Son
Otga bog‘lanib, uning miqdorini, sanog‘ini, tartibini; otga bog‘lanmagan holda mavhum miqdor tushunchasining nomini bildirgan so‘zlar turkumi son deyiladi.
Sonlar harf bilan yoziladi (besh, etti) yoki arab raqami (2, 7, 8), rim raqami (V, VII, XXI) bilan ko‘rsatiladi. Son quyidagi xususiyatlarga ega:
1. Son boshqa so‘z turkumidan yasalmaydi. Son yasovchi qo‘shimchalar ham mavjud emas. Sonda so‘z yasalishi yo‘q.
2. Sonning ma’no turlari va modal shakllari maxsus affikslar qo‘shish bilan yasaladi: uchta, oltov.
3. Son o‘zicha turlovchi affikslarni qabul qilmaydi, sifatlovchi olmaydi, o‘zi otning sifatlovchisi bo‘lib keladi.
4. Son miqdor tushunchasining nomini anglatganda va otlashganda kelishik, egalik affikslarini qabul qiladi, ot bajargan vazifada keladi: Sakkiz ikkiga teng bo‘linadi.
5. Son hisob so‘zlari-numerativlar bilan ham qo‘llanadi. Son gapda aniqlovchi bo‘lib keladi. Sonlar ma’no va grammatik xususiyatlariga ko‘ra dastlab ikkiga bo‘linadi: 1) miqdor son; 2) tartib son.
Miqdor sonlar narsa-buyumni sanash, donalash, taqsimlash yoki taxminlab ko‘rsatish uchun qo‘llanadi. Miqdor sonlar quyidagi xususiyatlari bilan tartib sonlardan farqlanadi:
-miqdor sonlar o‘ziga xos morfologik ko‘rsatkichlarga ega. Tartib sonlar -(i)nchi orqali yasaladi;
-miqdor sonlar hisob so‘zlari (numerativlar) bilan birga qo‘llanadi. Tartib sonlar numerativlar bilan qo‘llanmaydi;
-miqdor sonlar juftlashib keladi, tartib sonlar juft holda kelmaydi;
-miqdor sonlar birikma holda (uchdan bir) ishlatiladi; tartib sonlar birikma holda kelmaydi.
-miqdor sonlar -lar affiksini olib, taxminiy miqdorni bildiradi, tartib sonlar, -lar affiksini olib otlashadi: Birinchilarga mukofot beriladi.
Miqdor sonlar quyidagi turlarga bo‘linadi:
a) sanoq son: donalab ko‘rsatish, sanash, taqsimlab ko‘rsatish ma’nolarini ifodalaydi: uch, ikki, besh, etti.
Dona son: -ta: o‘nta, yigirmata, uchta. Taqsim son: -tadan: beshtadan, uchtadan. Dona sonni takrorlash orqali ham taqsim son hosil bo‘ladi: beshta-beshta. Dona va taqsim sonlar sanoq son hisoblanadi;
) jamlovchi son: -ov, -ala, -ovlab, -ovlashib, -ovlan: uchov, ikkala, ikkovlab, uchovlashib, oltovlon. Jamlovchi son jamlikni bildiradi.
v) chama son: -cha (-ta bilan yasalgan sanoq songa qo‘shiladi: uchtacha), -larcha, -lab: beshtacha, o‘nlarcha, yuzlab. Sanoq sonlar juft holda kelganda, sanoq songa -lar qo‘shilganda ham chama son hosil bo‘ladi: uch-to‘rt, beshlar. Chama son noaniq, taxminiy miqdorni ko‘rsatadi.
g) kasr son: butunning qismlarini ifodalaydi: to‘rtdan ikki, uchdan bir.
Yarim (yorti), chorak, nimchorak so‘zlari ham kasr son hisoblanadi.
a) aralash son: kasr sonlar butun sonlar bilan birgalikda aralash sonni hosil qiladi: uch butun o‘ndan besh, besh yarim.
b) tartib son narsa buyumning aniq, konkret miqdorini, ketma-ketligini ifodalaydi: -(i)nchi: beshinchi. Tartib sonlar predmetning miqdoriga ko‘ra belgisini bildiradi.
Sonlar tuzilishiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: sodda son va qo‘shma son.
Sodda sonlar bir o‘zakdan iborat bo‘ladi: bir, besh, sakkiz. Qo‘shma son ikki va undan ortiq sonlardan iborat bo‘ladi: o‘n besh, o‘n to‘rt.
Aslida ikki o‘zakdan tuzilib, hozirgi kunda bir o‘zak tarzida qaraladigan oltmish (olti-mish), sakson (sakkiz o‘n), to‘qson (to‘qqiz o‘n) sonlari sodda hisoblanadi.
Sonlarning otlashuvi. Sonlar otlashib, otlar bajaradigan sintaktik vazifalarni bajaradi. Ikkinchisini olib chiqishdi. Birniki-mingga, mingniki-tumanga.
Taqsim son egalik, kelishik va ko‘plik qo‘shimchalarini olmaydi.
Dona, taqsim sonlar ko‘plik qo‘shimchalarini olmaydi.
Nutqimizda 23 ta tub son bor (0-9, 10-1000, million, milliard)
Hisob so‘zlari (numerativlar)
Hisob so‘zlari narsa-buyumning aniq miqdorini ko‘rsatmay, shu narsani hisoblashda uning qaysi guruhga oidligini aniqlash uchun ishlatiladi.
Hisob so‘zlari asosan ot turkumidagi so‘zlardan iborat bo‘ladi: dona, nusxa, tup.
Qadimda ishlatilgan hisob so‘zlari: qadoq, jon, tanob, gaz, savjin, paysa, taxta, enlik, so‘lkavoy, tosh, pud, mahal (vaqt), yumaloq.
Keyingi davrlarda kirib kelgan (boshqa tillardan) hisob so‘zlari: mehnat kuni, gektar, kubometr, kilovatt-soat, sotix, pachka, metr, kilo minut, gradus, sentr, par, ekzemplyar.
O‘zbek tilidagi hisob so‘zlari qo‘llanishiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
1. Predmetlarni yakkalab hisoblash uchun ishlatiladigan so‘zlar: dona, nusxa, bosh, tub, nafar.
2. Butunning, guruhning yoki to‘daning qismini hisoblash uchun ishlatiladigan so‘zlar: burda, parcha, varaq (sahifa), og‘iz, luqma, siqim, tilim, (karch), chimdim, qultum, tomchi, qatra, chaqmoq, nimta, to‘g‘ram, poy, bo‘lak, shingil.
3. To‘dalar, guruhlarni ko‘rsatuvchi hisob so‘zlari: gala, to‘p, guruh, to‘da, dasta, bog‘ (bog‘lam), quchoq, shoda, nafar, gruppa, hovuch.
4. Juft narsa-buyumlar hisobini ko‘rsatuvchi so‘zlar: juft, par (a).
5. Og‘irlikni o‘lchash uchun ishlatiladigan hisob so‘zlari: gramm, kilogramm, metr, pud, sentr, tonna, misqol, qadoq, botmon.
Hisob so‘zi vazifasini bajaruvchi so‘zlar miqdor o‘lchovini ifodalash uchun ishlatiladi: piyola, qoshiq, kosa, choynak, qop (xalta), quti, chamadon.
6. Uzunlik o‘lchovi uchun ishlatiladigan hisob so‘zlari: quloch, qadam, qarich.
7. Yosh hisobi uchun qo‘llanadigan so‘zlar: yosh, yashar, yoshdagi, yoshli.
8. Vaqt o‘lchovi uchun ishlatiladigan so‘zlar: asr, yil, oy, hafta.
9. Qiymat (pul) hisobi uchun ishlatiladigan so‘zlar: so‘m, tiyin, tanga, chaqa, tilla.
Sonlarning hisob so‘zlari bilan birgalikda qo‘llanishi o‘zbek tili tabiatiga xos jihatlardan biridir.
Dostları ilə paylaş: |