MAVZU: Tadbirkorlik faoliyati. Tadbirkorlik kapitali va uning aylanishi
Tadbirkorlik faoliyati iqtisodiy faoliyatning ajralmas tarkibiy qismi bo'lib hisoblanadi. Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatining yagona ta'rifi mavjud emas. Bir iqtisodiy manbada keltirilgan ta’rif boshqa bir manbadagi ta’rifga muvofiq kelmasligi mumkin. Hozirgi paytda turli ilmiy-nazariy adabiyotlarda tadbirkorlik faoliyati va biznes xususida, uning yo‘nalishlari, tamoyillari, huquqiy-iqtisodiy jihatlari to'g'risida ko'plab olimlarning fikrlari, mulohazalari keng o'rin egallamoqda.
Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyati nazariyasining rivojlanishda «uch to'lqin», ya'ni mazkur sohani ilmiy jihatdan tadqiq etishdagi alohida bosqichlar shartli ravishda ajratiladi. Birinchi bosqich- dastlabki erkin bozor munosabatlari shakllanishi davri. U XVIII asrda paydo bo'lib, tadbirkor tomonidan amalga oshiriladigan tavakkalchilik jarayonlari bilan bog'langan.
Tadbirkorlik faoliyati to'g'risidagi nazariyalar rivojlanishining ikkinchi bosqichida tadbirkorlikning asosiy xususiyati sifatida innovasion faoliyat ajratib ko'rsatiladi. Bu oqimning asoschisi Y.Shumpeter bo'lib, uning fikricha, iqtisodiy o'sishning negizida tadbirkorning ishlab chiqarish omillarini yangi kombinatsiyasini ishlatishga, qo'llashga bo'lgan intilishi yotadi va bu intilishning natijasi innovatsiya, yangiliklar hisoblanadi.
Mazkur nazariyalar rivojlanishi uchinchi bosqichning asosiy g'oyasi - tadbirkorning muhim shaxsiy fazilatlari, jumladan, izlanish va tadqiqot hisoblanadi. Bu oqim namoyandalari F.Xayek va L. Mizes tadbirkorlikka yangi iqtisodiy imkoniyatlarni izlab topish va tadqiq qilish deb qaraydi, shu bilan birga, faoliyati izlanish tarzida kechadigan har qanday shaxsni bo'lg'usi tadbirkor deb hisoblashadi.
Tadbirkorlik faoliyati to'g'risida keltirilgan turli xil fikrlar va yondashuvlarni umumlashtirgan holda, qisqa qilib quyidagicha ta'rif berish mumkin: Tadbirkorlik faoliyati — shakli va sohasidan qat'i nazar, foyda olish va undan samarali foydalanish maqsadiga qaratilgan iqtisodiy faoliyatdir.