Pedagogikaga doir adabiyotlarda jismoniy tarbiya masalalari. Rus davlatining taraqqiy etishi va mustahkamlanishi bilimning turli sohalariga doir adabiyotlarga ijtimoiy ehtiyoj tug’dirdi. Tabiatshunoslik, medisina va pedagogikaga oid har xil kitoblar chiqa boshladi.
Yoshlar jismoniy tarbiyasiga salbiy munosabatda bo’lgan ruhoniylar bu masalaga doir adabiyotlarning Rusda tarqatishiga xalaqit berardi. Shunday bo’lishiga qaramasdan, XVII asr oxirlarida jismoniy tarbiya masalalari haqida ham to’xtalib o’tilgan pedagogik asarlar paydo bo’ladi. Ularning orasida eng yirigi olim, monax Yepifaniy Slavineskiyning (1676 yilda vafot etgan) «Bolalar odatlarini tarkib toptirish» nomli kitobi edi. Muallif o’zining bu kitobida «Domostroy»da (Turmush qoidalari va bolalar tarbiyasi to’g’risida maslahatlar to’plami) bayon qilingan tarbiya g’oyalaridan tubdan farq qiluvchi yangi insonparvar pedagogika g’oyalarini ilgari surdi. Slavineskiyning asari bolalar shaxsiga hurmat bilan sug’orilgan edi. U bolalar tarbiyasida harakatli o’yinlarga alohida ehtibor berdi. Slavineskiy harakatli o’yinlarga faqat bir ermak deb qaramadi, balki ularni sog’liqni mustahkamlash va ma’naviy jihatdan kamol toptirish vositasi deb hisobladi.
Yepifaniy Slavineskiy Rusda birinchi bo’lib o’yinlarni bolalar tarbiyasida qo’llash uchun kerakli va keraksiz guruhlarga ajratib, ularni toifalashga intildi. U to’p o’yini, yugurish va har xil sakrash o’yinlarini birinchi guruh o’yinlariga; pul yutish va yutqizish bilan bog’liq bo’lgan oshiq va qarta o’yinlarini, shuningdek, firibgarlik, shuhratparastlik va boshqa nuqsonlarning ildiz otishiga sabab bo’ladigan o’yinlarni ikkinchi guruh o’yinlariga kiritdi. Slavineskiy «O’yinni nima bezaydi?» degan savolga shunday javob beradi: «Barqarorlik, haqiqiy quvonch, jonlilik va tafakkur kuchi o’yinni bezaydi. Odamlar aytganidek, o’yinda ko’zbo’yamachilik va ayyorlik bilan emas, balki halollik va to’g’rilik bilan g’alaba qilish kerak». Uning xatosi shuki, suzish va kurashni sog’liq uchun zararli deb hisobladi.
Xulosa qilib aytganda, Rossiya xalqlarining jismoniy tarbiyasi eng qadimgi vaqtlardan boshlab to XVIII asrga qadar ular hayotining iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlari ta’siri ostida taraqqiy etdi. Vatanimiz hududidagi ilk quldorlik davlatlarida jismoniy tarbiya bilan quldorlargina shug’ullanar edilar. Qullar esa jismoniy mashqlar bilan shug’ullanishning har qanday imkoniyatlaridan mahrum etilgan edilar. Erkin dehqonchilik bilan shug’ullanuvchi, quldorlar qo’shiniga olinuvchi aholigina o’zini jismoniy jihatdan o’stirish va harbiy tayyorgarlik ko’rish maqsadida jismoniy mashqlar va o’yinlardan foydalanar edi.
Avlod-ajdodlarimiz bo’lmish sharqiy slavyanlarda jismoniy tarbiya o’ziga xos mustaqil yo’l bilan taraqqiy etdi. Slavyanlar o’z ijtimoiy taraqqiyotlarida quldorlik tuzumini chetlab o’tdilar. Shuning uchun ham ularning jismoniy tarbiyasiga qadimgi quldorlik jamiyati ta’sir etmadi. Slavyanlar jismoniy tarbiyasining taraqqiyoti quldorlik davlatlaridagi jismoniy tarbiya taraqqiyotiga qaraganda harbiy ishlar ta’sirida emas, balki ko’proq mehnat faoliyati ta’sirida sodir bo’lardi. Slavyanlarda jismoniy tarbiya umumxalq xarakterida edi. Jismoniy mashqlar va o’yinlarning har xil turlari yuksak jismoniy va irodaviy sifatlar, harbiy-amaliy ko’nikma va malakalarni tarkib toptirishga yordam berdi.
Kiyev Rusida jismoniy tarbiya o’z tarixining ilk davrlarida mehnat va harbiy faoliyat orqali tarkib topgan qadimiy mustaqil negiz va a’analar asosida taraqqiy etdi. Jismoniy tarbiya feodal aslzodalar uchun harbiy tayyorgarlik vositalaridan biri bo’ldi va uning keng xalq ommasi ustidan o’z hokimiyatini mustahkamlashi uchun xizmat qildi. Vaqt o’tishi bilan feodallar jismoniy tarbiyada foydalanadigan xalq jismoniy mashqlari turlari borgan sari hukmron sinf ehtiyojlariga moslasha bordi. Buning natijasida feodallar jismoniy tarbiyasi xalq jismoniy tarbiyasidan ajralib qoldi va sinfiy xakarter kasb etdi.
Jismoniy tarbiya markazlashgan Rus davlatida, ayoniqsa, sezilarli taraqqiy etdi. Biroq feodal zulm, xalq ommasining shafqatsizlik bilan ekspluatasiya qilinganligi sababli jismoniy jihatdan taraqqiy etish imkoniyatlari chegaralanib qolgan edi. Feodallar va rus podshohlari hukmron sinf jismoniy tarbiyasiga g’amhurlik qildilar va mehnatkashlar jismoniy tarbiyasini taraqqiy ettirishga yordam bermadilar. XVII asrning ikkinchi yarmida rus podshohlari xalq jismoniy mashqlari va o’yinlarini hatto taqiqlab qo’ydilar. Cherkov dehqonlar va quyi tabaqadagi shahar aholisi o’rtasida jismoniy mashqlar va o’yinlarning rasm bo’lishiga qattiq qarshilik ko’rsatdi.