MAGMATIK TOGʻ JINSLARNING MINERALOGIK TARKIBI a). Togʻ jinslarning hosil qiluvchi minerallar
Koʻpchilik magmatik togʻ jinslar deyarlik mineral agregatlaridan iborat. Togʻ jinslarni aniqlash uchun ularning tarkibidagi minerallarni bilib olish zarur.
Minerallarning bir xil sharoitda hosil boʻlib birga uchrashligi (paragenezisi) jinslarning ximyoviy tarkibiga va ularning hosil boʻlish sharoitiga bogʻliq.
Magmatik togʻ jinslarni hosil qiluvchi minerallar ularning togʻ jinslaridagi miqdoriga va hosil boʻlish sharoitiga qarab (genezisiga) ajratiladi.
Umuman magmatik togʻ jinslarni hosil qiluvchi minerallar togʻ jinslar tarkibidagi miqdoriga qarab asosiy jins hosil qiluvchi va ikkinchi darajali minerallarga boʻlinadi. Togʻ jinslarning nomi asosiy jins hosil qiluvchi minerallarning miqdoriga qarab aniqlanadi. Masalan: granitlarda asosiy jins hosil qiluvchi minerallar - dala shpatlar (plagioklaz, kaliy dala shpati), kvars va biotit yoki amfibollar hisoblanadi.
Ikkinchi darajali minerallarning foiz miqdori kam boʻlib ularning bor yoʻqligi togʻ jinslarning nomiga taʼsir qilmaydi. Masalan: granitlarning oʻzida kam miqdorda seritsit, xlorit, pirit va boshqalar uchrashi mumkin.
Ximyoviy tarkibiga koʻra minerallar ikki guruhga ajratiladi:
1) rangsiz (salik) minerallar va 2) rangli (femik, mafik) minerallar.
1. Rangsiz (salik) minerallarga dala shpatlari, feldshpatoidlar va kvars kiradi. Bu minerallar tarkibida asosiy element Si va Al dir, shuning uchun ham salik minerallar deb ataladi.
2. Rangli femik minerallar tarkibi Fe va Mg ga boy boʻladi. Bu guruhga olivin, piroksenlar, amfibollar va biotitlar (slyudalar) kiradi.
Asosiy jins hosil qiluvchi minerallar ichida eng koʻp tarqalganlari dala shpatlar hisoblanadi. Deyarli koʻpchilik togʻ jinslar tarkibida dala shpatlar qatnashadi. Shular jumlasiga granitlar, granodioritlar, gabbro, bazaltlar, siyenitlar, dioritlar va boshqalar kiradi. Magmatik togʻ jinslarni guruhlarga ajratishda shu jinslardagi dala shpatlarning tarkibi va miqdori asosiy rollarni oʻynaydi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
Y.Ergashev. Injenerlik geologiyasi va gidrogeologiya. Toshkent “Ukituvchie“ , 1990 . 198b.
Sh.Shoraxmedov. Umumiy va tarixiy geologiya. Toshkent “Ukituvchi”, 1985. 276b.
S.Zoxidov. Injenerlik geologiyasi. Toshkent “Ukituvchi“, 1988. 280b.
M.Kodirov., Sh.Shoraxmedov. Geologiyadan amaliy mashgulotlar.Toshkent “Uzbekiston“, 1994 .206b.