O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashning qonuniy asoslari Insonni qiyin ahvolga tushiradigan, ruhan ezadigan holatlar ichida eng og‘iri adolatsizlik hisoblanadi, deyish mumkin. Uning bir ildizi korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lib, bu shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishida ifodalanadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi qonuniy asosda kurash olib borilmoqda. Prezidentimiz tomonidan ijtimoiy adolat tamoyillari asosida ish ko‘rish, qonun ustuvorligini ta’minlash, turli huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada profilaktika choralarini tobora kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qonun ustuvorligini ta’minlash, sudhuquq tizimini tubdan isloh etish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangani, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy qonunchilik takomillashtirilayotgani sohaga doir chora-tadbirlarning yorqin namunasidir.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek qo‘yishga, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.Karimov «O‘zbekiston XXI asr bo‘sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» asarida korrupsiya va jinoyatchilik xavfsizlikka soladigan tahdidlarni keltirib o‘tgan. Asarda ta’kidlanishicha, siyosiy jihatdan olib qaralganda, korrupsiya amalga oshirilayotgan islohotlarga qarshilik ko‘rsatish ifodasidir. Mamlakatda jinoyatchilik va korrupsiyaning avj olishi davlatning konstitutsiyaviy asoslarini yemiradi, fuqarolarning huquq va erkinliklari jiddiy tarzda buzilishiga olib keladi, jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslarini yemiradi, jamiyat a’zolarining fuqarolik mavqeini yo‘qqa chiqaradi.
Amaliy natijaga erishish uchun korrupsiyaga qarshi kurashish borasida quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish zarur deb hisoblaymiz:
korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirib borish;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini amalda ta’minlash;
normativ-xuquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish amaliyotini yanada takomillashtirish;
davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
samarali bozor raqobatini ta’minlash;
iqtisodiy beqarorlik nazorat qilish. Bu avvalo inflyasiyada namoyon bo‘ladi, ya’ni pul mablag‘larining qadrsizlanishi tufayli davlat va mahalliy davlat organlari xizmatchilarining har qanday manbalarini izlashlariga sabab bo‘ladi.
davlat organlarining mansabdor shaxslari ustidan keng jamoatchilik nazoratini o‘rnatish.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, korrupsiya faqat bir ko‘rinishda namoyon bo‘ladigan hodisa bo‘lmay, u jamiyat hayotining turli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatlarini qamrab oladi. Korrupsiya shakllari xilmaxil bo‘lib, ularga pora olishdan tortib amaldor xizmat vazifasini suiiste’mol qilib, jamiyat mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirishigacha kiradi. Buni chuqur tahlil qilgan holda korrupsiyaning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik, qonunlarni o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlash, korrupsiyaning keltirib chiqaruvchi holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish har bir davlat organi ma’sul shaxslarining, fuqaro sifatida qolaversa har birimizning burchimizdir.
Muxtasar xulosa qilib aytganda, xufyona faoliyatni oldini olish va uni ochiq faoliyatga aylantirish mamlakat iqtisodiyotining xavfsizligini ta’minlaydi, barqaror iqtisodiy o‘sish uchun imkoniyat yaratadi.