Mavzu: O'zbekistonda erkin iqtisodiy zonalarning shakllanishi va rivojlanish xususiyatlari O‘zbekistonda ham mazkur sohada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 14 ta erkin iqtisodiy zona mavjud bo‘lib, ulardan ayrimlarining faoliyati ancha jadallashgan. Xususan, “Navoiy”, “Angren”, “Jizzax”, “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarida umumiy qiymati 486 million dollarga teng 62 loyiha amaliyotga tatbiq etilgan, qolaversa, 4 ming 600 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan.
Shuningdek, “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm”, “Parkent-farm” singari farmatsevtika sohasiga ixtisoslashgan 7 yangi erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish bo‘yicha ham barcha chora-tadbirlar ko‘rilyapti.
Shu bilan birga, erkin iqtisodiy zonalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, xorijdan yuqori texnologik uskunalar xarid qilish uchun O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘i hisobidan 100 million $ miqdorida chet el valyutasidagi kredit liniyasi ochilgan.
Bundan tashqari, kichik sanoat zonalaridagi direksiyalar kredit olish va bank xizmatlaridan foydalanishda har bir zonaga biriktirilgan tijorat banklari bilan hamkorlikda ish olib borayotganligi ham muammolarni bartaraf etishda ayni muddao bo‘lmoqda. Bozor talablari va import nomenklaturasini o‘rganish asosida tadbirkorlar uchun takliflar, istiqbolli loyihalar ro‘yxati shakllantirilgan. Imtiyozlardan yana biri shuki, kichik sanoat zonasida ishlaydigan subyektlar 2 yil barcha soliqlardan ozod etilgan.
Shuningdek, bo‘sh turgan yoki samarasiz faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarish binolaridan unumli foydalanish, yangi korxonalar tashkil etishni rag‘batlantirish maqsadida mazkur binolar negizida kichik sanoat zonalari tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytgacha mamlakatimizda ularning soni 96 taga yetdi.
Hozirgacha ushbu zonalarda umumiy qiymati 535 milliard so‘mga teng 1021 loyiha amalga oshirilgan, 9 ming 600 dan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Loyihalar doirasida nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham xaridorgir bo‘lgan yengil sanoat, kimyo, oziq-ovqat mahsulotlari, elektr texnikasi buyumlari, zamonaviy qurilish materiallari, mebel va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, kelgusida 248 loyihani amaliyotga tatbiq etilishi natijasida 11 ming yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.
Erkin iqtisodiy zonalardagi muammolar va ularni qanday bartaraf etish yo’llari
Lekin shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: mazkur yo‘nalishda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanilyaptimi? Agar kichik sanoat zonalarining sarmoyalarni jalb qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishdagi o‘rnini tahlil qiladigan bo‘lsak, ularda hamon tashabbuskorlik yetishmasligi, faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish darajasi sustligi ko‘zga tashlanadi.
Masalan, mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan loyihalarni ko‘rib chiqish hamda muvofiqlashtirish jarayoni hamon murakkabligicha qolib, rasmiy xarakter kasb etmoqda. Afsuski, erkin iqtisodiy zona qatnashchilariga yer uchastkalari ajratish masalalarini hal etishda hanuz byurokratizm asoratlari saqlanib qolmoqda.
Ayniqsa, “Urgut”, “Qo‘qon”, “G‘ijduvon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalari, shuningdek, farmatsevtika yo‘nalishidagi erkin iqtisodiy hududlarda yangi korxonalar tashkil etish uchun xorijiy sarmoyalarni jalb qilish ishlari sust. Elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv va boshqa kommunikatsiya tarmoqlari bilan barqaror ta’minlashda ham muammolar kuzatilmoqda.
Vaholanki, mazkur hududlarda investor va tadbirkorlarga yanada keng imkoniyatlar yaratishga oid kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishni davr taqozo qilmoqda. Avvalo, ushbu zonalar faoliyatiga doir me’yoriy-huquqiy bazani qayta ko‘rib chiqish, zarur bo‘lsa davr talablariga moslashtirish, barcha uchun ochiq va tushunarli mexanizm yaratish zarur.
Qolaversa, yer uchastkalari, bo‘sh turgan binolarni ajratish tartibini ham soddalashtirish lozim. Masalan, erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshiriladigan loyihalar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ma’muriy kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi. Shu paytgacha bu kengash 17 vazirlik va idoradan iborat edi.