Mavzu: Mamlakat milliy iqtisodiyotida iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash masalalari.
Reja: Jahon iqtisodiy tizimida milliy iqtisodiyotning turgan o‘rni va uning manfaatlariga tahdidlar.
Mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash.
Mamlakat ichki iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash.
Jahon iqtisodiy tizimida milliy iqtisodiyotning turgan o‘rni va uning manfaatlariga tahdidlar Zamonaviy jahon iqtisodiyoti xalqaro mehnat taqsimoti asosida milliy iqtisodiyotlar o‘rtasida barqaror, har tomonlama o‘zaro aloqadorlikning shakllanishi oqibatida xo‘jalik haayotining xalqaro miqyosda internatsionallashuvini ifodalaydi. Buning oqibatida iqtisodiy makon vujudga kelmoqda. Ushbu makonda xalqaro tovarlar, xizmatlar, xom ashyo resurslari, moliyaviy mablag’lar, kapital, ishchi kuchi bozorlari vujudga kelib, ular o‘rtasida o‘zaro aloqadorlik hamda bog’liqlik kuchaymoqda. Jahon miqyosida global-texnologik, moliyaviy, axborot, madaniy tizimlar jadal ravishda rivojlanmoqda.
Milliy iqtisodiyot, xalqaro mehnat taqsimotiga ko‘ra, ixtisoslashuvi, o‘zining foydali qazilma boyliklari, geografik joylashuvi, fan-texnika taraqqiyoti, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi, xalqaro savdo, xalqaro iqtisodiy faoliyatining faolligiga muvofiq jahon iqtisodiy tizimida o‘ziga xos o‘rinni egallaydi. Jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashish uchun milliy iqtisodiyot xalqaro hamkorlikka ochiq bo‘lishi, ya’ni ochiq iqtisodiyot tavsifiga ega bo‘lishi lozim. Ochiq iqtisodiyotning xususiyatlari va potensial imkoniyatlarini quyidagicha tavsiflash mumkin:
o‘tish davrini o‘z boshidan kechirayotgan mamlakatda bozor mexanizmi va unsurlari raqobat muhiti shakllanishining jadallashuvi;
jahon xo‘jaligi bilan o‘zaro aloqada milliy iqtisodiyot an’anaviy tovar ayirboshlashdan tashqari, kapitalni chetga chiqarish va chetdan kiritish, ilmiy-texnikaning kooperatsiyalashuvi, ishlab chiqarish integratsiyasi kabi shakllarda integrallashadi;
xalqaro resurslar aylanmasi va uning samaradorligini oshirishga asoslangan holda ichki ishlab chiqarish hajmlariga nisabatan milliy daromadning o‘sishi; - xalqaro ayirboshlashning mutanosib iqtisodiy o‘sish omili sifatidagi rolining ko‘payishi;
xalqaro resurslar aylanmasi va uning samaradorligini oshirish hisobiga ichki ishlab chiqarish ko‘lamiga nisbatan milliy daromadning ko‘proq o‘sishi.
Iqtisodiyotning ochiqligini ta’minlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi oqibatida mamlakatga xorijiy investitsiyalar kirib kela boshladi, qo‘shma korxonalar ko‘paya bordi, ichki bozor tovarlar bilan to‘la boshladi. Ammo, shu bilan birga, buning mamlakat manfaatlariga zid tomoni ham ko‘zga tashlan boshladi.
Tashqi iqtisodiy aloqalarning erkinlashtirilishi sharoitida xo‘jalik subyektlari faoliyatini nazorat qilish mexanizmining takomillashmaganligi tufayli, bu sohada jinoiy guruhlar, korrupsiya, xufyona iqtisodiyot, narkobiznes, iqtisodiy qaroqchilik ham jonlana boshladi.
Shuningdek, Mamlakat ichki iqtisodiy sohasidagi xavfsizligi tabiiy, texnik-texnologik, infratuzilmaviy, ijtimoiy hamda boshqa makro va mikroiqtisodiy rivojlanish omillari, ichki immunitet va beqarorlik, tangliklar ta’siridan himoyalanish orqali ta’minlanadi. Iqtisodiy xavfsizlikka tahdid soluvchi ichki omillarga quyidagilar kiradi:
ilgargi tizimdan biryoqlama, tarkibi deformatsiyalashgan iqtisodiyotning meros qolganligi;
ko‘pchilik tarmoqlarning qoloq texnologik bazaga, yuqori energiya va resurs sig‘imiga egaligi sababli milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligining pastligi;
iqtisodiyotning yuqori darajada monopollashuvi;
yuqori darajadagi inflyasiya;
infratuzilma obyektlarining yetarli darajada rivojlanmaganligi va mustahkam emasligi;
qonunchilik rivojlanmaganligi, bir qancha iqtisodiy subyektlarning ichki va tashqi bozorda monopol holatda ekanligi g‘ayriqonuniy faoliyat ko‘rsatishi hamda huquqiy intizomning pastligi.
Shuningdek, ichki tahdidlar ichida xufiyona iqtisodiyot o‘ta xavfliligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun unga qarshi kurash iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Ochiq iqtisodiyot sharoitida tashqi iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash uchun quyidagilar taqazo etiladi:
birinchidan, jahon xo‘jalik aloqalarida ishtirok etish bilan milliy ishlab chiqarish uchun qulay sharoit yaratish;
ikkinchidan, jahonda sodir bo‘layotgan iqtisodiy, siyosiy noxush hodisalar salbiy oqibatlarining milliy iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirishga erishish. Alohida ta’kidlash joizki, ochiq iqtisodiyot sharoitida tashqi tahdidlar ta’sirini butunlay yo‘q qilish, unga barham berish mumkin emas.
Iqtisodiy xavfsizlikka tahdid soluvchi tashqi omillarga quyidagilar kiradi:
eksport tarkibida xom ashyo tovarlarining ustuvorligi, an’anaviy mashinasozlik va harbiy sanoat tovarlari bozorlarining yo‘qotilishi;
mamlakatning ko‘p turdagi mahsulotlar, shu jumladan, strategik ahamiyatdagi oziq-ovqat mahsulotlari importiga qaramligi, bog‘liqligi va boshqalar.