Mavzu: Oilada bolalarda mehnatsevarlikni tarbiyalash. Kalit so’zlar: iqtisodiy tarbiya, mehnatsevarlik, ota –onalar nazorati, aqliy tarbiya, nafosat tarbiyasi.
Kirish. Mehnat tarbiyasi - tarbiyaning muhim turlaridan biri bo‘lib, shaxsni shakllantirishning zarur shartlaridan biri boʻlgan pedagogik jarayon hisoblanadi. Mehnat tarbiyasi kishidan ijtimoiy foydali mehnatga ichki ehtiyoj, batartiblik, tashkilotchilik, tashabbuskorlik, ishchanlik, ishning koʻzini bilish singari sifatlarni qaror toptirishga xizmat qiladi.
Mehnat tarbiyasi tarbiyaning boshqa hamma turlaridan oldin paydo boʻlgan. Chunki, mehnat inson ehtiyojlarini qondirishning birinchi va asosiy vositasidir. Mehnat faoliyati bolaning tevarak-atrofdagi muhitni, real buyumlarni anglab olishning mustahkam vositasi boʻlib, unga nazariy bilimlarni qoʻllash imkoniyatini yaratib beradi, uning ongini hissiy tasavvurlar bilan boyitadi. Umuman olganda, mehnat tarbiyasi ijtimoiy tarbiyaning tarkibiy qismidir. Mehnat tarbiyasining bosh gʻoyasi shaxsda mehnat faoliyatini tashkil etish, koʻnikma va malakalarni hosil qilish, ijtimoiy mehnatni qadrlash, mehnatsevarlik xislatini tarbiyalash sanaladi.
Rus pedagogi K.D.Ushinskiy pedagogika fanida yosh avlodni shakllantirishda mehnat tarbiyasi juda katta ahamiyatga ega ekanligiga shunday izoh bergan: «Tarbiyaning oʻzi, agar u kishining baxtiyor boʻlishini istar ekan, uni baxt uchun tarbiyalashi kerak emas, balki turmush mehnatiga tayyorlashi lozim». Bir qator oʻzbek xalq maqollarida ham inson hayotida mehnat alohida ulugʻlanadi. Masalan, «Mehnat baxt keltirar», «Mehnat e’tibor garovi», «Mehnatsiz rohat yo‘q», «Mehnat qancha ogʻir boʻlsa, keti shuncha shirin boʻlar» va boshqalar.
Asosiy qism.Mehnat tarbiyasi o‘quvchilarga mehnatning mohiyatini chuqur anglatish, ularda mehnatga ongli munosabat, shuningdek, muayyan ijtimoiy-foydali harakat yoki kasbiy ko‘nikma va malakalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan pedagogik faoliyat jarayoni bo‘lib, ijtimoiy tarbiyaning muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Mehnat tarbiyasini shunday tashkil etish kerakki, inson mehnat jarayoni va uning natijasidan qanoatlanishini tarkib toptirishga ko‘maklashsin. Mehnat tarbiyasining provard maqsadi shaxs xarakterining asosiy xislati sifatida uning mehnatga bo‘lgan ehtiyojini shakllantirishdir.
O‘quvchilarning ijtimoiy rivojlanishini ta'minlashda mehnat tarbiyasi muhim shartlardan biri bo‘lib hisoblanadi. Uning amalga oshirilishi davlat tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy va iqtisodiy siyosat mazmuni bilan belgilanadi.
O‘zbekistonda, bozor iqtisodiyoti munosabatlarini shakllantirishning asosiy tamoyillari jamiyatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlarning asosi sanaladi.
Hozirgi davrda texnika va texnologiyalar rivojlanishini yuksak bosqichga ko‘tarish uchun ishlab chiqarishni keng ko‘lamda kompyuterlashtirish, iste'mol mahsulotlarini jahon standartlari darajasida ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish talab etilmoqda.
Bularning barchasi yuksak intellektual va jismoniy kamolotga ega bo‘lish, ishlab chiqarish jarayonlarining ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy asoslaridan to‘laqonli xabardor bo‘lish, mehnatga ongli, ijodiy munosabatda bo‘ladigan yoshlarni tarbiyalashni taqozo etadi. Bu esa, o‘z navbatida, ta'lim muassasalarida mehnat ta'limi va tarbiyasini tashkil etishga nisbatan ulkan talablarni qo‘yadi.
Mehnat tarbiyasining maqsadi o‘quvchilarda mehnatga ongli munosabatni shakllantirishdir. Mazkur maqsadga erishish yo‘lida quyidagi vazifalarni ijobiy hal etish maqsadga muvofiq:
-yosh avlodda mehnat qilish istagini qaror toptirish va ularni zamonaviy ishlab chiqarishning turli sohalarida faoliyat yuritishga tayyorlash;
-o‘quvchilarda umumjamiyat manfaati yo‘lida mehnat qilish ehtiyojini hosil qilish;
-ularning aqliy qobiliyatlarini rivojlantirish;
-o‘quvchilarning mavjud bilimlarini uzluksiz ravishda takomillashtirib borishlari uchun zarur shart-sharoitni yaratish;
-ularda mehnat ko‘nikma va malakalarini tarkib toptirish;
-o‘quvchilar faoliyatida yuqori madaniyat, maqsadga intilish, tashkilotchilik, mehnat intizomi, tadbirkorlik, tejamkorlik, ishni sifatli bajarish, moddiy boyliklarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, hayotiy faoliyat yo‘nalishini belgilash malakalarini shakllantirish;
-o‘quvchilarda davlat iqtisodiy siyosati mazmuniga tayangan holda ular yashab turgan hududlar ishlab chiqarish xususiyatlariga muvofiq kasblarni egallashga bo‘lgan qiziqishni oshirish;
-o‘quvchilarni kasbga yo‘llash, ularni mehnat faoliyatining barcha turlari, shuningdek, ular yashayotgan hududda ehtiyoj mavjud bo‘lgan mutaxassisliklar bilan tanishtirish.
Mazkur vazifalar tizimida o‘quvchilarni mehnatga psixologik va amaliy jihatdan tayyorlash ularning qiziqish va qobiliyatlarini aniqlash orqali amalga oshiriladi.
Mehnat tarbiyasi o‘quvchilarning aqliy, ma'naviy-axloqiy, jismoniy va estetik tarbiyasi bilan o‘zaro bog‘lik holda yaxlit tizimda amalga oshiriladi. Chunonchi:Aqliy tarbiya o‘quvchilar mehnat tarbiyasi, ularni kasbga tayyorlashning asosi sanaladi. Zero, mehnat – nazariy va amaliy bilimlarni egallashga yordam beradi, bilim esa o‘z navbatida shaxsni mehnatga tayyorlashni takomillashtiradi. Mehnat tarbiyasining samaradorligi o‘quvchilarni mehnat faoliyatiga tayyorlash jarayonida har tomonlama rivojlangan shaxsni tarbiyalash vazifasi bilan belgilanadi.
Mehnat tarbiyasi axloqiy tarbiyaning asosiy vositasi hisoblanadi. Chunki mehnat faoliyati yordamida o‘quvchida mehnatsevarlik, intizomlilik, irodalilik, tashabbuskorlik, mustaqil harakat qilish kabi axloqiy xislatlar ham shakllanadi.
Mehnat tarbiyasi estetik tarbiya bilan mustahkam aloqada olib boriladi. Mehnat tarbiyasi mazmuniga estetik elementlarni singdirish asosida uni amalga oshirish o‘quvchilar mehnat tarbiyasida katta ahamiyat kasb etadi. Mehnatda go‘zallik va o‘z mehnatidan zavqlanish uning yanada samarali kechishiga yordam beradi.
Yuqoridagilarga asoslanib, o‘quvchilar mehnat tarbiyasida quyidagi mezonlarni asos qilib olish maqsadga muvoifq. Bular:
o‘quvchilar tomonidan mehnatning ijtimoiy ahamiyatini tushunilishi;
ularning ixtiyoriy ravishda mehnat qilishlari;
ularda mehnat qilmay hayot kechiruvchilarga nisbatan nafrat uyg‘otish;
o‘quvchilarda mehnat va mehnat ahliga hurmat tuyg‘ularini qaror toptirish;
ularda mehnatda javobgarlikni his etish tuyg‘usini tarbiyalash;
ularning mehnatga ongli munosabatda bo‘lishlariga erishish;
mehnatda ijodkorlikni qo‘llab-quvvatlash;
o‘quvchilarda jamiyat va umumxalq mulkini ko‘z qorachig‘iday asrash tuyg‘ularini shakllantirish;
mehnatda do‘stlik, o‘rtoqlik va hamkorlikka erishish;
o‘quvchilarning mehnatni go‘zallik manbai sifatida tushunishlariga erishish va boshqalar.
Yuqoridagi mezonlar asosida o‘quvchilarni bo‘lg‘usi kasbiy faoliyatga tayyorlash jarayonini barcha ta'lim-tarbiya ishlarini mustahkam aloqada, hozirgi zamon talablariga mos holda olib borish taqozo etiladi.
Sharq mutafakkirlari mehnat tarbiyasi haqida. Ta'lim-tarbiya tarixiga nazar tashlar ekanmiz, dastlabki xalq og‘zaki ijodi namunalaridan tortib, buyuk mutafakkirlar ijodigacha yoshlarni mehnatsevar bo‘lib yetishishi, kasb-hunar o‘rganish, mehnat ahlini hurmat qilish hamda mehnat insonni ulug‘lash masalalariga alohida e'tibor berilganligiga guvoh bo‘lamiz.
Buni biz turli davrlarda yaratilgan ta'limiy-axloqiy asarlar va xalq og‘zaki ijodi namunalari topishmoq, xalq qo‘shiqlari, masal, maqol, ertak va dostonlarda mehnat va kasb-hunar odobi, axloqi va qoidalarini o‘zlashtirish muhim hayotiy zarur ekanligi ta'kidlanadi.
Bundan tashqari «Avesto», Kaykovusning «qobusnoma», Abu Nasr Forobiyning «Fozil odamlar shahri», Abu Rayhon Beruniyning «Geodeziya», «Minerologiya», Mahmud qoshg‘ariyning «Devonu lug‘atit turk», Yusuf Xos Hojibning «qutadg‘u bilig», Alisher Navoiyning bir qator asarlari va shu kabi ma'rifiy meros namunalarida mehnatsevarlik, kasb-hunarning ahamiyati haqida muhim fikrlar bayon etilgan. Bular dastlabki xalq og‘zaki ijodi namunalaridagi xalq eposlari, ertak, maqol va topishmoqlardan boshlangan.
Mehnat tarbiyasining mazmuni, shakl va metodlari. Mehnat tarbiyasini tashkil etish jarayonida o‘quvchilar dastlab ishlab chiqarish jarayonlarining ilmiy asoslari bilan tanishadilar.
Mehnat tarbiyasi maqsadga muvofiq, tizimli, izchil tashkil etiladi. Mehnat ta'limi sinf xonalari, o‘quv-tajriba maydoni, mashina-traktor saroyi, o‘quv-tarbiyaviy tadbirlar jarayoni, ishlab chiqarish korxonalari va xo‘jaliklarning dalalarda olib boriladi.
Natijada ma'lum qiymatga ega bo‘lgan ijtimoiy-foydali mahsulotlar yaratiladi hamda ilg‘or kasb sohiblariga xos bo‘lgan shaxslik fazilatlari shakllanadi.
Shu jihatdan olib qaraganda, bugungi kunda mehnat ta'limining mazmuni, maqsad va vazifalari o‘zgardi, texnologik ta'lim ustuvorlik kasb etdi, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish tizimi yangilandi. Mehnatni ilmiy tashkil etishning birinchi darsini ham o‘quvchi ta'lim jarayonida oladi.
Mehnat tarbiyasi bilan mehnat ta'limi bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan. Mehnat faoliyati ma'lum bilimga ega bo‘lishni talab etadi. Zero, bilim va ko‘nikmalar o‘quvchini mehnat faoliyatiga tayyorlaydi.
Ta'lim jarayonida olgan bilimlarini amaliyotda sinab ko‘radilar, Umumiy mehnat jarayonida o‘quvchilarning kombinatlar, jamoa hamda fermer xo‘jaliklari, korxona, zavod va fabrikalarda texnik va texnologik bilimlari mustahkamlanadi, shuningdek, ular tashkilotchilik malakalariga ham ega bo‘ladilar.
Sinfdan tashqari ishlar jarayonida mehnat tarbiyasi ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.
Sinfdan tashqari mashg‘ulotlarning turli shakllari o‘quvchining texnik ijodkorligini rivojlantiradi, u yoki bu bilim sohasida bilimga bo‘lgan qiziqishini shakllantiradi. To‘garaklarda o‘quvchining qiziqish va qobiliyatlari namoyon bo‘ladi.
Mehnat tarbiyasi oilada tabaqalashtirilgan holda olib boriladi: bolalar o‘z-o‘ziga xizmat qiladilar, uy hayvonlarini parvarishlaydilar, ro‘zg‘or texnikalarini ta'mirlash bilan shug‘ullanadilar. Oila byudjeti va uni yuritish bilan bog‘lik topshiriqlarni bajaradilar, Oilada bolalar va kattalar mehnatini hamkorlikda tashkil etishning imkoniyatlari cheksiz.
So‘nggi yillarda o‘quvchilar mehnat tarbiyasiga jamoatchilik katta e'tibor bermoqda. Yirik fermer xo‘jaliklari, qo‘shma korxonalarning jamoalari maktablarni otalikqa olmoqda, ularning moddiy bazasini yaratish, o‘quvchilarning bilim olishlari, ijtimoiy-foydali mehnatni tashkil etishda yordam bermoqdalar.
O‘quv mehnati o‘quvchilarning ilmiy bilimlar hamda turli fanlar asoslarini o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan faoliyati turidir.
Ijtimoiy-foydali mehnat shaxsni har tomonlama kamol toptirish hamda uning muayyan ijtimoiy ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan hamda ijtimoiy mehnat xarakteridagi faoliyati turidir.
Hozirgi davrda ta'lim muassasalarida o‘z-o‘ziga xizmat keng yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘z-o‘ziga xizmat o‘quvchilarning ijtimoiy va o‘quv ehtiyojlarini qondirish maqsadida ularning o‘zlari tomonidan amalga oshiriluvchi mehnat faoliyati turidir. O‘quvchilarning navbatchiligi o‘z-o‘ziga xizmat qilishni tarkib toptirishning muhim shaklidir.
Unumli mehnat turlari xilma-xildir. Masalan, o‘quvchilarning mehnat haftaligi, chorvaga yem-xashak tayyorlash va shirkat xo‘jaliklarida faoliyat yuritish va boshqalar. Unumli mehnat – o‘quvchilar mehnatining eng ommaviy shakli sanaladi.
O‘quvchilar hozirgi davrda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati faoliyatida ishtirok etadilar, Dorivor o‘simliklar, urug‘larni yig‘ish, maktab binolarini ta'minlashda qatnashmoqdalar, fermer, shirkat va jamoa xo‘jaliklarida ishlab chiqarishni tashkil etishda ishtirok etmoqdalar.
Ayni vaqtda, juda ko‘plab maktablarda yordamchi xo‘jalik mavjud. Korxona va xo‘jaliklar ta'lim muassasasiga majmuaviy yondashuv asosida mehnat tarbiyasini tashkil etishga ko‘maklashmoqdalar. O‘quvchilar ishlab chiqarish sub'ektlarining iqtisodiy rivojlanishi bilan tanishadilar, Bu jarayon ularni turli kasblarni egallash shartlari va sharoitlari bilan tanishtirishga yordam beradi.
Mehnat tarbiyasi o‘quvchilarni mehnatga psixologik va amaliy jihatdan tayyorlashni nazarda tutadi. Zero, mavjud sharoitda ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar shaxs kamolotiga nisbatan juda katta talablarni qo‘ymoqda. Xususan, mehnatga muhim ijtimoiy burch sifatida qarash, ma'lum faoliyatni bajarishda mas'uliyatni his etish, mehnatga va uning natijasi, shuningdek, mehnat jamoasiga hurmat, mehnat faoliyatini tashkil etishda tashabbuskorlik, faollik ko‘rsatish, o‘z aqliy va jismoniy qobiliyatini to‘lik namoyon etishga bo‘lgan ichki ehtiyoj, mehnatni ilmiy tashkil etish yo‘lida amaliy harakatni olib borish shular jumlasidandir.
Mehnatga psixologik jihatdan tayyor bo‘lish esa tarbiyaviy ishlar tizimida amalga oshirilib, ularning har biri quyidagi vazifalarni hal etishga yordam beradi:
o‘quvchilar tomonidan mehnatning ijtimoiy ahamiyati, mehnatni tashkil etish hayotiy zaruriyat ekanligining anglab yetilishiga erishish;
ularda mehnat faoliyatini amalga oshirishga nisbatan rag‘bat uyg‘otish;
o‘quvchilarda mehnat ko‘nikma va malakalarini shakllantirish va hokazolar.
Jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, mulkka egalik, xususiy mulkni yaratish yo‘lida qonun doirasida olib borilayotgan amaliy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan ijtimoiy harakatlar mehnat tarbiyasiga yangicha yondashuvni talab etmoqda.
Mehnat tarbiyasining yangi texnologiyalar asosida o‘quv dasturlari, ta'lim metodlarining variativligi tamoyili yotadi. Dasturlar kasb-hunar kollejlari ixtisoslashgan turli kasblar bo‘yicha yaratiladi. Ularda kasbiy ta'limni o‘zlashtirishga nisbatan qo‘yilgan davlat talablari o‘z ifodasini topadi.
Ta'lim jarayonida egallangan bilim, ko‘nikma va malakalar mehnat tarbiyasida pedagogik faoliyatning yakuniy natijasi emas, balki inson qobiliyatining rivojlanishi, ya'ni, mehnatga bo‘lgan layoqatini rivojlantirishning samarali vositasidir.
Mehnat ta'limi va tarbiyasining tashkiliy-metodik shakllari o‘qituvchi tomonidan tanlanadi. Bu shunday shakl va metodlar bo‘lishi kerakki, u o‘quvchiga mehnati muvaffaqiyatidan quvonch baxsh etsin, o‘z mehnatidan o‘zi faxrlansin.
Mehnat tarbiyasining texnologiyalari o‘quvchining nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatini yaratishi zarur. Bu esa, o‘z navbatida, mehnat ta'limi mazmunini ham takomillashtiradi. U kompleks xarakter kasb etib, o‘quvchilarda o‘quv texnika va texnologiyalari haqida tasavvur hosil qilishi, amaliy masalalarni hal etish malakasini shakllantirishi, sifat natijalarini ta'minlashi lozim. Ayniqsa, o‘quv topshiriqlarini hal etishga ijodiy yondashish, ishlab chiqarishning texnik-iqtisodiy, ijtimoiy ko‘rsatkichlarini yuqoriga ko‘tarishga intilish hosil qilishi maqsadga muvofiqdir.
Mehnat tarbiyasida sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlar rejasida mehnat tarbiyasi yo‘nalishidagi tadbirlarning o‘rin olishini ta'minlash muhim pedagogik vazifalardan biridir. Mehnat tarbiyasi turli an'anaviy va noan'anaviy shakllarda tashkil etiladi
Demak, o‘quvchilarning mehnat faoliyatini tashkil etish jarayonida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:
O‘quvchilarning mehnat ta'limi jarayonida ularning mehnatga qiziqishlarini oshirish, kasbiy yoki mehnat faoliyatiga tayyor bo‘lishni ta'minlash.
O‘quvchilar kuchini to‘g‘ri taqsimlash, faoliyat turlari va uni ijro etishda o‘rin almashtirish vositasida ularda rahbarlik va ijrochilik malakalarini hosil qilish.
O‘quvchilarning mehnat faoliyatiga rag‘batlantirishning samarali metod va vositalaridan foydalanishga e'tiborni qaratish.
Mehnat faoliyatining turidan qat'iy nazar mehnat madaniyatini shakllantirish, kasbiy faoliyatni rejalashtirish, vaqtdan oqilona foydalanish, o‘z joyini tartibli saqlash hamda mehnat qurollariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish.
Mehnat tarbiyasining iqtisodiy tarbiya bilan aloqadorligi. O‘tgan asrning 30-yillaridan boshlab o‘quvchilarga iqtisodiy bilim berish hamda, ularda mehnat va kasbiy faoliyatni tashkil etish ko‘nikma, malakalarini shakllantirish masalasiga jiddiy e'tibor berila boshlandi. O‘quvchilarga iqtisodiy bilimlarni berish, ularda ishchanlik, tartiblilik, ehtiyotkorlik xislatlarini shakllantirish tarbiyaviy ishlarning tarkibiy qismlaridan sanaladi.
Hozirgi davrda, kadrlar tayyorlash masalasi eng muhim vazifa sifatida qo‘yilib, ta'lim sifatini oshirish bilan birga o‘quvchilarni iqtisodiy bilimlar bilan qurollantirish, ayniqsa, bozor iqtisodiyoti munosabatlari shakllanayotgan mavjud sharoitda muhim va zarur.