Mavzu tarbiya fanini o\'qitish tarbiya treninglari asosida faoli-fayllar.org
Ta’limda bilim, ko‘nikma va malakalarni puxta va mustahkam o‘rganish tamoyili. Ta’limning puxta o‘zlashtirish tamoyili muhim didaktik talab va tamoyillarni, ya’ni o‘quvchilar tomonidan tizimli va ongli o‘zlashtirilgan ilmiy bilimlarni mustaxkam, esda saqlab qolish hamda o‘zlashtirilgan ilmiy bilimlarni o‘z turmush faoliyatlarida qo‘llay olish malakalari bilan qurollantirishni nazarda tutadi.
Demak, puxta o‘zlashtirishni harakterli belgisi ta’limni mustahkam esda saqlab qolishdir. Boshqacha qilib aytganda, bu tamoyil o‘quvchilarning xotira faoliyati, ya’ni o‘quv materiallarini esda qoldirish, esda saqlash va qayta esga tushirish kabi xotira jarayoni faoliyatiga bog‘liqdir. O‘quv materiallarini mustahkam esda saqlab qolish, ayni dars jarayonida bayon qilinayotgan o‘quv materiallarini tazimli va ongli o‘zlashtirilishiga bog‘liq. Avvalgi mashg‘ulotlarda hosil qilingan bilim ko‘nikma va malakalar ancha murakkabroq materialni o‘zlashtirib olish uchun pillapoya, baza bo‘lib xizmat qiladi. Lekin hosil qilingan bilim puxta o‘zlashtirilgan, yaxshi mustahkamlashgan bo‘lishi va o‘quvchilarning xotirasida o‘zoq vaqt saqlanishi kerak. Mustahkamlash tamoyili shulardan iborat bo‘lib, ularga rioya qilmaslik o‘quvchilarning ilmiy bilimlarni puxta o‘zlashtirolmasligiga sabab bo‘ladi.
SHunday qilib, bilim, ko‘nikma va malakalarini o‘zlashtrib olishning mustahkamligiga avvalo hamma o‘qitish tamoyillari: tushunarlilik, tizimlilik va izchillik, nazariya va amaliyotning bog‘liqligi, ko‘rsatmalilik, o‘quvchilarning onglilik va faolligi tamoyillarini amalga oshirish bilan erishiladi. Puxta o‘zlashtirishni muvaffaqiyati ko‘p jihatdan takrorlash va mashq qildirishga ham bog‘liqdir.
Takrorlashning ahamiyati shundaki, takrorlash jarayonida faqat oldindan o‘zlashtrilgan o‘quv materiallarigina esga tushurilmay, balki shu o‘quv materiallariga bog‘liq bo‘lgan yangi yangi ma’lumotlar ham beriladi, o‘zlashtirilgan bilimlarning noaniq, tuman bo‘lib qolgan tomonlari oydinlashtiriladi va to‘ldiriladi.
Takrorlash, xotirada qayta tiklashni bir necha yo‘l bilan olib borish mumkin. Har bir darsda avvalgi dars materiali bilan yangi material o‘rtasida bog‘liqlik o‘rnatish maqsadida kundalik takrorlash o‘tkaziladi. Mavzu yoki bo‘lim yuzasidan o‘rganilgan materialni tizimlashtirish, chuqurlashtirish va mustahkamlash maqsadida o‘quv yilining oxrida Asosiy savollar bo‘yicha yalpi takrorlanadi.
Takrorlanishning ikkinchi turi maxsus qaytarishdir. Bunday takrorlash katta mavzularni o‘tib bo‘lgach, shuningdek, ma’lum bir chorak ichida o‘tilgan material yuzasidan olib boriladi. Maxsus takrorlashning keng tarqalgan turi o‘quv yili oxirida alohida ajratilgan soatlarda o‘tkaziladi.