3. Mamlakatimizda qishloq xo’jaligi infratuzilmasini rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan islohotlar.
Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va aholi bandligini oshirishning muhim omili sifatida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirishga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Mazkur ustuvor vazifaga alohida e’tibor qaratishning bir qator sabablari mavjud.
Birinchidan, infratuzilmani rivojlantirish yangi korxonalarni joylashtirish va butun iqtisodiyotni taraqqiy ettirish uchun zarur qulay shart-sharoitlar yaratadi, mamlakatimizning boy mineral-xomashyo resurslarini o’zlashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ikkinchidan, ishlab chiqarish infratuzilmasi, avvalambor, avtomobil va temir yo’llarning rivojlangan tizimi, ularning samarali faoliyati ishlab chiqarishdagi umumiy xarajatlarni kamaytirishning muhim sharti va omilidir. Bu esa, o’z navbatida, ishlab chiqarilayotgan mahsulot va butun iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini oshiradi.
Uchinchidan, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholini toza ichimlik suvi, energiya bilan ta’minlash, ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish, pirovard natijada aholining turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
To’rtinchidan, infratuzilmani rivojlantirish ko’p mehnat talab qiladigan keng ko’lamli soha hisoblanadi. Bu yangi ish o’rinlarini tashkil etish, aholining, ayniqsa, yoshlarning ish bilan bandligini ta’minlash, odamlarning daromadi va farovonligini oshirish imkonini beradi.
Bundan ko’rinadiki, mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o’sishni ta’minlash, iqtisodiyotning real sektorini yanada rivojlantirish ko’p jihatdan xo’jalik yurituvchi subyektlarning ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlanganlik darajasiga bog’liq.
Mamlakatimizda transport infratuzilmasini, birinchi navbatda avtomobil va temir yo’llarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Umumiy foydalanishda bo’lgan avtomobil yo’llarini rivojlantirish dasturining amalga oshirilishi bugungi kunda respublikamizning barcha mintaqalari o’rtasida yil davomida ishonchli transport aloqasini ta’minlamoqda. Buning natijasida mamlakatimizdagi korxona va tashkilotlar ishlab chiqarish faoliyatining rivoji va uzluksizligi ta’minlandi.
Iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va xalqimiz farovonligini oshirishda mamlakatimiz hududlarida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mustaqillikning ilk davridan mamlakatimiz hududi bo’ylab, qolaversa jahonning turli nuqtalari bilan tutashtiruvchi, qulay, samarali va eng muhimi, ishonchli avtomobil yo’llar tizimining barpo etishga alohida e’tibor berilmoqda. Shunga ko’ra, hozirda yuqori darajadagi xalqaro standartlarga javob beradigan, mamlakatimizning barcha hududlarini o’zaro ishonchli bog’laydigan va mintaqaviy hamda jahon bozorlariga chiqishni ta’minlaydigan O’zbekiston milliy avtomagistralini qurish va rekonstruksiya qilish bo’yicha keng ko’lamli dastur amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, mamlakatimizning barcha mintaqalarini yagona temir yo’l tizimi bilan bog’lash, jahon bozorlariga chiqish maqsadida temir yo’llar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, elektrlashtirishga katta e’tibor berilmoqda.
“Navoiy-Uchquduq-Sulton Uvaystog’-Nukus” temir yo’li orqali shimoliy mintaqalarni mamlakatimizning markaziy hududlari bilan bog’lashga erishildi. Amudaryo uzra bunyod etilgan mahobatli ko’prik Qoraqalpog’iston va Xorazm vohasini mamlakatimizning boshqa viloyatlari bilan tutashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mustaqillikning 16 yilligi arafasida qurib bitkazilgan “ToshguzarBoysun-Qumqo’rg’on” temir yo’l liniyasi yagona milliy temir yo’l tizimini yaratish borasida amalga oshirilgan navbatdagi muhim bosqichdir. Qashqadaryo viloyatining Toshguzar qishlog’idan boshlanib Surxondaryo viloyatining Qumqo’rg’on tumani markazigacha davom etadigan, dengiz sathidan 1800 metr balandlikdagi Hisor tog’ tizmalarini kesib o’tgan bu yangi temir yo’lning loyiha qiymati 447 mln. AQSh dollariga teng bo’lib, uni rejalashtirish va amalga oshirishda Yaponiyalik hamkorlar yaqindan yordam berdilar.
Uzunligi 223 kilometrdan iborat bu temir yo’l qisqa davrda, hammasi bo’lib 33 oyda, muddatidan ikki oy oldin ishga tushirildi va mazkur temir yo’l mamlakatimizning janubiy mintaqalari va poytaxtimiz orasidagi yuk va yo’lovchi tashish masofasini 170 kilometrga qisqartirdi.
Mazkur temir yo’lning mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun quyidagi ijobiy ta’sirlari bor:
Respublikamizning janubiy mintaqasi – Qashqadaryo va Surxondaryo vohalarini boshqa hududlar bilan bog’laydi. Vatanimizning janubiy hududlarini har tomonlama keng qamrovli va ishonchli, mustahkam va samarali yo’l bilan bog’laydi;
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining chetda qolib kelayotgan boy gaz, rangli metall, ko’mir, kaliy tuzi, qurilish materiallari va boshqa foydali qazilmalarini o’zlashtirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi; temir yo’l qatnovining yo’lga qo’yilishi bu yerda iqtisodiyot boshqa sohalari va infratuzilma obyektlari rivojlanishiga imkon yaratadi. Tog’kon sanoati, qurilish va boshqa sohalarda yuzaga keladigan ijobiy o’zgarishlar hisobiga tegishli mintaqalarning ishlab chiqarish quvvatlarini izchil rivojlantiradi;
Bunday ulkan loyihaning amalga oshirilishi shu mintaqada yashaydigan aholini ish bilan ta’minlashga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Temir yo’l transporti tizimida, uning korxona va tashkilotlarida, joylarda tashkil etilayotgan infratuzilma obyektlarida ko’plab yangi ish o’rinlari ochish imkoni yuzaga keladi;
Bu yo’l O’zbekistonning chet davlatlarga, avvalo Transafg’on temir yo’l koridori orqali yaqin kelajakda to’g’ridan-to’g’ri Hind okeani, Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari portlariga chiqish va eksport imkoniyatini, shu bilan birga, yurtimizning tranzit rolini kengaytirish borasidagi salohiyatini keskin oshiradi.
Xulosa. Bozor infratuzilmasi mamlakatda bozor munosabatlarini barpo etish va rivojlantirishga xizmat ko’rsatuvchi sohalar majmui bo’lib, bozor xizmati tarmoqlarini shakllantirish va rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tarmog’i, zamonaviy moliya va soliq tizimi, audit, sug’urta, birjalar faoliyati, kredit uyushmalari, konsalting firmalari, bojxona tizimi va boshqa shu kabilarni o’z ichiga oladi.
Qishloq xo’jaligida bozor infratuzilmasi subyektlari tarkibiga kiradigan tashkilotlar o’rtasidagi o’zaro hamkorlikni samarali yo’lga qo’yish asosida iqtisodiyotda bozor munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirish mumkin. Ushbu tadbir bozor infratuzilmasi subyektlarini qishloq hududlari bo’yicha joylashtirish bilan bir qatorda ular tomonidan yangi ish o’rinlarining yaratilishiga ham asos bo’ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar. Abdug’aniyev A.A., Abdug’aniyev A.A. Qishloq xojaligi iqdisodiyoti.
Rustamova I.B., Sheripbayeva U.A., Dehqonova N.S., Ahmedova V. Qishloq xo’jaligi iqtisodiyoti. O’quv qo’llanma. –T.: TDAU, 2015. 174 b.
Samatov G’.A, Rustamova I.B., Sheripbayeva U.A. Qishloq xo’jaligi iqtisodiyoti va menejmenti. Darslik. –T.: “Cho’lpon” nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2012. -320 b.