Mulkiy huquq odamlarning buyumlarga munosabatini mustahkamlaydi, qayd etadi va boshqaradi, shu ma’noda u hamisha mulkning iqtisodiy munosabatlariga bog‘liqdir
Mulkiy huquq odamlarning buyumlarga munosabatini mustahkamlaydi, qayd etadi va boshqaradi, shu ma’noda u hamisha mulkning iqtisodiy munosabatlariga bog‘liqdir. Ammo ayni vaqtda u iqtisodiy o‘zlashtirishning muqaddimasi sifatida namoyon bo‘lishi ham mumkin, zero, har qanday ne’matga mustahkamlangan mulkiy huquq mulkni, boylikni ko‘paytirib borishning iqtisodiy ko‘rinishlari sari yo‘l ochib beradi. Mulkiy yoki buyumga egalik huquqi alohida, mutlaq va nisbiy bo‘lishi, shundan kelib chiqib, boshqarish, egalik qilish va foydalanish munosabatlarida ifodalanishi mumkin.
Masalan, yer egasi undan foydalanishda alohida huquqqa ega. U o‘z yerini qanday idora qilish borasida erkindir, jamiyatga, boshqa fuqarolarga yoki xo‘jalik sub’ektlariga zarar yetkazish bilan bog‘liq qonun hujjatlarida mustahkamlangan cheklashlar bundan mustasno. Yerni ijaraga olgan shaxs, agar uning xo‘jalik faoliyati hech qanday shartlar bilan chegaralanmagan bo‘lsa, mutlaq huquqqa ega va u xo‘jaligini boshqarish usulini tanlashda, mahsulot ishlab chiqarishda mutlaqo erkindir. Mabodo yerni ijaraga olgan shaxs xo‘jalikni idora qilish, yerdan va boshqa ob’ektlardan foydalanish usullari borasida ma’lum shartlar bilan cheklangan bo‘lsa, u mulkka nisbatan nisbiy huquqqa ega bo‘ladi, ya’ni u xo‘jalik yuritish ob’ektiga nisbatan mutlaq erkin emas.
Mutlaq va nisbiy huquqning real munosabatlariga misol sifatida lizing (mashinalar, dastgohlar, ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan imoratlarning uzoq muddatga ijaraga olinishi) va reyting (mashina va dastgohlarning qisqa muddatga ijaraga olinishi) xizmat qilishi mumkin. Birinchi holda, ijaraga oluvchi texnika va inshootlardan foydalanishning usullari, ko‘rinishlari va shart-sharoitlarini tanlash borasida mutlaq erkinlikka ega. Ikkinchi holda, texnikadan foydalanish huquqining qisqa muddatga berilganligi munosabati bilan mulk egasi ijaraga oluvchining mutlaq huquqini ma’lum shartlar va texnikadan foydalanishga doir yo‘l-yo‘riqlar bilan cheklab qo‘yadi. Bu demak, ikkinchi holda ijaraga oluvchining huquqi nisbiydir.