Bunday holda davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomilining turli obyektlari tovarlarini (ishlarini,xizmatlarini) yetkazib berish uchun tanlovning bir nechta ishtirokchisi bilan shartnomalar tuzishi mumkin, bunda har bir obyekt uchun faqat bitta g’olib aniqlanishi mumkin.Har bir tovar (ish,xizmat) uchun g’olib xarid qilish tartib-taomili shartlariga ko’ra alohida-alohida aniqlanadi.
Tanlov hujjatlariga ularning ajralmas qismi bo’lgan shartnoma loyihasi ilova qilinadi. Davlat buyurtmachisi tanlov hujjatlariga o’zgartishlar kiritish to’g’risida tanlovda ishtirok etish uchun takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida uch kun oldin qaror qabul qilishga haqli.Tovarni (ishni,xizmatni) o’zgartirishga yo’l qo’yilmaydi. Bunda ushbu tanlovda takliflar berish tugaydigan muddat tanlov hujjatlariga o’zgartishlar kiritilgan sanadan e’tiboran kamida o’n kunga uzaytirilishi kerak.
Shu bilan bir vaqtda, agar e’londa ko’rsatilgan axborot o’zgartirilgan bo’lsa tanlov o’tkazish to’g’risidagi e`longa o’zgartishlar kiritiladi. Tanlov ishtirokchisi tanlov hujjatlari qoidalarini tanlov o’tkazish uchun e`londa belgilangan shaklda tushuntirish talabi bilan davlat buyurtmachisiga so’rov yuborishga haqli. So’rov kelib tushgan sanadan e`tiboran ikki ish kuni ichida davlat buyurtmachisi,agar mazkur so’rov davlat buyurtmachisiga takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida ikki kun oldin kelib tushgan bo’lsa, ushbu so’rovga belgilangan shaklda javob yuborishi shart.
Tanlov hujjatlarining qoidalariga doir tushuntirishlar ularning mazmun-mohiyatini o’zgartirmasligi kerak. Tanlov hujjatlarida davlat buyurtmachisi tanlov ishtirokchilarining takliflarida barcha tovarlar (ishlar,xizmatlar) (lotlar) bo’yicha taklif bo’lishi kerakligini belgilab qo’yishi mumkin.Bunday holda faqat bitta ijrochi tanlov g’olibi bo’lishi mumkin, agar taklifda tanlovning barcha lotlari bo’yicha axborot bo’lmasa, taklif tegishli emas deb topiladi.
Tovarning (ishning,xizmatning) qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 5000 baravaridan oshgan hollarda tanlov bo’yicha texnik topshiriq O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi bilan kelishib olinishi lozim.