2. Ijtimoiy psixologiyada interaksionistik yo‘nalish. Interaksionizm bu aslida sotsiologik nazariya boʻlib hisoblanadi. Uning asoschisi Gerbart Mid boʻlib, uning qarashlari taʼsirida T.Sarbinning rollar nazariyasi, G.Xaymen va R.Mertonlarning referent guruhlar nazariyasi, F.Gofmanning ijtimoiy dramaturgiya nazariyalari shakllandi. Ular turli ijtimoiy sharoitlardagi xulq-atvorlarni tushuntirish orqali shaxs ijtimoiy psixologik sifatlarining sabablarini topishga harakat qildilar. Har bir shaxs doimo ijtimoiy oʻzaro taʼsir tizimida mavjud boʻladiki, unda u toʻgʻri harakat qilish uchun oʻzgalarni tushunishga harakat qilishi, oʻzgalar rolini qabul qilishga tayyor boʻlishi lozim. Lekin oʻzgalar rolini toʻgʻri qabul qilish uchun unda “umumlashtirilgan oʻzga" obrazi boʻlishi lozimki, bu obraz shaxslararo muloqot jarayonida, har bir shaxs uchun ibratli boʻlgan kishilar guruhi bilan muloqotda boʻlish jarayonida shakllanadi. Yaʼni shaxs faolligi tan olinadi, bu esa fan tarixida oʻta progressiv holat hisoblanadi.
Kognitivizm.
Kognitivizm K.Levin nazariyasi asosida paydo boʻlgan psixologik yoʻnalish boʻlib, undagi oʻrganish obyekti munosabatlar tizimidagi kishilar, ularning bilish jarayonlari, ong tizimiga taalluqli boʻlgan kognitiv holatlar boʻldi. Kognitizm doirasida shunday mukammal, boshqalarga oʻxshamas nazariyalar yaratildiki, ular hozirgi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Masalan, F.Xayderning balanslashtirilgan tizimlar nazariyasi, T.Nyukomning kommunikativ aktlar nazariyasi, Festingerning kognitiv dissonanslar nazariyasi va boshqalar shular jumlasiga kiradi. Ulardagi asosiy gʻoyashundan iboratki, shaxs oʻziga oʻxshash shaxslar bilan muloqotga kirishar ekan, doimo munosabatlarda ruhiy mutanosiblik tenglik boʻlishiga, shu tufayli ziddiyatlardan chiqishga harakat qiladi. Maqsad — turli ijtimoiy sharoitlarda shaxs xulq-atvorining psixologik sabablarini tushuntirish va ziddiyatlarning oldini olish uchun yoʻl-yoʻriqlar ishlab chiqishdan iborat. Hozirgi davrda ham taniqli ijtimoiy psixologlar G.Olport, A.Maslou, K.Rodjers va ularning safdoshlari gumanistik psixologiya doirasida bu ishlarni faol davom ettirmoqdalar.