Gistaminning ta'sir doirasi keng. U o'zi ajralib chiqadigan sohada arteriolalar, kapillarlar va venulalarni .kengaytiradi, ularning o'tkazuvchanligini kuchaytiradi, badan qichishi va og'riqqa sabab bo'ladi, me'da shirasi hosil bo'lishini kuchaytiradi. Gistamin yallig'lanish va allergiya jarayonlari avj olishida muhim rol o'ynaydi.
Serotonin (5-gidroksitriptamin) mahalliy tarzda ta'sir ko'rsatadi, tomirlarni toraytirib, kapillarlarning o'tkazuvchanligini susaytiradi, trombotsitlar agregatsiyasiga sabab bo'ladi. Serotonin ham, xuddi gistamin singari, markaziy nerv sistemasida nerv impulslarini o'tkazishda ishtirok etadi.
Kininlar. Bu guruhning vakillari jumlasiga yallig'lanish jarayoni avj olib borishida muhim omillarning biri bo'lib, arterial bosimni pa-saytiradigan, kapillarlarni kengaytiradigan va ular o'tkazuvchanligini susaytiradigan polipeptid bradikinin kiradi. Bradikinin bronxlar, ichak va bachadon silliq muskullarining qisqarishini kuchaytiradi.
Prostaglandinlar. Bular tarkibida 20 ta uglevod atomi bo'ladigan to'yinmagan organik kislotalarning siklik mahsulotlaridir. Prostaglandinlar barcha to'qimalarda hosil bo'lib turadi. Bir xil kimyoviy tabiatga ega bo'lgan katta moddalar guruhini tashkil etuvchi prostaglandinlar yon zanjirlarining tuzilishi va ta'sirining doirasi jihatidan bir-biridan farq qiladi. Jumladan, ba'zi prostaglandinlar yallig'lanish va allergiya reaksiyalarining avj olishida muhim ahamiyatga ega. Ba'zan prostaglandinlar silliq muskullanung qisqarishiga sabab bo'lsa (tug'ruq mahalida ishlatiladi), ba'zilari ularni bo'shashtiradi. Arterial bosimni pasaytiruvchi prostaglandinlar ajratib olingan.
Keylonlar. Hujayralar proliferatsiyasini susaytirib, ularning o'zaro birlashuvining mexanik pishiqligiga, hujayralardagi oqsillar va nuklein kislotalarning biosinteziga ta'sir qiladigan faol moddalar so'nggi 10 yilda ajratib olindi va o'rganila boshlandi. Mana shular keylonlar deb atalgan. Ular hujayralarda DNK sintezini hamda hujayralarning ko'payishini to'xtatib qo'yishga qodir bo'lgan past molekulali oqsillar — gliko-proteidlardir. Bitta to'qimaning hujayralari tuzilish jihatidangina emas, balki funksional jihatidan ham, ya'ni kimyoviy signallar vositasida bir-biriga bog'langan bo'ladi, deb taxmin qilinadi. Hujayralararo ta'sirlarning shakllaridan biri hujayralar ko'payishining keylonlar yordamida idora etUib borishidir. Keylonlar arzimas konsentratsiyalarda ham faol bo'laveradi. Hozir o'smalarning o'sishini to'xtatib qo'yishda keylonlarning qanday ahamiyati borligi aniqlanmoqda.
Nerv qo'zg'alishi mediatorlari — asetilxolin bilan noradrenalinni ham ma'lum ma'noda to'qima gormonlari jumlasiga kiritsa bo'ladi, chunki ular o'zi ajralib chiqqan joyda ta'sir ko'rsatadi. To'qima gormonlari — serotonin bilan gistamin boshqa funksiyalar bilan bir qatorda mediatorlar rolini ham ado etib boradi.
Shunday qilib, gormonal omillar organizmning barcha doiralarida-gi fiziologik jarayonlarni boshqarib turadi. Biroq, ularning hosil bo'lishi va ajralib chiqishini markaziy nerv sistemasi idora etib boradi. Shunga ko'ra yaxlit organizmda me'yorli hayot faoliyati jarayonlari neyrogumoral regulatsiya tufayli ta'minlab turiladi.