1.Pul-kredit siyosatining maqsadi, maqsadli ko‘rsatkichlari
va asosiy yo‘nalishlari. Pul-kredit siyosatining strategik maqsadlari. 2. Pul-kredit siyosatining taktik maqsadlari
3.Pul-kredit siyosatining maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari). Pul-kredit siyosati vositalari va ularning amal qilish
mexanizmi. Pul-kredit siyosati vositalari (instrumentlari) ning
turkumlanishi
4.Pul-kredit siyosatining noan’anaviy instrumentlari.
Tijorat banklarining kreditlash hajmiga nisbatan limitlar
belgilash.
5. Pulga bo‘lgan talab, pul taklifi va pul agregatlari. Pulga bo‘lgan talab va uni baholash.
6.Pul-kredit sektori tahlili uslubiyati 7.Pul-kredit sohasini tahlil qilish.
1.Pul-kredit siyosatining maqsadi, maqsadli ko‘rsatkichlari va asosiy yo‘nalishlari. Pul-kredit siyosatining strategik maqsadlari
Pul-kredit siyosati – bu pullarga bo‘lgan talab va pullar taklifini tartibga solish va nazorat qilishga qaratilgan chora-tadbirlar yig’indisidir. Pul-kredit siyosatining ikki asosiy turi mavjud: 1. Restriktsion pul-kredit siyosati. 2. Ekspansionistik pul-kredit siyosati. Restriktsion pul-kredit siyosati deganda, odatda, muomaladagi pul massasining o‘sish sur’atlarini jilovlashga qaratilgan pul-kredit siyosati tushuniladi. Restriktsion pul-kredit siyosatini amalga oshirishda Markaziy bank quyidagi usullardan foydalanadi: – Markaziy bankning majburiy zaxira stavkalarining darajasi oshiriladi; – tijorat banklariga qimmatli qog’ozlar Markaziy bank tomonidan qayta sotib olish sharti bilan sotiladi; – Markaziy bank tomonidan hukumatga va tijorat banklariga tegishli bo‘lgan vaqtinchalik bo‘sh pul mablag’lari depozit hisobraqamlariga jalb etiladi; – Markaziy bank valuta siyosati doirasida milliy valutadagi pul mablag’lari hajmining o‘sish sur’atlarini cheklashga qaratilgan operatsiyalarni amalga oshiradi. Ekspansionistik pul-kredit siyosati deganda muomaladagi pul massasining multiplikativ kengayishini ta’minlash asosida to‘lovga qobil talabni rag’batlantirishga qaratilgan pul-kredit siyosati tushuniladi. Ekspansionistik pul-kredit siyosatini amalga oshirishda Markaziy bank quyidagi usullardan foydalanadi:
– Markaziy bank qayta moliyalash stavkalarini pasaytiradi va tijorat banklariga beriladigan markazlashgan kreditlarning hajmini oshiradi; – tijorat banklarining kreditlash hajmiga nisbatan Markaziy bank tomonidan belgilangan limitlar hajmi oshiriladi, ya’ni banklarga kreditlar miqdorini oshirishga imkoniyat yaratiladi. Markaziy bankning majburiy zaxira stavkalari pasaytiriladi;
– tijorat banklariga qimmatli qog’ozlar Markaziy bank tomonidan
qayta sotish sharti bilan sotib olinadi;
– Markaziy bank valuta siyosati doirasida milliy valutadagi pul
mablag’lari hajmining o‘sish sur’atlarini oshirishga qaratilgan
operatsiyalarni amalga oshiradi.
V. Rudko-Silivanov, N. Kuchina, M. Jevlakova hammuallifligida
chop etilgan o‘quv qo‘llanmada pul-kredit siyosatining quyidagi strategic maqsadlarining mavjudligi e’tirof etiladi:
– baholar barqarorligini ta’minlash;
– to‘liq bandlikka erishish;
– ishlab chiqarish real hajmining o‘sishini ta’minlash;
– to‘lov balansining muvozanatini ta’minlash.
Bu erda pul-kredit siyosatining asosiy strategik maqsadi – milliy
valutaning barqarorligini ta’minlash e’tirof etilmagan holda, ishlab
chiqarish real hajmining o‘sishini va to‘lov balansining muvozanatini
ta’minlash uning strategik maqsadi sifatida qayd etilmoqda.
S. Moiseevning fikriga ko‘ra, pul-kredit siyosatining quyidagi to‘rtta
strategik maqsadlari mavjud:
– baholar barqarorligi;
– milliy valutaning barqarorligi;
– mamlakatda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash;
– muvozanatlashgan iqtisodiy o‘sish.
R. Miller va D. Van-Xuzning fikriga ko‘ra, pul-kredit siyosatining
ikki strategik maqsadi mavjud: tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarishning yuqori va barqaror darajasini ta’minlash; inflatsiyaning past va barqaror darajada bo‘lishiga erishish.
Ushbu iqtisodchi olimlar haqli ravishda e’tirof etadilarki, Markaziy bankning pul-kredit siyosati yordamida tovarlar va xizmatlar ishlab
chiqarishning yuqori va barqaror darajasini ta’minlashi ishsizlik
darajasini pasaytirish imkonini beradi. Bu esa, Hukumat iqtisodiy
siyosatining strategik maqsadlaridan biri bo‘lgan ishsizlikning past va
barqaror darajasini ta’minlash maqsadiga mos keladi.
O. Namozov pul-kredit siyosatining strategik maqsadlari sifatida
moliyaviy barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va to‘lov balansining
barqarorligini ko‘rsatadi.