2.Pedagoglik kasbining tarixiy rivojlanishi va shakllanishi Buyuk allomalarimiz o‘z asarlarida mudarrislar kasbining nozikligini, mas’uliyatli ekanligini va murakkabligini, shu bilan birga sharafli ekanligini, yoritib, muallimning mahorati, ularga qo‘yilgan talablar, fazilatlariga oid qarashlar, shogirdlar bilan munosabatga kirishish mahorati, muomalasi to‘g‘risida o‘z mulohazalarini bildirganlar. Uyg‘onish davrining yetuk namoyondalari Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Unsurul Maoliy Kaykovus, Abul-Qosim Umar Az-Zamaxshariy, Shayx Sa’diy Sheroziy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Jaloliddin Davoniy, Husayn Voiz al-Koshifiy kabilarning ijodiy merosi pedagogik tafakkurni shakllantirishda bo‘lajak murabbiylarga muhim manba bo‘lib hisoblanadi. Ular avlodlardan avlodlarga o‘tib, o‘z qimmatini yo‘qotmagan mudarrislarni, tarbiyachilarni tayyorlash tajribalarini umumlashtirib, boyitib borishgan. Zero, insoniyat kelajagi va kurrai zaminning gullab-yashnashi faqat ta’lim va tarbiyaga bog‘liq ekanligini buyuk mutafakkirlar chuqur his qilishgan. Shuning uchun muallimlar kuchi va g‘ayrati bilan barkamol avlodni tarbiyalash ularning eng yorqin orzusi bo‘lib kelgan. O‘zbekiston deb atalmish muazzam zaminimizda yashab o‘tgan allomalarning bu borada o‘z o‘rni va hurmati bor. Barkamol avlodni tarbiyalash, bunda muallimning o‘rni to‘g‘risida allomalarimiz ijodiy merosidan juda ko‘p misollar keltirishimiz mumkin.
Abu Nasr Forobiy (873-930) O‘rta Osiyo xalqlari madaniyatini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan olimdir. Forobiy arifmetika, geometriya, astronomiya va musiqani muhim tarbiyaviy fanlar deb atadi. Ushbu fanlarni o‘rgatuvchi o‘qituvchini har tomonlama mukammal bilimga va tajribaga ega bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydi. Forobiy ta’limotiga ko‘ra, ta’lim-tarbiya jarayoni tajribali va bilimli o‘qituvchilar tomonidan tashkil etilishi, boshqarilib turilishi va ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim, chunki “har bir bola o‘zicha narsa va hodisalarni bila olmaydi hamda baxtga erisholmaydi. Unga buning uchun o‘qituvchi lozim”1. Ta’lim va tarbiya berishda “...ustoz shogirdlariga qattiq zulm ham, haddan tashqari ko‘ngilchanlik ham qilmasligi lozim. Chunki ortiqcha zulm, shogird dilida ustozga nisbatan nafrat uyg‘otadi, bordiyu ustoz juda ham yumshoq ko‘ngilli bo‘lsa, shogird uni mensimay qo‘yadi va u beradigan bilimdan sovib qoladi. Shuning uchun o‘qituvchi bolalarning fe’l-atvoriga qarab ta’lim-tarbiyaning “qattiq” yoki “yumshoq” usullaridan foydalanishi mumkin” deydi. Bunda ustoz mudarrisga quyidagi talablarni qo‘yadi:
Birinchi yo‘l: tarbiyalanuvchilar o‘qish va o‘rganishga ishtiyoqmand bo‘lsalar ta’lim-tarbiya jarayonida mudarris tomonidan yumshoq usullar qo‘llaniladi. Bunda u qanoatbaxsh so‘zlardan foydalanadi, chorlovchi ilhomlantiruvchi gaplar aytib o‘quvchiga ko‘nikma va malakalarni vujudga keltiradi, natijada o‘quvchining iqtidori uyg‘onib, g‘ayrat-shijoati bilan bilim olishga, kasb egallashga intiladi;
Ikkinchi yo‘l: tarbiyalanuvchilar o‘zboshimcha, itoatsiz bo‘lsalar, mudarris tomonidan qattiq, ya’ni majburlovchi usullar qo‘llaniladi. Bu asosan gapga ko‘nmovchi ba’zi qaysar shaharliklar va boshqa sahroyi xalqlarga nisbatan ishlatiladi. Ushbu usul natijasida o‘quvchi nazariy bilimlarni o‘rganishga astoydil kirishadi, fazilati yaxshi bo‘lib, kasb-hunarlarni va juz’iy san’atlarni egallashga intiladi. Maqsad ularni fazilat egasi qilish va kasb-hunar ahillariga aylantirishdir (o‘sha kitob, 198-bet).
Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy (973 - 1048) Sharq Uyg‘onish davrining qomusiy olimlaridan biri, tarbiyashunos olim, umumjahon tabiiy-ilmiy va ijtimoiy fanlar rivojiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan buyuk aql-zakovat sohibidir. Alloma asarlarida ta’lim-tarbiya birligi va axloq masalalariga yetuk tarbiyashunos olim sifatida yondashgan, chunonchi, “Minerologiya”, “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston” kabi asarlarida pedagogika va psixologiyaga oid noyob fikr-mulohazalarini va ma’rifiy-didaktik qarashlarini bayon etdi. Bolalarni maktabda o‘qitish va tarbiyalash jarayonida dunyoviy fanlarni bir-biri bilan bog‘lab turli mavzularda mulohazalar yuritishni ta’kidlab: “Bizning maqsadimiz o‘quvchilarni toliqtirib qo‘ymaslikdir, bir mavzuni qayta-qayta takrorlab o‘qib berish o‘quvchini zeriktiradi, xotirasini susaytiradi. Agar o‘quvchi bir mavzudan boshqa bir yangi mavzuga o‘tib tursa, u xuddi turli-tuman bog‘larda sayr qilgandek bo‘ladi, bir bog‘dan o‘tar-o‘tmas, boshqa bir bog‘ boshlanadi. Bola ularning hammasini ko‘rgisi va tomosha qilgisi keladi. Har bir yangi narsa bolaga rohat bag‘ishlaydi, deb behuda aytilmagan” 2,– deydi.
Beruniy mamlakatning obodonligi ilm–fanning ravnaqi tufayli deb aytadi, yoshlarning baxt–saodati va kamoloti esa ularga bilim va ma’rifat beruvchi mudarrislarga bog‘liq deb ta’kidlaydi. Ilm va ma’rifat sari intiluvchi tolib va mudarrislarga deydiki: “Ilm dargohiga kirar ekansan, qalbing kishini ozdiruvchi illatlardan, odamni ko‘r qilib qo‘yadigan nafs va turli buzg‘unchi holatlardan, qotib qolgan turli eski urf–odatlardan, hirsdan, raqobatdan, ochko‘zlikni quli bo‘lishdan ozod bo‘lmog‘i darkor” 3 Abu Ali ibn Sino (980-1037) o‘z asarlarida inson kamolotida uch narsa – irsiyat, muhit, tarbiya muhim rol o‘ynashini ta’kidlab, bunda mudarrislar bolalarga ta’lim berishdek mas’uliyatli burchni bajarib, shu uch holatga javobgarlik hissi bilan yondashishini uqtiradi va mudarrislarga faoliyatda muvaffaqiyatga erishish garovi bo‘lgan quyidagi tavsiyalarni beradi:
bolalar bilan muomalada bosiq va jiddiy bo‘lish.
berilayotgan bilimning o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishiga e’tiborni qaratish.
ta’limda turli shakl va metodlardan foydalanish.
o‘quvchining xotirasi, bilimlarni egallash qobiliyati, shaxsiy xususiyatlarini nazorat qilish.
bolalarni fanga qiziqtira olish.
berilayotgan bilimlarning eng muhimini ajratib bera olish.
bilimlarni o‘quvchilarning yoshi, aqliy darajasiga mos ravishda tushunarli olib borish.
har bir so‘zning bolalar hissiyotini uyg‘otish darajasida bo‘lishiga erishish.
Unsurul Maoliy Kayqovusning (milodiy 1021–1022 yillarda tug‘ilgan) «Qobusnoma» asarida ilk bor notiqlik san’ati maktablarining Sharq mamlakatlarida rivojlanishi tarixi bayon etilgan hamda o‘sha davr notiqlari haqida ma’lumotlar berilgan. Ushbu asar hozirgi global o‘zgarishlar davrida insonni ma’naviy jihatdan kamolotga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur noyob asar ko‘plab Sharq va G‘arb tillariga tarjima qilinib shuhrat qozongan.
Kaykovus o‘z asarida har bir yoshni aqliy, axloqiy, jismoniy tarbiyasida turmush tajribasi muhim ahamiyat kasb etishini aytadi. Bolalarni faqat yaxshi mudarris tarbiyani hayot bilan bog‘lagan holda kamolotga etkazish mumkin deb, uning yo‘llarini va usullarini bayon etgan. Kitobda javonmardlar egallashi zarur bo‘lgan quyidagi yo‘nalishlarda ta’lim-tarbiya berish nazariyasi ko‘zda tutilgan:
1. Kayqovus bilim haqida.
2. Hunar va turli kasb egalari haqida.
3. Turmush va xulq-odob qoidalari haqida.
4. Jismoniy yetuklik haqida.
Kaykovus mudarrislarning axloqli ekanligini birinchi belgisi, uning suxandonligida deb biladi va “Hamma qobiliyatlardan eng yaxshisi nutq qobiliyatidir” deydi. Suhandonni shogirdlarga notiqlikda rost so‘zlash kerakligini ta’kidlaydi.
U so‘zlarni to‘rt xilga bo‘ladi: birinchisi - bilinmaydi va aytilmaydi, ikkinchisi aytiladigan va biladigan, uchinchisi - ham bilinadi, ham aytishga, bilishga zaruriyati yo‘q, ammo aytsa ham bo‘ladi. To‘rtinchisi - biladigan va zaruriyat bo‘lmasa aytilmaydigani. Eng yaxshisi to‘rtinchisi, ya’ni biladigan va aytilmaydigani, deydi. So‘zlaganda andishalik bo‘lish, sovuq so‘zlik bo‘lmaslik, kamtarlik, maqtanmaslik, birovning so‘zini diqqat bilan eshitish odoblarini ta’kidlab o‘tadi.
Odamlarni ham to‘rt xilga bo‘ladi: birinchi xil kishilar ko‘p narsani biladi va yana bilgisi kelaveradi. Bular olim va fozillar bo‘lib, ularga bo‘ysunish kerak, deydi. Ikkinchisi, bilmagan narsani bilishga harakat qiladi, ular qobil kishilar bo‘lib, bunday kishilarni o‘qitish va o‘rgatish kerak. Uchinchisi, bilganini ham bilmaydi, go‘yo uyquda yashagandek, ularni uyg‘otish kerak. To‘rtinchisi, bilmaydi va bilmaganini ham tan olmaydi. Bular johil kishilar bo‘lib, ularni o‘qitish befoyda, ulardan qochish kerak, deydi.