoslanib, mehnat ashyolariga o`z ta`sirini o`tkazadi. Insonlar ashyolarning ilgari ma`lum bo`lmagan xususiyatlarini o`rganib, progressivroq bo`lgan texnologiyani joriy qilish natijasida yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish sirlarini bilib oladilar, bu esa ishchi kuchiga, ishchining malakasini oshirishga yangidan - yangi talablar qo`yadi. Ushbu jarayon esa ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarishni doimo takomillashtirib borishni taqozo etadi.
Hozirgi ishlab chiqarish jarayonida energiya va axborotning ahamiyati oshib boradi. Shubhasizki, qudratli energiya manbalarini o`zlashtirmasdan turib, ishchi kuchi, mehnat buyumlari va vositalarining o`zaro ta`sirini samarali bo`lishiga erishish mumkin emas.
Korxonalarda fan-texnika yutuqlarini joriy etish uchun ishlab chiqarishni texnikaviy tayyorlash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ishlab chiqarishning texnikaviy, tashkiliy va iqtisodiy tadbirlar majmuasi mavjud bo`lib, ularni joriy etish natijasi o`laroq eng ilg`or texnologik jarayonlar yuqori rentabellik, sifatli mahsulotlar tayyorlash imkonini yaratib beradi. Ishlab chiqarish korxonalarida texnologik va tashkiliy tadbirlar fan-texnika yutuqlarini ishlab chiqarishga tadbiq qilib, mahsulot ishlab chiqarishda texnik-iqtisodiy ko`rsatkichlarga ijobiy ta`sir qiladi, mehnat, xomashyo va materiallarni kam sarf qilgan holda, yuqori sifatli mahsulotlar etkazib berishga imkon beradi.
Ishlab chiqarishda texnikaviy tayyorgarlik tashkil etish quyidagi asosiy vazifalarni hal etishga qaratiladi:
-eng ilg`or, progressiv texnologik jarayonlarni joriy qilish, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish;
-yangi mahsulotlar ishlab chiqarishning texnologik tizimlarini yaratish, eskilarini esa yangilash;
- yuqori unumli texnologik asbob-uskunalarni tanlash va joylashtirish;
-asosiy va yordamchi materiallar sarfining me`yorlarini ishlab chiqish va ularni qo`llash;
-texnologik jarayonlarning tarkibini loyihalash;
-mehnat va ishlab chiqarishni ilmiy darajada tashkil etishning ilg`or shakllarini joriy etish;
-yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
Ishlab chiqarishni texnikaviy tayyorlashning asosiy maqsadi ilmiy ishlab chiqarish tsiklini yaratish, ishlab chiqarishning texnikaviy darajasini ko`tarish asosida mehnat unumdorligini oshirish, korxonalarning bir tekisda, uzluksiz va bir me`yorda ishlashini ta`minlashdir.
Sanoat korxonalarida asosiy ishlab chiqarishni texnikaviy tayyorlash rejasi muhim bosqich bo`lib, u fan va texnikaning zamonaviy yutuqlari, takomillashgan texnologiya, yangi turdagi mahsulotlarni o`zlashtirish, mahsulot sifatini yaxshilash va uning hajmini ko`paytirishga qaratilgandir. Ishlab chiqarishni texnikaviy tayyorlash rejasini loyihalash jarayonida uning quyidagi talablarga javob berishi nazarda tutiladi:
-yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish;
-texnologik jarayonning uzluksiz ishlashini ta`minlash;
-tayyor mahsulot ishlab chiqarishga mehnat sarfini kamaytirish;
-mahsulot birligiga xomashyolar sarfini kamaytirish;
-xomashyodan tayyor mahsulot olishni ko`paytirish va nobudgarchilikni kamaytirish;
-ishlab chiqarish maydonlaridan oqilona foydalanib, sanitariya talabi va normalariga qat`iy rioya qilish;
-mahsulot tannarxini pasaytirish.
Ishlab chiqarishni texnikaviy tayyorlash korxona faoliyatini tashkil etish, uning istiqbolini belgilash va rivojlantirish rejalari asosida amalga oshiriladi. Bu rejalarni amalga oshirishga tegishli mablag`lar ajratiladi. Bunga qo`shimcha qilib korxonalarda amortizatsiya ajratmalari, ishlab chiqarish, texnika va fanni rivojlantirish fondidan, mahsulot tannarxiga kiritiladigan xarajatlar yig`indisidan mablag`lar ajratiladi.
Ishlab chiqarishni boshqarish
Menejment
Bozor iqtisodiyotiga o`tish davrida hayotimizga shiddat bilan kirib kelgan tushunchalardan biri, bu – menejmentdir. Keng ma`noda menejment ishlab chiqarishni boshqarish bilan bog`liq bo`lgan faoliyat turidir. Samarali menejmentni tashkil etish korxona yoki firmada ishlab chiqarishning yuqori samaradorligiga erishishning muhim omili hisoblanadi.
Ma`lumki, inson yakka tartibda, ya`ni biron-bir jamoaga birlashmagan holda mehnat qilar ekan, u o`z mehnatini o`zi boshqaradi. Boshqacha qilib aytadigan bo`lsak, yakka tartibda amalga oshiriluvchi mehnat faoliyati boshqaruvga muhtoj emas. Ammo odamlarning mehnat faoliyatlari bir joyga jamlanib, bir-biri bilan o`zaro bog`liq holatga kelgach, boshqaruvga ehtiyoj paydo bo`ladi va boshqaruv apparatini bunyod etish zaruriyati tug`iladi. Bu apparat ishlab chiqarishning barcha bo`g`inlarini bir butun qilib bog`lashi va tegishli bo`limlar faoliyatini muvofiqlashtirishi zarur bo`ladi.
Mehnat jamoasi yiriklashgan sari boshqaruvning vazifalari ham murakkablasha boradi va boshqaruv apparatidan texnik, texnologik, iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni hal etishning eng maqbul echimlarini topish talab etiladi.
Boshqaruv jarayoni muayyan maqsad sari yo`naltirilgan bo`lib, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-texnik natijalarga erishishga qaratilgandir. Shuning uchun boshqaruv apparati ishlab chiqarish jarayonida paydo bo`luvchi turli xil ijtimoiy, ruhiy, huquqiy, texnologik va boshqa toifadagi masalalarni hal etadi. Ammo jamoani boshqarish bilan bog`liq munosabatlar ichida tashkiliy munosabatlar hal qiluvchi rolь o`ynaydi, deyish mumkin.
Xo`jalik boshqaruvining vazifalarini, boshqarilayotgan ob`ektning ko`lamidan qat`iy nazar, quyidagi guruhlarga bo`lish mumkin:
-tadqiqotchilik va loyihalash;
-me`yorlashtirish va rejalash;
-tashkilotchilik va muvofiqlashtirish;
-ta`minotchilik;
-hisobot nazorati.
Tadqiqotchilik va loyihalash vazifalariga ilmiy izlanishlarni o`tkazish, kelajak rejalarini tuzish va unga oid iqtisodiy ma`lumotlarni o`rganib chiqish ishlari kiradi.
Me`yorlashtirish va rejalash boshqaruvni tashkil qilish asoslarini o`z ichiga oladi. Ishlab chiqarish jarayonini to`g`ri yo`lga solishda mehnat va xarajatlarni me`yorlashtirish, istiqbolli, joriy, tezkor rejalarni tuzish muhim ahamiyatga ega bo`lib, boshqaruv ilmining asosiy vazifalaridan biridir.
Tashkilotchilik va muvofiqlashtirish vazifalari ishlab chiqarish boshqaruvi negizini tashkil qilib, u boshqaruv apparati tarkibini loyihalash, xodimlarni tanlash va joy-joyiga qo`yish, ishlab chiqarishga muhandislik rahbarligi kabi masalalarni qamrab oladi.
Ishlab chiqarish boshqaruvida ta`minotchilik vazifasi ham katta ahamiyatga ega, chunki korxona (firma) ni kerakli xomashyo, materiallar va jihozlar bilan ta`minlash, ishlab chiqarilgan mahsulotni sotishni amalga oshirish kabi ishlar boshqaruv apparatining muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Korxonaning hisobot nazorati statistik, buxgalteriya va tezkor hisob-kitob ishlarini amalga oshiradi. Analitik tahlil, moliya-kredit munosabatlarining mukammalligi boshqaruv samaradorligiga ta`sir ko`rsatuvchi muhim omillardir.
B oshqaruv tizimining samaradorligi ko`p jihatdan boshqaruv uslublariga bog`liq bo`lib, ular asosan quyidagilardan iborat:
a) siyosiy uslublar; b) iqtisodiy uslublar; v) ma`muriy-huquq uslublari; g)tashkiliy uslublar; d)boshqaruv qarorlari va jarayonlarini maqbullashtirish (kibernetik) uslubi; e) ijtimoiy-ruhiy, pedagogik uslublar; j) grafik uslublar.
Biroq shuni ta`kidlab o`tish lozimki, ishlab chiqarishni ko`rsatib o`tilgan uslublarning faqat birontasi yordamida tashkil qilish va boshqarish mumkin emas. Bu uslublarning mantiqiy va ilmiy asoslangan o`zaro bog`liqligigina ishlab chiqarishni boshqarishda kutilgan natijalarni bera oladi.
Boshqaruv apparatining tarkibini bir-biri bilan o`zaro bog`langan bo`limlar va bo`g`inlar bilan to`ldirish natijasida uning tashkiliy tuzilmasi shakllanadi. Har bir bo`linma o`z vazifalariga ega bo`lib, uning faoliyat chegaralari, vakolatlari va javobgarligini korxona ma`muriyati belgilaydi.
Boshqaruvning ilmiy asoslangan va tajribada sinab ko`rilgan qoidalariga tayanib, korxonalarni samarali rivojlantirish bozor munosabatlarini o`zlashtirayotgan mamlakatimiz uchun juda muhim vazifadir.
Hozirgi sharoitda rahbar faqat o`z sohasini yaxshi bilibgina qolmay, balki yaxshi tashkilotchi bo`lmog`i, sotsiologiya, psixologiya, pedagogika fanlaridan ham xabardor bo`lmog`i lozim. Bu hayotimizdagi jiddiy o`zgarishlar, inson omilining faollashuvi, jamoalarda o`zini-o`zi boshqarish tamoyillarining joriy etilishini taqozo qiladi. Rahbar o`z jamoasi ichida mehnat jarayonida vujudga keladigan har xil nizolarni jamoat tashkilotlari bilan birgalikda yuqori tashkilotlarga chiqarmasdan o`zida hal qilishga qodir bo`lishi lozim.
Ishlab chiqarishni boshqarishda rahbarning qaysi toifada ekani juda muhim ahamiyat kasb etadi. Rahbarlarning quyidagi toifalarini ko`rsatib o`tish mumkin.
1. Avtokrat yoki avtoritar toifadagi rahbar. Bunday rahbar qo`l ostidagilarning faoliyati uchun javobgarlikni o`z zimmasiga to`liq oladi, barcha mavjud axborotlarni o`zi orqali o`tkazishga harakat qiladi, jamoa a`zolari bilan bevosita muloqotlarni chegaralab qo`yadi, o`zining noo`rin harakatlarini tanqid qilinishiga yo`l qo`ymaydi. O`ziga bo`ysinuvchilar bilan muomalada bo`lganda, uning rahbarlik g`ururi balandligi, o`zini katta tutishi sezilib turadi. Odatda, avtokrat rahbarlar o`ziga bo`ysinuvchilar oldida qovog`i solingan kayfiyatda bo`ladi. Biroq avtokrat rahbarlik turini har jihatdan yomon, deb bo`lmaydi. Ba`zi bir hollarda bo`ysinuvchilarning madaniy darajasi, axloqi pastligi sababli mazkur boshqaruv uslubini tanlab olish ish berib qolishi mumkin. Ammo jamoada har tomonlama demokratik munosabatlar pishib etilgan paytda rahbar o`z uslubini o`zgartirishga majbur bo`ladi.
2. Anarxik toifadagi rahbar. Bunday rahbar shaxsan o`zi faollik ko`rsatmaydi. Ishlab chiqarishni boshqarish bilan bog`liq masalalarni qo`l ostidagi xodimlarga rasman taqsimlab beradi. Shuning uchun ishlab chiqarish masalalarini muhokama qilish ham rasmiy xarakterga ega bo`ladi. U ko`proq tashqi ta`sirga moyilligi bilan ajralib turadi. Jamoaning taqdiri, ishlab chiqarishning istiqboli kabi masalalar uni kam qiziqtiradi. U yoki bu masalalarning bajarilishi ayrim bo`ysinuvchilarning hohish-irodasiga bog`liq bo`ladi.
Bunday rahbar boshqarayotgan jamoada tanqid, o`z-o`zini tanqid kabi muhim omillar o`z o`rniga ega emas, jamoa a`zolarining tashabbuskorligi rag`batlantirilmaydi.
Tabiiyki, bunday rahbar tezda almashtirilmasa, u boshqarayotgan korxona tez orada bankrotga uchraydi.
3. Demokratik rahbar. Bunday toifadagi rahbar o`z faoliyatini jamoa a`zolariga tayangan holda olib boradi. Faoliyat uchun javobgarlik bo`ysinuvchilar orasida taqsimlanadi. Jamoa a`zolarining bir-biri bilan ijodiy, tashabbuskorona munosabatlarini rag`batlantirish bilan birgalikda rahbar o`ziga bo`ysinuvchilar bildirgan fikrlarga quloq soladi, ular bilan maslahatlashadi, ijobiy fikr-mulohazalarni inobatga oladi, ilg`orlarni mukofotlaydi. Bunday rahbarlik turi bo`ysinuvchilarning shaxsiy tashabbusini, ijodiy faoliyatini rivojlantiradi va mehnat jamoasida o`rtoqlik va ishchan muhitni, sog`lom ma`naviy-ruhiy iqlimni yaratadi.
Hozirgi kunda boshqarishni takomillashtirishning muhim masalalaridan biri menejment (boshqarish)ga oid vazifalarning zamon talablari darajasida bajarilishini ta`minlay oladigan, o`z ishining ustasi bo`lgan menejerlar tayyorlashdir.
Menejerlar (boshqaruvchilar) oldiga qo`yiladigan asosiy vazifalar umumiy holda quyidagilardan iboratdir:
1. Mavjud imkoniyatlardan foydalanib, bir butun, yaxlit ishlab chiqarish birligini yaratish, korxonani yuqori malakali muhandis-texnik xodimlar va ishchilar bilan butlash;
2. Korxonaning zaif tomonlarini aniqlab, ularni bartaraf etish va ishlab chiqarishni yuqori darajada rivojlanishini ta`minlovchi xo`jalik mexanizmini yaratish;
3. Jamoa a`zolarini yuksak ishlab chiqarish va mehnat natijalariga rag`batlantira oluvchi moddiy manfaatdorlik tizimini yaratish;
4. Korxona faoliyatini muntazam tahlil qilish va uning me`yorlariga o`z vaqtida o`zgarishlar kiritish;
5. O`z faoliyatiga oid davr talablarini hisobga olish, mazkur sohada sodir bo`layotgan o`zgarish va yangiliklarni ilg`ay olish va tegishli qarorlar qabul qilish.
Menejer o`z qo`l ostidagi xodimlarning mehnat faoliyatini aniq tashkil qiluvchi va shu bilan birga ma`lum hajmdagi boshqaruv vazifasini bajaruvchi shaxsdir. “Menejment” deganda, ma`lum korxona yoki firma boshqaruvi yoki ularga rahbarlik qilish tushuniladi.
Menejerlikning asosiy maqsadi korxona (firma) faoliyatini ishlab chiqarish quvvatlaridan to`la va samarali foydalana olishni ta`minlaydigan darajada tashkil qilishdan iboratdir. Menejer har doim odamlar bilan muloqatda bo`lib, ularning ishini tashkil qiladi. Uning bilim doirasi qanchalik keng va madaniyati yuqori bo`lsa, xodimlar bilan bo`ladigan munosabati shunchalik samarali bo`ladi.
Ko`pgina hollarda boshqaruv bilimlarining etishmasligi korxonani kam samara bilan ishlashi yoki o`z faoliyatini to`xtatishiga sabab bo`ladi. Shuning uchun har bir menejer (boshqaruvchi)dan menejmentga oid bilimlarni mukammal o`zlashtirish, bu bilimlarni muntazam boyita borish va doimo yangilikka intilish tuyg`usiga ega bo`lishi talab qilinadi.
Xorijiy davlatlar tajribasi shuni ko`rsatmoqdaki, endilikda menejmentga oid bilimlar doirasi tobora kengayib, o`z navbatida undan bir qator maxsus yo`nalishlar ajralib chiqmoqda. Binobarin, menejerlar ham muayyan sohalar bo`yicha ixtisoslashmoqda.
Umumiy menejment bo`yicha mutaxassislar, ya`ni menejerlar korxona yoki firmada olinayotgan foydaning eng ko`p miqdoriga erishishning umumstrategik masalalari bilan shug`ullanadi.
Moliyaviy menejment mutaxassislari korxona yoki firmaning moliyaviy resurslaridan yuqori samaradorlik bilan foydalanish, ya`ni ishlab chiqarishga sarflanayotgan har bir so`m yoki dollardan maksimum (eng ko`p) foyda olishga erishish masalalari bilan shug`ullanadilar.
Ishlab chiqarish menejmenti mutaxassisi tovar ishlab chiqarish yoki xizmat ko`rsatish operatsiyalarining samaradorligini oshirish masalalari bilan mashg`ul bo`ladilar.
Menejment fanining muhim tarmoqlaridan biri – personal (xodimlar) ni boshqarish bo`lib, bu soha mutaxassislari ishchi va xizmatchilarni tanlash, ularni joy-joyiga qo`yish, mehnatni oqilona tashkil qilish, mehnatga haq to`lash tizimini takomillashtirish bo`yicha taklif va tavsiyalar tayyorlash kabi masalalar bilan shug`ullanadilar.
Dostları ilə paylaş: |