O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’limga oid qonun xujjatlari.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi.
O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’limga oid qonun xujjatlari.
Mamlakatimizda mustaqillikning birinchi yillaridan boshlab ta’lim sohasida eski yondashuvlardan butunlay voz kechilib, yangicha tamoyillarga, milliy qadriyat va an’analarimizga, jahon mamlakatlarining ilg‘or tajribasiga asoslanib, hayotimizni tubdan yangilash, uzoq va davomli maqsadlarni amalga oshirish uchun ta’lim va tarbiya sohasiga ustuvor ahamiyat qaratilib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan bo‘lib ushbu qonun 5 bo‘lim va 34 moddadan iborat. Ushbu Qonun fuqarolarga ta’lim, tarbiya berish, kasb-hunar o‘rgatishning huquqiy asoslarini belgilaydi hamda har kimning bilim olishdan iborat konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashga qaratilgan.
Jumladan ushbu qonunda bilim olish huquqi:
Davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini rivojlantirish;
Ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda ta’lim olishni tashkil etish;
Ta’lim va kadrlar tayyorlash davlat dasturlari asosida bepul o‘qitish, shuningdek ta’lim muassasalarida shartnoma asosida to‘lov evaziga kasb-hunar o‘rgatish;
Barcha turdagi ta’lim muassasalarining bitiruvchilari keyingi bosqichdagi o‘quv yurtlariga kirishda teng huquqlarga ega bo‘lishi;
Oilada yoki o‘zi mustaqil ravishda bilim olgan fuqarolarga akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim muassasalarida eksternat tartibida attestatsiyadan o‘tish huquqini berish orqali ta’minlanishi belgilab qo‘yilgan.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga asosan ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari sifatida quyidagilar belgilab qo‘yilgan:
Ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;
Ta’limning uzluksizligi va izchilligi;
Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligi;
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishini: akademik litseyda yoki kasb-hunar kollejida o‘qishni tanlashning ixtiyoriyligi;
Ta’lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;
Davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi;
Ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;
Bilimli bo‘lishni va iste’dodni rag‘batlantirish;
Ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg‘unlashtirish.