Mavzu Soddalashtirilgan soliq tizimining soliq amaliyotiga jori
Yagona soliq to‘lovi, uning to‘lovchilari va to‘lovchilar tarkibiga kiritish mezoni. Mikrofirmalar va kichik korxonalarni jadal rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish hamda uning mamlakat iqtisodiyotida ahamiyati va ulushini tubdan oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 20 iyundagi
PF-3620-sonli «Mikrofirmalar va kichik korxonalarni rivojlantirishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq 2005 yilning 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston soliq tizimida kichik biznes sub‘ektlarining ba‘zi toifalari uchun yagona soliq to‘lovi joriy qilindi. U birxillashtirilgan bo‘lib, quyidagi majburiy to‘lovlarni to‘lash o‘rniga joriy qilingan:
-yagona soliq;
-budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi;
-Respublika yo‘l jamg‘armasi;
-Maktab ta‘limini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalar.
Yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar uning summasini soliq solinadigan baza va tasdiqlangan stavkalardan kelib chiqqan holda hisob-kitob qiladilar. Bunda soliq organlariga davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar bo‘yicha hisob- kitoblar alohida taqdim etilmaydi, shuningdek pensiya, yo‘l va maktab ta‘limini rivojlantirish jamg‘armalariga majburiy ajratmalar summalari alohida to‘lanmaydi.
Yagona soliq to‘lovi faqat kichik biznes sub‘ektlari -mikrofirmalar va kichik korxonalarga tatbiq etiladi.
Yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar ro‘yxati 2007 yil 1 yanvardan boshlab kengaydi. Jumladan, ular tarkibiga soliq solishning boshqa tizimini tanlash huquqisiz savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari (Ulgurji savdo korxonalari uyushmasi tizimiga kiruvchi respublika ixtisoslashtirilgan ulgurji baza – kontoralari va ularning xududiy bazalari bundan mustasno. Ular uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 8 iyundagi “Ixtisoslashtirilgan ulgurji baza – kontoralarni soliqqa tortish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” gi PQ-374-son qarori bilan nazarda tutilgan soliq solish tartibi saqlab qolinadi); mikrofirmalar va kichik korxonalar toifasiga tegishli bo‘lgan tayyorlov va ta‘minot
sotish tashkilotlari, brokerlik firmalari, komissiya shartnomasi (topshirig‘i) bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalar va tashkilotlar; soliq solishning boshqa tizimini tanlash huquqisiz lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun yuridik shaxslar kiritildi.
2007 yil 1 yanvardan yagona soliq to‘lovi to‘lovchilari hisoblangan alkogolli mahsulot ishlab chiqaruvchi mikrofirmalar va kichik korxonalar yagona soliq to‘lovini to‘lash huquqisiz, soliqlar va majburiy to‘lovlarni umumbelgilangan tartibda to‘lashga o‘tkazildi. Yer qa‘ridan foydalanganlik uchun soliq solinadigan foydali qazilmalarni qazib olishni amalga oshiruvchi mikrofirma va kichik korxonalarga yagona soliq to‘lovi tadbiq etilmaydi. Bundan tashqari Soliq kodeksining 350-moddasiga ko‘ra yagona yer solig‘ini to‘lovchilarga, qat‘iy belgilangan soliqni to‘lash nazarda tutilgan mikrofirma va kichik korxonalarga
hamda mahsulot taqsimotiga oid bitimlar ishtirokchisi bo‘lgan mikrofirma va kichik korxonalarga ham yagona soliq to‘lovi tatbiq etilmaydi.
Soliqlar va majburiy to‘lovlarni umumbelgilangan tartibda to‘lovchilar hisoblangan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanadigan notariuslar esa soliq solishning boshqa tartibini tanlash huquqisiz yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 30 avgustdagi “1998 yil 9 apreldagi “Xususiy tadbirkorlik, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish chora – tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida”gi PF-3305 sonli farmoniga ko‘ra 2004 yilning 1 yanvaridan boshlab kichik biznes sub‘ektlari tarkibiga quyidagilar kiritilgan:
yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar;
xodimlarining o‘rtacha yillik soni:
-ishlab chiqarish tarmoqlarida 20 kishidan;
-xizmat ko‘rsatish sohasi va boshqa ishlab chiqarishga bevosita aloqasi bo‘lmagan tarmoqlarda 10 kishidan;
-ulugurji, chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 5 kishidan oshmagan mikrofirmalar;
quyidagi tarmoqlarning o‘rtacha yillik xodimlari soni:
-engil va oziq-ovqat sanoati, metallga ishlov berish va asbobsozlik, yog‘ochni qayta ishlash, mebel sanoati va qurilish materiallari sanoati 100 kishidan;
-mashinasozlik, metallurgiya, yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish va qayta ishlash, qurilish hamda boshqa sanoat- ishlab chiqarish sohalari 50 kishidan;
-fan, ilmiy xizmat ko‘rsatish, transport, aloqa, xizmat ko‘rsatish sohasi (sug‘urta kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda boshqa ishlab chiqarishga aloqador bo‘lmagan sohalar 25 kishidan oshmagan kichik korxonalar.
Kichik biznes sub‘ektlariga amaldagi soliq qonunchiligiga ko‘ra tadbiq etiladigan soliq imtiyozlari va preferentsiyalar faqat yuqoridagi sanab o‘tilgan sub‘ektlarga taalluqli bo‘ladi.
U yoki bu korxonaning yuqorida aytilgan sub‘ektlar toifalarining birortasiga kiritilish mezoni bo‘lib xodimlarning yillik o‘rtacha soni, shu jumladan unitar (sho‘’ba) korxonalarda, filiallarda va vakolatxonalarda ishlaydiganlar soni hisoblanadi.