MEHNATNI MUHOFAZA QILISH TO‘G‘RISIDA Ushbu Qonun ishlab chiqarish usullari, mulk shaklidan qat’i nazar, mehnatni muhofaza qilishni tashkil etishning yagona tartibini belgilaydi hamda fuqarolarning sog‘lig‘i va mehnati muhofaza qilinishini ta’minlashga qaratilgan.
I BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR 1-modda. Fuqarolarning mehnatni muhofaza qilinishiga bo‘lgan huquqlari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehnatni muhofaza qilinishi huquqiga egadirlar.
2-modda. Mehnatni muhofaza qilish Mehnatni muhofaza qilish — bu tegishli qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar asosida amal qiluvchi, insonning mehnat jarayonidagi xavfsizligi, sihat-salomatligi va ish qobiliyati saqlanishini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy, sanitariya-gigiyena va davolash-profilaktika tadbirlari hamda vositalari tizimidan iborat.
3-modda. Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlar va qonunning qo‘llanish sohasi Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlar ushbu Qonun va unga muvofiq chiqariladigan boshqa me’yoriy hujjatlardan iborat bo‘ladi.
Ushbu Qonun mulk va xo‘jalik yuritish shakli turlicha bo‘lgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar* bilan, shu jumladan ayrim yollovchilar bilan mehnat munosabatlarida turgan barcha ishlovchilar; kooperativlarning a’zolari, ishlab chiqarish amaliyotini o‘tayotgan oliy o‘quv yurtlari talabalari, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari va umumiy ta’lim maktablarining o‘quvchilari; korxonalarda ishlashga jalb etiladigan harbiy xizmatchilar; muqobil xizmatni o‘tayotgan fuqarolar; sud hukmi bilan jazoni o‘tayotgan shaxslar, axloq tuzatish-mehnat muassasalari korxonalarida yoki hukmlar ijrosini amalga oshiruvchi idoralar belgilaydigan korxonalarda ishlash davrida, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlarini ko‘zlab tashkil etiladigan boshqa turdagi mehnat faoliyati ishtirokchilariga nisbatan amal qiladi.
* Matnda bundan keyin “korxonalar” deb yuritiladi.