1 kvadrant shaxmat taxtasi kabi tuzilgan bo'lib, unda ishlab chiqarish vositalarining oqimi akslanadi. 1-qism ma'lumotlari tarmoqlar moddiy xarajatlari tarkibini tahlil qilishda, tarmoqlar o'rtasidagi ishlab chiqarish bog'lanishlari va proporsiyalarini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
2 kvadrantda barcha moddiy ishlab chiqarish tarmoqlarining so'nggi mahsuloti ko'rinadi. So'nggi mahsulot deb, ishlab chiqarishdan tashqaridagi iste'mol va jamg'armadagi mahsulotlar yig'indisiga aytiladi. So'nggi mahsulot tarkibiga kiruvchi ijtimoiy iste'mol ta'lim tarbiya, o'quv, fan, sog'liqni saqlash, mudofaa, boshqaruv, sport kabi sohalardagi iste'moldan tarkib topadi. SHunday qilib, 2-kvadrantdagi ma'lumotlar milliy daromadning tarmoqlar bo'yicha moddiy tuzilishi, uning jamg'arma va iste'mol fondlariga taqsimlanishini harakterlaydi.
3 kvadrant ko'rsatkichlari ham milliy daromadni harakterlaydi, faqat bunda uning qiymati tarkibi ya'ni barcha tarmoqlarda mehnatga to'langan haq va sof daromad yig'indisi sifatida qaraladi. 3-kvadrant ma'lumotlari moddiy ishlab chiqarishda zaruriy va qo'shimcha mahsulot orasidagi hamda yangidan yaratilgan va ko'chirilgan qiymatlar nisbatini tahlil qilish uchun zarurdir. 2 va 3 kvadrantlarning umumiy yig'indisi o'zaro tengdir.
4 kvadrant TAB ning so'nggi mahsulotlar ustuni va daromadlar satrining kesishgan joyida bo'lib, bu erda milliy daromadning so'nggi taqsimlanishi va foydalanishi o'z aksini topadi. Dastlab yaratilgan milliy daromadning qayta taqsimlanishi oqibatida aholining korxonalarning va davlatning so'nggi daromadlari yuzaga keladi. 4-qism ma'lumotlari tarmoqlararo modellarda aholining daromad va chiqimlarini ko'rsatishda muhim rol o'ynaydi.
5. Dinamik tarmoqlararo balans modellari asosida prognozlash
Tarmoqlararo balans modellari iqtisodiyotni va uning tarmoqlarini prognozlash aloqalarini ta'minlash, ularni miqdoriy bog'liqligini ta'minlash, iqtisodiy tahlil qilish va shular asosida prognozlashtirish hamda rejalashtirish uchun asosiy vositalardan bo'lib hisoblanadi. Tarmoqlararo balans ishlab chiqarishni va barcha tarmoqlar hamda mahsulotlarning aniq belgilangan turlarini prognozlashda, rejalashtirishda investitsiyalarni, asosiy fondlar va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni tahlil qilish mehnat miqdorini rejalashtirishda, ishlab chiqarishni hududlar bo'yicha tashkil qilishda keng qo'llanilmoqda.
Tarmoqlararo balansning statik modeli bir yillik davr uchun tuziladi, bir yillik holatdan tashqaridagi o'zgarishlar inobatga olinmaydi. Amalda esa ishlab chiqarish doim rivojlanib, kengayib boradi. Ushbu holat statik tarmoqlararo balansda o'z aksini topmaydi. Bu kamchilikni yo'qotishning ob'ektiv yo'li doimiy harakatdagi o'zgarishlarni inobatga oluvchi, kengaytirilgan takroriy ishlab chiqarishni ifodalovchi dinamik tarmoqlararo balans tuzishdir. Ijtimoiy, iqtisodiy tizimli ishlab chiqarish jarayonini rivojlanishi dinamikasini inobatga olish bu – mahsulot ishlab chiqarish xajmini ma'lum davrdagi o'zgarishi, mavjud va qo'shimcha kiritilgan ishlab chiqarish fondlari va quvvatlari bilan, shuningdek mavjud va kelajakda kutilayotgan meg'nat resurslari uzviy bog'langan qamrab oluvchi dinamik tarmoqlararo balans tuzishdir.
Statik tarmoqlararo balans tizimi va modelni asosan makroiqtisodiy tahlil uchun keng foydalaniladi. Makroiqtisodiy jarayonlarni prognozlash uchun dinamik tarmoqlararo balansdan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Dinamik ishlab chiqarish jarayonini tashkil qilish qo'shimcha tabiiy resurslar, fondlar va qo'shimcha mehnat resurslar asosida shakllantiriladi. Dinamik tarmoqlararo balans quyidagi ko'rinishga ega.
Prognoz asosida makrodarajada shakllantirilgan rejani amalda bajarilishini ta'minlash, tarmoqlar o'rtasida disproporsiya bo'lmasligi, tarmoqlararo materiallar xarajatlari qanday bo'lishi kerakligi, yakuniy, yalpi va materiallar xarajatlari o'rtasidagi miqdoriy bog'liqlikni aniqlash faqat tarmoqlararo balans modellari asosida amalga oshirilishi mumkin .