Tasvirlash metodi tahlil qilish uchun zarur va etarli bo’lgan axborotlarni to’plash, aniqlangan dalillarning o’ziga xosligi, obyektivligi, guruhlanishi, tizimlanishi va tasnif etilishini tadqiq qilish uchun qo’llaniladi. Ta’lim tizimidagi yagona va o’ziga xos hodisalarni aniqlashni nazarda tutadi. Ko’p hollarda tasvirlash metodi ilmiy va badiiy adabiyotlarni o’rganish orqali turli mamlakatlarda ta’lim va tarbiya jarayonining yorqin lavhalarini ifodalash imkonini beradi. Masalan, rus jurnalisti va yozuvchisi V.V.Ovchinnikovning publististik asarlari-“Qayin ildizi(Angliya va inglizlar haqidagi fikrlar va taassurotlar)”, “Sakura novdasi (Yaponlar qanday odamlar ekanligi haqida hikoya)”da biz Buyuk Britaniya va Yaponiyadagi ta’lim va tarbiya hamda bolalarni ijtimoiylashtirish to’g’risida ajoyib lavhalar tasvirlanganligining guvohi bo’lamiz. XVIII asrda yashab ijod etgan faylasuf Chesterfiltning “O’g’limga xat” deb nomlangan mashhur asarida hozirgi zamondoshlarimiz uchun o’z ahamiyatini yo’qotmagan Angliyaning oqsuyak bolalari tarbiyasining o’ziga xos qadriyatlarini ko’rishimiz mumkin.