2. Pul-kredit siyosatining taktik maqsadlari Hozirgi vaqtda, xalqaro amaliyotda, pul-kredit siyosatining taktik
maqsadlari sifatida pul massasining o‘sish sur’ati, milliy valutaning
nominal almashuv kursi, nominal foiz stavkasi va inflatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichidan foydalanilmoqda. Milliy valutaning nominal almashuv kursidan pul-kredit siyosatining taktik maqsadi sifatida foydalanish holati ko‘proq milliy valutasining barqarorligini ta’minlashda muammolar mavjud bo‘lgan mamlakatlarda kuzatiladi. Shu sababli, mazkur mamlakatlarda hukumat va Markaziy bank o‘zaro kelishgan holda, milliy valutaning devalvatsiya bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik yoki devalvatsiya sur’atini pasaytirishga qaratilgan siyosatni olib boradilar. Mamlakatda to‘lov balansining joriy operatsiyalar bo‘limi bo‘yicha milliy valutani xorijiy valutalarga erkin konvertirlashni joriy etilishi milliy valutaning nominal almashuv kursidan pul-kredit siyosatining taktik maqsadi sifatida foydalanishni murakkablashtiradi. Buning sababi shundaki, XVF Nizomi VIII-moddasi bo‘yicha majburiyatlar qabul qilingandan so‘ng hukumat joriy valuta operatsiyalari bo‘yicha cheklovlarni joriy etish huquqiga ega bo‘lmaydi.
Monetarizm pul-kredit konsepsiyasining asoschisi M. Fridmen pul
massasining o‘sish ko‘rsatkichini pul-kredit siyosatining asosiy taktik
maqsadi, deb hisoblaydi. M. Fridmen pullarga bo‘lgan talab funktsiyasi va xarajatlar funktsiyasini barqaror, deb hisoblaydi. Shu sababli, u pul massasini pulkredit siyosatining taktik maqsadi sifatida qabul qilish maqsadga muvofiq, degan xulosaga keldi. Monetarizm pul-kredit konsepsiyasining asoschisi bo‘lgan M. Fridmen va uning izdoshlari Markaziy banklar faoliyatini tubdan isloh qilishni taklif qiladilar. Ularning fikriga ko‘ra, Markaziy bank hukumatning iqtisodiy siyosatini qo‘llab-quvatlashlari shart emas. Shu tufayli, ular Markaziy bank hukumat xarajatlarini moliyalashtirish jarayonida umuman ishtirok etmasliklari zarur, degan g’oyani ilgari suradilar.
M. Fridmen Markaziy bank tomonidan hukumat xarajatlarining
moliyalashtirilishini pul muomalasini izdan chiqaruvchi omil, deb
hisoblaydi. M. Fridmen, A. Shvarts bilan amalga oshirgan tahlillarining
natijalariga asoslangan holda, Markaziy bank pul massasining barqaror
o‘sishini ta’minlashi kerak, degan xulosaga keldi. Bu qat’iy belgilangan
qoidaga asosan amalga oshirilishi va aniq miqdorga ega bo‘lishi kerak edi. Pul-kredit siyosatining taktik maqsadlarini tanlashning asosiy shartsharoitlaridan biri davlat budjeti defitsitining mavjudligi va darajasidir. O‘zbekiston Respublikasida rasman pullar taklifini tartibga solish Markaziy bank pul-kredit siyosatiining taktik maqsadi hisoblanadi.