Mavzu: Sahnalashtirish o‘yinlarining ahamiyati va o‘ziga xos xususiyatlari.
Reja: 1.O‘yinning bola faoliyatining asosiy turi sifatida o‘ziga xosligi.
2. Sahnalashtirish o‘yinlarining o‘ziga xos xususiyatlari.
3. Sahnalashtirilgan o‘yinlar.
Tayanch so‘z va iboralar: O‘yin, qobiliyat, ijodiy o‘yinlar, qoidali o‘yinlar, sahna,personaj, ijodiy o‘yinlar, sahnalashtirilgan o‘yinlar.
O‘yinning bola faoliyatining asosiy turi sifatida o‘ziga xosligi. O‘yin - buyumli-predmetli va ijtimoiy voqelikda harakat qilish va uni anglashga yo‘naltirilgan jarayondir. O‘yin maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning asosiy faoliyati bo‘lib, u orqali bola shaxs sifatida shakllanadi. U o‘zining kelib chiqishi, yo‘nalish va mazmuniga ko‘ra ijtimoiy voqelik hisoblanadi. O‘yin, bu bola faoliyatining yorqin turi. O‘yin jarayonida bolaning psixik bilish jarayoni, irodasi, hissiyoti, ehtiyoji va qiziqishlari, ta’sirchanligi – uning butun shaxsiyati shakllanadi. O‘yin bolalar hayotini tashkil etish sifatida kichik guruhdan boshlanadi. O‘yin ertalab nonushtagacha ( 15-20 daqiqa) boshlanadi va nonushtadan keyin, mashg‘ulotlar o‘rtasida, ochiq havoda, uyqudan keyin o‘tkaziladi. Ertalab rolli o‘yinlar, qurish-yasash, harakatli o‘yinlarni tashkil etish tavsiya etiladi. Mashg‘ulot o‘rtasida harakatli, qoidali o‘yinlar o‘tkaziladi. Ular asosan, mashg‘ulotning mazmuniga bog‘liq bo‘ladi. Sayr vaqtida ochiq havodagi o‘yinlardan foydalaniladi. Kunduzgi uyqudan keyingi o‘yinlarga qurilish o‘yinlari ertak bo‘yicha qo‘yiladigan o‘yin, rolli, didaktik o‘yinlar kiradi.
Y.A.A Komeniskiy, K.D Ushiniskiy, A.S. Makarenko, P.F. Lestgaflarning g‘oyalari hozirgi zamon bolalar o‘yinlari nazariyasi uchun ham ahamiyatlidir. “Bolalar o‘yini ko‘p asrlik tarixga ega, -deb yozgan edi K.D.Ushiniskiy,-U insonning o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan qudratli tabiyaviy vosita va shuning uchun ham unda inson tabiatining haqiqiy ehtiyoji ifodalangan”.1 O‘yin o‘z mohiyati jihatidan katta kishilarning xatti –harakatlari va xulq-
atvorlariga faol taqlid qilishdan iborat bo‘lishi tufayli bolalarda ma’naviy
sifatlarning mustahkamlanishi uchun va odob – axloq qoidalarini bilib olishlari
uchun keng imkoniyatlar beradi. Maktabgacha yoshdagi bola o‘yin jarayonida
tabiblik yoki muallimlik rolini bajarayotgan bo‘lsa, shu kasbga tegishli barcha
sifatlarni namoyon qilishga intiladi. Ular o‘yinga juda berilib ketsalar,
bajarayotgan rollariga xos sifatlar shunchalik samimiy, ijodiy tarzda namoyon
bo‘ladi. Bolalar uchun o‘yin mazmunining hech bir chegarasi yo‘q.
Insonning kelajagi, uning xulq-atvori, qobiliyati, dunyoqarashi bolalik qanday bo‘lganligiga, ta’lim qanday bo‘lganligiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Bularning hammasi bolalikning almashib bo‘lmas ahamiyatini, uning barkamol shaxs sifatida shakllanishidagi alohida rolini belgilaydi va maktabgacha ta’lim yoshidan boshlab ta’lim sifatini ta’minlash muammosini davlat ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantiradi2 Ikki yoshli bolalar o‘yin faoliyatining birinchi bosqichi tanishtiruvchi o‘yin bo‘lib, u narsa-buyum-o‘yin faoliyatidir. Uning mazmuni qo‘l ishidagi murakkab va nozik harakatlardir.
Keyingi bosqich aks ettirish o‘yini hisoblanadi. Bu ilk yoshli bolalar o‘yini psixologik mazmunning rivojlanishida eng yuqori nuqta hisoblanadi.
Bolalar o‘yinlarining turkumlari 2 turga bo‘linadi:
Ijodiy o‘yinlar
Qoidali o‘yinlar
Ijodiy o‘yinlarni bolalarning o‘zlari o‘ylab topishadi. Unda oldindan belgilangan qoidalar bo‘lmaydi. O‘yin qoidasini bolalar o‘zlari o‘yin jarayonida belgilashadi.
Qoidali o‘yinlarning mazmuni va qoidasi kattalar tamonidan belgilanadi. Qoidali o‘yinlarga quyidagilar kiradi: didaktik o‘yinlar, harakatli o‘yinlar, musiqiy o‘yinlar, ermak o‘yinlar.
Bolani o‘yinga undamagan omil uning katta yoshdagi odamlarning borliq to‘g‘risidagi va shaxslararo munosabati haqidagi tasavvuri va ularni o‘z shaxsiy faoliyatida sinab ko‘rish istagidir, shuningdek, jamoa bo‘lib o‘ynayotgan tengqurlari bilan bevosita muloqotga kirishish ishtiyoqidir. Bolalar psixologiyasi fanida to‘plangan ma’lumotlar tahliliga asoslanib, mazkur yosh davri bo‘yicha quyidagi xulosani chiqarish mumkin: 1) o‘yin faoliyatida bola turli harakatlarni to‘laligicha namoyish etishga, ularni bajarish usullarini ko‘rsatishga ishtiyoqmand bo‘ladi; 2) keyinchalik esa barcha xatti-harakatlarni umumlashtirib aks ettirishga urinadi.
Bog‘cha yoshidagi bola atrofidagi narsalar dunyosini bilish jarayonida shu narsalar bilan bevosita amaliy munosobatda bo‘lishga intiladi. Bu o‘rinda shu narsa xarakterliki, bola bilishga tashnaligidan atrofdagi o‘zining haddi sig‘adigan narsalari bilangina emas, balki kattalar uchun mansub bo‘lgan, o‘zining kuchi ham etmaydigan, haddi sig‘maydigan narsalar bilan ham amaliy munosabatda bo‘lishga intiladi. Masalan: bola avtomashinani yoki tramvayni o‘zi haydagisi, rostakam otga minib yurgisi, uchuvchi bo‘lib, samolyotda uchgisi va rostakam harbiy bo‘lgisi keladi. Tabiiyki, bola o‘zidagi bunday ehtiyojlarning birontasini ham haqiqiy yo‘l bilan qondira olmaydi. Bu o‘rinda savol tug‘iladi: bolalarning tobora ortib borayotgan turli ehtiyojlari bilan ularning tor imkoniyatlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik qanday yo‘l bilan hal qilinadi? Bu qarama-qarshilik faqatgina birgina faoliyat orqali, ya’ni, bolaning o‘yin faoliyati orqaligina hal qilinishi mumkin. Buni quyidagicha izohlab berish mumkin:3 - birinchidan, bolalarning o‘yin faoliyati qandaydir moddiy mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan faoliyat emas. Shuning uchun bolalarni o‘yinga undovchi sabab (motiv) kelib chiqadigan natija bilan emas, balki shu o‘yin jarayonidagi turli harakatlarning mazmuniga bog‘liqdir;
- ikkinchidan esa, bolalar o‘yin jarayonida o‘z ixtiyorlaridagi narsalarni, o‘zlarini qiziqtirgan, ammo kattalargagina mansub bo‘lgan narsalarga aylantirib, xohlaganlaricha erkin faoliyatda bo‘ladilar.
O‘yin faoliyati bolalarni insoniyatning ijtimoiy tajribasini egallashning faol shakli bo‘lgan ta’lim faoliyatiga tayyorlaydi. Odam birdaniga ijtimoiy tajribani o‘zlashtirishga kirisha olmaydi. Ijtimoiy tajribalarni faol egallashi uchun odam, avvalo, yetarli darajada nutqni egallagan bo‘lishi, ma’lum malakalar, uquvlar va sodda tushunchalarga ega bo‘lishi kerak bo‘ladi. Bularga bola yuqorida ko‘rsatib o‘tganimizdek, o‘yin faoliyati orqali erishadi.