Qanday usullarda onlayn savdo qilish mumkin? Hammasi savol berishdan boshlanadi:
Nima sotmoqchisiz, yoki sotayapsiz?
Qayerda sotmoqchisiz? Kimlarga sotmoqchisiz?
Real hayotga qarasangiz, shaharda do’kon ochishning 2 xil asosiy usuli bor.
1-usul. O’zingiz yer olib do’kon uchun bino qurasiz.
2-usul. Katta bozor yoki supermarketdan joy olasiz.
Internet olamida ham shunday:
1-usul. O’zingiz internetdan hosting server (malumotlar ombori GB yoki MB hajmda joy) olasiz va hammasini o’zingiz istagandek tayyorlaysiz, dasturchi yollaysiz va saytga o’zingiz istalgan funksiyalarni qo’shasiz
2-usul. Katta onlayn bozorlar saytlarida ro’yxatdan o’tib sotuvni yo’lga qo’yasiz. Bunday saytlar marketplace (yoki multi vendor ) deb ataladi. Masalan, xalqaro miqyosda amazon.com, alibaba, etsy.com va hokazo. Bundan tashqari o’z mamlakatingiz miqyosidagi onlayn bozorlar ham bor . Masalan O’zbekistonda abad.uz sello.uz kabi saytlar bor. (2022 -yildagi malumot). Bu juda tez va oson usul bo’lib, shunchaki profil ochib mahsulotlarni joylash kifoya.
Biz ushbu maqolamizda 1-usul haqida — ya’ni o’zingiz mustaqil tarzda internet do’kon yaratish usullarini gaplashamiz. Demak boshladik.
Sayt ochishni nimadan boshlash kerak? Dasturchilar orasida tuganmas bahs bor: PHP yaxshimi yoki Python, Laravel yaxshimi yoki Yii, Wordpress yaxshimi yoki boshqa CMS va hokazo. Bundan tashqari tayyor web konstruktorlar bor, xuddi LEGO kabi siz o’zingiz kerakli elementlarni bir biriga ulagan holda o’z saytingizni yaratasiz. Masalan Squarespace, Webflow, Wix va hokazo. Bular ham sizga o’zingiz uchun istalgan dizayndagi sayt yaratish imkonini beradi.
Agar siz IT sohasini bilmasangiz yoki yuzaki bilsangiz, duch kelgan dasturchi (yoki tanishingiz) bilan maslahatlashasiz va u sizga faqat o’zining tajribasidan kelib chiqib “falon usulda qiling” deydi. Siz esa unga ishonasiz. Axir u dasturchiku! Keyin boshqa dasturchiga borsangiz u o’zi yaxshi bilgan usulini maqtaydi. Siz esa tavakkal ishni boshlaysiz. Odatda ba’zi dasturchilar “0” (nol)dan boshlashni afzal ko’rishadi. Yoki avvalgi ishlatgan dasturini ustidan kod yoza boshlashi mumkin.
Sayt yaratish — bu ishning hali yarmi :-), Hali oldinda juda ko’p ishlar bor. To’lov tizimi bilan ulash (Uzkard, Humo, Payme, Click, Visa), Mahsulot yetkazish xizmati, Saytni muntazam takomillashtirish, (UX/UI dizaynni doim zamonaviylashtirish, Kodni optimizatsiyalash,…), Kontentni to’ldirish, mahsulotlar katalogini doimiy to’ldirish, mahsulotlarni birma bir sifatli rasmga olish va batafsil malumot yozish kabi ishlar. Bundan tashqari marketing va onlayn reklama(bu ham alohida katta mavzu).
Demak, siz bilan ilk qadam haqida — saytni tayyorlash usullari haqida gaplashamiz. Chunki u sizning internet olamidagi shaxsiy do’koningiz. Oddiy do’kon qurishning yuzlab usuli borligini sizga quruvchilar aytib berishi mumkin. G’isht yoki Sement, Oynali yoki taxtali, yoki alyumin profildanmi… xullas usullar ko’p. Dasturlash sohasida ham deyarli shunday.