Qog‘oz pullar Qog‘oz pullarning muomalaga kiritilishi jamiyatda ijtimoiy – iqtisodiy voqelik bo‘lib, ushbu jarayon o‘zi bilan birgalikda qator muammolarni keltirib chiqardi. Bu muammolarning asosiysi inflyasiya hisoblanadi. Qog‘oz pullarning muomalaga chiqarilishi natijasida inflyasiya muammosining paydo bo‘lishini asosiy sabablaridan biri, ushbu pullar haqiqiy qiymatga ega bo‘lmagan, ya’ni haqiqiy pullarning o‘rinbosarlari hisoblanadi. Qog‘oz pullarda aks ettirilgan nominal qiymati ularning haqiqatdagi qiymatidan juda yuqoridir. Chunki qog‘oz pullarning haqiqiy qiymati juda past.
Yuqorida oltin tangalarning o‘rniga qog‘oz pullarning kirib kelishi bilan bog‘liq tavsilotlar atroflicha bayon etilgan. Ularni qaytarilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, oltin tangalarni saqlovchilar va oltinni saqlashga beruvchilar o‘rtasida o‘zaro munosabatlar natijasida qog‘oz pullarni muomlaga chiqarish bilan bog‘liq jarayonni qisqacha bayon etmoqchimiz. Ushbu jarayon Evropaning ayrim mamlakatlari va AQSh amaliyotida qog‘oz pullarning kirib kelish tajribasida ro‘y bergan.
Chunki, ushbu mamlakatarda qog‘oz pullar Xitoy, Turkiston, Rossiya malakatlaridan keyin muomalaga kiritilgan bo‘lsada, oltin tangalarni muomaladan chiqib ketishi natijasida ularning o‘rniga qog‘oz pullarni kirib kelishi stixiyali tarzda ro‘y bergan. Manabalarga ko‘ra, dastlabki qog‘oz pullar Xitoy, Turkiston va Rossiyada davlati tomonidan muomalaga chiqarilgan.
Mamlakatda iqtisodiy inqirozlar, tabiiy ofatlar va urushlar ro‘y berganda davlatning xarajatlari juda ortib ketardi. Ushbu xarajatlar davlatning topshirig‘i bilan muomalaga chiqariladigan qo‘shimcha pul emissiyasi orqali hal etilar edi, bu o‘z navbatida qog‘oz pullarning qadrsizlanishiga va pul muomalasining izdan chiqishiga olib kelardi.
Shuning uchun ham qog‘oz pullar asl qiymatga ega bo‘lmagan, o‘rinbosar pullar hisoblanib, ularni doimiy ravishda tartibga solib borish va tegishli nazoratni amalga oshirishni talab etadi.
Elektron pullar Banklarning rivojlanishi, o‘zaro to‘lovlar va hisob – kitoblar hajmining ortishi, shuningdek, texnika va texnologiyaning takomillashuvi natijasida XX asrning ikkinchi yarmidan elektron pullar vujudga keldi. Elektron pullarning to‘lov instrumenti bo‘lib – plastik kartalar hisoblanadi.
Plastik karta – bu pullarni naqdsiz ko‘rinishda ko‘chirish yoki naqd pul ko‘rinishda olish imkoniyatini beradigan, banklar va boshqa kredit muassasalari tomonidan chiqarilgan nomli to‘lov hujjat hisoblanadi.
Plastik kartalar bank tizimi va undan foydalanuvchilar uchun qulaylik jihatlari juda ko‘p. Xususan:
– kishi 1, 2, 3 mln so‘mni hamyonida olib yurolmaydi, lekin plastik kartada bunday muammo mavjud emas;
– hamyoningizdagi pulni yo‘qotsangiz yoki unutib biror joyda qoldirsangiz ularni begona shaxs foydalanishi mumkin, lekin plastik kartalardan begona shaxslarni foydalanish imkoniyati juda chegaralangan. Chunki ularning maxsus paroli mavjud, shu bilan birga, plastik kartani yo‘qotgan shaxs zudlik bilan bankka xabar bersa uning hisobraqamlari bo‘yicha to‘lovlarni to‘xtatib qo‘yish mumkin;
– banklar naqd pullarni tashish, saqlash, ularning hisobini yuritish va mijozlarga berish kabi qo‘shimcha mehnat va sarf xarajatdan forig‘ bo‘ladi;
– banklar depozit siyosatidan kelib chiqib foydalanuvchi plastik kartadagi vaqtinchalik foydalanmay turgan qoldiq summalariga qo‘shimcha foiz to‘lashi mumkin.