Mavzu: Uzumchilik klasterining rivojlanishi. Uzumchilik xalqimizning bogʻdorchilik anʼanasi sifatida juda qadimdan mavjud. Tarixiy manbalarda bu haqda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino asarlarida uzumning shifobaxsh xususiyatlari haqida soʻz borsa, Xitoyning miloddan avvalgi II-I asrlarga mansub “Shiji” solnomasida yurtimiz hududida yashagan oʻtroq aholi uzumchilik bilan shugʻullanishi, har bir xonadonda uzum yetishtirilishi, uning sharbati va shinnisi turli hajmdagi xumlarda qishga saqlab qoʻyilishi haqida hikoya qilinadi.
Ilm-fan taraqqiy etgan bugungi kunga kelib, dunyoda zamonaviy uzumchilik va vinochilik sanoati ham misli koʻrilmagan darajada rivojlandi. Ushbu sohani zamonaviylashtirish va unga innovatsiyalarni joriy etishni davrning oʻzi talab qilmoqda. Bugun qoʻllanayotgan uzum navlaridan ularni parvarishlash, meva yetishtirish, yigʻishtirib olish va qayta ishlash texnologiyalarigacha boʻlgan tizim tubdan yangilanadi. Soha ravnaqi borasidagi munosabat va tushunchalarimizni qayta koʻrib chiqib, tarmoq bugungi kun talablariga mos holda yangi bosqichga koʻtariladi.
Darhaqiqat, dunyoda mavjud hosildor va tezpishar uzum navlari seleksiyasi shiddatli kechyapti. Jahon uzumshunoslik fani genetika va seleksiya fanlari bilan hamkorlikda bu ajoyib neʼmatning turli iqlimlarga moslashtirilgan, kasalliklarga chidamli oʻnlab yangi navlarini taqdim qilgan.
Masalaga ilm-fan nuqtayi nazaridan qarasak, dunyo uzumshunoslik reyestridan oʻrin olgan navlarning barchasi xuddi inson “barmoq izlari” kabi oʻzining genlar toʻplamiga ega. Deyarli barcha taniqli navlarning DNK barkodlari yaratilgan boʻlib, dunyo maʼlumotlar bazasida roʻyxatdan oʻtkazish tizimi mavjud. Shu sababli mahalliy va qadimiy tok navlarining hamda xorijdan keltirilayotgan navlarning yurtimiz iqlimiga, oldimizga qoʻyilgan maqsadlarga qay darajada mosligi bilan birga, har bir tok turining intellektual mulk deb hisoblanishiga ham eʼtibor qaratish zarur. Bu, oʻz navbatida, nafaqat oʻz navlarimizni himoya qilish, balki xorijiy navlardan bogʻ-rogʻ yaratib, yetishtirilgan mahsulotni jahon bozoriga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Genomika va bioinformatika markazida molekulyar DNK markerlar yordamida ilk bor Markaziy Osiyodagi 150 dan ortiq uzum navining genetik pasporti yaratildi. Yevropa komissiyasining 1994-yil 20-iyunda qabul qilingan amaldagi GENRES 081 standarti boʻyicha Markaziy Osiyo uzum navlarining maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi buyurtmasiga koʻra, uzumning hozir keng ekilib parvarishlanayotgan 135 dan ortiq mahalliy navining genetik pasporti yaratilmoqda. Germaniyalik hamkorlar bilan birga uzum genomining genetik xaritalari tuzilib, kasallikka chidamlilik genlariga genetik birikkan molekulyar markerlar aniqlandi. Ular asosida birinchi marta uzum seleksiyasini ikki barobar tezlashtiradigan, markerlarga asoslangan seleksiya platformasi yaratilib, amaliyotda keng qoʻllanmoqda.
Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan uzumning qator mahalliy va qadimiy navlari, jumladan, istiqbolli sakkizta navi — shardone, pino-gri, sovinyon, kaberne, dyubre de marsel, puke, qizil malvaziya, alfons lavale navlari In vitro usulida koʻpaytirildi. Sanoatbop uzumning 8 navi uchun import oʻrnini bosuvchi maxsus sunʼiy ozuqa muhiti tuzib chiqildi va ular samarali ravishda In vitro usulida yaratildi. Eksport salohiyati yuqori boʻlgan mahalliy xoʻraki uzum navlarining urugʻsiz muqobillarini yaratish boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Bunday navga xos In vitro ozuqa muhiti Qishloq xoʻjaligi vazirligi laboratoriyalarida va qator xususiy mahalliy kompaniyalarda ham yaratilmoqda. Asosiy maqsad, mamlakatimizdagi eskirgan va deyarli hosil bermay qoʻygan tokzorlarni yangilab olish va hosildorlikni tiklashdir. Xatirchi tumanida Amir Temur davridan buyon yetishtirib kelinayotgan, eng qadimiy oqdum va ommalashgan qizildum uzum navlari In vitro sharoitida qayta tozalanib, yangi sogʻlom koʻchatlar olishga kirishildi.