Harakatlar strategiyasi hamda joriy “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining ijrosi haqida keng jamoatchilikni xabardor etish maqsadida 5 ta ustuvor yo'nalish bo'yicha 5 ta matbuot anjumani tashkil etildi.
Ularning dastlabkisi “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo'nalishlari” bo'yicha amalga oshirilgan islohotlar sarhisobiga bag'ishlandi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a'zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida Harakatlar strategiyasining mazkur yo'nalishida to'rt yil davomida bajarilgan ishlar sarhisob qilindi.
Ta'kidlanganidek, Harakatlar strategiyasi, xususan, joriy yilgi Davlat dasturining birinchi ustuvor yo'nalishidan kelib chiqib, Oliy Majlis Senatining qonun ijodkorligi va parlament nazoratidagi rolini oshirish, mahalliy Kengashlar bilan hamkorligini yanada kuchaytirish, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining to'g'ridan-to'g'ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilish, parlament tekshiruvi institutidan samarali foydalanish borasida salmoqdi ishlar amalga oshirildi.
Shuningdek, parlament a'zolari hamda vazirlik va idoralar vakillari Qonunchilik tashabbusi huquqi sub'yektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi tashabbuskorligi va mas'uliyatini oshirish, “Elektron parlament” tizimi loyihalarini amalga oshirish, xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishda parlamentning rolini yanada kuchaytirish bo'yicha amalga oshirilgan ishlarga ham to'xtalib o'tishdi.
Matbuot anjumanining navbatdagisi “Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo'nalishlari”ga bag'ishlandi.
Unda Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi mutasaddilari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida Harakatlar strategiyasining mazkur yo'nalishida to'rt yil davomida bajarilgan ishlar sarhisob qilinib, xususan, joriy yilgi Davlat dasturining ikkinchi yo'nalishi ijrosi qanday ta'minlanayotgani borasida vazirlik, davlat organlari mutasaddilari tomonidan ma'lumot berildi.
Xususan, propiska tizimini isloh qilish maqsadida qabul qilingan qonunlar, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni, Hukumat qarori haqida to'xtalib o'tildi.
Joriy yilning 1 aprelidan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko'chmas mulk olishda mamlakatimiz fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiska talab qilinmasligini ko'zda tutuvchi tartib joriy qilingani fuqarolarning uzoq yillik muammolariga yechim bo'lgani alohida ta'kidlandi.
Shuningdek, matbuot anjumanida yuridik fan va ta'limni takomillashtirish, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish yuzasidan Prezident Farmoni, Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish bo'yicha nizomlar haqida ham ma'lumot berildi.
“